“Uning xatolaridan xulosa chiqarish lozim”. Yo‘ldosh Oxunboboyev O‘zbekistonni faqat rasman boshqarganmidi?


Saqlash
14:25 / 19.12.2025 16 0

Bolsheviklar Toshkentda 1918-yil 30-aprel kuni Turkiston ASSR tuzilganini eʼlon qiladi. Mintaqada TASSR bilan bir qatorda, Buxoro xalq shoʻro jumhuriyati va Xorazm xalq shoʻro jumhuriyati tashkil etiladi. 1924-yilning 27-oktyabr kuni mazkur davlatlar oʻrnida Oʻzbekiston va Turkmaniston ijtimoiy shoʻro jumhuriyatlari paydo boʻladi.

 

Yangi tashkil topgan Oʻzbekiston SSRning rahbarlik lavozimlari – Inqilobiy qoʻmita raisligiga Fayzulla Xoʻjayev, Markaziy Ijroiya qoʻmitasi raisiligiga Yoʻldosh Oxunboboyev saylanadi.

 

1922-yilda davlat idorasining oliy organi syezdlari oraligʻida faoliyat yuritadigan SSSR umumittifoq Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi (MIQ) tashkil etiladi. Shunisi eʼtiborliki, MIQning yagona raisi yoʻq edi. MIQni ittifoqdosh respublikalar rahbarlari hamrais sifatida boshqargan.

 

Eng qizigʻi, Oʻzbekiston MIQ raisi Yoʻldosh Oxunboboyev boʻlishiga qaramay, Oʻzbekistondan Fayzulla Xoʻjayev SSSR MIQ hamraisi boʻladi.

 

1936-yil qabul qilingan Konstitutsiyadan soʻng SSSR Oliy Soveti Prezidiumi tashkil etiladi va uning birinchi rahbari etib Mixail Kalinin saylanadi. Endi, ittifoqdosh respublikalar Oliy Sovetlari Prezidiumining raislari bir vaqtning oʻzida SSSR Oliy Soveti Prezidiumi raisining oʻrinbosari etib saylanadigan boʻladi. Yoʻldosh Oxunboboyev ham SSSR Oliy Soveti Prezidiumi raisining oʻrinbosari lavozimida 1938-yildan 1943-yil 28-fevralga qadar faoliyat yuritadi.

 

Bir vaqtlar koʻklarga koʻtarilgan siyosiy arboblar haqida keyinchalik turli salbiy fikrlar aytila boshlandi, ayrimlari asta-sekin unutildi. Shu kabi arboblar orasida sovet Oʻzbekistoni tashkil etilishida bevosita ishtirok etgan, xalq tomonidan “Ota”, “Oqsoqol”, hatto “Birinchi prezident” deya taʼriflangan Yoʻldosh Oxunboboyev ham bor. Xoʻsh, aslida u kim edi?

 

 

Yoʻldosh ota 1885-yil 13-iyul kuni Margʻilon uyezdiga qarashli Joʻybozor qishlogʻida, kambagʻal dehqon oilasida tugʻilgan. U oʻn yoshidan boylarning eshigida xizmatkorlik qilgan. 1901-yil, 16 yoshida otasi vafot etgan. Yosh Yoʻldosh shundan keyin Margʻilon paxta tozalash zavodiga yuk tashuvchi boʻlib ishga kiradi. Keyinchalik, 1904-yildan 1914-yilgacha Oʻzgan shahrida bir boyning uyida xizmatkor, mardikor boʻlib ishlaydi.

 

Gʻafur Gʻulom Oxunboboyev haqida 1939-yilda yozgan “Prezidentimiz” nomli ocherkida: “Uning Margʻilondan Oʻzganga qochib kelishiga sabab yuz ellik soʻm qarzi boʻldi. Qarzdor boʻlishiga sabab esa otasining oʻlimi boʻldi. Yirik jussali, yagʻrindor bu yigit Abdugʻani bazzozning qaroli edi”, deb yozadi.

 

1914-yilda u Margʻilonga qaytib keladi va mahalliy aksilrossiya guruhlari safiga qoʻshiladi.

 

1916-yilgi mardikorlikka qarshi qoʻzgʻolonlarda Oxunboboyev faol ishtirok etadi. Shu sababli Chor oxranasi tomonidan qoʻlga olinib, ikki oy qamoqqa tashlanadi. Oktyabr toʻntarishidan soʻng Yoʻldosh Oxunboboyev bolsheviklar safiga qoʻshiladi.

 

Turkiston oʻlkasi oʻrniga tashkil etilgan Turkiston muxtor sotsialistik sovet respublikasini qoʻllab-quvvatlaydi. 1917-yil Margʻilon tumanida bolsheviklar tashkil qilgan qishloq kengashi oqsoqoli boʻladi.

 

«1918-yilning kech kuzi edi. Joʻybozorga qaytib kelgan Yoʻldoshboy, shu qishloqlik bir kishining yerini sugʻurmoqda edi. Birdaniga yer etagidagi yoʻldan istiqlolchilar bilan kurashib yurgan qizil askarlar toʻdasi kelib qoladi. Komandir Obuxov Yoʻldoshboy oldida toʻxtaydi.

 

– Sen kimsan?

– Yoʻldosh Oxunbobo oʻgʻli.

– Hunaring nima?

– Batraklik.

– Bosmachimisan?

– Yoʻq, bosmachiga qarshiman.

– Bu yerlarni bilasanmi?

– Bitta bu yerni emas, butun Fargʻonani kaftimning chiziqlariday bilaman.

– Qani, yur boʻlmasa!

 

Shu kundan boshlab, batrak Yoʻldoshboy Yoʻldosh Oxunboboyevga aylandi», deya yozadi Gʻafur Gʻulom.

 

Oxunboboyev 1919-1921-yillarda Margʻilon uyezdidagi “Qoʻshchi” ishchi-dehqon uyushmasining raisi boʻladi. Bolsheviklarga aqllilar emas, yuqorining topshirigʻini soʻzsiz bajaradigan savodsiz batraklar kerak edi. Shu bois 1921-yilda Yoʻldosh Oxunboboyev bolsheviklar partiyasi safiga qabul qilinadi. Partiya aʼzosi degani mansab pillapoyalaridan koʻtarilish degani edi. Shu tariqa u Oʻzbekistonning eng oliy organi rahbari darajasigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtadi.

 

Yoʻldosh Oxunboboyevga baho berilgudek boʻlsa, uning faoliyatida ijobiy va salbiy ishlar boʻlganini aytib oʻtish kerak. Ittifoq rahbarlari Kreml qosh-qovogʻiga qaramay, oʻz bilganicha siyosat yuritgudek boʻlsa “qatagʻon mashinasi”ning ostida qolib ketishlari aniq edi.

 

Yoʻldosh Oxunboboyevning urush yillarida yirik ishlab chiqarish korxonalari, madaniyat muassasalari, oʻquv yurtlarini tashkil etishda oz boʻlsa-da hissasi bor. Partiya chaqirigʻiga “labbay” deb javob bergan Oxunboboyev hamisha xalq ichida boʻlishga harakat qildi. Uning Katta Fargʻona kanali qurilishida ishtirok etishi, Ikkinchi jahon urushi vaqtida koʻchirib kelingan aholini uy-joy, ish bilan taʼminlashda jonbozlik koʻrsatganini eslatib oʻtish joiz.

 

Hatto, u taniqli shoira Anna Axmatovaga katta eʼtibor bergani aytiladi. Uning urush yillari Toshkentga koʻchirib kelingan aviatsiya zavodini oyoqqa turishiga oz boʻlsa-da hissasi borligini unutish kerak emas. U tez-tez sexlariga kelib turar, ishchilar bilan suhbatlashar, zavodning moddiy texnika bazasi yaxshilanishiga yordam berar edi.

 

Abdulla Qodiriy 1926-yil “Mushtum” jurnalida chop etilgan “Yigʻindi gaplar” maqolasida “Ana bu miyasi achimaganning gapiga qarang endi! Xudogʻa shukr, qorning toʻq, qaygʻung yoʻq, bas, tinchgina faroyizxonlik qilmasdan oqsoqolligʻingni qilaversang boʻlmaydimi, usta Yoʻldosh!” deya Yoʻldosh Oxunboboyevni ham tanqid qiladi. Shu maqola tufayli Abdulla Qodiriy qamoqqa olinadi va hukumat rahbarlarini obroʻsizlantirishda ayblanib, ikki yil ozodlikdan mahrum etiladi.

 

Aytishlaricha, aynan Yoʻldosh Oxunboboyevning bevosita aralashuvi bilan muallif jazodan ozod qilingan.

 

Shuningdek, Omoniy Aravoniy nomli ismli ziyoli, qishlogʻi Aravonda zamonaviy maktab ochadi. Bolalarga ona tili, hisob, geografiya, tabiat va rus tilidan saboq beradi. Uning lotin va arab imlosida chiroyli bezaklar bilan yozilgan shiorlarini “yuqoridan” kelgan qandaydir komissiya rahbari koʻrib, “bunaqa chiroyli yozuvni qishloqda yashagan odam yozolmaydi. Bu odam Turkiyaning josusi boʻlsa kerak”, deydi va Omoniyni zudlik bilan qamoqqa olishga buyruq beradi.

 

Bu xabarni eshitgan Yoʻldosh Oxunboboyev Omoniyni qamoqdan ozod qildiradi. Koʻrinib turibdiki, Yoʻldosh Oxunboboyev ham Omoniyni juda yaxshi bilar va qadrlardi. Shuning uchun ham u keyinchalik Omoniydan Toshkentda Alisher Navoiyning “Xamsa”sini nashrga tayyorlashga qatnashishini soʻraydi. Ammo Omoniy “Xamsa” toʻliq boʻlmagan shaklda nashrga tayyorlanayotganini bilgach, “Men Navoiy ruhidan qoʻrqaman”, deya taklifni rad etadi.

 

Oxunboboyev 1937-1938-yillardagi qatagʻonlar vaqtida millat ziyolilarini qatliomdan saqlab qola olmagani ham haqiqat. Bu vaqtda hokimiyat toʻlaligicha partiya Markaziy qoʻmitasiga oʻtgan, Oliy Sovet Prezidiumi raisining qoʻlidan hech narsa kelmasdi. Hatto “Umumittifoq oqsoqoli” Kalininning rafiqasi ham bu davrda qamoqda ekanini unutmaslik kerak.

 

Qatagʻon yillarida uning savodsizligi as qotgan. Agar savodli boʻlganida u ham Akmal Ikromov, Fayzulla Xoʻjayev, Sulton Segizboyev kabi Oʻzbekiston arboblari qatorida “oʻlim mashinasi”da yanchilishi aniq edi.

 

 

Yana Gʻafur Gʻulomning yozgan ocherkiga qaytadigan boʻlsak, adib shunday yozadi: “Yoʻldosh Oxunboboyevni koʻp kishilar «Oʻrta Osiyoning tirik qomusi” deb ataydi. Negaki, u birgina Oʻzbekistonning emas, balki Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmanistonning tarixi, xalqi, yeri, suvi, iqlimi – barcha-barchasi toʻgʻrisida istagan maʼlumotni sizga aytib bera oladi. Ayniqsa, Oʻzbekistonning unga tanish boʻlmagan biror burchagi yoʻq...

 

Otaga bunchalik muhofaza quvvatini turmush tajribalari va xalq bagʻishlagan”.

 

Koʻpchilik mintaqadagi chegaralarni belgilashda Yoʻldosh Oxunboboyev, Fayzulla Xoʻjayev va Akmal Ikromov sustkashlik qilganini tanqid qiladi. Ammo, mintaqa xaritasi Turkiston kompartiyasi rahbari Yan Rudzutak boshchiligidagi komissiya tomonidan tasdiqlanganini, bu vaqtda oʻzbek rahbarlari hokimiyatda emasligini eslatib oʻtish kerak.

 

Chegaralar belgilanishida OʻzSSR rahbarlaridan biri Isaak Zelenskiyning ham xizmatlari katta edi. Aynan u bir necha yil Oʻzbekiston kompartiyasi Markaziy qoʻmitasining birinchi kotibi boʻlgan edi. Asaka shahri bir muddat uning sharafiga Zelensk deb atalgani, xalq dushmani boʻlgach Leninsk deb oʻzgartirilganini koʻpchilik bilmasa kerak.

 

Shuningdek, Oʻzbekiston kommunistlariga bir muddat rahbarlik qilgan “Kremlning qulogʻi” boʻlmish Vladimir Ivanov ham davlat va hukumat ishlariga aralashib turgan.

 

Milliy respublikalar tuzilib, ularning chegaralarni belgilashda Iosif Vareykis, Pavel Dibenko, Ivan Mejlauk kabi siyosiy arboblar qatorida sharqshunos olimlar Bartold, Andreyev, Maliskiy, Polivanov, Magidovich, Zarubin va boshqalar ham katta rol oʻynagan.

 

Koʻpchilik Yoʻldosh Oxunboboyevning 1943-yil 28-fevral kuni kutilmaganda, 57 yoshida vafot etganiga shubha bilan qaraydi.

 

Zamondoshlarining soʻzlariga qaraganda, Yoʻldosh Oxunboboyev davlat rahbari boʻlsa-da, kamtarona kun kechirgan. Hamma bilan bir xil muomala qilgan. Shu sabab boʻlsa kerak, xalq Oxunboboyevga mehr qoʻygan. Uning oʻlimini odamlar motam bilan qarshi oldi.

 

Yoʻldosh Oxunboboyev siymosi bir nechta kinoda gavdalangan. 1955-yilda “Mosfilm” va Toshkent kinostudiyasi hamkorlikda suratga olgan “Amirlikning qulashi” filmida Oxunboboyev bir necha epizodda koʻrinish beradi.

 

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: film voqealari Buxoroda yuz beradi, fargʻonalik Yoʻldosh Oxunboboyev qanday qilib u yerga borib qoldi?

 

Shuningdek, “Upolnomochen revolyutsiyey” (Inqilob vakolat bergan), «41-yil olmalari filmlarida Yoʻldosh Oxunboboyev obrazi mavjud.

 

Oxunboboyev avvaliga, hozirgi Sanʼat muzeyi orqasida joylashgan qabristonga dafn etilgan. 1962-yilda bu yerga baland stella oʻrnatiladi va “mangu olov” yoqiladi. 2000-yilda stella va “mangu olov” buziladi, qabrlar boshqa joyga koʻchiriladi. Jumladan, Yoʻldosh Oxunboboyev, Hamid Olimjon xoki Chigʻatoy qabristoniga qayta dafn etiladi.

 

Oʻzbekiston tarixida koʻplab davlat va siyosiy arboblar oʻtdi. Ular u yoki bu maʼnoda mamlakatimiz, xalqimiz taqdiriga taʼsir koʻrsatdi. Shular qatorida Yoʻldosh Oxunboboyev ham bor. Bu insonning yaxshi tomonlari haqida gapiruvchi insonlar yil sayin kamayib, yomon tomonini koʻruvchilar soni koʻpayib bormoqda.

 

Yaxshimi, yomonmi siyosiy arboblarni yoddan chiqarishimiz kerak emas. Ular haqida imkon qadar maʼlumot berib, yoʻl qoʻygan xatolaridan xulosa chiqarish lozim. Tarixdan ular nomini sugʻurib olib boʻlmaydi. Tan olish kerak, Yoʻldosh Oxunboboyev sovet hukumatiga, kommunistik mafkuraga xizmat qildi. Lekin uning 1925-yil fevralidan 1943-yil fevraliga qadar 18-yil Oʻzbekistonning rasmiy davlat rahbari boʻlgani fakt. Uning nomini Oʻzbekiston tarixidan olib tashlab boʻlmasa kerak.

 

Sharof To‘laganov

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Mafkura

11:12 / 18.12.2025 0 218
Turkiy ot koʻtarganlar qachon koʻpayadi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//