Sovet rejimiga qarshi olib borilgan qurolli harakat (1918–35-yillar) mavzuyida so‘nggi yillarda ko‘plab ilmiy tadqiqotlar qilindi, dastlabki badiiy asarlar dunyo yuzini ko‘rdi. Xususan, qurolli harakatning yirik namoyandalaridan biri Muhammad Ibrohimbek laqay obrazi bir necha asarda qalamga olindi. Mazkur asarlar tahliliga o‘tishdan avval ushbu tarixiy shaxs tarjimayi holiga oid muhim ma’lumotlarni keltirib o‘tsak.
Muhammad Ibrohimbek laqay – Sharqiy Buxoro mintaqasida, keyinchalik O‘zbekiston SSR va Tojikiston ASSRning tog‘li hududlarida qizil armiyaga qarshi jang olib borgan yirik qo‘rboshilaridan biri. U 1889-yili Dushanbe yaqinidagi Ko‘ktosh qishlog‘ida, laqay urug‘ining esonxo‘ja shaxobchasiga mansub amaldor Chaqaboy to‘qsabo xonadonida tug‘ilgan (Rajabov Q. Buxoroga qizil armiya bosqini va unga qarshi kurash. T., “Ma’naviyat”, 2002, 31-bet). Siyosatshunos Nasriddin Nazarov “Muhammad Ibrohimbek laqay” kitobida yozishicha, Chaqaboy to‘qsabo to‘rt xotindan olti o‘g‘il va olti qiz ko‘rgan. Farzandlarining barchasi turli yoshda vafot etib, faqat kenja o‘g‘il Ibrohim omon qolgan. U musulmon maktabida o‘qib savod chiqargan, madrasada ta’lim olgan.
1919-yilda Hisor begi uni qorovulbegi unvoni bilan taqdirlab, Ko‘ktosh laqaylaridan zakot yig‘ishga mutasaddi etib tayinlagan (Nazarov N. Muhammad Ibrohimbek laqay. T., 2006, 14-bet). 1921-yil sentabrda o‘tkazilgan Buxoro qo‘rboshilarining qurultoyida Ibrohimbekka “Islom lashkarboshisi” degan unvon berilgan (O‘zbekiston tarixi. O‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida. Ikkinchi kitob. Mas’ul muharrir: M. Jo‘raev. T., “Sharq”, 2000, 254-bet). Ibrohimbek qizil armiyani Buxoro tuprog‘idan haydab chiqarish, Buxoro amirligini tiklab, sobiq amir Said Olimxonni qayta taxtga o‘tqazish yo‘lida 1926-yilgacha qizil armiyaga qarshi omonsiz kurashgan. O‘rta Osiyo harbiy okrugining asosiy harbiy kuchlari unga qarshi tashlangach, kuchlar nisbati teng bo‘lmagani sababli Afg‘onistonga o‘tib ketishga majbur bo‘lgan. Ibrohimbek 1926-27-yillari Kobul yaqinidagi Qal’ayi Fotuda Buxoro amiri Said Olimxonning qarorgohida yashagan. Afg‘oniston davlati unga besh yuz ellik kobuliy rupiya oylik mablag‘ tayin etgan (Amir Sayyid Olimxon. Buxoro xalqining hasrati tarixi. T., “Fan”, 1991, 15-bet).
Ibrohimbek 1928-yil oxirida Shimoliy Afg‘onistonga borib o‘z mavqeyini mustahkamlay boshlagan. 1929-yilda sarkarda yigitlarining soni 4000 nafarga yetgan (“Buxoroga qizil armiya bosqini va unga qarshi kurash”, 37-bet). Ibrohimbek 1930-yil apreldan to 1931-yil iyungacha qizil armiyaga qarshi qaqshatqich zarbalar bergan. Ammo u 1931-yil 23-iyunda OGPU jangchilari va sovet chekistlari tomonidan Bobotog‘da qo‘lga olinib, 1932-yil 31-avgustda qatl qilingan.
Sayyid Tavakkalxonning 2009-yil Dushanbe shahrida chop etilgan “Muhammad Ibrohimbek” qissasi shu mavzuda. Asarni yozishda Ya.Nalskiyning uch jildlik “Sharqiy Buxoro tog‘larida”, siyosatshunos olim Nasriddin Nazarovning “Muhammad Ibrohimbek Laqay” asarlaridan va yozuvchi Nabijon Boqiy taqdim etgan arxiv hujjatlaridan foydalanilgan. Shuningdek, muallifga Muhammad Ibrohimbek bilan bir safda jang qilgan Elmurod bobo, Subhonqul botir bobo, Mullo Abdurahim bobo, O‘roq bobo kabi o‘ndan ortiq guvohning xotiralari asqatgan.
Sayyid Tavakkalxon Ibrohimbek jang olib borgan hududda o‘sib ulg‘aygani bois joy nomlari, og‘izdan og‘izga ko‘chib yuruvchi afsona va rivoyatlarni o‘rinli ishlata olgan. Lekin qissada Ibrohimbek obrazini ideallashtirishga urinish ham mavjudki, buni zukko kitobxon ilg‘ashi tayin.
Muallif bosh qahramon qiyofasini bunday tasvirlaydi: “Bek bobo uzun bo‘yli, qotma, burunlari enib kelgan, qosh-u ko‘zi qora, qora soqol, tiniq, oq yuzli, yonoqlarida kamroq qizillik aks etib turar, xushbichim odam edi”.
Qissada, shuningdek, Amir Olimxon, afg‘on amiri Omonullaxon, qorateginlik Fuzayl maxsum, turkiyalik Anvar posho, Azim qo‘rboshi, Asadullobek, Egamberdi botir, Subhonqul botir, mullo Abdurahim (Ibrohimbekning mirzasi), Qayum parvonachi, eshoni Isoxon bobo, Putovskiy, Stalin, Kalinin kabi tarixiy shaxslarning nomi keltirilgan.
Asarda qizil armiyaning qishloqlarga o‘t qo‘yishi, aholining ayovsiz talanishi, Ibrohimbekning strategiyasi va jang taktikasi, markazning nufuzli kishilarni vakil qilib yuborib sarkardani taslim etishga uringani va u laqay urug‘ini qirg‘indan saqlab qolish uchun dushmanga yon bergani kabi nozik jihatlar qalamga olingan.
Muallif Ibrohimbek taqdiri misolida o‘ta murakkab va ziddiyatli tarixiy davrni tasvirlagan. Sovet rejimiga qarshi qurolli harakatni tugatish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, bu maqsadda barcha siyosiy va harbiy choralar ko‘rilgan edi. Kurashga sovet apparati va quyi partiya organlari ham jalb etilgan. Hukumat joylarda targ‘ibot-tashviqotni kuchaytirgan, mahalliy aholidan militsiya va ko‘ngillilar otryadini tuzib, ulardan qo‘rboshi guruhlariga qarshi kurashda foydalangan. Istiqlolchilar tomoniga o‘tib ketmasligi uchun ko‘ngillilar otryadi vakillarini kommunistik ruhda tarbiyalashga e’tibor qaratilgan, ular moddiy ta’minlangan.
Taniqli yozuvchi Tog‘ay Murodning 1994-yil “Sharq” nashriyotida chop etilgan “Otamdan qolgan dalalar” romani ikkinchi bobida qizil armiyaga qarshi kurashgan mujohid Aqrab qo‘rboshi haqida so‘z boradi. Qolaversa, romanda Ibrohimbek qo‘rboshilarning sarboni, uning qo‘l ostida jang qilgan Aqrab qo‘rboshi esa vatanparvar, mard va zukko shaxs o‘laroq tasvirlangan. Aqrab qo‘rboshi polkovnik Chanishevni bahsda yenggani, davlat arbobi Kuybishev, sovet sarkardasi Frunze qarshisida otdan tushmagan polkovnik Aqrab qo‘rboshiga hurmat yuzasidan otdan tushgani ta’sirchan ifodalangan. Aqrab qo‘rboshi tilidan aytilgan “Qizillar keldi, qizil rang bu – qon rangi, bu yaxshilik alomati emas”, degan fikr orqali yozuvchi O‘zbekistonning sovet davri tarixiga muxtasar, ammo mazmundor baho beradi
Shuningdek, romanda tarixi, madaniyati, tili, dini hamda urf-odatlari mushtarak bo‘lgan yagona Turkiston o‘lkasini bo‘lish sabablari qalamga olingan. 1924-25-yillarda O‘rta Osiyoda amalga oshirilgan milliy-hududiy chegaralanish siyosati oqibatida turkiy xalqlar bo‘linib ketdi. Bizningcha, bundan ko‘zlangan maqsadlardan biri O‘rta Osiyoda Ibrohimbek, Yormat Maxsum, Fuzayl Maxsum, Junaydxon singari yirik qo‘rboshilarning sovet rejimiga qarshi qurolli harakatini tugatishdan iborat edi.
Qizil armiyaga qarshi kurash ishtirokchilari o‘rtasidagi ziddiyatlar, bir yoqadan bosh chiqarmaslik, xoinlik, mansabparastlik, qolaversa, sovet hokimiyatining o‘lkada yuritgan adolatsiz siyosati kitobxonni mushohada qilishga undaydi. Demak, mazkur mavzudagi badiiy asarlar yosh avlodni vatanparvarlik, millatsevarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Feruz BOBOYEV,
O‘zFA Tarix instituti
katta ilmiy xodim-izlanuvchisi
“Tafakkur” jurnali, 2015-yil 2-son.
“Sarkardaning fojeiy qismati” maqolasi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q