Nasriddin Afandi qozi boʻlganmi?


Saqlash
16:49 / 12.12.2025 41 0

Nasriddin Afandi haqida latifa eshitmagan, aytmagan, eng muhimi, uning hangomalaridan zavq olmagan inson bo‘lmasa kerak. Afandi obrazi koʻz oʻngimizda gavdalanishi bilan yuzimizga tabassum yuguradi.

 

Noyabr oyida Nasriddin Afandi bilan bogʻliq xalqaro tadbir yuzasidan Turkiya Respublikasida xizmat safarida bo‘ldim. U yerda “Oʻzbekistonda Nasriddin Afandi merosi” haqida taqdimot qilganimda koʻpchiligi hayron boʻlib, “Sizlarda ham Nasriddin Xoʻja bormi?” deya soʻradi. Yurtga qaytib tadbir tafsilotlari haqida o‘rtoqlashganimda hamkasblar “Ularning ham Nasriddin Afandisi bor ekanmi, bizniki emasmidi Afandi?” degan savolga tutdi. Bu savollarning hammasiga jiddiy turib “ha” deb javob berish mumkin. Chunki Nasriddin Afandi obrazi bizni nafaqat Onadoʻli turklari, balki juda koʻplab boshqa xalqlar bilan ham birlashtirib turadi.

 

Xoʻja Nasriddin Afandi Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Kichik Osiyo mintaqalarida yashovchi xalqlarning umumiy mutoyiba qahramoni. Turkiyada Nasriddin Xoʻja, Ozarboyjonda Mulla Nasriddin, Oʻzbekistonda Xoʻja Nasriddin, Qozogʻistonda Mulla Nosir va hokazo nomlar bilan ataladi.

 

Afandi so‘zining etimologiyasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, “Turkcha so‘zlarning etimologik lug‘ati”ga ko‘ra (www.etimolojiturkce.com), yunoncha avtentis (αυθέντης – avthéntis) so‘zidan olingan bo‘lib, janob, hazrat, taqsir degan ma’nolarda dastavval yunon pravoslav ruhoniylarga xitoban ishlatilgan. 1071-yilda Saljuqiylar sultoni Alparslon Vizantiya imperatori Roman Diogenni Malazgirt (Mansikert) urushida yenggach, turklar Kichik Osiyoga ommaviy ravishda kirib borgan. Asrlar mobaynida ro‘y bergan madaniy aloqalar jarayonida bu so‘z Onadoʻli turklarining tiliga ham o‘tgan. Hozirda turk tilida afandi (efendi) so‘zi ilmli, ma’rifatli, ziyoli kishilarga nisbatan ishlatiladi. Masalaning yana bir muhim jihati borki, Saljuqiylar saltanati Markaziy Osiyo, Eron, Yaqin Sharq va Kichik Osiyo mintaqalarida, aniqrog‘i, Nasriddin Afandi latifalari ommalashgan hududlarda bir asrdan ortiqroq vaqt davomida hukmronlik qilgan. Keyingi asrlarda yurtimizda bunyod etilgan Xorazmshohlar davlati ham Saljuqiylardan ajralib chiqqanini va madaniy aloqalar saqlanib qolganini hisobga olsak, mo‘g‘ullar bosqini davrigacha bu jarayonlar davom etgani anglashiladi. Nasriddin Afandi obrazi ham o‘sha davrlarda ommalashganini taxmin qilish mumkin.

 

 

Xalqimiz Afandini mamlakatimizning hamma hududlarida tasvirlasa-da, koʻpchilik uni Buxoroga nisbat beradi. Buning birinchi sababi 1223-yilda Muhammad Avfiy Buxoriy ismli adib tomonidan latifalarni jamlab yozilgan “Javomeʼ ul-hikoyot va lavomeiʼ ur-rivoyot” (Hikoyalar majmuasi va rivoyatlar shuʼlasi) nomli asardir. “Nasriddin Buxoroda” badiiy filmi va 1979-yilda Buxoro shahrining tarixiy markazida, Labi hovuz yonida Xoʻja Nasriddin Afandining haykali bunyod etilgani ham bunday qarashning ommalashuviga taʼsir qilgan omillardan.

 

Nima boʻlganda ham, bizning Afandi xalqimizning gʻam-tashvishlarini aritib, hamisha hamnafas boʻladigan, chigal muammolarning noodatiy yechimini topib beradigan, fojialarni kulib yengishga oʻrgatadigan xayoliy qahramondir.

 

Turkiyalik Nasriddin Xoʻjaning tarjimayi holi boshqacha. U 1208–1284-yillarda Saljuqiylar davrida yashagan tarixiy shaxs. 1208-yilda mazkur saltanatning Eskishahar viloyatidagi Xoʻrtu qishlogʻida (bugungi Turkiya) tugʻilgan. Onadoʻli Saljuqiylari davlatining poytaxti Koʻniyadagi madrasalarda tahsil olgan. Keyinchalik Akshehir (Oqshahar) shahriga koʻchib oʻtib, mutasavvuf Mahmud Hayroniydan Yassaviylik, Mavlaviylik tariqatlaridan saboq olgan. Tahsillardan so‘ng shu shaharda qozi boʻlib ishlagan va 1284-yilda shu yerda vafot etgan. Akshehir Rim, Vizantiya, Saljuqiylar va Usmoniylar imperiyalariga oid boy tarixiy merosga ega togʻ yon bagʻridagi bahavo va goʻzal shahar.

 

 

Yaqin oʻtmishgacha bu shaharda turklar bilan birga yunonlar, armanilar, hatto rus kazaklari ham yashagan. Birinchi jahon urushi davrida tashqi kuchlar taʼsirida saltanatning ichki hududlarida armanilar isyoni boʻlavergach, ular Usmoniylar davlatining “tahjir” (gʻayriixtiyoriy koʻchirish) siyosati bilan mamlakatning boshqa manzillariga koʻchirilgan. Urushdan keyin Usmoniylar saltanati agʻdarilib, respublika eʼlon qilingach, Yunoniston bilan imzolangan “mubodala” (almashinuv) bitimiga asosan yunonlar va ularga yaqin pravoslav xalqlar (hatto Koʻniyadagi xristian “qaramon” turklari ham) Yunonistonga, turklar va ularga yaqin musulmonlar esa Turkiyaga koʻchirilgan. Rus kazaklarining tarixi bundan ham qiziq. Ular 1831–1833-yillarda yuz bergan Misr voliysi Kavalalik Mehmet Ali posho isyonini bostirishda Rossiyadan yuborilgan yordamchi harbiy kuch bilan kelgan va ularning bir qismi bugungi Akshehir hududlarida qolib ketgan. Kazaklar bir necha marta ketmoqchi boʻlsalar-da, turli sabablar bilan koʻchib ketolmagan (soʻnggi marta Sovet Ittifoqi tuzilgach urinib koʻrishgan). Baʼzilari qizil saltanatdagi Stalin qatagʻoniga uchrashdan qoʻrqqan esa-da, bir qismi yoʻlga chiqqan. Vataniga yetib borganida bosimga uchrasa, konvertga bir cheti buklangan, tinchlik boʻlsa buklanmagan boʻsh qogʻoz solib yuborishga kelishilgan. Ammo ketganlardan ikki cheti buklangan qog‘oz solingan konvert kelgan. “Ahvol judayam ogʻir”ligini xulosalagan bu yoqdagilar Turkiyadan ketmaslikka qaror qiladi. Ular keyinchalik sovetlardan norozi guruh sifatida AQShdan boshpana topgan.

 

Akshehirda armanilar va yunonlarning uylari, hammomlari, cherkovlari va boshqa binolari oʻz holicha saqlanib qolgan. Hozirda bu binolardan uy, muzey, idora, muassasa va boshqa maqsadlarda foydalanilmoqda.

 

 

Rang-barang madaniy merosi boʻlishiga qaramay Akshehirning bugungi maʼnaviy qiyofasi butunlay Nasriddin Xoʻjaga bagʻishlab dizayn qilingan. Nasriddin Xoʻja xiyoboni, uy muzeyi va unda mum haykallar, shaharning bir nechta nuqtasida u bilan bogʻliq latifalarni aks ettiruvchi haykallar ijod etilgan. Akshehir markazida Nasriddin Xoʻja atrofida zamonaviy turk hajviya sanʼati namoyandalarining yodgorligi ham oʻrnatilgan. Uning maqbarasi shahar markazidagi xiyobonlardan birida joylashgan.

 

Har yili noyabr oyining ikkinchi haftasi davomida “Mashhur mutafakkir, kulgi ustasi, xalq faylasufi Xoʻja Nasriddin Afandining vafoti kuni munosabati bilan xotirlash” tadbirlari oʻtkaziladi. Bu tadbir shunchaki xotira tadbiridan tubdan farq qiladi. Chunki tayyorgarlik butun mamlakat miqyosida ancha avval boshlanadi. Har qanday madaniy meros kelajak avlodning qalbiga singdirilgandagina qadriyatga aylanadi. Buni yaxshi tushungan turk madaniyat sohasi vakillari mazkur tadbirni rosmana xalq bayramiga aylantira olganlar.

 

Turkiya 7 ta mintaqa va 81 ta viloyatga boʻlinadi. Yil davomida mintaqalar doirasida boshlangʻich sinf oʻquvchilari oʻrtasida Xoʻja Nasriddin Afandi latifalarining teatrlashtirilgan ijrosi boʻyicha musobaqalar tashkil qilinadi. Mintaqa gʻoliblari ishtirokidagi final bosqichi esa noyabr oyining ikkinchi haftasida Akshehir shahrida Xoʻja Nasriddin Afandining vafoti kuni munosabati bilan xotirlash tadbirlari doirasida oʻtkaziladi. Bundan tashqari, butun shahar Nasriddin Xoʻja va uning latifalarini eslatuvchi bezaklarga burkanadi.

 

Shahar hokimligi hamda Turkiya Madaniyat va turizm vazirligining saʼy-harakatlari bilan 2022-yilda Xoʻja Nasriddin Afandi latifalarini aytish sanʼati UNESKO xalqaro tashkilotining nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan. Faqat oʻzimizniki deb hisoblab yurganim Xoʻja Nasriddin Afandining merosi boʻyicha qardoshlarimiz shuncha ishlarni amalga oshirgani, toʻgʻrisi, meni hayratlantirdi, havasimni keltirdi.

 

Kim bilimdon – koʻp oʻqiganmi, koʻp kezganmi, degan savolga: koʻp oʻqib koʻp kezgan, deb javob berishgan ekan donolar. Shu paytgacha Nasriddin Afandi haqida oʻqigandik, ammo olis bir yurtda uning bu qadar ulkan merosi borligi haqida bilimim oz edi. Birgina xizmat safari bilan shuncha ma’lumotdan xabardor boʻldim.

 

 

Xalqimizning boy va teran madaniy, maʼnaviy merosi bu borada ham juda koʻplab ishlarni amalga oshirishga imkon beradi. Xususan, Xoʻja Nasriddin Afandi Oʻzbekistonning ham madaniy-maʼnaviy qadriyatlarining ajralmas qismi boʻlib, musulmon sharqi xalqlari orasida juda mashhur shaxsiyatlardan biridir. Oʻzbekistonda Xoʻja Nasriddin Afandi siymosiga doir bunday formatdagi xalqaro tadbirlarning tashkil etilishi mamlakatimizning “yumshoq kuchi”ni xalqaro maydonda keng targʻib qilish barobarida, turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish, daromadlarini oshirish va iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

2022-yilda Turkiya Respublikasining taklifi asosida “Xoʻja Nasriddin Afandi latifalarini aytish sanʼati” UNESKO xalqaro tashkilotining nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritilganini inobatga olib, mazkur madaniy merosning Oʻzbekistonga ham tegishliligini UNESKOning hujjatida qayd etish yuzasidan murojaat qilish va muzokaralar olib borish madaniy merosimizni xalqaro miqyosda targʻib qilishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.

 

Xulosa qilib aytganda, xalqimizning biz ocholmayotgan xazina sandigʻida Xoʻja Nasriddin Afandi kabi bebaho sarvatlar behisob. Ularni, avvalo, oʻzimiz oʻrganib, keyin oʻzimizning merosimiz sifatida dunyoga tanitish uchun qiladigan ishlarimiz hali juda koʻp.

 

Anvar YUSUPOV,

mustaqil jurnalist

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//