Mehmon kutish va kuzatish odati dunyodagi aksariyat millatlarga xos xususiyat. O‘zbek xalqi esa bu borada hamisha e’tirofga sazovor bo‘lib kelgan. Bu jo‘mard odat juda qadim zamonlardan boshlab ixtiyor etilgan. Madaniyatimizning ko‘hna manbalarida mehmondorchilik insonning, oilaning, qabila va xalqning odamiyligi , madaniy va ma’naviy munosabati va muloqot mezoni sifatida juda katta ehtirom bilan tilga olingani ham bejiz emas.
Sharq xalqlari orasida mashhur bo‘lgan Hotami Toy hikoyatlar, Alisher Navoiy asarlari orqali ko‘pchilikka tanish. Ularda eng so‘nggi luqmasigacha saxiylik bilan mehmonga tutqazgan, oila va qabila sha’nini saqlab qolgan inson haqida hikoya qilinadi. Xalqimiz qadim zamonlardanoq “Mehmon otangdek ulug‘” degan aqidaga amal qilgan holda mehmonni xushtavoze, ko‘ngli ochiqlik bilan kutib olgan (Quvonova F. Mehmon kutish san’ati. − T., “Yangi asr avlodi”, 2007. −B. 5).
Tariximizga nazar tashlab mehmondo‘stlikning ibratli namunalarini uchratishimiz mumkin. Qadimdan Sharqda maxsus musofirxonalar, karvonsaroylar mavjud bo‘lgan. O‘zga shahar va mamlakatlardan kelgan sayyohlar, savdo-tijorat ahllari, musofirlar bu maskanlarda boshpana topishgan. O‘ziga to‘q ota-bobolarimiz shahar va qishloqlarni tutashtirib turuvchi yo‘llarning bo‘ylarida rabotlar qurishgan. Yo‘lovchilar ana shu rabotlarda hordiq chiqarib, yana yo‘llarida davom etishgan. Hozirda ham qadimgi “Buyuk ipak yo‘li”, Termiz-Qarshi avtomobil yo‘lining Dehqonobod tumanidagi Oqrabot qishlog‘ida shunday rabotlardan birining devorlari saqlanib qolgan. Qishloq ilgari “Oxir Rabot”, keyinroq “Oq Rabot” deb atala boshlagan (Dala yozuvlari. Dehqonobod tumani, Oqrabot qishlog‘i. 2018-yil).
Karvon yo‘llarining chorrahalarida musofirxonalar, karvonsaroylar (ma’lumotlarga qaraganda har 24 km. masofada, ya’ni bir kunlik tuya yo‘li hisobida qo‘nalg‘alar qurilgan) bo‘lgan. Qadimda har bir boy xonadonning tashqarisida mehmonxona joylashgan. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida marg‘ilonlik savdogar Mirzakarim qutidorning mehmonxonasi haqida։ “Hovlining kun chiqarida kun botishiga qarab solingan, uncha maxtarlik bo‘lmasa ham ammo zamonasining oldingi binolaridan hisoblangan bir ayvon bilan bir uyga ko‘z tushadir. Sahn va binolar kishi zotidan bo‘sh, shuning uchun bu hovli oilaning tashqari qismi – mehmonxona ekanligi anglashilur” (Qodiriy A. O‘tgan kunlar. −T.: “Hilol media”, 2019.−B.26). Oddiy xonadonlar ham uyining bir xonasini mehmonlar uchun alohida ajratib, shunga yarasha jihozlab qo‘yishgan. Bu xona imkon qadar qulayliklar bilan ta’minlangan (Usmon Hosil. (Qoraboev). Odatnoma. −T., “O’zbekiston”, NMIU, 2016. −B. 141). Alohida mehmonxona uchun xona ajratish imkoni bo‘lmagan xonadonlar chiroyli matolardan tikilgan 3-4 ko‘rpacha, 3-4 bolishni (yostiqni) xonalardan birining burchagiga taxlab, qo‘yishgan. Bu ko‘rpacha va yostiqlar mehmonlar kelgandagina ishlatilgan.
Xalqimizda xonadonga mehmon kelishi ma’lum ma’noda sharaf hisoblanadi. Ko‘p mehmon keladigan oilalarga nisbatan “eshikli uy”, “keldi-ketdisi ko‘p”, “mehmondo‘st”, “mehmonnavoz”, “dasturxoni ochiq uy” degan xayrli iboralar ishlatiladi. Ota-bobolarimizning mehmon kutish odatlari kelayotgan kishining obro‘-e’tibori, jamiyatda tutgan mavqeiga yoki yaqinligiga qarab turlicha bo‘lgan. Kimgadir oddiy choy-non qo‘yilgan. Yuksak hurmatga munosib mehmonlar bo‘lsa, qo‘y so‘yilib, qo‘ni-qo‘shni va yaqinlar chaqirilib, ziyofat berilgan. Katta amaldorlar orasida mehmondorchilik hatto to‘n berish darajasigacha ko‘tarilgani tarixdan ma’lum (Usmon Hosil. (Qoraboev). Odatnoma. −T., “O’zbekiston”, NMIU, 2016. −B. 141). Ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning “Amir Temur Ispaniya elchisi nigohida” degan asarida sohibqiron Amir Temurning mehmonlarga ko‘rsatgan hurmat-e’tibori haqida ma’lumotlar keltirilgan։ “Ispaniya va boshqa turli mamlakatlardan kelgan elchilarni o‘tqazishib bo‘lganlaridan so‘ng, ko‘pgina qaynatilgan, dimlangan, qovurilgan qo‘y go‘shtidan va qovurib pishirilgan ot go‘shti bilan mehmon qilishdi. Bu qo‘y go‘shtlarini tutqichli katta terida olib kelishdi. Sohibqiron go‘shtdan tanovul qilishni istasa, xizmatkorlar terini ustidagi taomi bilan uning oldiga olib borishar, chunki go‘sht ko‘pligidan terini ko‘tarsalar yorilib, yirtilib ketishi mumkin edi. Sohibqironning oldiga yigirma qadamcha qolganda xizmatkorlar to‘xtadi va go‘shtni nimtalash uchun qassoblar qo‘llariga teri qo‘lqop kiygan holda keldi va tiz cho‘kib go‘shtlarni nimta-nimta qilishdi, bo‘laklarini birma-bir mis, sopol, kumush, tilla va qimmatbaho chinni idishlarga solishdi.
Yaxshi ko‘rib yeydigan ovqatlari pishirilgan ot go‘shti bo‘lib, u otning bel qismidan, suyaksiz holda pishirilgan bu taomni tilla va kumush idishlarga qo‘y go‘shti bilan yonma-yon solishdi, yana yoniga mushtday keladigan pishirilgan ot jigari hamda qo‘y kallalaridan solishdi. Shunga o‘xshatib tayyorlangan boshqa taomlarni ham yonma-yon qo‘yishdi. Keyin xizmatkorlar idishlarida shu taomning sho‘rvasini olib kelishib, haligi go‘shtlar ustidan qo‘yib, taomlarning ustiga to‘rttadan yopilgan nonlardan qo‘yib, ikkita va uchtadan bo‘lishib taomlarni Sohibqironning va mehmonlarning oldiga olib borishdi. Sohibqiron hurmat yuzasidan oldidagi taomlardan ikki xilini elchilarning oldiga olib qo‘ydirdi. Shu go‘shtni qo‘yishi bilanoq, unisini olishib, yana boshqa go‘shtni olib kelib qo‘shdi. Birinchi qo‘yilgan go‘sht odat bo‘yicha mehmon o‘zi bilan olib ketishi uchun qo‘yilar, lekin ko‘pligidan uni ko‘tarib ketishning o‘zi bo‘lmas edi. Agarda elchilarning oldiga qo‘yilgan go‘shtlarni olib ketishning iloji bo‘lganda edi, ular uchun bu yarim yilgacha yetar edi. Qovurilgan va pishirilgan qo‘y go‘shtini olib o‘rniga dimlab pishirilgan qo‘y go‘shti va har xil taomlar bilan mehmon qilib, so‘ngra shirin-shakar ho‘l mevalardan-olma, uzum, shaftoli, tarvuz, qovun, keyin oltin va kumush ko‘zalarda qand solingan ot suti olib kelishdi. Aytishlaricha, juda shirin, mazali bu ichimlik asosan yozning issiq kunlarida ko‘proq ichilar ekan... Elchilar qabul qilingan bog‘ning nomi “Dilkusho” edi” (Rui Gonsales de Klavixo. Amir Temur Ispaniya elchisi nigohida. –T., “Zamin nashr”, 2019. −B. 118˗120).
Karim Mahmudov (1926–1990) o‘tgan asr 80-yillarida chop etilgan “Mehmonnoma” nomli asarida shunday yozadi: “Mo‘tabar keksalar bilan suhbatda aniqlandiki, qadim zamonlardan buyon samarqandliklar mehmonni xuddi non-nasiba kabi hurmat qilar ekanlar. Mehmonga atab ataylab maxsus patirlar pishirilgan, nonni tayyorlaganlarida yuzini xamirdan naqshinli kungirador qilib bezatganlar. Hatto ba’zan nonning yuziga she’riy misralar va aziz mehmonlarning nomlari bitilgan. Mehmonlar ketar paytida bayot bitilgan, chiroyli bezatilgan nonlarni ularning qo‘liga tutqazishgan. Ushbu nonlarni mehmonlar e’zozlab san’at asari kabi o‘z uylari devorlariga osib qo‘yganlar. Yaxshi mehmondorchilikdan esdalik bo‘lgan non yana bezak vazifasini bajarib turgan” (Mahmudov K. Mehmonnoma. –T., “Yosh gvardiya”, 1989. −B. 8).
“Uyga mehmon kelganda dasturxonga juft non qo‘yilgan. Nonni sotib olish (odat) bo‘lmagan. Oilada non tugagan bo‘lsa yoki shu kuni non pishirilmagan taqdirda, qo‘ni-qo‘shnidan bir-ikkita olib turganlar va u erta-indin qaytarib berilgan. Shuningdek, udumga ko‘ra, kimda-kim non yopsa, albatta, qo‘shniga bitta non chiqargan. Non uzilayotgan vaqtda tandir yonidan biror o‘tkinchi o‘tib qolsa, taomilga ko‘ra, issiq nondan bir ushatim unga uzatilib, mehmon qilingan.
Ovulga eshon kelganda barcha xonadonlar uni mehmon qilishga harakat qilgan. Odatda, qavm pirlari muayyan xonadonlarga joylashtirilar, har bir xonadon egasi o‘zining eng tansiq taomini eshon qo‘ngan uyga olib borar edi. Bulamiq, shirbirinch, qaymoq aholining eng tansiq taomi hisoblangan. Qadrdon do‘stu birodarlar kelganda katta izzat-ikrom bilan mehmon qilishgan. Iloji yetganlar do‘st hurmatiga mol so‘yib, barcha qarindosh, qo‘shnilarini ham chaqirishgan. Ovulda (qishloqda) biron kishi mol so‘yganda, butun ovuldoshlar chaqirilib mehmon qilingan.
Kelgan mehmon uyning to‘rida, mezbon uning qarshisida o‘tirgan. Katta yoshli odam, xoh mehmon, xoh mezbon bo‘lsin, birinchi bo‘lib hol-ahvol so‘rashni boshlagan. Jiyda yoki behi bargidan choy damlangan. Mezbon choynakdagi choyni uch marta qaytargan. Birinchi piyolani o‘ziga olgan, keyin mehmonlarning yoshiga qarab navbati bilan choy uzatilgan. Kambag‘al oilalarda piyola kam bo‘lgani uchun bitta piyola navbati bilan aylantirilgan. Ovqat ham shunday yeyilgan bir tovoqqa bir qoshiq qo‘yilib, navbati bilan sho‘rva (qaynatma sho‘rva, lochira sho‘rva) ichilgan. Palov va boshqa quyuq ovqatlar esa qo‘l bilan yeyilgan” (Umarov I. va boshqalar. Surxon vohasida etnik tarix va etnomadaniy jarayonlar (Xatakilar urug‘i misolida). −T.: “O‘zbekiston milliy kutubxonasi”, 2014. −B. 164˗165).
Uyda, ayniqsa, to‘y-ma’raka va yig‘inlarda dasturxon soladigan, xilma-xil taomlarni dasturxonga chiroyli qilib tortadigan va noz-u ne’matlarning hammaga baravar taqsimlanishini ta’minlovchi kayvonilar bo‘lgan. To‘y va bayram tantanalarida mehmonlar uchun dasturxon yuksak did bilan bezatilgan.
O‘zbekcha dasturxon bezatishning o‘ziga xosligi shundaki, dastavval, issiq ovqatlardan tashqari hamma xo‘raklar, jumladan, har xil shirinliklar, yaxna ovqatlar, meva-chevalar joy-joyiga qo‘yilishi zarur. Mehmon dasturxoni doimo to‘kin bo‘lishi zarur. Buning uchun hamma yeguliklar muhayyo etilib, dasturxonga noz-ne’matlar birvarakay tortilgan. Bu esa mehmonlarning taomlar xiliga qarab, tegishli ishtahani saqlay olishlari va ovqatlanishning to‘g‘ri tashkil etilishiga imkon bergan. Milliy urf-odatimizga binoan mehmonlarni dasturxon atrofiga joylashtirish, asosan, ularning yoshiga va el oldidagi hurmatiga qarab to‘rdan boshlangan. Fotiha o‘qilgach, avval non ushatilib, mehmonga choy beriladi, keyin issiq ovqatlar tortiladi. Ovqat ham dastlab yoshi kattalarga va to‘rda o‘tirganlarga berilgan. Choy har bir mehmonga bir piyola beriladi, janubiy viloyatlarda yashovchi turkmanlarda (masalan, Termiz yaqinidagi Pattakesar turkmanlarida, Qashqadaryoda Pomiq turkmanlarida) har bir kishiga bittadan kichikroq choynak va bittadan piyola beriladi va mehmon o‘z xohishiga ko‘ra choyni quyib ichaveradi. Ko‘pchilik joylarda choyni mezbonning o‘zi quyib beradi yoki bu vazifa mehmonlar orasidagi eng yoshiga yuklatiladi.
Odat bo‘yicha, o‘zbek xonadoniga kelgan kishi choy ichib keting, choy qilib beraman, choyga o‘tiring kabi shirin so‘zlar bilan dasturxonga taklif etiladi. O‘zbeklar qayerda bo‘lmasin taomlanayotgan bo‘lsa, yaqin kishisini tanish-bilishini o‘z taomiga sherik bo‘lishga taklif etadi. Bayram va hayit kunlari xonadonda shirin taomlar pishirilsa, qo‘ni-qo‘shnilarga uzatiladi. Bu odat hozirgacha ko‘proq qishloq aholisi orasida kuzatiladi. “Bor tovog‘im, kel tovog‘im, bormasang, kelmasang o‘rta yerda sin tavog‘im” – bu maqolni qishloq momolari kelinlari va qizlariga bot-bot qaytarib turadi, bu maqol qo‘shnilar orasida mehr-oqibatni mustahkamlaydi. Bugungacha qishloqlarda bog‘larida pishgan mevalardan, sabzavotlardan, poliz ekinlaridan qo‘shnilarga ulashiladi, ya’ni “hamsoya tovoq” qilinadi (Jabborov I. O‘zbeklar: turmush tarzi va madaniyati. −T.: “O‘qituvchi”, 2003. −B. 60).
Mezbon mehmonni taomlarimizning sultoni — palov bilan siylagan, mehmon shoshib turgan bo‘lsayam bitta osh (palov) yemasdan ketmaysiz, deb turib olgan, hozir ham shunday: izzatli mehmonga bitta osh yedirmasdan javob berilmaydi.
Dasht qishloqlari aholisi izzatli mehmonni “jonliq” so‘ymasdan uyidan chiqarmaydi. Mehmonning mavqeiga qarab “jonliq” echki, qo‘y, uloq hech bo‘lmaganda xo‘roz bo‘lishi mumkin. Shaharlarda, katta qishloqlarda qassobxonalar bo‘lib, qassoblar go‘shtni bozorlardagi maxsus go‘sht rastalarida yoki uylaridagi go‘sht do‘konlarida sotishgan. Qassoblik otadan bolaga “meros” hisoblangan yoki ota bolasini qassob bo‘lishini istasa, usta qassobga shogirdlikka bergan. Bugun ham bu an’ana davom etmoqda. Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi Sanaqulovlar sulolasi shunday sulolalardan biri hisoblanadi. Katta aka Shaydullo qassob, Narzullo qassob, Sayfullo qassob, Tillohoji qassob, ikkinchi avlod: Sa’dullo qassob, Shuhrat qassob, Sirojiddin qassob, Sanjar qassob, Mansur qassob... Endilikda uchinchi avlod vakillari ota-bobolar ishini davom ettirmoqda (Dala yozuvlari. Jarqo‘rg‘on shahri. 2019-yil).
I.Jabborovning qayd etishicha։ “Qadimgi chorvador o‘zbeklarda mehmon kelganda qo‘y so‘yilsa, dastlab unga go‘sht, jigar-o‘pka, buyraklaridan ozroq yog‘da (jizg‘a bilan, ya’ni dumba bilan) qovurib beradi. Keyin sho‘rva osilib, go‘shti alohida laganda dasturxonga tortiladi. O‘zbekiston janubidagi dasht o‘zbeklarining bir qismida hozirda ham mehmonga qo‘yning kallasi, oyoq va ichak-chavoqlarini pishirib qo‘yadilar (Jabborov I. O‘zbek xalqi etnografiyasi.−T.:“O‘qituvchi”, 1994.−B.163). Mabodo mehmonga qo‘yning kallasi pishirib tortilmasa, mezbon mehmonni eski go‘sht bilan mehmon qilgan, ya’ni hurmatini joyiga qo‘ymagan, deb hisoblangan (O‘zbekiston hududida an’anaviy etnoslararo jarayonlar (XIX asr oxiri XX asr boshlari). −T.: “Yangi nashr”, 2011. –B. 109).
Bugungi kungacha ham xalqimiz mehmondorchiligida qadimiy an’analar ma’lum darajada saqlanib kelinayotgani, bu esa hududlarda o‘ziga xos etnik va lokal xususiyatlar mavjud ekanligini ko‘rsatadi. Karvonsaroylar soni savdo-sotiqning rivoji bilan bog‘liq bo‘lib, O‘rta Osiyoda Buxoro amirligi alohida mavqega ega edi. XIX asrning 60-yillarida Denovda 5 ta, Sherobodda 3 ta, Boysunda 2 ta, Kitobda 3 ta, Shahrisabzda 7 ta karvonsaroy mavjud bo‘lgan bo‘lsa, XX asr boshlariga kelib birgina Shahrisabzda ular soni 4 baravarga ko‘payib 28 taga yetdi (Suxareva O. Buxara (XIX-nachalo XX v.). −M.: “Nauka”, 1966. −S. 52). Buxoro amirligining markazi sanalmish Buxoro shahrida karvonsaroylar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar turli manbalarda turlicha qayd etiladi. F.Yefremov Buxoro shahri Chorsusida pishgan g‘ishtdan qurilgan 4 ta karvonsaroy bo‘lganini qayd etadi (Yefremov F. Devyatiletnee stranstvovanie. −M.: “Nauka”, 1950. −S.26). N. Xanikov savdo-sotiq munosabatlarining o‘sishi natijasida karvonsaroylar soni oshib borganini aytib o‘tadi (Xanыkov N.V. Opisanie Buxarskogo xanstva. −SP b.։ B.I., 1843. −S. 88). XX asr boshlariga kelib, karvonsaroylar soni 60 dan ortib ketgani, M.S.Yusupov ma’lumotlariga qaraganda, ular soni 70 dan ortiq bo‘lgan. Ularning ayrimlari haqida qisqacha ma’lumot ham berib o‘tgan. Jumladan, Saroyi jannat makoni, Saroyi domulla Sher, saroyi Hakim-oyim, Saroyi-Xo‘jakalon, saroyi Qushbegi va boshqalar (Suxareva O. Buxara (XIX-nachalo XX v). −M.: “Nauka”, 1966. −S. 54–57).
Bugungi kunda sayyohlarni qabul qilish uchun yaratilayotgan sharoitlarni birgina Qashqadaryo viloyati misolida olib qarasak, Qarshi shahrida 21 ta, Shahrisabz shahrida 2 ta, Koson tumanida 2 ta, Muborak tumanida 2 ta, Mirishkor tumanida 1 ta mehmonxona ishlab turibdi. Bundan tashqari, Shuningdek¸ 10 ta sayyohlik firmasi mavjud. (O‘zbekiston Respublikasi hududlarining ijtimoiy˗iqtisodiy rivojlanishining kompleks o‘rganish natijalari bo‘yicha yig‘ma tahliliy material. −T.։ “Sano˗standart” −2017. −B. 107).
Mamlakatimiz janubida yashovchi o‘zbeklarning taomlari, pazandachiligi va mehmonnavozlik madaniyati ming yillar davomida shakllanib sayqal topgan. O‘tgan davrda sodir bo‘lgan tarixiy jarayonlar, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy sohalarda ro‘y bergan o‘zgarishlar aholi turmush tarziga qanchalik kuchli ta’sir ko‘rsatishiga qaramasdan eldoshlarimiz mehmon kutish va kuzatish an’analarini hali hanuz e’zozlab kelmoqda.
Bahodir RAHMONOV,
tayanch doktorant
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q