Tarixning chang bosgan sahifalarini varaqlarkanmiz, har bir buyuk davlatning qudrati nafaqat qilich, balki, soʻz kuchiga ham tayanib barpo etilganiga guvoh boʻlamiz. Amir Temur hukmronlik qilgan XIV asr oxiri va XV asr boshlarida Oʻrta Osiyo nafaqat siyosiy va harbiy qudrati bilan, balki madaniy-maʼnaviy yuksalishi bilan ham boshqa davrlardan ajralib turgan. Bu davrda davlat boshqaruvi, harbiy yurishlar, iqtisodiy rivojlanish qatorida maʼnaviy hayotga ham katta eʼtibor berilgan. Ayniqsa, xalq ogʻzaki ijodining rivojlanishida muhim rol oʻynagan ijodkorlar – baxshilar oʻziga xos mavqega ega boʻlgan va oʻz davrining ogʻzaki tarixchilari, madaniyat targʻibotchilari sifatida tan olingan.
Muiniddin Natanziyning “Muntaxab ut-tavorixi muiniy” asarida keltirilishicha, Amir Temur davrida barcha harbiy yurishlar tafsilotlari hamda har bir jangning bayoni oʻz vaqtida baxshilar (bitikchilar) tomonidan turkiy tilda uygʻur yozuvida yozib borilgan. Baxshilarning asosiy vazifasi tarixiy voqealarni doston qilish, xalq orasida tarqatish boʻlgan. Bu holat yozma manbalar yetarlicha tarqalmagan davrda ogʻzaki tarixni saqlab qolishda muhim vosita boʻlib xizmat qilgan. Ayniqsa, Amir Temurning Toʻxtamishxon ustidan gʻalabasi, Hindistonga yurishi, Osiyoning turli hududlariga qilgan safarlari haqida baxshilar tomonidan yaratilgan dostonlar oʻsha voqealarning xalq orasida saqlanishiga sabab boʻlgan.
“Zafarnoma”da keltirilishicha, sarbozlar safarbar qilingach, baxshilar jangchilar qatorida qoʻrquvsiz, hissiz holda har bir yurish tafsilotini kunma-kun, hodisama hodisa bayon qilib, voqelikni qogʻozga tushirib borgan.
“Soʻz jangchilari”
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: Oʻsha davrda baxshilar qanday tanlab olingan? Bu tartib qay tariqa amalga oshirilgan? “Zafarnoma”da Temur baxshilarni ehtiyotkorlik bilan tanlagani, ularga rasmiy va norasmiy axborotni yetkazish vazifasi yuklatilgani koʻrsatilgan. Ammo bunday yuksak vazifaga har kim ham daʼvogarlik qila olmagan. Baxshilarni tanlash jarayoni oʻsha davrning eng nozik va masʼuliyatli ishlaridan biri sanalgan va bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilgan. Har bir bosqichda nomzodning nafaqat ovozi, balki xotirasi, soʻzga boʻlgan mehr-muhabbati sinchiklab toʻrt bosqichda tekshirilgani bayon qilingan.
Unga koʻra, birinchi bosqichda isteʼdodning uygʻunligi sinovdan oʻtkazilgan. Temur amriga binoan, eng avval isteʼdod egalari yurt boʻylab izlab topilgan. Dastlab nomzod baxshilar oʻz dostonini yoki xalq orasida mashhur boʻlgan bir asarni yoddan aytib bergan. Bu jarayonda soʻzlarning uygʻunligi, ohang tinglovchining yuragiga tegishi, voqeani oʻz koʻzi bilan koʻrayotgandek his qildirish mahorati tekshirilgan.
Ikkinchi bosqichda xotira va bilim darajasiga qaralgan. Baxshidan faqat sheʼr, doston yodlovchi emas, balki xalq xotirasini tirik saqlovchisi boʻlish talab etilgan. Shu bois nomzoddan qadimiy rivoyatlar, shajaralar, tarixiy voqealarni mukammal aytib berish soʻralgan. Unga turli yurtlar, qahramonlar yoki qadim janglar haqida toʻsatdan savollar berilib, javoblar mazmun va badiiy ifoda darajasiga koʻra baholangan.
Uchinchi bosqichda ruhiy taʼsir kuchi tekshirilgan. Temur uchun baxshi bu –nafaqat sanʼatkor, balki jangchi qalbiga ishonch va gʻurur soluvchi ruhoniy kuch boʻlgan. Shu sabab nomzod bir necha askar yoki xalq oldida chiqish qilib, ularni ruhlantirishi talab etilgan. Agar tinglovchilarning koʻzi chaqnab, yuzida ilhom uchquni porlasa, bu sinovdan muvaffaqiyat bilan oʻtganining belgisi sifatida qaralgan.
Nihoyat toʻrtinchi bosqichda sadoqat va odob-axloq qoidalari oʻrganilgan. Temur saroyidagi baxshiga xalqning ovozi boʻlish bilan birga, hukmdorning shaʼni va davlatning obroʻsini himoya qiluvchi shaxs sifatida qaralgan. Shu bois nomzodning sadoqati, halolligi, soʻzga boʻlgan masʼuliyati ham sinab koʻrilgan. Ana shu toʻrt bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtganlargina Temur saroyiga qabul qilinib, yurt tarixining ovozli kitobi boʻlib xizmat qilgan.
“Razvedkachi” baxshilar
“Zafarnoma”da yozilishicha, Temur yurishga otlanishidan avval oʻsha mamlakatning tuprogʻi, aholisi, qoʻshini va qalʼalari haqida maʼlumot toʻplash uchun xabarchilarni yuborgan. Bu xabarchilar odatda, savdogar, sayyoh, elchi, sanʼatkordan iborat boʻlgan. Ayniqsa baxshilar, dostonchi va qoʻshiqchilar xalq orasida tez singib ketgani uchun juda qulay vosita boʻlib xizmat qilgan. Ular yov yurtida xalqni yigʻib, qahramonlik dostonlari aytib, qoʻshiq kuylash bahonasida odamlarning koʻnglini olib, turli sirlarni bilib olgan.
Sohibqiron Gang daryosi urushidan qaytib, “oʻshul zamon koʻchub Tugʻluqpur mavzeʼi sori yurub, anda yetib tungi yakshanba kechasi, oyning toʻrtida (12.01.1399) yarim kechada Allohdodbekdin va Boyazid Qavchin va Oltun Baxshiydinkim, bular qarovulluqqa borib erdilar, ikki kishi kelib arz qildilarkim, «Pek yaxshi guzar topib, suvdin oʻtub daryoning nari yuzida qalin kishi gabrlardin barcha ot va yarogʻ bila koʻrdilar. Tahqiq qilib bildilarkim, Muborakxon tururkim, qalin kishi jamʼ qilib, urushmoqqa tayyor turubturlar”, deya keltiriladi. Bu kabi mayda, ammo hal qiluvchi maʼlumotlarni oddiy josus emas, balki xalq ichida hurmat qozongan ijodkorlargina olib kelishi mumkin boʻlgan. Baxshilar oʻzining dostonlarida “Uch qavatli devorlar bilan oʻralgan yurt”, deya kuylaganida, Temur bu orqali qalʼaning mustahkamligini tushunib olgan. Yoki “Oʻn ikki bahodir jangchi bir lashkarga rahbarlik qilur” degan satr aslida oʻsha hududdagi qoʻshin tuzilmasi va sarkardalar soni haqida ishora boʻlgan.
Baxshilar faoliyatini tahlil qilish orqali ularning Temur davridagi yurishlarda eng ishonchli va koʻzga koʻrinmas kuch sifatida xizmat qilganini, sohibqiron oʻzining har bir yurishi va siyosiy qarorini hech qachon aniq maʼlumot va puxta razvedka ishlarisiz amalga oshirmaganini va bu jarayonlarda baxshilarning oʻrni oʻta muhim boʻlganini bilishimiz mumkin.
Mansurbek JABBOROV
Til
Tarix
San’at
Tarix
Til
San’at
Jarayon
Til
Tarix
Vatandosh
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q