“Aksilmigrant siyosatning mahsuli” – Moskvada tojikistonlik o‘quvchining o‘ldirilishi muhokamalarga sabab bo‘ldi


Saqlash
12:18 / 18.12.2025 228 0

16-dekabr kuni Rossiyaning Moskva viloyatida 15 yoshli oʻsmir kichik maktab oʻquvchilariga hujum qildi va ulardan birini oʻldirdi. Halok boʻlgan oʻquvchi tojikistonlik 10 yoshli Qobiljon Aliyev edi. Qotil bolalarga hujum qilishdan oldin ulardan qaysi millatdan ekanini soʻragan.

 

Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatida joylashgan Gorkiy-2 posyolkasidagi maktabga 16-dekabr kuni 15 yoshli oʻsmir Timofey. K bostirib kirgan. U qoʻlida pichoq bilan bir oʻquvchi va maktab qorovuliga hujum qilgan. 10 yoshli oʻquvchi olgan jarohatlari sabab halok boʻlgan.

 

Hujum qilgan oʻsmir qoʻlga olingan. OAV yozishicha, ushbu oʻsmirning boshida amerikalik neonatsist, 2014-yilda Charlston shahridagi cherkovda toʻqqiz nafar qora tanlini oʻldirgan Dilan Rufdan iqtiboslar yozilgan shlem boʻlgan. U oʻz hujumini videoga olgan. Kadrlarda u oʻqituvchisi bilan turgan bir guruh oʻquvchilarga yaqinlashgani va ulardan qaysi millatga mansubligini soʻragani aks etgan.

 

Halok boʻlgan oʻquvchi tojikistonlik 10 yoshli Qobiljon Aliyev edi. Faollar hujum millatchilik asoslari bilan sodir etilganini taʼkidlamoqda.

 

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi vaziyat qatʼiy nazoratga olingani, Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy xat yuborilganini maʼlum qildi. Vazirlik ushbu hujum “millatga nafrat asosida” sodir etilganini qayd etgan.

 

Rossiyaning Tojikistondagi elchisi Semyon Grigoryev Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan. Unga “Rossiya tomonidan ushbu fojiali hodisani zudlik bilan, xolis va begʻaraz tergov qilish hamda barcha aloqador shaxslarni qonunning butun qatʼiyligi boʻyicha javobgarlikka tortish talabi bilan” nota topshirilgan.

 

Oʻzbekistonlik faollar ham bu borada oʻz fikrlarini bildirib, Rossiyada oxirgi vaqtlar millatchilik kayfiyati oshib borayotganini taʼkidladi.

 

“Rossiyada ishlayotgan yurtdoshlarimiz yaʼni muhojirlar bilan bogʻliq targʻibot-tashviqotga toʻlib ketgan postlarni, maqolalarni koʻrib nahotki targʻibot postlar yoki maqolalarga bu mamlakatda shunchaki ruxsat berilsa, deb oʻylab qoldim.

 

Muhojirlardan qoʻrqish kerakligi haqida juda koʻp postlarni oʻqidim. Ularni suratini sunʼiy intellekt orqali shu qadar qoʻrqinchli va bachkanalashtirganki, har qanday muhojirlar bilan bogʻliq mavzularda bunday suratlarni izoh oʻrnida yoki sarlavhaga olib chiqishi tabiiy hol. Toʻgʻri, muhojirlar bilan bogʻliq jinoiy ishlar ham uchrab turishi rost. Va bu jinoiy ishlar rus mediasida koʻpirtirilib, vahima bilan taqdim qilinishi ham bor gap.

 

Kuni kecha nimagadir, boshlangʻich sinfda oʻqiydigan tojik millatiga mansub oʻquvchini oʻldirgan oʻsmir mavzusi rus OAVlarida u qadar vahimali tarzda yoritilmayapti.

 

Va eng dahshatlisi, bola vafot etgan haqidagi postga achingan, yigʻlaganlardan ham koʻproq kulgili smayliklarning qoʻyilgan. Bu degani oʻsha mazaxlab kulgan kanal egasidan tortib uni qoʻllab-quvvatlayotganlar ham potensial qotil degani emasmi, bunday kanallar, “muhitlar” qotillikni normallashtirishga yoʻl ochmayaptimi?

 

Hozirgina oʻsha 300 mingga yaqin obunachisi bor kanalda bolakayning qonga botgan videosi joylandi. Yana shunday kesatiqli fikrlar bilan post qoʻyilgan, mazmuni bularning bittaga kamaygani yaxshi boʻldi degan maʼnoda...”, deb yozadi Barno Sultonova Facebook ijtimoiy tarmogʻida.

 

Faol Shahnoza Soatova esa bunday dahshatli falokat yuz berishiga siyosiy doiralar ham aybdorligiga eʻtibor qaratgan.

 

“Soʻnggi yillarda Rossiya siyosiy doiralari, xususan, deputatlari va partiya liderlari tomonidan migrantlarga qarshi chiqishlar koʻpaydi. Ular hali qarasang migrantlarning bolalarini maktablarimizda oʻqitmaymiz, oʻz yurtingga ket deyishdi, hali qarasang, migrantlar urushga borishi kerak, boʻlmasa Rossiyadan haydaymiz deyishdi.

 

Migrant taksistlarning agregatorlardagi akkauntlari bloklandi, hatto migrant kuryerlarni ham ishlagani qoʻyishmadi. Rossiya huquq-tartibot organlari esa migrantlarga qarshi reydlarda qoʻpol munosabat, kuch ishlatish, hatto insoniy shaʼn va qadr-qimmatni tahqirlashdan tiyilmay qoʻyganiga ancha boʻldi.

 

Bu hol oʻzining zaharli mevalarini bera boshladi. Ukrainada “fashizmga qarshi” kurashayotgan mamlakatning oʻsmirlari Moskva biqinida milliy mansublikka koʻra odamlarni soʻymoqda – bu holatni taʼriflashga soʻz topolmadim.

 

Maʼlum boʻlishicha, qotillikda gumonlanayotgan oʻsmir bundan bir necha kun avval 11 varaqlik “Mening gʻazabim” degan manifest yozib tanishlariga tarqatgan. Unda gʻayridinlarga, boshqa millat vakillariga, ayniqsa, migrantlarga qarshi kuchli nafrat aks etgan. Afsuski, bunga hech kim eʼtibor bermagan.

 

Joying jannatda boʻlsin, Qobiljon. Onangga va yaqinlaringga sabr bersin!”, deya yozdi Shahnoza Soatova.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Yuksalish umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov ham voqeaga o‘z munosabatini bildirdi. 

 

“Men bu voqeadan chuqur qaygʻudaman. Marhum bolakayning oilasiga va butun tojik qardoshlarimizga sabr tilayman. Bu vahshiylikning sababini anglashga urinar ekanman, avvalambor, bu yillar davomida yuritilgan aksilmigrant siyosatning mahsuli deb bilaman. Oʻylaymanki, biz – Markaziy Osiyo bir tan-u bir jon boʻlib, birdamlik siyosatini qoʻllab-quvvatlashda davom etishimiz kerak”, dedi Bobur Bekmurodov.

Jurnalist Ilyos Safarov ham voqeaga munosabat bildirib, bu kimlarningdir shaxsiy ambitsiyalari mahsuli ekanini aytgan.

 

“Bir narsa aniq, bu hodisa maktablarda uchrab turadigan “navbatdagi jinoyat” emas. Bu – rus jamiyatida tobora kuchayib borayotgan millatchilik va ksenofobiyaning bolalar hayotiga ham koʻchib ulgurgan aksi. Rossiya jamiyatida yillar davomida rus boʻlmaganlarga nisbatan kuchayib borayotgan zoʻravonlik va shu zoʻravonlikni oqlash kayfiyati ana shunday fojialar uchun muhit yaratmoqda.

 

Eng ayanchlisi shundaki, bunday fojialarda begunoh bolalar oʻzlariga aloqasi boʻlmagan insonlarning shaxsiy ambitsiyalari, ular millatchilik va ksenofobiya bilan zaharlagan muhitning qurboniga aylanmoqda. Bolalar bu nafratni yaratmadi, uni tanlamadi, lekin aynan ular eng ogʻir oqibatlarni qabul qilyapti”.

 

Jurnalist bolalar keng tarzda olib borilayotgan targʻibot qurboniga aylanayotganiga urgʻu bergan.

 

“Millatchilik har yerda bor. Menga oʻxshab yillarki musofirchilikda yashayotganlar buni yaxshi biladi. Oxirgi vaqtda bu hatto oʻzini sivilizatsiya oʻchogʻi deb biladigan Angliyada ham bilinyapti. Lekin, davlatga qarab millatchilikning darajasi va koʻlami baribir farq qiladi. Millatchilik (ayniqsa oqlarning ustunligiga ishonch) Gʻarbda koʻpincha oʻqimagan, ota-bobosi manufaktura zamonida fabrikalarda qul boʻlib ishlagan odamlar orasida keng tarqalgan, chunki ularda migratsiya sabablarini, oʻz millatining jinoyatlarini tushunish qobiliyati yoʻq, bilimi yoʻq, insoniyligi yoʻq, chunki koʻp qiyinchilik koʻrgan – kimnidir ayblashi kerak.

 

Lekin, Rossiyada bu hatto oʻzini oʻqimishli, ziyoli, ruhan va maʼnan yetuk deb bilgan qatlam orasida ham keng tarqalgan. Tarqalmay boʻladimi, yillarki hukumat shu targʻibotni kuchaytirib, millatchi ehtiroslarni atayin qitiqlab kelayotgan boʻlsa. Hatto Londonga kelib uzoq yashaganlari orasida ham bu yara qoʻrgʻoshindek oʻrnashib qolganini sezganman.

 

2003-yilda meni Toshkentdan Moskvadagi BBC byurosiga bir oyga ishga yuborishdi. Yaxshi ishladim, chunki muddatim oxiriga borib menga ingliz katta rahbar doimiy ish taklif qildi. Lekin, u yerdagi ochiqcha ksenofobiya ichra yashashimga koʻzim yetmadi. Eslayman, jamoamizning rus rahbari ish kuni oxirida metroga otlangandi.

 

“Toʻxtab turing, men ham ketaman” deya kompyuterni yopa boshlaganimda, u avvaliga sekin tisarilib, soʻng dahlizdan shataloq otib yugurib ketayotganini koʻrdim. Tom maʼnoda, qochdi mendan. Koʻchalardagi molsifat “etika”ni aytmasam ham bilasiz. Yoʻl-yoʻriq soʻrasang ham, tishlab oladi. Bu qoʻpollik, maraz munosabatni koʻravergach, yo men birovni bir yoqlik qilaman, yo meni qilishadi deb oʻyladim, va ish taklifini rad etdim”, deb yozdi taniqli jurnalist Ibrat Safo.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Mafkura

11:12 / 18.12.2025 0 86
Turkiy ot koʻtarganlar qachon koʻpayadi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//