Inson ajdodlari yer yuzida yashay boshlagan kezlardanoq tevarak-atrof bilan tanishuvga kirishgan. Ushbu tanishuvning birinchi qadami unga nom qo‘yishdan boshlangan. Shuning uchun tevarak-atrofga qo‘yilgan nomlar yillar o‘tishi bilan o‘zgarishiga qaramasdan ma’lum ma’noda til lug‘at boyligining nisbatan eski qatlami o‘laroq baholash imkoniyatini beradi. Shu jihatdan bizgacha yetib kelgan hamda toponomik ma’lumotlar aks etgan yozma manbalar muayyan mintaqaning tarixi, xalqning geografik tafakkuri va tasavvurlarini o‘rganishda ayricha ahamiyat kasb etadi.
Mintaqamizda IX asrdan boshlab ijtimoiy, tabiiy, geografik fanlar bo‘yicha tadqiqotlar yaratish ishlari kuchaya boshladi. Ayniqsa, X asrning ikkinchi yarmidan hokimiyatni idora qilish qoraxoniylar sulolasidan bo‘lgan hukmdorlar qo‘liga o‘tishi bilan ma’lum muddat so‘nib qolgan ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotda yana jonlanish, rivojlanish boshlandi, dunyo sahnasida turkiy qavmlarning mavqei qaytadan o‘sa bordi. Ana shu kezlardan Yevroosiyo qit’asida qoraxoniylar nomi bilan tarixga kirgan yirik imperiyaga asos solindi. Bu esa turkiy xalqlarning nufuzining ortishiga va boshqa ellarning turkiy tilni o‘rganishga ehtiyojining oshishiga sabab bo‘ldi. Yuzaga kelgan ana shu ehtiyojni qondirish yo‘lida XI asrning dovrug‘li allomasi Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘atit turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”) asarini yaratdi. Asar hijriy 466-yili (melodiy 1074-yilda) yozib tugallangan. Kunimizgacha “Devonu lug‘atit turk”ning bitta qo‘lyozmasi saqlangan. Uni hijriy 664 (melodiy 1266)-yilda kotib Muhammad ibn Abubakr ibn Abdulfath as-Saviy ad-Damashqiy ko‘chirgan. Kotibning yozishicha, mazkur qo‘lyozma Mahmud Koshg‘ariyning o‘z qo‘li bilan bitilgan nusxasidan ko‘chirilgan.
Filologik tadqiqot bo‘lishiga qaramasdan asarda turli fanlarning ma’lumotlariga duch kelish mumkin. Ayniqsa, turli-tuman geografik ma’lumotlar va kitobdagi yer shari xaritasi kishini hayratga soladi. “Devonu lug‘atit turk” asarining muqaddimasida “Turk tabaqalari va qabilalarining bayoni haqida” degan bo‘lim bor. Ushbu bo‘limda muallif g‘arbdan boshlab sharqqa yoyilgan turkiy qabilalar to‘g‘risida xabar bera turib, “bu qabilalarning turar joylarini bu doirada ko‘rsatdim” degan qiziq bir ma’lumotni keltiradi [1]. Asar qo‘lyozmasida ham doira shaklidagi yer yuzining sharqiy yarim shariga to‘g‘ri keluvchi jug‘rofiy xarita beriladi. Koshg‘ariy yana bir o‘rinda ana shu doira shaklidagi xaritaga ishora qilib, “Rum va Mochingacha bo‘lgan turk shaharlarining hammasining bo‘yi besh mingdan sakkiz ming farsahgacha yetadi. Bu shaharlar o‘rnini aniqlash maqsadida ularning hammasini yer shaklidagi doirada ko‘rsatdim”, deydi [2]. Mahmud Koshg‘ariyning ushbu xaritasi hozirgacha dunyo fanida ma’lum bo‘lgan turkiy xalqlarning geografik tasavvurlari asosida yaratilgan eng qadimgi xaritalardan biri sifatida tan olinadi [3].
Xaritada yer yuzi tomonlarining joylashuvi nihoyatda qiziq: yuqori qismida sharq – kunchiqar, pastda g‘arb – kunbotar, o‘ngda janub va chapda shimol tomoni joylashtirilgan. Bu esa eng qadimgi turkiy xalqlarning olamning joylashuvi haqidagi “to‘rt bo‘lung” (to‘rt tomon) to‘g‘risidagi tasavvurlari bilan bog‘liq. Turkiy qavmlarning dunyo tomonlari bilan bog‘liq tushunchalari qadimgi turkiy bitiklarda yaxshi keltirilgan [4]. Xaritada tomonlarning bu ko‘rinishda berilishi ham sharq musulmon geografik bilimlaridan ajralib turadi. Musulmon xalqlarining geografik tafakkurida asosiy tomon sifatida “g‘arb, mag‘rib, kun botar, qibla” olinadi. Koshg‘ariy xaritasining yuqori qismida “Ash-Sharq (sharq, kunchiqar)” deb ko‘rsatilgan.
Xaritadagi “Ash-Sharq (sharq, kunchiqar)” deb ko‘rsatilgan va Čabarqa toponimi berilgan joy.
Ushbu toponim ostida ajdolarimiz sharqdagi eng olis davlat kun chiqar yurt – Yaponiyani nazarda tutishgan degan fikrlar ilm ahli orasida yuradi. Ushbu toponim ancha yillardan buyon tadqiqotchilarni ham qiziqtirib keladi. O‘z davrida V.Bartold ushbu nom ostida qadimgi turkiy xalqlar hozirgi Yaponiya mamlakatini ko‘zda tutgan degan, ko‘zqarashni ilgari surgan edi.
Undan keyin nemis sharqshunosi A.German va tarixchi I.Umnyakov ham V.Bartold fikrini quvvatlagan [5]. Biroq ayrim olimlar ushbu fikrga shubha bilan qarashgan. Chunonchi, musulmon sharq tarixiy gegrafik merosi bo‘yicha yirik olim I..Krachkovskiy mazkur fikr u qadar ishonarli emasligini qayd etgan [6]. O‘tgan asrning 60-yillarida Čabarqa toponimi ostida qadimgi turkiy xalqlar haqiqatdan ham, aynan, Yaponiyani nazarda tutganini o‘zbek olimi, tarixiy geografiya bo‘yicha taniqli olim H.Hasanov yozma manbalar asosida isbotlashga harakat qilgan [7].
Yuqoridagi tadqiqotlardan kelib chiqqan holda Čabarqa toponimi Yaponiyaga to‘g‘ri kelishini beshta omilga asoslanib tahlil etish mumkin. Birinchi, yaponiyaliklar o‘z yurtlarini “Nippon” deb atashadi. Xitoyliklar mazkur toponimni “Jiben (kun chiqar)” iyeroglifi bilan berishadi va unga “go (mamlakat, davlat)” leksimasini qo‘shib, Jibengo (Yaponiya) deb atashadi. “Jabarqa” va “Jibengo” bir topinimning ikki hil fonetik variantidir.
Ikkinchi, qadimgi turkiy xalqlarning geografik bilimlari yuqori darjada bo‘lib, kunchiqarda Čabarqa nomli yurt borligini aniq-taniq bilishgan. Chunki VI asrdayoq turkiy qavmlar Sharqiy chegarasi Koreya yarim oroliga tutash Sariq dengizdan Gʻarbi – Qora dengizga qadar cho‘zilgan ulkan saltanat – Turk xoqonligiga asos solgan edi [8]. Tarixdan turkiy xoqonlikning qanoti va himoyasi ostida yashagan qavmlardan biri kidanlarning Yaponiyaga borib turganlari to‘g‘risida ham qaydlar uchraydi [9].
Uchinchi, Ajdodlarimizdan hozirga qadar yetib kelgan va bizning ona tilimizda yozilgan eng eski yozma yodgorliklardan biri qadimgi turkiy-run xatida toshlarga o‘yib yozilgan turkum yodgorliklar. Yodgorliklarning asosiy qismi VI–VIII asrlarda bitilgan. Mazkur yozma obidalarda turkiy xalqlarning geografik tafakkuri bilan bog‘liq qimmatli ma’lumotlar uchraydi. Chunonchi, ikkinchi ko‘k turk xoqonligining asoschisi Eltarish xoqonning kichik o‘g‘li, shahzoda Kul tigin vafoti munosabati bilan 732-yilda o‘rnatilgan bitiktoshda turkiy ajdodlarimizning sharq tomon bilan bog‘liq jug‘rofiy tasavvurlari keltirilgan. Mana o‘sha matn: “İlgärü kün toğsuqa, birgärü kün ortusïŋaru, qurïğaru kün batsïqïŋa, yïrğaru tün ortüsïŋaru, anta ičräki bodun qo[p] m[äŋ]ä kör[ür...]n bunča bo[dunuğ] qop itdim. Ol amtï añïğ yoq...” – “Oldinga – kun chiqarga, o‘ngga – janubga, orqaga – kun botarga, chapga – shimolgacha bo‘lgan oraliqdagi xalq butunlay menga qaraydi. Shuncha xalqni shod etdim. U endi yovuz emas”. Bitik muallifi fikrini davom ettirib yozadi: “İlgärü Šantuŋ yazïqa tägi sülädim, taluyqa kičig tägmädim” – “Sharqqa – Shantung dashtiga qadar lashkar tortdim, dengizga bir oz yetmadim” [10]. Endi ana shu jumlani tahlil etsak. Matnda kelgan “Shantung” toponimi Xitoyning eng sharqida Sariq dengiz bo‘yida joylashgan hozirgi Shandun provinsiyasidir. Misoldagi taluyqa kičig tägmädim jumlasini “dengizga bir oz yetmadim”, deb o‘girish mumkin. Bu yerdagi taluy – “dengiz” deyilganda, hozirgi Sariq va Sharqiy Xitoy dengizi nazarda tutilgan. Mazkur hududni yaqqolroq tasavvur qilish uchun bu hududning xaritasini berishni o‘rinli deb bilamiz:
Turk xoqonligi qo‘shinlari o‘rnashgan hududning hozirgi xaritada ko‘rinishi.
Matndan shu dalil kelib chiqadiki, Turk xoqonligining qo‘shinlari sharqda – Shandun provinsiyasi hududlarini bosib olgan va xoqonlikning eng sharqiy chegarasi sifatida ushbu hudud qayd etilgan. Turkiy xalqlarning qo‘shinlari ana shu hududdaliklarida Shandun provinsiyasidan keyingi Sariq va Sharqiy Xitoy dengizidan so‘ng quruqlik hududlari borligini eshitgan bo‘lishi va Yaponiya to‘g‘risidagi o‘zlarida mavjud geografik bilimlarni o‘sha kezlarda mukammalashtirgan bo‘lishlari mumkin. Chunki mazkur hudud aholisi Yaponiya mamlakati to‘g‘risida yaxshigina ma’lumotga ega bo‘lgan. Ilk o‘rta asrlardayoq IV–VI yuzyilliklarda Xitoy va Yaponiya o‘rtasida madaniy, ma’rifiy aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lgan. Xitoy iyeroglifik yozuvining yoki buddaviylik dinining shu hudud orqali Yaponiyaga kirib borishi bu fikrlarimizni tasdiqlaydi. Rus yaponshunosi V.Grivninning tadqiqotlariga ko‘ra dastlabki bosma kitoblar ham VIII asrdan boshlab Shandun provinsiyasi orqali kirib borgan [11].
Yuqoridagi ma’lumotlardan turkiy xalqlarning Islom dini kirib kelgunga qadar ham geografik bilimlari yuqori bo‘lgani va Islom dini kirib kelishi bilan Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari Markaziy Osiyodan keyingi Sharq tomondagi mamlakatlar, xususan, Yaponiya to‘g‘risidagi geografik bilimlarni, aynan, turkiy xalqlardan o‘rgangan. Buning isbotini keyinchalik yaratilgan asarlarda aniq ko‘ramiz.
To‘rtinchi, Mahmud Koshg‘ariy xaritasining markazi sanaluvchi Bolasog‘undan (hozirgi Issiqko‘l atroflari) Yaponiyagacha bo‘lgan masofa bilan Afrikadagi Efiopiyagacha (Bilodi Habash) oraliq masofa teng. Hozirgi zamonaviy xaritalarda ham ushbu masofalar deyarli teng.
Beshinchi, eng asosiysi, Koshg‘ariyning devonda keltirgan o‘z izohi: “Čabarqa liklarning uzoqda turishi, Māsīn bilan ularni katta dengiz ayirib turgani uchun ularning tillari bilinmaydi” (ta’kid bizniki – Q.O.) [12].
Shu o‘rinda: Koshg‘ariy devonda keltirgan joy nomlarini qanday mezon asosida berganini ham izohlab o‘tgan. U yozadi: “Kitobda ko‘rsatilgan tog‘ otlari, ko‘l, vodiy, dengiz otlari faqat musulmon shaharlaridagi nomlardir. U nomlar har vaqt qo‘llanadigan va mashhur bo‘lganlari uchun yozdim. Mashhur bo‘lmaganlarining ko‘plarini tushirib qoldirdim. Musulmon bo‘lmaganlaridan ba’zilarining shahar nomlarini ham yozdim, ba’zilarini qoldirdim. Mashhur bo‘lmaganlarini yozishdan foyda yo‘q” (ta’kid bizniki – Q.O..) [13]. Ushbu izohdan chiqadigan xulosa shuki, devondan o‘rin olgan “Jabarqa” toponimi qadimgi turkiy qavmlar orasida mashhur bo‘lgan va bu nom ostida yer yuzining eng sharqiy qismida joylashgan kun chiqar yurt – Yaponiya tushunilgan.
Ayni o‘rinda Gʻarb olami Yaponiya to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlarni italyan sayyohi Marko Poloning asarlari orqali bilganligini ham qayd etish o‘rinli. Marko Polo kunchiqar yurt to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Hubilayxon saroyida eshitgan. U 1266-yili xoqon saroyida yashagan. Tarixdan bizga yaxshi ma’lumki, Hubilayxon saroydagi asosiy mulozimlar va xoqon maslahatchilari turkiy qavmlarning vakllari edi. Shu bois, Marko Polo ham Yaponiya nomini turkiy talaffuz asosida “Chipangu” shaklida o‘z sayohatnomasiga kiritgan. Demak, Mahmud Koshg‘ariy Marko Polodan ikki yuz yil oldin o‘z xaritasida Čabarqa toponimini keltirgan va kunchiqar yurt to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan sharq musulmon olami vakillarini tanishtirgan.
Umuman, ilk va o‘rta asrlarda Markaziy Osiyoda yashagan ajdodlarimizning geografik bilimlari va tasavvurlari nihoyatda yuqori darajada bo‘lib, uning yorqin namunasini, aynan, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asarida uchratamiz. Hatto, keyinchalik Islom dini kirib kelishi bilan Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari Markaziy Osiyodan keyingi Sharq tomondagi mamlakatlar, xususan, Yaponiya to‘g‘risidagi geografik bilimlarni, aynan, turkiy xalqlardan o‘rgangan.
Qudratulla OMONOV,
TDSHU birinchi prorektori, filologiya fanlari doktori, professor
Tarix
Jarayon
Mafkura
Tarix
Jarayon
Mafkura
Jarayon
Til
Tarix
Vatandosh
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q