Turkiston va Xitoyda ayolning mavqei: o‘xshashlik va farqlar


Saqlash
17:59 / 16.12.2025 17 0

19-yuzyillik oxiriga kelib butun dunyoda ayollar masalasi kun tartibidagi muhim masalalardan biriga aylandi. Mamlakatlarda davlat boshqaruvi, fan, texnika va madaniy sohadagi o‘zgarishlar ayollarning jamiyatdagi mavqeiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Bu davrda Turkiston mintaqasi va Xitoy hududidagi ayollarning oila va jamiyatdagi o‘rni diniy qoidalarga qarab belgilanar, ko‘p hollarda ularning ijtimoiylashuviga yo‘l qo‘yilmas edi. Buyuk xitoy faylasufi Konfutsiy ayolning oiladagi o‘rni va xulq-atvori qoidalari haqida gapirganda, uning otasiga itoatli bo‘lishi, turmushga chiqqanidan keyin eriga bo‘ysunishi, eri vafot etganidan keyin esa o‘g‘illariga itoat etishi lozimligini ta’kidlagan bo‘lib, bu ta’limot Turkiston mintaqasidagi diniy ulamolarga ham xos edi. Turkiston mintaqasi jamiyatida ham ayollarga bolaligidan shu qoidalar singdirilardi. 

 

Xitoyda gender tengsizligi ayolning erkakka bo‘ysungan holatini yanada kuchaytirgan. Erkaklar kanizaklar olish huquqiga egaligi holda, ayollar ikkinchi bor turmushga chiqishdan mahrum bo‘lgan. Ikkinchi bor erga tegish sharmandalik hisoblangan va qattiq qoralangan.

 

Xitoyda ayollarga bolaligidanoq jismoniy qiynoq joriy qilingan bo‘lib, bu qadimdan ma’lum bo‘lgan “oyoqni bog‘lash” an’anasi edi. Qiz bola 14–18 oylik bo‘lgach, “oyog‘ini bog‘lash” amalga oshirilgan. Tan sulolasi davrida bu odat oqsuyaklar orasida tarqalgan bo‘lsa, Min sulolasi davriga kelib, oddiy xalq orasida ham ommalashgan edi. Sin sulolasining so‘nggi davrida ushbu an’anani taqiqlash uchun amaliy harakatlar boshlangan. Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgandan keyin esa oyoqni bog‘lash an’anasi butunlay yo‘q qilingan.

 

19-yuzyillik oxirida “Osmonli oyoq jamiyati”ning tashkil topishi bilan “oyoqni bog‘lash” odatidan voz kechish boshlangan.  “Tyanszu” (“tabiiy oyoqlar”) atamasi keng tarqalgan va butun Xitoy jamiyati ayollarning oyog‘ini bog‘lashni to‘xtatishga chaqirilgan. Sin davri islohotchilaridan Kan Yuvey shaxsiy erkinlikka, tenglik va mustaqillikka ishongan ayollar ozodligini qo‘llab-quvvatlagan va bu yo‘nalishda katta sa’y-harakat olib borgan. Shuningdek, Lyan Sichao ham ayollar millat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shishiga va millatni mustahkamlashiga, erlariga yordam berishi va bolalarni tarbiyalashiga ishongan holda bu g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlagan. 1920-yillardagi “Fanszu” (“Oyoqlarni ozod qilish”) harakati hamda Respublika davridagi tashabbuslar bu muammoni ma’rifat orqali hal etish va uni butunlay yo‘qotish yo‘lidagi ilk muhim qadamlardan bo‘lgan.

 

Aynan shu davrdan Xitoyda ayollarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy jarayonlarda faol ishtiroki boshlaganini ham ta’kidlash lozim. 19-asrning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tgan “Taypinlar qo‘zg‘oloni”da Li Sinmey ismli ayol alohida jasorat va matonat ko‘rsatgan bo‘lib, uning ikki ming nafardan iborat harbiy bo‘linmasi bo‘lgan. Taypinlar erkaklarni ayollarga nisbatan teng, opa-singillardek munosabatda bo‘lishga chaqirganlar.

 

Ayni shu davrda Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonligida shariatga ko‘ra to‘rttagacha xotin olishga ruxsat berilgan. Ayollar jamoa ishlariga jalb qilinmagan. Ularning iqtisodiy xarajatlari dastlab otasi, so‘ngra eri va farzandlari tomonidan qoplangan. Xitoy jamiyatidan farqli ravishda xonliklarda eri o‘lib beva qolgan xotin ikkinchi marta turmushga chiqishi mumkin bo‘lgan. Turmushga chiqqanda qiz bolaga 150 tanga, juvonga ikkinchi bor oila qurganda 75 tanga shaxsiy xarajatlari uchun mahr (nikoh qilingan paytda kelinga beriladigan moliyaviy haq) berilgan. Ayollar sog‘lom farzand tug‘ib, voyaga yetkazuvchi sifatida qaralgan. Xonliklarda xotin-qizlarning ko‘chada o‘ranib yurishi majburiy bo‘lgan. Jadidchilik harakatining yirik namoyandasi va yetakchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy Istanbul, Qohira, Damashq shaharlarida ayollarning yuzlari ochiq holatda yurishlari, masjidga borib namoz o‘qishlari, o‘z uylaridek tikish tikib o‘tirganlarini ko‘rib hayratga tushgan. Bozorlarda erkaklar bilan barobar savdo bilan shug‘ullanayotgan ayollarning o‘z ishining ustasi ekanligiga guvoh bo‘lgan. Barcha sohalarda islohotlar qilishni yoqlab chiqqan Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jamiyatidagi ayollar mavqei oldingidek saqlanib qolishi tarafdori bo‘lgan va ayollar masalasida an’anaviylik fikrida qolgan: “... Masalan, xotunlar masalasini hozir o‘rtadan chiqarmoq kerak. Mana bul butun Turkistonni ixtilofiga sabab bo‘lub, do‘stlarimiz bag‘rini qon va dushmanlarimizni xursand etar. Bizni ittifoqimizni xohlaganlardan rijo etarmizki, xotunlar masalasidan hozir bahs etmasunlar va muvaqqat zamong‘a havola etsunlar”.

 

O‘z davrining yetuk ulamolaridan bo‘lgan Buxoro amirligi muftiysi Domla Ikrom ayol kishi ichki ziynatini ko‘rsatishi mumkin bo‘lganlarni uch guruhga bo‘ladi. Birinchisi, eri bo‘lib, u mahram hisoblanadi va unga ayolning hamma joyi halol hisoblanadi. Ikkinchisi, o‘g‘li, otasi, aka-ukalari, bobosi, erining otasi,  bir qorindan tug‘ishganlari, go‘daklar bo‘lib, ularga ayolning sochiga, ko‘ksiga, boldiriga, tirsagigacha qarashlariga ruxsat berilgan. Muallif uchinchi guruhga keksa yoshdagilar, aqli zaiflar va ayolga xizmat qiluvchi qullarni kiritadi. Ammo bu guruhga kiruvchilar oldida ayol yosh bo‘lsa, tanasini to‘liq to‘sib turuvchi uzun kiyim bilan o‘tirishi kerak, deb hisoblaydi.

 

Xitoyda oddiy tabaqaga mansub ayollar ta’lim, malaka va hunardan mahrum bo‘lgan va erkaklarga to‘liq tobe’ holatda yashaganlar. Faqat yuqori tabaqaga mansub ayollarning ta’lim olish huquqi mavjud bo‘lgan. Bu davrda Turkiston mintaqasi xonliklarida qiz bolalar otinoyi va bibixalfalar tomonidan tashkil qilingan maktablarda o‘qish, yozish, hisob va turli hunarlarni o‘rgatishga jalb qilingan. Diniy bilimlar o‘rgatilgan. 20-yuzyillik boshlariga kelib, jadidlar ayollarning dunyoviy bilim olishlarini yoqlab chiqqanlar. Abdurauf Fitrat farzand tarbiyasi bilan onalar shug‘ullanganligi uchun ularning zamonaviy bilim olishlari muhim deb hisoblagan: “Modomiki, ilm olish har bir odam uchun diniy va dunyoviy majburiyatlarga kirar ekan, ayollar ham ilm o‘rganishlari shartdir”.

 

Xitoydagi ayollarning haq-huquqlarini himoya qilish, jismoniy zo‘ravonlikka qarshi kurash, xotin-qizlar ta’limini ommaviy ravishda yo‘lga qo‘yish uchun harakatlarda shanxaylik islohotchilar yetakchilik qilgan. Mashhur yozuvchi Syue Shaouxey ushbu harakatning yirik namoyandasi va yetakchilaridan bo‘lgan. U 1897-yili ayollar ta’limi uchun dastur ishlab chiqqan. Unda to‘rt asosiy jihatga e’tibor qaratgan:

 

                    Fude – ayol fazilati;

                    Fuyan – ayol so‘zi;

                    Fugun – ayol mehnati;

                    Fujun – ayol ko‘rinishi.

 

Syue Shaouxey  ayollar ta’lim dasturiga geografiya va tarix fanini o‘qitishni ham kiritishni tavsiya qilgan. Uning fikricha, xotin-qizlar geografiya fani orqali  “besh qit’a kengliklari” va “Xitoy tog‘-u daryolari hamda ularning go‘zalligi” haqida bilimga ega bo‘lishlari mumkin bo‘lgan. Tarix fanini o‘qishi natijasida asrlar davomida ayollarning xulq-atvori qanday mezonlar bilan baholanganini bilishi mumkin bo‘lgan. Shuningdek, yozuv (kalligrafiya) va rassomlik san’atini o‘rganish ayollarda badiiy did va estetik hisni rivojlantirishga qaratilgan; tibbiyot asoslari esa ayollar va bolalar sog‘lig‘ini mustahkamlashga yordam berishini ko‘zlagan.

 

Shanxaylik taniqli yozuvchi Chjan Chjiszyun ham islohotchilik harakatida faol qatnashgan hamda ayollarni zulm va tazyiqlarga qarshi kurashishga da’vat etgan. Asarlarida ayollar azob-uqubatlari va hayotdagi qiyinchiliklarini yoritib bergan ijodkor sifatida tanilgan.

 

Turkiston mintaqasida esa qizlarni erta turmushga bermaslik, dunyoviy bilimlar va chet tillarini o‘rgatish zarurati, ko‘pxotinlikka qarshi da’vatlar Toshkent, Samarqand, Buxoro jadidlari tomonidan ilgari surilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy xotin-qizlarga chet tillarni o‘rgatish kerakligini ta’kidlab, “Taraqqiy etgan millatlarni onalari o‘qitar ekan, biz avval onamizni o‘qutub, anga til o‘rgatmoqimiz kerak. Chunki bizni ilm va tilsizligimiz alardandir”, degan bo‘lsa, Abdurauf Fitrat diniy va dunyoviy bilimlarning ayollar uchun muhimligiga to‘xtalib o‘tgan: “Modomiki, ilm olish har bir odam uchun diniy va dunyoviy majburiyatlarga kirar ekan, ayollar ham ilm o‘rganishlari shartdir”, deydi.

 

Toshkent, Qo‘qon, Farg‘ona ayollari tomonidan milliy matbuotda qizlarni maktab va madrasalarda o‘qitib, o‘zi istagan kasbi bilan shug‘ullanishiga ruxsat berish, ularni oila qurishga tayyorlash bilan cheklamaslik masalasi ko‘tarilgan. “Jalilova” imzosi bilan chop etilgan “Xonimlar tovushi” maqolasida keraksiz odat va marosimlardan voz kechish, qiz bola tug‘ilgandan boshlab sandiq-sandiq sep yig‘ish o‘rniga tartibli maktablar ochib ularni o‘qitish, diniy bilimlar bilan birga dunyoviy bilimlarni o‘rgatish, ayol muallimalar, muharrirlar, qozilar, shifokorlar yetishtirish vaqti kelgani ta’kidlanadi.

 

Xitoyda 1897-yil 6-dekabrda ilk marta “Syuy syuexuey” nomli ayollar ilmiy jamiyati tashkil etilgan. Uning tarkibida 122 nafar a’zo bo‘lib, shulardan 100 nafari ayollar, 12 nafari erkaklar bo‘lgan. Ayollar orasidagi ishtirokchilarning asosiy qismini islohotchilarning qarindoshlari tashkil etgan. Birinchi majlis xayriya yig‘imlarini tashkil etish va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish masalalari muhokamasi bilan ochilib, adabiy chiqishlar bilan hamroh tantanali banket bilan yakunlangan. Banket vaqtida ilk ayollar jurnali asoschilaridan, muharrir va 1898-yili ochilgan maktab o‘qituvchisi Szyan Lan o‘zining ayollar ta’limini rivojlantirish rejasi bayon etilgan “Mukammal va aybsiz” deb atalgan essesini taqdim etgan. Unda u nafaqat stipendiyalar ko‘rinishidagi moddiy yordam zarurligini, balki ayollarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish muhimligini ham ta’kidlagan.

 

Ushbu majlis natijasi o‘laroq Szin Yuanshan tadbir ishtirokchilari tomonidan yozilgan yigirma uchta she’rni jamlab, “Fikrlar to‘plami”ni (1898) yaratgan.  Shu yilning o‘zida zamon ruhi va ayollarning ta’limga intilishini ko‘rsatuvchi  “Sinven bao” (1898), “Nyuy syuebao” (1898) va “Vango gunbao” (1898) kabi yigirma beshta she’riy asar chop etilganini ham qayd qilish joiz.

 

1898-yil 31-may kuni Xitoyda ilk qizlar maktabi ochilgan va unda 16 ta o‘quvchi ta’lim olgan. Bir oydan keyin ularning soni 20 taga yetgan. Maktab ochilishiga oid “Vaqtinchalik nizom”da maktabda faqat nufuzli oilalarning qizlari o‘qishi belgilangan bo‘lib, shu yilning kuzida yana bir maktab tashkil qilingan. Bu  ikki yillik faoliyat davomida 70 nafar qizlarga ta’lim bergan. Maktabda 16 ta fan o‘qitilgan bo‘lib, kimyo, fizika, geografiya, matematika shular jumlasidandir. Qizlarga san’at va qo‘l mehnati bilimlari ham o‘rgatilgan.

 

Li Jun, Xuan Szinyuy va Li Xueysyan kabi ayol-jurnalistlar 1898-yil 24-iyulda ilk bor “Neysyuebao” (“Ayollar ta’limi”) gazetasiga asos solganlar. Gazetaning birinchi sonida maqolalar mualliflarining familiyalariga “nyuyshi” – ya’ni “ayol olim”, “ziyoli ayol” degan unvon qo‘shib yozilgan. Gazetaning asosiy maqsadi 200 million xitoylik ayolni qutqarish va ular uchun teng huquqlarni qo‘lga kiritish bo‘lgan.

 

19-asrning oxirlaridan boshlab ayollarning ahvoli millatning umumiy holatini ko‘rsatuvchi ko‘rsatkich sifatida qarala boshlangan va bu Xitoyning jahon sahnasidagi mavqei uchun muhim ahamiyat kasb etardi. Shu vaqtgacha an’anaviy ayol obrazi faol tarzda targ‘ib qilingan bo‘lsa, endi unga qarshi ravishda “yangi ayol” – bilimli, savodli, vatanparvar va mustaqil shaxs obrazi ilgari surila boshlangan.

 

1900-yillari Xitoy jamiyatida ayollar masalasi bo‘yicha muhokamalar paydo bo‘lishiga Ma Szyunyun (1881–1940) tomonidan Yevropa olimlarining Gerbert Spenserning “Ayollar huquqlari”, Djon Styuart Millning “Erkinlik haqida” va “Ayolning bo‘ysundirilishi” asarlaridan qilingan tarjimalar ham sabab bo‘lganini qayd etish joiz. Bu nashrlar aholi, ayniqsa yoshlar orasida “erkak va ayol teng huquqli”, “tenglik” kabi tushunchalarning keng tarqalishiga xizmat qilgan.

 

1907-yilga kelib, Xitoy hukumati qizlar maktabi tashkil qilishga ruxsat berishi munosabati bilan “Uben qizlar maktabi”, “Chendun ayollar maktabi”, “Szunmen ayollar maktabi”, Say Yuanpeyning “Vatanparvar ayollar maktabi” ochilgan. 1908-yil iyulda Szinshi ayollar pedagogika maktabi tashkil etilgan bo‘lib, 1912-yili Pekin ayollar pedagogika kollejiga, 1919-yili esa Oliy pedagogika maktabiga aylantirilgan.

 

1911-yilga kelib Xitoy ayollarining harbiy sohada ham iqtidorga ega ekanliklari ma’lum bo‘lgan. Ayollar Sinxay inqilobi hamda Uchang qo‘zg‘olonida faol ishtirok etganlar. Ge Szinxua tashabbusi bilan ayollar harbiy qismi tuzilgan bo‘lib, uning qo‘mondoni etib katta nufuz va hurmatga ega bo‘lgan ayol – Chjan Chjaoxan ya’ni Chjan Mojun tayinlangan. U Shanxay hokimi Chen Simeyga yo‘llagan maktubida shunday deb yozgan edi: “Biz hamfikr ayollarni yig‘ib, vatandoshlarimizni qutqarish va asosiy kuchlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida adolatli qo‘shin tuzishga qasam ichdik”. O‘n kun ichida 100 nafar ayol ixtiyoriy ravishda bu qismga qo‘shilish istagini bildirganini tarixiy hujjatlar tasdiqlaydi. Xitoyda ayollarga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik ularning qattiq irodali bo‘lishlariga sabab bo‘lgan.

 

Sinxay inqilobidan so‘ng ayollarning emansipatsiyasi (tobelikdan xoli bo‘lish) masalasi yangi bosqichga ko‘tarildi. Inqilob davrida tuzilgan Gomindan partiyasi faoliyatida ayollarning haq-huquqlari uchun kurash yangi bosqichga chiqqan. Chen Dusyu va Lu Sin kabi siyosiy arboblar feodal odob-axloq va fanatizmga qarshi faol kurash olib borganlar. “Ayollar ittifoqi”, “Yangi ayollar” kabi uyushmalar tashkil etilgan, shuningdek, “Yosh ayollar gazeti”, “Ayollar gazeti”, “Ayollar va oila masalalari”, “Ayollar harakati ozodlik gazeti” o‘z faoliyatini boshlagan. Gazetalarda erkak va ayollar tengligiga chaqiriq, ayollar uchun majburiy ta’lim huquqi, ovoz berish huquqi, mehnat sharoitlarini yaxshilashga bag‘ishlangan maqolalar muntazam chop etilgan. Ayollarga g‘arb ta’lim tizimlari, ipakchilik, to‘qimachilik va boshqa kasblarni o‘rganish, shuningdek turmush o‘rtoqni tanlash haqida ma’lumot berilgan. 1912-1913-yillarda o‘g‘il va qizlarning birgalikda ta’lim olishiga ruxsat beruvchi qonun qabul qilingan. Bu kabi ishlar ayollarning aholi orasida siyosiy ta’sirini mustahkamlashga xizmat qilgan.

 

19-yuzyillik oxirlarida boshlangan islohotlar uchun kurashlar natijasi o‘laroq 1917-yilga kelib Xitoyda kollej va maktablarda ta’lim olayotgan qizlar soni taxminan 200 ming nafarga yetgan.

 

20-yuzyillik boshlariga kelib Xitoy ayollari jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topib, jamoatchilik faoliyatiga qo‘shila boshlagan. Hukumat buni qonuniylashtirishga qaror qilgan va ayollarning faoliyati qo‘llab-quvvatlangan. Endi ayollar uyushmalarga birlashib, erkaklarga beriladigan bepul ta’lim huquqini, shuningdek shaxsiy va oilaviy hayotlarini mustaqil tartibga solish huquqini talab qilishi mumkin bo‘lgan. Yangi qonunga ko‘ra, erkak va ayollar tengligi qonuniy ravishda mustahkamlangan. Ayollarga oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish huquqi ham berilgan va 1920-yili Pekin universiteti ilk bor 9 nafar qiz talabani qabul qilgan[1].

 

Ayni shu davrda Turkiston Avtonom Respublikasi, Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati, Xorazm Xalq Sho‘rolar Jumhuriyatida xotin-qizlar masalasi kun tartibidagi muhim vazifaga aylangan. Qizlarning ta’lim olishi, erta turmushga bermaslik, davlat va jamoat ishlariga jalb qilish ishlari amalga oshirila boshlandi. Ilk bor o‘zbek qizlari Rossiya va Germaniyaga oliy va o‘rta-maxsus ta’lim olib kelish uchun yuborilgan.  Ulardan biri toshkentlik ma’rifatparvar boy Majidxon Jalilovning qizi Xayriniso Majidxonova (1905–1938) bo‘lib, 1922-yil kuzida Germaniyaga o‘qishga yuborilgan. 1924–1926-yillari Darmshtadt shahrida O‘qituvchilar seminariysida, tibbiyot kurslarida o‘qigan. Nemis tili va adabiyotini puxta o‘rgangan. 1928-yili O‘zbekistonga qaytib, 1937-yil 13-sentyabrga qadar shifokor bo‘lib ishlagan[2].

 

Yana bir o‘zbek qizi, “Yosh xivaliklar” harakatining faol ishtirokchilaridan ma’rifatparvar Mulla Jumaniyoz oilasida tug‘ilgan Maryam Sultonmurodova (1905–1971) 1922-yili Germaniyaga ta’lim olish uchun ketgan. Dastlab Darmshtadt shahrida Berlin universiteti qoshidagi nemis tili kursini tugatgan. 1924-yili Darmshtadtga borib, 1926-yilgacha o‘qituvchilar seminariysida o‘qigan. 1927-yil Berlinga kelib, bir yil amaliy mashg‘ulot o‘tagan. 1928-yil o‘qishni tugatib, O‘zbekistonga qaytgan.

 

Bir narsani ta’kidlash joizki, barmoq bilan sanarli bu iqtidorli qizlarning mustamlaka sharoitida Germaniyada tahsil olishi oson kechmagan. Xayriniso Majidova 1922-yili Toshkentda tuzilgan “Ko‘mak” jamiyatining homiyligida o‘qishga ketgan bo‘lsa-da, uning moddiy ta’minoti otasi tomonidan qoplab borilgan – Xorazm Xalq Sovet Respublikasidan o‘qishga borgan, ammo hukumat tomonidan moddiy yordam berilmagan. Bu haqda o‘sha vaqtda Germaniyada tahsil olayotgan Sattor Jabborning: “Oramizda Maryamxon, Xayriniso, Saodatxon otliq o‘qish uchun mamlakatimizdagi to‘siqlarga qarshi Ovrupoga otilgan fidokor qizlarimiz ham bor. Ularning o‘qishlari yaxshi. Biroq, xivalik Maryamxon moddiy tomondan yaxshi ta’min qilinmagani uchun yo‘llarida ko‘p chatoqliklar ko‘radir. Chindan hayot xotini bo‘lmoq va Turkistonda qolgan opa-singillarining istiqboli uchun hech kim ko‘rsatmas qahramonlik qilib kelgan qiymatlik qizimizga Xorazm Jumhuriyatining shunday sovuqqonlik bilan qarashiga Turkiston yoshligi taassuf aytmay tura olmaydir”, deb yozgan ma’lumotlari orqali bilib olish mumkin.

 

Bu kabi qiyinchiliklar qizlarning irodasini buka olmagan, ular o‘qishni tamomlab o‘z yurtiga qaytgan.

 

1924-yil 8-martda Xitoy ayollari ilk bor 8-mart Xalqaro ayollar kunini nishonlaganlar. Bu tashabbus Gomindan partiyasi Markaziy qo‘mitasining Ayollar bo‘limi tomonidan ilgari surilgan. 5-mart kuni Guanchjoudagi “Republic Daily” gazetasida quyidagi e’lon berilgan: “8-mart Xalqaro kun bo‘lib, dunyo bo‘ylab ayollar birlik namoyishlarini o‘tkazadilar. Xitoy ayollari uzoq vaqtdan beri zulmga uchraganlar, shu kuni ozodlik uchun kurash olib borishi kerak. Guanchjou ayollari ham shu kuni ommani uyg‘onish va birlashishga chaqirish uchun chiqishi lozim!”. 8-mart kuni soat 10:00 da Jisin maktabi, Oliy pedagogika maktabi, Tusyan maktabi, Ayollar kasb ta’limi instituti va boshqa 20 dan ortiq ta’lim muassasalaridan taxminan minglab talaba qizlar, “Ayollar federatsiyasi” tashkilotlari vakillari Guanchjou Birinchi bog‘ida yig‘ilganlar. Partiyaning faol ayollari Xe Syannin va Szen Sin nutq so‘zlab, ayollarni Milliy inqilobda faol ishtirok etishga chaqirganlar.

 

Bayramda quyidagi muhim shiorlar ilgari surilgan: “Ayollar mehnat huquqi, teng ta’lim, teng maosh va ovoz berish huquqini talab qilamiz!”, “Birgalikda yashash va ko‘p xotinlikni bekor qilaylik!”, “Ayollar xodimlarni himoya qilish, ona va bola himoyasi haqida qonunlarni qabul qilishni talab qilamiz!”, “Qullarini ushlashni taqiqlaylik!”, “Yosh qizlarni nikohga beruvchi tizimni bekor qilaylik!”, “Qotillik va xotin sotish tizimini bekor qilaylik!”, “Sakkiz soatlik ish kunni joriy qilaylik!”. Bu shiorlar ayollarning manfaatiga xizmat qilgani uchun Xitoy jamiyatining barcha qatlamlaridagi ayollarda katta qiziqish uyg‘otgan va qo‘llab-quvvatlangan.

 

Ammo ayollarning erkinligi va tengligi butun Xitoy hududida bir xil amal qilmagan. Faqatgina Xitoy Xalq Respublikasining tuzilishi bilan ayollar masalasi uzil-kesil hal qilingan. 20-yuzyillikning o‘rtalariga kelib ayollarga oilaviy hayotda o‘z manfaatlarini himoya qilish huquqi, jinslar tengligi, hokimiyat organlariga ovoz berish va saylanish huquqi hamda boshqa huquqlar berilgan.

 

Xitoyda ayollarning ijtimoiy mavqei bosqichma-bosqich yaxshilanib borishi jarayonida ayni shu davrda Turkiston mintaqasi ayollari uchun og‘ir kechganini tarixiy manbalar tasdiqlaydi. 20-yillarda Turkiston, Buxoro va Xorazm Respublikalarida respublika, viloyat, tuman va mahallalarda xotin-qizlar bo‘limi tashkil qilingan. Har bir xonadonga kirib, ayollar uchun o‘quv kurslari tashkil qilingani juda ehtiyotkorlik bilan tushuntirib chiqilgan. Savod chiqarish kurslari, maxsus xotin-qizlar klublari, artellar va do‘konlar tashkil qilingan. Bu yerga tashrif buyurgan ayollarga hunar o‘rgatish, savodini chiqarish fonida paranji tashlash bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshirilgan.

 

3-4 yillik targ‘ibot sezilarli natija bermagach, 1926-yil sentyabrda O‘rta Osiyo partiya komitetlarining xotin-qizlari bo‘limlari xodimlari ishtirokida kengash o‘tkazilgan va ayollar bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish hamda uni majburiy ravishda o‘tkazishga qaror qilingan. Bu majburiy tadbir “Hujum” deb atalgan. Go‘yoki hujum uslubida ayollar muammosini hal qilishga kirishilgan. 1926-yili bu kampaniyani amalga oshirish uchun O‘zbekiston SSRda maxsus komissiya tuzilgan.

 

1927-yil 8-mart kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida yuzlab mitinglar tashkil qilingan va minglab ayollar paranji tashlagan. Bu tadbirni o‘tkazishda islom an’analari, o‘zbek oilasidagi erkak va ayol munosabatlari, milliy urf-odatlarimiz inobatga olinmagan. Rasmiy hujjatlarda 1927-1928-yillari O‘zbekistonda 2,5 mingdan ortiq paranji tashlagan ayollar o‘ldirilgani ko‘rsatilgan. Ayollarning o‘ldirilishi ortidan 1928-yili 671 kishi qamoqqa olingan va turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan, 7 kishi otuvga hukm qilingan.

 

“Hujum” natijasida Farg‘ona vodiysida ko‘plab ommaviy chiqishlar yuzaga keladi. Birgina Namanganda 500 kishi ishtirokida norozilik chiqishi yuz beradi. Bu kabi noroziliklar bolsheviklar tomonidan qurol kuchi bilan to‘xtatiladi.

 

Xulosa qilib aytganda, 19-yuzyillik oxiri 20-yuzyillik boshlarida Turkiston mintaqasi va Xitoyda ayollarning ijtimoiy mavqeida o‘xshashliklar va o‘ziga xosliklar mavjud bo‘lgan.

 

Dilnoza JAMOLOVA,

FA Tarix instituti

ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari,

tarix fanlari doktori, professor



[1] Bailey P.J. Genderand education in China. Abingdon, 2007. P. 108.

[2] Sh.Turdiyev. Ular Germaniyada o‘qigan edilar. Toshkent, 2006. 115–122-betlar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

16:12 / 12.12.2025 0 262
Nasriddin Afandi qozi boʻlganmi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//