Texnomilliarderlar tuzog‘i – Qasddan nafrat uyg‘otuvchi kontentlarga qanday aldanamiz?


Saqlash
09:52 / 19.12.2025 16 0

O‘zbek tilining izohli lug‘atiga ko‘ra mol, hayvon yoki parrandaga beriladigan ovqat “xo‘rak” deyiladi. Yana bu so‘z ko‘proq salbiy-kamsituvchi kontekstda keladi, “ma’ramay o‘lgurning oxuriga xo‘rak tashlab qo‘y”, deyishadi-ku.

 

So‘nggi yillarda bu so‘z raqamli infomuhitga ham transformatsiya bo‘ldi. Faqat rollar taqsimoti boshqacharoq. Xo‘rak endi odamlar –  ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari oldiga tashlanyapti. Maqsad ularning og‘zini yopish emas, qarmoqqa ilintirish.

 

Info-xo‘raklarning turi ko‘p. Unga har kim o‘z muddaosidan kelib chiqib “dam soladi”. Deylik, ekstremistlar “aybdorlik tuyg‘usini uyg‘otuvchi” yem tayyorlaydi (Gʻazoda bolalar o‘layotganiga o‘zini aybdor sanab jihodga chog‘lansin uchun), X-betchilar o‘ramiga “hashamat” deb yozilgan shirinlik tarqatadi (kallavaramlar dabdabali kontentga aldanib qip-qizil qimorbozga aylansin uchun) va hokazo.

 

Hozir odamlarda g‘azab, nafrat, toqatsizlik yoki agressiv kayfiyat paydo qiluvchi “xo‘raklar” urfda. Chunki arzon va universal. U hamma uchun: obunachi sonini oshirishni ko‘zlagan oddiy info-olibsotardan tortib, butun boshli texnogigantlar uchun ham birdek “rentabelli”. Shundan bo‘lsa kerak, Britaniyaning dunyoga mashhur Oksford ingliz tili lug‘ati Ragebaitni yil so‘zi sifatida e’tirof etdi. Bu ibora so‘zma-so‘z tarjima qilinsa, aynan g‘azabni qo‘zg‘atuvchi xo‘rak degan ma’noni anglatadi.

 

Yangi raqamli valyuta

 

Clickbait (klikbeyt) tushunchasi “sariq matbuot” orqali yaxshi tanish. Bu atama odatda post yoki maqola mohiyatini ochib bermaydigan, ammo odamlar e’tiborini qaratuvchi o‘ynoqi, yasama va chalg‘ituvchi sarlavhalarga nisbatan ishlatiladi. Deylik, qaysidir sayt “Vazir yana xalqni aldadi” degan sarlavha qo‘ysa, amaldorlarimiz yana nimani boshlabdi, degan o‘yda hamma xabarni o‘qishga tushadi. Qarasa, Ekvotarial Gvineyada biron kattakon “hol” qo‘ygan bo‘lib chiqadi.

 

Ragebait (reyjbeyt) atamasi ilk bor asr boshlarida, orqadan kelib signal chaladigan asabbuzar haydovchilarga nisbatan aytilgan. Keyinroq, ijtimoiy tarmoqlar ommalashuvi tufayli ko‘proq mediasferaga xos slengga aylandi. U klikbeytning yovuz versiyasi. Bunda qasddan haqorat, tuhmat, nafrat ufirib turgan kontent (sarlavhalar, memlar, fikrlar, audi-video materiallar va h.k.) yaratish orqali foydalanuvchilarning chinakamiga jahlini chiqarish, noroziligini ochiq bildirish uchun “trigger” berish ko‘zda tutiladi.

 

Buning uchun aksariyat hollarda kontekstdan uzilgan, kesib-qirqilgan, provokatsion infoxo‘raklar tayyorlanadi, ularning haqiqiyligi muhim emas, asosiysi auditoriyani ma’lum reaksiya ko‘rsatish: ulashish, layk/dizlayk bosish, o‘z hissiy holatini ifodalash (platformalar taqdim etgan emojilar orqali), izoh yozish, hech bo‘lmaganda diqqatini o‘sha kontentda ko‘proq ushlab turishga majburlash.

 

Deylik tasmangizda “Shukur Burxonov kim?” degan savolga o‘tgan-qaytgan yosh-yalang “hokim o‘rinbosari”, “vayner” yoki “fitbolchi bo‘lsa kerak” qabilida javob berayotgan so‘rovnoma (shaksiz, to‘g‘ri javob berganlar ko‘p, ammo ular montajda kesilib, faqat xo‘rak qoldirilgan) lavhasi chiqdi. Tabiiyki tutaqasiz, dizlayk bosasiz. Algoritmlar nafratli izoh yoki g‘azabnok emoji aks etgan kontentni juda sevadi, darrov trendga chiqaradi, natijada yanada ko‘proq odam ko‘radi, obunachilar va qo‘shimcha daromad oshadi. Shu tariqa: “xo‘rak –  reaksiya – ommalashuv – manfaat” spirali yuzaga keladi.

 

Internetda kishilarni asabiylashishga majbur qiladigan kontent yaratish serdaromad sohaga aylangan,  deb yozgan edi britaniyalik jurnalist Daniyel Xant shu yil boshida e’lon qilgan “Reyjbeyt ijtimoiy mediani o‘ldirmoqda” sarlavhali maqolasida. Shuningdek maqolada: “Bunday kontentning maqsadi axborot berish emas, balki keskin hissiyotlarni qo‘zg‘ashdir. Asosiy “valyutasi” g‘azab bo‘lgan onlayn muhitda axloqiy chegaralar va sifat eng oxirgi o‘rinda[1]”, deydi u.

 

Platformalar foydani maksimallashtiradi: hatto u qon evaziga bo‘lsa ham

 

Facebook sobiq xodimi Frensis Xaugen 2021-yilda kompaniyaning ichki hujjatlarini ommaga fosh etadi (Washington Post). Unda juda qiziq va ayni paytda xavotirli faktlar aytilgan. Dastlab kontentning faolligini belgilovchi asosiy o‘lchov birligi “layk” tugmasi bo‘lgan. Keyinroq tarmoq muhandislari layklardan ko‘ra emojilar (ayniqsa “jahl” emojisi) faollikni besh barobar oshirishi, boshqacha aytganda ko‘proq izoh, ulashish va takroriy kirishlarga sabab bo‘lishini aniqlaydi.

 

Shu bois 2017-yildan boshlab “Nravitsya”ning oldida hissiyotlarni ifodalovchi belgilar paydo bo‘ladi, algoritmlar esa aynan ular, ko‘proq qovog‘idan qor yog‘adigan g‘azabnok tugmachalar soniga ko‘ra postlarga ustuvorlik beradi. Frensisning qayd etishicha,  2019-yilda muhandislar boshliqlarni “Gʻazab emojisi bilan qo‘llab-quvvatlangan postlarning feyk, toksik va past sifatli yangiliklarni o‘z ichiga olish ehtimoli juda yuqori” ekanidan ogohlantirgan. Bu shuni anglatadiki, kompaniya g‘azabni rag‘batlantirish orqali zararli kontentni tarqatayotganini bilgan, biroq tarmoq uchun o‘zining muqaddas e’tiqodi – foydani maksimallashtirish har narsadan ustun, hatto u real hayotda qonli to‘qnashuvlarga hissa qo‘shsa ham.

 

Xaugenning iddaosicha, 2021-yilda rohinja qochqinlari nomidan Metaga
qarshi 173 mlrd dollarlik jamoaviy da’vo arizasi berilgan. Unga ko‘ra, Myanmada rohinja musulmonlarining qirg‘in qilinishiga algoritmlarning nafratni ommalashtirishi, zo‘ravonlik ulug‘langan postlarni trendga chiqarishi, “musulmonlarning qurol to‘playotgani” haqidagi yolg‘on da’volar moderatsiya qilinmagani sabab bo‘lgan[2].

 

Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatgan: Meta o‘z-o‘ziga zarar yetkazadigan kontentni, deylik kimdir o‘zini gelikka bostirib tryuk ko‘rsatsa, o‘chirmaydi (ya’ni gaydlaynida ko‘rsatilgan qoidaga o‘zi amal qilmaydi), hatto shunday video oladigan profillarni bir-biri bilan bog‘lashga urinadi[3]. Faqat Meta qora, boshqalar oppoq emas. Misol uchun, o‘tgan yili ВВС muxbiri Marianna Spring g‘azab uchun xo‘rak tashlagan ayrim X (Tvitter) foydalanuvchilariga platforma ming dollardan sanab berganini aniqlagan[4]. Tiktok esa yangiliklar tasmasida tez-tez chiqadigan xo‘raklarni kamaytirish uchun “Meni qiziqtirmaydi” deb belgilagan foydalanuvchiga bu turdagi kontentni (aksincha) ikki karra ko‘paytiradi[5].

 

Bizga xo‘rakni kim tashlayapti?

 

Ularning toifasi ko‘p. Biri siyosiy, boshqasi moddiy, yana kimdir virtual avtoritetini oshirish ilinjida “orqadan signal chalish” manipulyatsion taktikasiga yopishib olgan.

 

Masalan, instagram yoki telegramda yuz minglab auditoriyaga ega ko‘ngilochar-yangilik kanallarda deyarli barcha xabarlar “Dahshat”, “Ko‘ngli bo‘shlar ko‘rmasin”, “Shok xabar”, “Ana xolos” kabi xeshteglar bilan beriladi. Yaponlarning odam go‘shtidan steyk tayyorlashi yoki bananga OITS virusi yuborilishi haqidagi feyk-xo‘raklar ayniqsa qadrlanadi. Bunday kanallarning reklamadan boshqa dardi yo‘q...

 

Keyin raqamli trayblar (zamonaviy kontekstda umumiy g‘oyalar, manfaatlar va turmush tarziga ega bo‘lgan odamlar guruhi), masalan o‘zini liberal qadriyat tarafdori sifatida ko‘rsatadiganlar teskari fikr egalarini (yoki aksincha) yoqimsiz so‘zlar, laqablar bilan siylashi ko‘p kuzatilyapti. Algoritmlar tabiiyki g‘azabni ommalashtiryapti, yangi tarafdorlar qo‘shilyapti, filtr qobig‘i nafrat va bo‘linishni kuchaytiryapti.

 

Yaqinda tiktokda muftiyning “tibbiy niqob islomga zid” deb gapirgan videosi chiqdi. Aslida aksincha, diniy ulamo koronavirus davrida tibbiy niqobga qarshi bo‘lganlarga raddiya bergan. Kontekstda bu yashirilgan. Shunday qilinmasa, odamlarda nafrat, qahr paydo bo‘lmaydi-da. Ya’ni, radikal guruhlar ham vaqti-vaqti bilan g‘azab uchun xo‘rak otib turibdi.

 

Bundan tashqari, milliy mediamakonda vijdonsiz marketologlar, saviyasiz, baqiroq blogerlar, e’tibordan chetda qolgan otarchilar ham ayni taktikaga tez-tez murojaat qilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Biz jazavaga tushyapmiz ular bayram qilyapti.

 

Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak. Yuqorida faqat reyjbeyt – odamlarning jahlini chiqarish orqali ma’lum manfaatni ko‘zlaydiganlar haqida gapirdik, davlat organlari, mansabdor shaxslarning harakati yoki harakatsizligi, deylik havoni tozalash uchun tandirlarni buzish “operatsiyasi” ortidan infosferada ko‘tariladigan tabiiy g‘azab haqida emas. Bu endi ayrim amaldorlar tafakkuri bilan bog‘liq g‘ayrioddiy fenomen va boshqa mavzu.

 

Oqibatlar: umidsizlik, bo‘linish va desensitizatsiya

 

Buyuk Britaniyaning “Social switch” loyihasi tahliliga ko‘ra, agressiv reaksiya uyg‘otadigan kontent ruhiy salomatlikka ta’sir qiladi, stress, xavotir va umidsizlik hissini oshiradi. Gʻazab “undirish” uchun ko‘p hollarda dushmanona ohangga tayaniladi, bu esa jamiyatda bo‘linishlarga  sabab bo‘ladi, konstruktiv muloqotni kamaytiradi, foydalanuvchilar o‘rtasida adovatni kuchaytiradi.

 

Bundan tashqari, tadqiqotda qayd etilishicha, doimiy ravishda provokatsion kontent ko‘rish odamlarni desensitizatsiya holatiga tushiradi. Ya’ni, kishilarda ijtimoiy muhim masalalarga nisbatan befarqlik paydo bo‘ladi. Sodda tushuntirganda, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik yoki qurg‘oqchilik kabi mavzular, masalan, bitta ahmoqning yangi yil archasini yovvoyilarcha boltalayotgani aks etgan videosi fonida pistapo‘choqqa aylanadi[6].

 

“Reyjbeyt oqibatida kuchli emotsiyalar ta’sirida yurish foydalanuvchilarni ruhan toliqtiradi”, deydi Michigan universiteti dotsenti Ariel Xeyzel. U fikrini shunday davom ettiradi: “Bu hol ularni sog‘lom axborot va yangiliklar muhitidan ongli ravishda chekinishiga yoki undan uzilib qolishiga sabab bo‘ladi. Yana bir xavotir shuki, o‘sib kelayotgan avlodda g‘azab va nafrat tiliga nisbatan normal munosabat shakllanib qolishi mumkin[7]. 

 

Bunga yo‘l qo‘ymaslik o‘z qo‘limizda. Kimdir g‘azab uyg‘otish uchun xo‘rak tashladimi, darrov “beting qursin” deb izoh yozmasdan (bu qilig‘ingiz bilan kimningdir nog‘orasiga o‘ynayotgan, ayni paytda uch-to‘rt texnomilliarderning cho‘ntagini qappaytirishga qaratilgan vijdonsiz, ammo puxta o‘ylangan strategiyani qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lasiz) o‘sha g‘alamisni bloklang yoki yashiring, onlayn platformalar taqdim etgan vositalardan foydalanib shikoyat yuboring. Xullas, axborot asridagi eng qimmatli resurs – e’tiboringizni avaylang. Har holda biz odamlarmiz, duch kelgan xo‘rakka iskalanadigan laqqa emas.

 

Dilshod NURILLOH

 

 

 



[1] https://mancunion.com/2025/02/05/ragebait-is-ruining-social-media/

[2] https://en.wikipedia.org/wiki/Rage-baiting

[3] https://mancunion.com/2025/02/05/ragebait-is-ruining-social-media/

[4] https://www.bbc.com/news/articles/c4gp555xy5ro

[5] https://mancunion.com/2025/02/05/ragebait-is-ruining-social-media/

[6] https://www.thesocialswitchproject.org.uk/

[7] https://www.bbc.com/news/articles/c4gp555xy5ro

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Mafkura

11:12 / 18.12.2025 0 217
Turkiy ot koʻtarganlar qachon koʻpayadi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//