Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon oʻzbek shoiri Abdulhamid Choʻlpon sheʼrini oʻqidi: “Bosqin va zulm chidab boʻlmas darajaga yetgan 1930-yillari Oʻzbekistonning jasur oʻgʻloni Sulaymon Choʻlpon, keyinchalik otib tashlanib, badalini hayoti bilan toʻlagan sheʼrida, shunday hayqirgan edi:
Goʻzal Turkiston, senga ne boʻldi?
Sahar vaqtida gullaring soʻldi.
Chamanlar barbod, qushlar ham faryod,
Hammasi mahzun. Boʻlmasmi dil shod?
Bilmam ne uchun qushlar uchmas bogʻchalaringda?
Soʻnggi ikki asrimiz faqat millatimiz uchun emas, balki butun turkiy dunyo uchun ham qiyinchiliklar, iztiroblar, mashaqqatlar va bosqinlar bilan oʻtdi. Madaniy geografiyamizning koʻplab hududlarida oʻsha zaminning qadimiy oʻzliklari, tillari, eʼtiqodiy qadriyatlari taqiqlandi, xalqlar parchalandi. Tom maʼnoda xazon faslini yashadik.
Ozarboyjon shoiri Rustam Behrudiy bu davrda butun turkiy dunyoning taqdiriga aylangan manzarani shunday tasvirlaydi:
U qaysi millatdir – taqdiri sirdir,
Yuz otga boʻlindi, baribir birdir...”
Rajab Toyyib Erdoʻgʻon turkiylarning yagona yurak va yagona bilak boʻlib birlashmasligi uchun ne-ne qatagʻonlar uyushtirilganini taʼkidladi. Milliy oʻzligini himoya qilgan, milliy qadriyatlariga sodiq qolgan ziyolilar “turonchi”likda ayblanib, yo qamoqqa tashlangan, yo surgun qilingan yoxud Choʻlpon singari oʻqqa uchgan, dor ogʻochiga salom bergan.
Siyosiy nutqdagi ikkinchi sheʼr ham oʻzbek adabiyoti bilan aloqador chiqib qoldi. Uni ozarboyjon shoiri Rustam Behrudiy Samarqandda Amir Temur qabri qoshida yozgan ekan (xuddi Fitrat kabi). Sheʼrning toʻligʻini topdim, “Salom dor ogʻochi... Alaykum salom” degan misra naqoratdek takrorlanadi. Darhol Ergash Jumanbulbul oʻgʻli ijrosidagi “Kuntugʻmish” dostoni yodga tushdi; undan ilhomlanib ozarboyjonning oʻzbek oʻgʻloni Akif Bagʻir bitgan, uning taʼsirida esa Rauf Parfi yaratgan mashhur sheʼrni esladim – “Assalomu alaykum, dorning ogʻochi” (“Abdulla Qodiriy” filmida shoirning oʻzi oʻqigan audio variantidan foydalanganmiz). Hoynahoy, Rustam Behrudiy shu turkumni davom ettirgan.
Turkiya Prezidenti avval ham Choʻlponning “Toʻfon” va Erkin Vohidovning “Oʻzbegim” sheʼridan oʻqigani ijtimoiy tarmoqdagi oʻzbek sigmentida iliq qarshi olingan edi. Taʼsirchan misralar koʻpchilikning xayolini band etib, asosiy masaladan doimgidek chalgʻib qolindi. Janob Erdoʻgʻon qayerda va nima uchun bu oʻtli satrlarga murojaat etdi?
Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi 198 betdan va 14 boʻlimdan iborat “Turk dunyosi nigohi” hujjatini eʼlon qildi (Türk Dünyası Vizyon Belgesi; “vizyon” soʻzini tarjimada “istiqbol” deb olgan yaxshi emasmi, negadir “nigoh”ni maʼqul koʻrishibdi). “Onadoʻli” axborot agentligi xabar berishicha, taqdimot tadbirida Turkiya Prezidenti soʻzga chiqib, mazkur dastur kelgusi asrni barpo etishda muhim qoʻllanmaga aylanishiga ishonch bildirgan. Choʻlponning sheʼri ushbu nutqda badiiyat namunasi sifatida emas, balki siyosiy xotira va umumiy taqdir ramzi sifatida yangradi.
Dasturda qisqa, oʻrta va uzoq muddatli maqsadlar belgilangan boʻlib, turkiy davlatlar orasida koʻp qirrali hamkorlikni institutlashtirish, energetika, savdo, transport, texnologiya va madaniyat sohalarida integratsiyani chuqurlashtirish hamda global darajada birgalikda harakat qilish salohiyatini oshirish maqsad qilingan.
Hujjat turkiy dunyoni global tizimda yanada faol faktorga aylantirish strategiyasi asosida tayyorlangan. Qardosh mamlakatlarning umumiy maqsadlari, global qarashlari va strategik yondashuvlari aks ettirilgan. Turkiy davlatlar jahon arenasida yuksalayotgan kuch markazi sifatida shakllanishi ustuvor maqsad qilingan.
Oʻzaro savdoni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar qatorida qoʻshma elektron tijorat platformalarini yaratish, umumiy bozor mexanizmlarini shakllantirish, “Turk dunyosi” brendi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning xalqaro maydonda tan olinishini taʼminlash rejalashtirilgan. Shuningdek, savdo nizolarini hal etish uchun qoʻshma hakamlik (arbitraj) markazlarini tashkil etish hamda Turkiyaning turkiy davlatlar bilan umumiy tashqi savdo hajmini 100 milliard dollardan oshirish marrasi qoʻyilgan.
Turkiy dunyo investitsiya xaritasini tayyorlash, ikki karra soliq solishning oldini olishga qaratilgan kelishuvlarni kengaytirish, Taraqqiyot va tiklanish bankini tashkil etish kabi amaliy vazifalar belgilangan. Toʻlov operatsiyalarini osonlashtirish uchun “Turkcoin” yoki shunga oʻxshash raqamli valyuta yaratish ham yaxshi gʻoya. Shuningdek, moliyaviy integratsiyani chuqurlashtirish uchun qoʻshma valyuta loyihasi hamda Turkiy dunyo markaziy banklari forumini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Hujjatda Transkaspiy tabiiy gaz quvuri loyihasini amalga oshirish, yangi energetika koridorlarini barpo etish, mintaqaviy energiya savdo birjalarini tashkil qilish, neft va gaz qidirish, qazib olish va qayta ishlash loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, Turkiy dunyo energetika agentligi hamda Turkiy dunyo energetika ittifoqini tuzish kabi istiqbolli rejalar oʻrtaga tashlangan.
Bugungi kunda raqamli iqtisodiyot imkoniyatlaridan unumli foydalanish nihoyatda muhim. Shu maqsadda qoʻshma strategiya ishlab chiqish, elektron tijorat qoidalarini muvofiqlashtirish, qoʻshma dasturiy taʼminot platformalari, elektron hukumat tizimlarini oʻzaro uygʻunlashtirish, Turkiy dunyo teknofestlari, Texnologiya agentligi va Raqamli iqtisodiyot platformasini tashkil etish moʻljallanmoqda.
Turkiy dunyo terrorizmga qarshi kurash markazi, Kiberxavfsizlik agentligi, strategik poytaxtlarda qoʻshma diplomatik vakolatxonalarni ochish, qoʻshma konsullik nuqtalarini tashkil etish zarurati taʼkidlangan. Qardosh xalqlar yoshlari ishtirokida Yoshlar Majlisini tuzish imkoniyati tilga olingan.
Turkiy dunyo umumiy tilplatformasi, Umumiy media platformasi, Umumiy tarix komissiyasi, Turkiy dunyo muzeyi, vizasiz rejim, umumiy shaxsni tasdiqlovchi karta orqali erkin harakatlanish kabi maqsadlar ham hujjatdan oʻrin olgan.
Suv resurslarini boshqarish doirasida belgilangan vazifalar qatorida Turkiy dunyo suv strategiyasini ishlab chiqish va Turkiy dunyo suv tadqiqot institutini tashkil etish nazarda tutilgan.
Dasturda Turkiy dunyo Adliya va huquq kengashini shakllantirish maqsadi belgilangan. Shuningdek, yagona elektron hukumat tarmogʻini yaratish mamlakatlar oʻrtasida maʼlumot almashinuvi va xizmatlar integratsiyasini osonlashtirishi shubhasiz. Turk inson huquqlari kengashini tuzish rejasi ham eʼtibordan chetda qolmagan.
Turkiy dunyo texnologiya strategiyasi hujjatini tayyorlash orqali umumiy maqsadlarni belgilash, Texnologiya va innovatsiya fondi, Texnologiya transferi markazi hamda Turkiy dunyo kosmik agentligini tashkil etish maqsadlari birma-bir sanab oʻtilgan.
Oʻrta koridor, Naxchivon koridori, Taraqqiyot yoʻli kabi loyihalarni integratsiya qilish orqali uzluksiz savdo yoʻllarini yaratish, Oʻrta koridor va Transkaspiy transport yoʻlagini mustahkamlash orqali xalqaro savdoni Turkiy dunyo orqali yoʻnaltirish maqsadlari koʻzlanmoqda.
“Turkiy dunyo asri”ni qurishdek ulugʻvor maqsad yoʻlida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar orasidagi kuchli hamkorlik mexanizmlarini yanada mustahkamlash talab etiladi. Uzoq muddatli maqsadlarni belgilash, strategik muvofiqlashtirish va qaror qabul qilishni tezlashtirish uchun Turkiy dunyo istiqboli kengashini tashkil etishga zarurat sezilishi shubhasiz.
Bu kabi yoʻnalishlar turkiy dunyoni alohida davlatlar yigʻindisidan geoiqtisodiy makonga aylantirishni koʻzlaydi. Maqsadlar amalga oshsa, turkiy birlik shunchaki hissiyotga chulgʻangan orzu emas, mustahkam institutlar orqali birlashgan mushtarak kelajak sifatida boʻy koʻrsatadi.
Choʻlpon “Goʻzal Turkiston, senga na boʻldi?” deb nola qilgan davrda turkiy xalqlarni birlashtirish uchun na rivojlangan institutlar bor edi, na puxta ishlab chiqilgan strategiyalar, na siyosiy iroda... Shoir satrlari magʻlubiyat tasallisi emas, ayrilib ayiqqa yem boʻlgan taqdirlarning alamli ohi edi. Shu maʼnoda bu sheʼr Anqara minbaridan yangraganda faqat adabiy iqtibos boʻlib qolmay, balki tarixiy xotiraga qilingan siyosiy murojaatga aylandi.
Turkiy dunyo mashʼum oʻtmishini faqat eslash bilan cheklanmasdan, balki mushtarak kelajak qurish uchun maʼnaviy asosga aylantirishga urinayotir. “Turk dunyosi nigohi” hujjati esa ayni shu irodaning qogʻozga, rejaga, mexanizmga koʻchgan shaklidir. Agar shoir Turkistonning soʻlgan gullari uchun yigʻlagan boʻlsa, endi turkiy davlatlar oʻsha gullarni qayta undiradigan siyosiy, iqtisodiy va madaniy muhitni yaratishga bel bogʻlamoqda.
Oldimizda turgan masala oʻtli satrlardan mutaassir boʻlish bilan kifoyalanmay, istiqbolli rejalarni izchil amalga oshirishga kirishishdir. Turkiy dunyo faqat hissiyotlar ichra emas, umumiy manfaatlar, mustahkam institutlar va kuchli strategiya tegrasida birlashish imkoniyatiga ega boʻldi. Bunday tarixiy imkoniyat qoʻldan chiqsa, Choʻlpon satrlari yana necha yillar magʻlubiyat ramzi oʻlaroq yangrashi... Xudo saqlasin.
Oʻtmish ovozi bugun bizdan yigʻini bas qilib, javobgarlikni boʻyinga olishni talab qilmoqda. Turkiy dunyo asri balandparvoz shiorlar bilan emas, izchil qarorlar, qatʼiy iroda va hamjihat harakat bilan quriladi. Tarixda yashash vaqti oʻtdi. Endi tarix yaratish navbati – tirik avlodlar qoʻlida!
Farrux JABBORBEK
Choʻlpon satrlaridan “Turkiy dunyo asri”gacha maqolasi
“XXI asr” gazetasi, 2025-yil, 50 (1152)-son
Mafkura
Tarix
Jarayon
Mafkura
Tarix
Til
Jarayon
Til
Tarix
Vatandosh
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q