O‘gayga aylangan so‘zlar – o‘zbekchasi bor xorijiy atamalar


Saqlash
15:58 / 06.02.2026 41 0

Hayotda insonga ayrim narsalarni tanlash huquqi berilmagan. Ular insonning istak va irodasiga bog‘liq bo‘lmagan ne’matlar hisoblanadi. Ularning shukrini qilish kerak, xolos. Chunki ularning asl qiymati inson o‘z ixtiyori bilan tanlaganlardan ancha yuqori. Ulardan voz kechish ham inson izmidan tashqarida. Shunday ne’matlardan biri Ona Tildir. 

 

Ilm-fan rivoji, texnika taraqqiyoti, raqamli texnologiyalar inkishofidan qat’iy nazar, til muomala vositasi sifatidagi mavqeini barqaror saqlab kelmoqda.

 

Mutaxassislarning aniqlashicha, hozir dunyoda 5621 ta til va sheva bo‘lib, ulardan 500 tasigina o‘rganilgan xolos. Har uch tildan bittasining yozuvi yo‘q. 1400 tilning yo‘qolib ketish xavfi bor. Faqat 40 ta tilgina og‘zaki va yozma jihatdan mukammal shakllanib bo‘lgan, deb hisoblanadi[1]. Muhimi shundaki, o‘zbek tili ham shu qirqtalik ichida munosib o‘rin egallab turibdi.

 

Ona tilimizning bunday mavqega ko‘tarilishi ko‘p asrlik ijtimoiy, siyosiy, ilmiy, nazariy va tarixiy asoslarga ega. O‘zbek tili tarix sahnasida, ayrim tadqiqotlarda ko‘rsatilganidek, XVI yoki XX asrda paydo bo‘lib qolgan hodisa emas. Turkiy qavmlar yashagan hududlardan topilgan noyob bitiktoshlar, juda ko‘plab yozma manbalar, xorijlik sayyoh va olimlarning yodnomalari tilimiz ming yillar osha turkiy til sifatida yashab kelganidan dalolat beradi. Bu masalani chuqur tadqiq qilish jahon ilm-fani rivojiga katta yangilik va nodir ma’lumotlarni taqdim etishi shubhasiz.

 

Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asari turkiy til mavqeini ham ilmiy, ham ijtimoiy-tarixiy jihatdan asoslab bergan ilk buyuk qomusiy asar edi[2]. Uning ahamiyatini chuqur o‘rganish eng dolzarb vazifalarimizdan biridir.

 

Shuningdek, ilmiy va badiiy ijodda arabiy-forsiy tillar hukmron bo‘lgan bir davrda turkiy tilni afzal ko‘rgan Nosiriddin Burhoniddin o‘g‘li Rabg‘uziyning ijodiy faoliyati ham alohida e’tirofga munosib. U an’anaviy ravishda arab yoki fors tillarida yaratib kelinayotgan tarixnavislik ishida turkiy til imkoniyatidan mahorat bilan foydalana oldi. Garchi, undan keyin ham turkiy tilda sohaga oid bir qancha asarlar yozilgan yoki tarjima qilingan bo‘lsa ham, “Qisasi Rabg‘uziy” asarining ahamiyati qariyb yetti yuz yildan beri zarracha kamaygani yo‘q. U qayta-qayta nashr etilib, ilmiy tadqiqotlarga sabab bo‘layotgani shunday deyish uchun to‘la asos beradi.

 

Oxirgi ming yilda turkiyda yaratilgan minglab sara kitoblar – ilmiy, tarixiy, badiiy asarlar bu tilning muttasil takomillashib borganini ko‘rsatadi. Alloma ajdodlarimiz turkiy tildagi har bir so‘z va iboraning mustahkam asoslarga ega ekanini teran his qilgan va anglab yetgan. Avloddan-avlodga o‘tib, taraqqiy etishiga ulkan hissa qo‘shgan. Ular, garchi, arab, fors, hind, xitoy, lotin, yunon, sanskrit, urdu kabi o‘nlab tillar bo‘yicha mukammal bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishsa-da, turkiy tilning ona tili sifatidagi mavqeini hamisha yuqori tutganlar.

 

“Millatni millat sifatida tutib turadigan ustunlar bor. Bular milliy tafakkur, milliy ma’naviyat, milliy did, milliy madaniyat kabi tarixiy aqlimiz va salohiyatimizning majmualaridir. Lekin bularning barchasining zaminida katta ganjina yotadiki, usiz hech bir ustun o‘zini tik tutib turolmaydi. Bu milliy tildir”[3]. Milliy til xususida mulohaza yuritish ayniqsa bugungi globallashuv sharoitida yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yuqorida ta’kidlanganidek, bir yarim mingga yaqin tilning bugungi kunda tanazzul yoqasida turgani ibrat sifatida ko‘rish uchun yetarli bo‘lsa kerak.

 

Tillarning yo‘qolishi, unutilib ketishi, muomaladan chiqishi o‘sha til egalarining boshqa tillarni o‘z ona tilidan ustun sanagani, ona tiliga nisbatan hurmat va iftixor tuyg‘usini yo‘qotgani bilan bog‘liq.

 

Til tadqiqiga bag‘ishlangan ajdodlar merosiga munosib vorislik barcha davrlarda ularni o‘rganish, tatbiq qilish va o‘rgatish orqali davom etadi. Bunda bizga ilmiy, ma’rifiy, badiiy asarlar asosiy manba bo‘ladi.

 

Ilmiy tahlil va kuzatishlarga asoslansak, ona tilimiz so‘z boyligi jihatidan dunyodagi eng yetakchi tillar safida turadi. Ammo XX asrda, SSSR davrida bu masalaga xolis qaralmadi. Bir qancha so‘zlar eskirib qolgan, umumiste’moldan chiqqan, yo sheva unsuri, degan biryoqlama qarash bilan lug‘at tarkibidan chiqarib tashlandi. Natijada, so‘z boyligimiz bir necha barobar kamaytirilib, tilimizning lug‘at boyligi bor-yo‘g‘i 60-80 ming atrofidagi so‘zdan iborat, deya hisoblanadigan bo‘ldi.

 

Aslida, tilshunos olimlar tilimizning so‘z va ma’no ko‘lami boshqa tillarnikidan aslo kam emasligini ilmiy isbotlab berishgan. Xususan, Mahmud Koshg‘ariy turkiy til imkoniyatlarini birinchi bo‘lib bundan ming yil oldin ilmiy tadqiq etgan buyuk qomusiy olim sanalgani bejiz emas. Bugun faqat muayyan hududlar shevasiga xos deb qaralayotgan inak, qopu, chalg‘ay, to‘ng, keraga, al, ushoq kabi yuzlab so‘zlarimiz tilimizning haqiqiy a’zosi ekanini ko‘rsatib bergan.

 

Tilimizga qashshoq, nochor kabi sifatlarni tirkash faqat mafkura nuqtayi nazaridan to‘qib chiqarilgan va singdirilgan qarash deb tushunish ham o‘zini tugal oqlamaydi. Bu o‘rinda boshqa bir jihat borki, hazrat Navoiy “Muhokamatul-lug‘atayn”da o‘quvchi diqqatini shu muhim nuqtaga qaratadi.

 

Navoiy davrida fors tili katta nufuz va ustunlikka ega edi. Davr kishilari o‘z asarlarini shu tilda yaratishga intilgan. Risolada buning o‘ziga xos bir qancha sabablari keltirib o‘tiladi. Ular qatorida talaygina turkiylarning  o‘z tilini yirik ilmiy yoki badiiy asar yaratish uchun salohiyatli emas deb hisoblashlari, mazkur tilda so‘z va iboralar kam deb da’vo qilishlarini ham alohida ta’kidlab o‘tiladi.

 

Bir necha asrlik an’anaga ko‘ra, asosiy asarlar forsiyda yozilgani ham bu til haqidagi  noto‘g‘ri qarashlarni shakllantirgan. Shuningdek, yana bir qancha ijtimoiy-siyosiy sabablarga ko‘ra turkiylar o‘z tilida ijod qilish masalasiga u qadar jiddiy qaramagani kuzatiladi. Alisher Navoiy mazkur risolada bu sabablarning barchasiga o‘rinli ilmiy munosabat bildiradi. Turkiy tilning yetarlicha e’tibor va e’zoz topmayotganiga eng katta sabab sifatida u quyidagi fikrni keltiradi:

 

“Bu alfoz va iboratda bu nav’ daqoyiq ko‘pdurkim, bukunga degincha hech kishi haqiqatig‘a mulohaza qilmag‘on jihatdin bu yashurun qolibdur”[4].

 

Navoiyning fikricha, ona tilining qadri, unga bo‘lgan samimiy munosabat hamda iftixor til daqoiqlari haqiqatidan xabardor bo‘lish, bilish va anglab yetish orqali yuzaga keladi. Aks holda, bu til voqelikda mavjud va ustuvor bo‘lgan boshqa tillar ta’sirida qolib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu o‘rinda hazrat Navoiy o‘zini misol sifatida keltirib, bolalikda fors she’riyatini chuqur o‘zlashtirgani, unga havas bilan qarab, bir muddat o‘sha tilda ijod qilganini yodga olgan.

 

Nafaqat oddiy insonlar, balki ijodkor yoki olim kishilar ham o‘zga tilning nufuzi va jozibasiga maftun bo‘lib, uning ta’sirida qolishiga insonda til bilan bog‘liq ko‘nikmalar hosil bo‘lish jarayonidagi dastlabki bosqich sifatida qaralishi mumkin. Keyinchalik insonning tafakkuri uyg‘onib, dunyoqarashi kengayib, voqelikdagi asl haqiqatni to‘g‘ri qabul qila boshlagach, boshqa bir barqaror fikrga kelish hayotiy ehtiyojga aylanadi. Chunki ziyoli inson, ayniqsa ijodkor va olim kishi butun umr bolalikda mulohaza qilinmasdan, shunchaki havas orqasidan shakllangan fikrga tayangan holda ish ko‘rolmaydi. Tafakkurining muayyan bosqichida taqliddan voz kechib, o‘z ilmiy asoslangan qarashini qabul qiladi. Shu yo‘l bilan asl haqiqatni anglab yetadi. Undan keyin bu yo‘ldan shon, mansab, dunyo kabi ko‘plab omillar ta’sirida yuz o‘girib, o‘z qarashlari va haqiqatga xilof ish qilmaydi.

 

Alisher Navoiy bu borada ham insoniyatga katta namuna ko‘rsata olgan. Uning “Xamsa”day buyuk asarini o‘z ona tili bo‘lgan turkiyda yaratgani fikrimizning yorqin dalilidir.

 

G‘arb xalqlari o‘sha kezlarda arab-fors tillarida yaratilgan asarlardan keng foydalangan va shunday asarlar dunyoga tanilib, juda mashhur bo‘lib ketgan. Hazrat Navoiyda o‘z asarlarini davrining ustuvor tillarida yaratib, katta obro‘ qozonish imkoni bo‘la turib, bunday yo‘lni tanlamagani avlodlarga buyuk dars bo‘ladigan hodisadir.

 

Hazrat Navoiyday jahonshumul miqyosda fikrlaydigan va uni eng maqbul tarzda ifoda eta oladigan ijodkor, ehtimol, dunyoda boshqa topilmas. Ona tilga muhabbat va sadoqat, uni puxta o‘rganish va imkoniyatidan keng foydalanish Navoiy timsolida eng yuksak cho‘qqiga yetgan. Zero, o‘z tilini puxta bilish har bir insonning doimiy vazifasi hisoblanadi.

 

“Muhokamatul-lug‘atayn” Navoiyning turkiy tilni qanchalik teran bilishi-yu sevishini ochiq ko‘rsatib turadi. Shu bilan birga, mutafakkirning boshqa tillarni bilish, ehtirom ko‘rsatishda o‘ziga xos yo‘rig‘i bor. Xususan, u shunday yozadi: “...Forsiy alfoz istiyfosin va ul iborat istiqsosin kishi mendin ko‘proq qilmaydur erkin va saloh va fasodin mendin yaxshiroq bilmaydur erkin...”. “Xamsa”da arab tili qoidalarini o‘rganishni xuddi piri va ustozi Abdurahmon Jomiy kabi kundalik mashg‘ulot – virdga aylantirib olganini ta’kidlab o‘tgan. Boshqa tillarni hatto o‘z ahlidan ham ko‘ra chuqurroq bilgan insonning o‘z ona tiliga munosabati insoniyatni hayratga soladigan darajada go‘zaldir.

 

Bugungi voqeligimizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘tgan asrda kechgan yetmish yillik mustamlaka davrida ona tilimiz hukmron til – o‘ris tili ta’siri va tazyiqi ostida qolib, ne ko‘ylarga tushgani ayon. Ajablanarlisi, tilimizning shunday ahvolga tushishida oddiy xalqning emas, ilmli ziyolilarning hissasi salmoqliroq.

 

Risolada ayniqsa “ta’b va salohiyat ahli” – bugungi til bilan aytganda xalqning peshvolari, ziyolilar o‘z ona tiliga boshqalardan ko‘ra e’tiborliroq bo‘lishi kerakligi g‘oyasi ilgari suriladi. “...Turk tilining jomeiyati muncha daloil bila sobit bo‘ldi. Kerak erdikim, bu xalq orasidin paydo bo‘lg‘on tab’ ahli salohiyat va tab’larin o‘z tillari turg‘on o‘zga til bila zohir qilmasa erdi va ishga buyurmasalar erdi...”[5]. Bu gaplar til borasida bildirilgan shunchaki fikrlar emas, hazrat Navoiyning yillar davomida ko‘rib-kuzatib yurgan dardi, qalbini o‘rtab yotgan iztirobi edi. Bu bilan o‘z tilini qo‘yib, o‘zga tillarni ishlatish ona til uchun tahlikali hodisa ekaniga ahamiyat qaratiladi.

 

O‘z davrining ziyolilari nima sababdan ona tilida ijod qilishga ro‘yxushlik ko‘rsatmayotgani sababi yana quyidagicha ochiqlanadi: “Va hunarsiz turkning sitamzarif yigitlari osonliqqa bo‘la forsiy alfoz bila nazm ayturg‘a mashg‘ul bo‘lubturlar. Va filhaqiqat, agar kishi yaxshi mulohaza va taammul qilsa, chun bu lafzda muncha vus’at va maydonida muncha fus’hat topilur, kerakkim, munda har nav’ suxanguzorlig‘ va fasihguftorlig‘ va nazmsozlig‘ va fasonapardozlig‘ osonroq bo‘lg‘ay va voqe’ osonroqdur”[6].

 

Hazrat Navoiy ta’kidiga muvofiq, “hunarsiz turkning sitamzarif yigitlari” o‘z ona tilining boshqa tillar ta’sirida qolib, zoyil bo‘lmasligi uchun harakat qilmog‘i muhimdir. Ular o‘z tiliga nisbatan katta hurmat va ehtiromni saqlashi, uni puxta o‘rganishga harakat qilishi, ona tilining so‘z boyligi, qoida va qonuniyatlarini chuqur o‘zlashtirishda boshqalarga namuna bo‘lishi va eng muhimi, ona tilni xuddi ona kabi sevib ardoqlashi nihoyatda zarur.

 

Afsuski, ona tilimizga bugungi munosabat ulug‘ ajdodlarga izdoshlik maqomida bo‘lmayapti. O‘z tilimizga bee’tiborlik tufayli bir qancha bebaho so‘zlar unutilib boryapti. Ayrim so‘zlarning o‘z tilimizdagi muqobilidan ko‘ra, o‘zga tildagi shaklini ishlatishga odatlanib qoldik. Masalan, bozor, go‘sht, guvoh, behi, dunyo, supermarket, svejiy, paynet, koll-sentr kabi yuzlab so‘zlarning tilimizda muqobili borligini ko‘pchiligimiz hatto o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Oqibatda, o‘z so‘zlarimiz o‘zimizdan uzoqlashib bormoqda. Holbuki, ajdodlarimiz o‘z tilida uchramaydigan narsalarga ham til imkoniyatidan kelib chiqib yangi nomlar berishgan. Ularning bu tajribasi bugungi kunimiz uchun ham qadrli.

 

Tilimizga kirib kelayotgan har bir so‘z uchun avvalo yangi shakl topish ehtiyoji bor. Agar bunga imkon bo‘lmasa, o‘sha so‘zni tilimizning imlo va talaffuz qoidalariga muvofiq tarzda qabul qilish zarur. Ammo har qanday yot so‘zni o‘ylamasdan tilga ko‘chiraverish ona tilimizning buzilishi va qashshoqlashishiga sabab bo‘lishi aniq.

 

Yuzaki qaraganda tilimizga ko‘p xorijiy so‘zlar kirib qolganday tuyuladi. Albatta, o‘zlashgan so‘zlardan foydalanish deyarli barcha tillarda kuzatiladi. Shu bilan birga, ko‘p o‘zbekcha so‘zlar boshqa tillarga ham ko‘chgan. Masalan, behini forscha nomi bilan ataymiz. Aslida, bu so‘zning o‘zbekchasi hayva bo‘lib, bu haqda Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” asarida ma’lumot bergan. O‘z tilimizdagi ana shu so‘zdan o‘zimiz foydalanmaymiz-u, lekin bu so‘z o‘ris tilida faol qo‘llanib kelayapti. Faqat o‘rislar uni o‘z tili xususiyatlariga moslashtirib, “h” tovushi ularda yo‘q bo‘lgani uchun, ayva tarzida qabul qilgan. Ko‘shk so‘zi ham dunyoni bir aylanib, oxiri kioska tarzida o‘zimizga qaytib keldi. Tobaki so‘zimiz tabakaga aylanib, o‘zligini yo‘qotgan holda o‘z uyiga qaytdi. Tilimizda bunday so‘zlar juda ko‘p.

 

Keyingi paytlarda keng tarqalayotgan ommaviy madaniyat kabi chegara bilmas jarayonlar xalqlarning tiliga ham katta xavf solayotganga o‘xshaydi. Milliy til – millat tirikligining ramzi. Milliy tilni yo‘qotish millat qudratining yemirilishiga olib keladi.

 

O‘zbek tili bugun keng iste’molda bo‘lib kelayotgan tillardan biri. Dunyoda 50 milliondan ortiq kishi shu tilda gaplashadi. Ona tilimizning sofligini saqlash, keng iste’molini ta’minlash uchun farzandlarimizda unga hurmat hissini shakllantirib, tarbiyalab borishimiz zarur. Buning uchun tilimiz bilan bog‘liq ham foydali, ham qiziqarli, eng muhimi, tushunish qulay bo‘lgan kitoblarni tavsiya va targ‘ib qilib turish kerak.

 

Ayniqsa bugungi globallashuv jarayonida xorijiy tillarni yaxshi o‘rganish davr talabi bo‘layotgan bir pallada avvalo o‘z tilimizga hurmat ko‘rsatish har doimgidan ham muhimdir. Alisher Navoiyning “Muhokamatul-lug‘atayn” risolasi esa dunyo ahli ana shu haqiqatni anglab yetishida eng zarur vosita bo‘la oladi.

 

G‘ulom BOBOJONOV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.

Millatning tayanch nuqtasimaqolasi



[2] Mahmud Koshg‘ariy. Devonu lug‘otit-turk. – T.: G‘.G‘ulom, 2017. – 3-b.

[3] Eshqobil Shukur. Boboso‘z izidan. – T.: Adabiyot, 2022. – 535-b.

[4] Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 16-jild. – T.: Fan, 2000. – B.19.

[5] Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 16-jild. – T.: Fan, 2000. – 20-b.

[6] Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 16-jild. – T.: Fan, 2000. – 20-b.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Vatandosh

17:02 / 05.02.2026 0 50
Xazinaga yo‘liqqan o‘n oltinchi farzand

Mafkura

16:02 / 05.02.2026 0 348
Hukmronlikning yangi shakli

Tarix

16:02 / 05.02.2026 0 101
Saroymulkxonimning ajdodlari kim bo‘lgan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//