Vatandosh
O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo bilan suhbat
– Ma’naviyat tushunchasiga izoh bersangiz...
– Tushunchaga izoh berishdan oldin so‘zning kelib chiqishiga e’tibor qaratsak. “Ma’naviyat” arabchada “ma’no”, “ma’ni” so‘zlarining jamlovchi shakli hisoblanadi. Istilohda oliy axloqiy tushunchalar majmuyi. Moddiy dunyodan tashqaridagi ruhiy olam ham ma’naviyat bilan izohlanadi. Qayerdadir ma’naviyat haqida gap ketdimi, o‘sha yerda avvalo insonning ichki dunyosi, ko‘ngil go‘zalligini xayolga keltirish kerak. Demak, ma’naviyat degani “hayotingdan ma’no top” yoki “ma’no kasb etgan hayot” degani.
Sobiq Sovet ittifoqi mafkurasi faqat moddiyatga urg‘u berdi va odamlarni mehnat mashinasining murvatiga aylantirdi. Bu qanday razilliklar keltirib chiqargani barchaga ayon. Eng katta kasofat shundaki, aholi yoppasiga ko‘ngil inqirozini boshdan kechirib, sun’iy vatanparvarlik, soxta fidoyilik niqobini kiyishga majbur bo‘ldi. Shu sababdan uzoq yillik biryoqlama qarash oqibatlarini bartaraf etish uchun O‘zbekistonda ma’naviyat masalasi siyosat darajasiga ko‘tarildi. Yana bir haqiqatni aytish kerakki, bizda ma’naviyat islomdan tashqarida bo‘lishi mumkin emas. Aslida bu ikki xazina bir-birini to‘ldiradi. Islom qoidalari, hadislar ming yillik ma’naviyatimiz asosidir.
Boy ma’naviyat hech bir xalqqa ziyon keltirmagan. Faqat uni to‘g‘ri targ‘ib qilish, odamlarni bezdirib qo‘ymaslik kerak.
– Siz tuman yo viloyatda, davlatning boshqa bir idorasida ma’naviyat targ‘ibotchisi lavozimida ishlasangiz, qanday uslubni yo‘lga qo‘ygan bo‘lardingiz? Umuman, ma’naviyat vakilini qanday tasavvur qilasiz?
– Ma’naviyat markazining vakili bo‘lishi mumkin, lekin ma’naviyat vakili bo‘lmaydi. Ma’naviyatli kishi bo‘lishi mumkin. U qanday bo‘ladi? Bizning holatda ma’naviyatli kishi dunyoviy bilimlarning hech bo‘lmaganda bittasini chuqur o‘zlashtirgan, kasb-korli, milliy va diniy qadriyatlarni hurmat qiladigan, qonundan og‘ishmaydigan, fuqarolik burchini anglagan, hushyor, fidoyi va boshqa fazilatlar sohibi. Lekin u beayb farishta emas. Komillikka intilayotgan inson.
Ma’naviyat targ‘ibotchisining muayyan vazifasi yo‘q. U zavod ishchisi emas. Har kim o‘z saviyasida targ‘ibot olib boradi. Ammo umumiy qoidalar bor: o‘zi har tomonlama o‘rnak bo‘la oladigan, O‘zbekiston va jahondagi siyosiy jarayonlardan xabardor, tahlil qobiliyatiga ega, notiq va tashkilotchi. Ana shunda qaysi tashkilotda bo‘lmasin, u maqsadiga erisha oladi. Yo‘qsa, xat-hujjatchi kadrdan farqi qolmaydi.
Agar men ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lib ishlasam, avvalo atrofimga xalq hurmat qiladigan, samimiy, halol odamlarni yig‘ardim. Ma’ruzalardan, quruq targ‘ibotdan qochib, har bir oilaga oddiy mehmon yoki ijodkor sifatida kirib borishga harakat qilardim. Ya’ni, hozir Otabek Hasanov olib borayotgan faoliyatga muvofiq ish tutgan bo‘lardim.
– “Xalqimizning juda boy ma’naviy merosi bor”. Bu gapni doim ishlatamiz. Bu chin gap aslida. Ammo bu meros asli nimalardan iborat, uni bugun qanday istifoda etayapmiz? Bu jarayondan qoniqasizmi?
– Savolingizda yengil kinoya sezilayapti, boshqalarda ham shunday. Bu sohadagi ko‘p ishlarning orqaga ketishiga ham shu sabab bo‘ladi.
Aslida mustamlakachilik oqibatida ajdodlardan qo‘limizda faqat ma’naviy meros qolgan. Moddiy meroslarning aksariyati va eng qimmatbaholari Ermitaj, Luvr muzeylarida, kimlarningdir shaxsiy kolleksiyasida saqlanmoqda. Ma’naviy merosimizdan salmoqli ulush Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Misr, Pokiston, Hindiston, Turkiya kutubxonalari va arxivlari xazinasining bezagi bo‘lib turibdi.
So‘nggi yillarda ularni topish, aniqlash, to‘plam holida chop etish, nusxa ko‘chirish va o‘rganish bo‘yicha qator ishlar qilindi va jarayon davom etayapti.
Savolga qaytsak, ma’naviy merosimiz ko‘lamini daf’atan tasavvur qila olmaymiz. Joiz bo‘lsa, islomgacha bo‘lgan davrdagi tarixning o‘zi alohida bir tarmoq. “Avesto” kabi muhtasham diniy-badiiy obida ham hali ochilmagan qo‘riqqa o‘xshaydi. Toshbitiklarimiz, O‘rxun-Enasoy atiqalari va Mo‘g‘uliston hamda Xitoydan topilayotgan tarixiy bitiklarimiz... Bularning bari bemisl boyliklarimiz. Afsuski, uni tadqiq va targ‘ib etish masalasi hanuz ko‘ngildagidek emas. Umuman, biz tarixiy yodgorliklar uyoqda tursin, o‘z otalarimizdan qolgan ashyolarni, sodda ifoda qilganda, kitob-daftar, buyum-dashqollarni ham ehtiyot qilmaymiz. Yaqinda yashab o‘tgan zamondosh ustozlar uy-muzeyiga kirsangiz, g‘ariblikdan ko‘nglingiz uvushadi. Shoirdan na yozuv mashinkasi, na qo‘lyozma, na kiyim-kechak, na arzirli surat qolganini ko‘p ko‘rganman. Shunaqa ko‘ngli keng, parvoyi palak, daryo xalqimiz bor. Ha, mayli, yaxshi bo‘p ketar...
Islom kirib kelgandan keyin mintaqamiz ilm-fani, adabiyoti va san’ati, me’morchiligi va boshqa sohalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Olimlarimiz dunyoviy va diniy ilmlarni shunchaki qabul qilmay, ularni boyitdi, yangi tarmoqlar ochdi va dunyoga taqdim etdi.
Jadidlar davri merosi ham mubham holda edi. Mana endi, e’tibor sabab ayon bo‘ldiki, ular o‘z davridan ilgarilab ketgan allomalar ekan. Astoydil o‘rganilmoqda, xalqimizga yetkazilmoqda.
Balki g‘alati tuyular, lekin hatto sovet davrida ham olim-u adiblarimiz xalq uchun ma’naviy meros qoldirgan. Garchi bu meros uzra uzilmas qizil chiziq kesib o‘tgan bo‘lsa-da, har holda bugungi o‘zbek fani, adabiyoti va san’ati rivojiga hissa qo‘shgan. Uzoq vaqt o‘zbekistonlik olimlarning yutuqlari umumsovet fani taraqqiyotiga qo‘shib yuborildi.
Bugun bekorga Islom sivilizatsiyasi markazi ish boshlamadi. Har yili yangi bir ilmiy markaz ochiladi, O‘zbekistonda xalqaro ilmiy konferensiyalar, baxshichilik festivallari va boshqa tadbirlar o‘tkazilayapti. Bularning barchasi ana shu boy merosni xalqqa yetkazish uchun.
– Xalqimiz sizni avvalo katta ijodkor, el dardini o‘ziniki hisoblagan ziyoli deb biladi. El sevgan shoirning bitganlari, aytganlari esa barcha uchun, jumladan, ma’naviyat xodimi uchun ham zaxira, quvvat manbayi. Demak, ijodkor ham birinchi o‘rindagi ma’naviyatchi ekan-da...
– Albatta! Ma’no olamining sultonlaridan biri Alisher Navoiy ekanini hisobga olsak, shoirlar ham ma’naviyat targ‘ibotchisi. Faqat shunga loyiq bo‘lish kerak. Aslida qadimda shoirlik alohida martaba bo‘lgan. Zamonasining qator ilmlaridan bexabar odamlar adabiyotga yaqinlashtirilmagan. Shuning uchun ham Sharqda buyuk olimlarning deyarli barchasi shoir bo‘lgan: Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Umar Xayyom va boshqalar.
Ijodkorning xalq oldida yelkasiga olgan majburiyati bo‘ladi. Ulardan biri o‘quvchining ma’naviyatini boyitish, uning ichki dunyosini go‘zallashtirish, ruhiyatiga quvvat bag‘ishlash. Shuning uchun ham Sharq shoirlaridan hech bo‘lmaganda bittadan pandnoma ruhidagi asarlar qolgan.
Birgina xamsachilikning o‘zi ham ana shu maqsadda yaratilmaganmidi? Jamiyatning turli qatlamlari axloqini shakllantirish, og‘ishgan nuqtalarini bosqichma-bosqich tuzatish asnosida muhtasham san’at asarlari yaratilgan.
Bugungi ijodkor oldida ham shu masala turadi. Bu atayin qilinadigan ish emas. Avvalo ilhom samarasi va davr ehtiyojiga aylanishi kerak. Zamonamiz kishilari qisqalik tarafdori. Ularga qisqa, ammo tushunarli, teran va ta’sirli she’r, hikoya, asar berish kerak.
Uni yetkazishda ham zamonaviy barcha texnologiyani ishga solgan ma’qul. Endi faqat banner chiqarib qo‘yish bilan ish bitmaydi. Bugungi ma’naviyat targ‘ibotchisi ijtimoiy tarmoqlarda, kerak bo‘lsa, “Tiktok”, “Instagram”da ham faol bo‘lishi shart.
– Milliy g‘urur tushunchasini bugun ayrimlar kibr bilan adashtirayotganga o‘xshaydi. Inson uchun o‘zidan, o‘zligidan g‘ururlanish aslida fazilat emasmi?
– Milliy g‘ururni kibrga o‘xshatayotganlar xalqning uyg‘onishi, taraqqiy etishi, jahonga bo‘ylashiga qarshi bo‘lgan dushmanlar, xoinlar yoki johillar.
Milliy g‘urur kibrga aylanishi ham mumkin. Me’yorni unutmaslik kerak. O‘z xalqi yo millatini boshqalardan ustun qo‘yish, qolganlarni kamsitish, yerga urish, mensimaslik, behurmat qilish... bu endi nafaqat kibr, balki umuminsoniy jinoyatdir. Uning oqibati urush va ichki nizolar.
Lekin har bir xalq o‘z tarixi, tili, qadriyatlari, ajdodlari, moddiy va ma’naviy merosidan faxrlanishga haqli. Buni hech kim cheklab qo‘ya olmaydi. Ko‘p keltirilgan bo‘lsa-da, Rasul Hamzatov o‘z Dog‘istonidan g‘urur tuymaganda “Mening Dog‘istonim” kabi asar yaratmagan bo‘lardi. Agar Chingiz Aytmatov qirg‘iz xalqiga mansubligidan mag‘rurlanmaganida dunyoni lol qiladigan asarlar yarata olmasdi.
Hazrat Cho‘lpon-chi? Agar millatini sevmaganida turkiy tilning sofligi uchun bu qadar kurashga kirgan bo‘larmidi?
Shu ma’noda boshqalarning g‘ururiga teginmagan holda har bir xalq o‘zligidan faxr tuyushga haqli.
– Iqbol aka, o‘zbekning fe’li, yutug‘i-yu nuqsoni, umuman, milliy mentaliteti yaxlit aks etadigan ilmiy asosga ega asarga ehtiyoj bordek tuyuladi. Siz qanday qaraysiz bu fikrga?
– Bunday asarga har doim ehtiyoj bo‘lgan. Firdavsiy o‘ttiz yilda “Shohnoma” yozib Eron tarixini ulug‘laganidan zavqlangan Navoiy o‘ttiz oyda turkiy tilda benazir durdona yaratdi.
Gap shundaki, har bir davr yozuvchi oldiga o‘z savolini qo‘yadi. Ana shu savolga javob bo‘la oladigan asar yaratish uchun xalq tarixini chuqur bilish, o‘rganish, bugunni tahlil qilish, ustozlarning uslublarini o‘zlashtirish, jahon tajribasidan foydalanish, o‘quvchi saviyasi va ehtiyojini ham hisobga olish kerak.
Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasi va Abdulla Oripovning “O‘zbekiston” she’ri ana shu ehtiyoj o‘laroq dunyoga kelgan edi.
– Bugun xalqni, yoshlarimizni ortidan ergashtiradigan yo‘lchi yulduzlar, ilg‘or mutafakkirlar yo‘qolib borayapti degan gaplarga tez-tez duch kelayapmiz. Bu zamon talabimi yoki tutumlar o‘zgardimi?
– Bugungi yoshlar olim-u mutafakkirlarga kumir sifatida qararmikan o‘zi? Ularning xayolida instablogerlar, shou biznes vakillari, qandaydir motivator-u chala psixologlar...
Lekin faqat salbiy tomonga og‘ib ketish yaxshimas. So‘nggi yillarda yoshlar orasida kumir kompasi sezilarli darajada boshqa qutblarga o‘tmoqda.
Olimpiada g‘oliblari, grossmeysterlar, futbolchilar, xalqaro fan olimpiadasi g‘oliblari – bularga ham qiziqish kuchli. Bugungi yoshlar chet el sportchilarini emas, o‘zimiznikilarni aytadigan darajaga yetdik.
Diyora Keldiyorova, Asila Mirzayorova, Bahodir Jalolov, Ulug‘bek Rashidov, Nodirbek Abdusattorov, Abduqodir Husanov, Abbos Fayzullayev, Eldor Shomurodov... Mana ular! Yoshlarning ijtimoiy tarmoq sahifalariga kirsangiz ma’lum bo‘ladi postlardan.
Qolaversa, “Yosh kitobxon” tanlovi g‘oliblari ham bugun tengdoshlarining kumiriga aylanmoqda.
Bu jarayonni sun’iy tashkil qilib bo‘lmaydi. Yoshlar o‘zlari tanlaydi qahramonni.
Endi siz aytgan olimlar masalasiga kelsak, demak, O‘zbekiston ilm-fani darg‘alarini targ‘ib qilish zarur. Buning uchun ijtimoiy tarmoqlar kuchidan foydalanish maqsadga muvofiq. Nega yoshlar matematik Shavkat Ayupov, tarixchi Ahmadali Asqarov, o‘zbek tili jonkuyari Shuhrat Sirojiddinovni tanimasligi kerak?
Endi targ‘ibotda yuqoridagilarga ham e’tibor qaratilsa, keyin natija kutish mumkin. Eshikni taqillatmay turib, o‘z-o‘zidan ochilishini kutish yaramaydi. Yoshlarni ham aybdor qila olmaymiz. Gyote aytganidek, ular birinchi marta yashamoqda.
Shahnoza ROFIYEVA suhbatlashdi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.
“Eshiklar o‘z-o‘zidan ochilmaydi” maqolasi
Vatandosh
Mafkura
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q