“Biz hech kimsadan yordam o‘tinmaymiz” – Turkiston muhojirlari hayoti


Saqlash
16:23 / 15.12.2025 773 0

Turkistonning dastlab Chor imperiyasi, keyin esa bolsheviklar tomonidan istilo qilinishi minglab insonlarni muhojirlik nomli og‘ir taqdirga duchor etdi. Har bir tong ularning oldiga yangi sinovlarni, zabt etilishi lozim ulkan dovonlarni ro‘baro qildi. Biroq ular chekinmadilar. Ana shu chidam, sabr va qat’iyatning ortida Turkistonga bo‘lgan cheksiz muhabbat yotardi.

 

Tarixchi olimlar Shodmon Hayitov va Nemat Sobirovlarning qayd etishicha o‘zbek muhojirlari tarixini 3 davrga bo‘lish mumkin. Bu davrlar quyidagichadir:

 

– 1917-yil oktyabr to‘ntarishiga qadar xorijga ketib qolgan o‘zbek vatandoshlar;

                   XX asrning 2030-yillarida xorijga ketgan vatandoshlar;

– II jahon urushi yillaridagi janglarda ishtirok etib, so‘ngra turli sabablarga ko‘ra xorijda qolib ketgan vatandoshlar. Bizning ushbu maqolamiz ikkinchi davrga bag‘ishlangan.

 

XX asrning 20–30-yillarida sovet hukumati tomonidan amalga oshirilgan yer-suv islohoti, “quloqlashtirish” jarayonlari, 1931–1933-yillarda minglab xususiy xo‘jaliklarni tugatish hisobiga millionlab odamlarni kolxozlarga  zo‘rlab kiritish siyosati, shuningdek “Milliy Ittihod” va “Narkompros” kabi soxtalik bilan uyushtirilgan o‘nlab jinoiy ishlar sabab ko‘plab milliy ziyolilar, savdogarlar, hunarmandlar, oddiy dehqonlar o‘z vatanlarini tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ldilar. O‘sha og‘ir yillarning achchiq ta’mini tatib ko‘rgan Shahobiddin Yassaviy o‘z suhbatlaridan birida shunday degan edi: “Kelajakni bashorat qilib, haqiqatni aytgan bobolarimiz oldida uch yo‘l bor edi: biri – haq yo‘lida jonni fido qilish, ikkinchisi – istibdodga ko‘nib, taqdirga tan berish, uchinchisi – tarki dunyo qilib, g‘ariblik jandasini kiyib, vatandan bosh olib ketmak. Ne taqdirki, bizlarning otalarimiz uchinchi yo‘lni tanlashgan”.

 

Vatandan ketishga majbur bo‘lgan minglar vatandoshlarimiz Afg‘oniston, Turkiya, Hindiston, Eron, Arabiston  va boshqa yana ko‘plab mamlakatlarga hijrat qildilar. Xo‘sh, ularning keyingi ahvoli qanday bo‘ldi, boshlaridan qanday azob va uqubatlar kechdi? Quyida shu haqda.

 

Ma’lumki, turkistonlik muhojirlar xorijda turib ham Vatani hurriyati uchun tinimsiz kurash olib bordi. Xususan, ular tomonidan “Yangi Turkiston”, “Milliy Turkiston”, “Yosh Turkiston”, “Sadoyi muhojirin”, “Turkiston sasi” kabi o‘nlab jurnallar chop etilib, sahifalarida bolsheviklarning vatanda olib borayotgan yovuz siyosati fosh etib borildi. Ayni shu nashrlardan “Yosh Turkiston”da turli mamlakatlarga borib joylashgan turkistonlik muhojirlarning vatanni tark etish dahshatlari va ko‘chib borgan manzillaridagi turmushiga doir muhim ma’lumotlar chop etilgan.

 

Jumladan, ushbu jurnalning 1934-yil 55-sonida Turkiston muhojirlarining ma’naviy rahnamosi, taraqqiyparvar ulamo Muftiy Sadriddinxonning (1878-1946) bir xotirasi chop etilgan. Muallif Orif Karimiy, Hibatulloh, Ibrohim, Ayyub, Islom ismli kishilar va o‘zining bolsheviklar tomonidan o‘lim bilan tahdid qilingach Turkistonni tark etishga majbur bo‘lganini ta’kidlab, yo‘lda uchragan mashaqqatlari xususida quyidagilarni yozadi: “Qorateginning qorli tog‘larida yayov yo‘lg‘a tushg‘on zamonimizda yonimdan marhum Orif Karimiydan boshqa Ibrohim, Hibatulloh, Ayyub, Islom degan zobit tatar tug‘onlarimiz bor edilar. Orqamizda rus kuchlari bizni ta’qib etmakda edi. Men toqatim yetmay yurolmay qoldim. Yonimdag‘ilarg‘a ijozat berdim. “Menga qarasangizlar barchamiz tutilamiz. Har holda bandani Allohga havola etib, sizlar tez-tez ilgari yuringlar. Men esam bir chora ko‘rarman”, deganimda, marhum Orifbek “Muftiy afandi, siz bu so‘zlarni kimga aytasiz! O‘ylanmang, hech istiholasiz rayingizni so‘ylang. Biz sizni qoldirib, o‘zimizni qutqaruvchilar tugalmiz [emasmiz]. O‘lim ekan barobar o‘lurmiz, najot ekan barobar yasharmiz. Sizni qoldirib o‘zni qutqarajaq qadar tuban sifat tarzda onadan tug‘ilmadiq”, dedi. Bu chin insonlarning fidokorona so‘zi, vafodorlig‘i menga qanoat berib, bu oqshom tog‘ ostiga qaytib istirohat etishni maslahat berdim. Nihoyat [sheriklarim] qorlarda namat uzra sudrab quruq yerlarda yelkasiga orqalab shu shaklda Qorateginga salomat o‘tkazdilar. Shu fidokorliqlar birgina shaxsimni hurmat uchun emas, balki turk millati va Turkiston hurmati, muhabbati uchun edi”.

 

Muftiy Sadriddinxon afandi.

 

 “Yosh Turkiston”ning 1933-yil 48-sonida chop etilgan “Turkistondan qochib Erong‘a sig‘ing‘onlarning holidan xabar olinglar” nomli maqola ham bizga muhim ma’lumotlarni taqdim etadi. Unda yozilishicha, Turkistonning Turkmanistonidan panoh izlab Eronga o‘n minglarcha oila qochib chiqqan, – sabab bolsheviklar tomonidan talanganliklaridir. Ular hamma narsasini tashlab, yolg‘iz jonlarini o‘ylab Eronga qochib o‘tganlar. Maqolada yana shunday alamli satrlarni o‘qiymiz: “Ularning kun kechirishlari ko‘p og‘ir holdadir. Ochliq, yalang‘ochliq, nohushliqqa yo‘liqqonlar. Shularning holidan xabar oladirg‘on bir musulmon bugun yo‘q desak xato qilmagan bo‘lamiz. Bu turmushdan yurt hokimalriga xabar beradirg‘on bitta bo‘lsa ham kishi yo‘qmu?”.

 

Haqiqatdan ham bolsheviklarning zulm va istibdodi natijasida Eronga qochib o‘tgan turkistonliklarning ahvoli nihoyatda og‘ir bo‘lgan. Xuddi shu jurnalning 1932-yil 29-sonida chop etilgan “Turkiston qochqinlarining fojiasi” nomli maqola ham fikrimizni quvvatlaydi. Mustafo Cho‘qay afandi maqolasining kirish qismida Turkistonda bolsheviklar tomonidan o‘rnatilgan proletariat diktaturasi mahalliy aholi hayotini chidab bo‘lmas darajada og‘irlashtirganini, sovetlar siyosati natijasida asrlar davomida o‘z mehnati bilan yashab kelgan tinch va mehnatkash turkistonliklar ona yurtlarida ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan to‘la huquqsiz holatga tushib qolganini, xalqning tabiiy mehnati bilan obod qilingan yerlar ustidan nazorat markaz qo‘liga o‘tganini, mahalliy aholi esa bu boyliklardan foydalanish huquqidan mahrum etilganini qayd etib, mazkur ishlar mustamlakachilik siyosatining yaqqol ko‘rinishi ekanini ta’kidlaydi.

 

Bundan tashqari muallif sovet boshqaruvi sharoitida Turkiston xalqlari nafaqat siyosiy hurriyatdan, balki milliy rivojlanish va madaniy o‘zlikni saqlash imkoniyatidan ham mahrumligini, sovet markaziy hokimiyati mahalliy iqtisodiy resurslarni to‘liq o‘z nazoratiga olib, aholining kundalik tirikchilik manbalarini keskin cheklaganligini, natijada xalqning tarixiy, diniy va ma’naviy qadriyatlari tizimli ravishda kamsitilib, toptalib borilganini ham urg‘ulagan. Mustafo Cho‘qayning yozishicha, sovet hukumati tomonidan olib borilgan ana shu razil siyosat sabab turkistonliklar Eron, Turkiya va Afg‘onistonga qochib  chiqishga majbur bo‘ldilar va sovet chegarasidan o‘tish asnosida ularning ba’zilari o‘z hayotlarini qurbon berdilar.

 

Mustafo Cho‘qay Eronga ko‘chib borgan turkistonliklarning og‘ir ahvoli xususida yozar ekan: “Bu kunlarda biz Erondan, u yerga qochib kelgan turkistonliklarning ahvoli haqida ma’lumot oldik. Bu tinchlik va chidab bo‘lurliq bir tirikchilikni umid qilib kelgan bu mamlakatdagi [turkistonliklarning] qanday bir kun kechirayotg‘onliklarini tasvir etmak ko‘p og‘irdir. Turkistonliklarning unsiz va qayg‘uli yuraklarini yaralamasliq uchun biz, qochqin yurtdoshlarimizning hayotlarini tafsiloti ila bu yerda takror naql etmaymiz. Shu qadarini demak kifoyadirki, olg‘on maktub shaklidagi ma’lumotimizg‘a ko‘ra ular “qordan qutilib yomg‘irg‘a uchrag‘onlar” va yurtlaridan olib chiqa bilgan matolarining so‘nggi qismlaridan ham Eron bojxona idoralari foydasiga mahrum bo‘lib, endi Hindiston hukumati himoyasiga o‘ta bilishni o‘zlari uchun eng buyuk bir xushbaxtliq deb sanamoqdalar…

 

Turkistonlik qochqinlarning ahvoli va ularg‘a yordam haqida u yerdagi Turkiya va Afg‘oniston konsullari o‘z hukumatlariga yozg‘on bo‘lsalar-da, hozirg‘acha hech bir javob olinmag‘on. Yurtdoshlarimizning falokatini yengillashtiradirgan bir javobning olinib-olinmaslig‘i ham ma’lum emas.

        

Eronga qochib chiqqan turkistonliklarning bir guruhi.

 

Bu vatandoshlarimizg‘a bir yordam ko‘rsata bilmak uchun, taassufki, o‘zimizda hech bir vosita yo‘qdir. Biz hukumatlarga murojaat etib qochqinlarning hollarini yengillashtirarlik bir yordam qilishlarini o‘tinamiz. Faqat bundan bizning istadigimiz foydali natija chiqajakmi? Hatto bizga yozmasdan avval Eron hukumatiga yozib hollaridan shikoyat ham qilg‘onlar. Anglashilg‘onig‘a qarag‘onda hatto shoh hazratlarig‘a ham yozib murojaat etganlar. Lekin bu murojaatlar natijasida qochqinlarning dardlari kamayishi o‘rniga, bilaks, avvalgi falokatlarining davom etishi to‘xtashi o‘rniga ko‘rguliklarining ma’naviy og‘irlig‘ini orttirmoqdadir. “Do‘st falokat chog‘ida sinalar” derlar. Bizning xalq eng katta falokat ichindadir. Vatanimiz, xalqimiz uchun eng qo‘rqinch bir zindong‘a aylantirilgan. Xalq tinmasdan kurashib o‘ziga bir najot axtarmoqda. Umidsizlikning so‘ng darajasiga keltirilgan va rus bolshevik idorasi dahshatlariga chidamak toqati yetgan turkistonliklarning chegaraga yaqin bo‘lg‘onlari qochmoqdalar... Bular nazarida Eron, Afg‘oniston va Turkiya dunyo jannati bo‘lib ko‘rinadir. Bu o‘lkalarda o‘z dindoshlari va qon-qardoshlari yashaydirlar. Endi bu qochqinlarning dindosh Eronda qanday qabul etilganliklarini ko‘rib turibmiz. Bu milliy fojiamizni tasvir eta bilmak uchun qanday qalam va qancha qog‘oz lozimdir? Ajabo, biz uchun milliy hurriyat va istiqlol quyoshi aslo tug‘maydirmi? Ajabo, qardoshlarimizning (muhaqqaq) aniq o‘limga qarshi najot axtarib kelgan mamlakatlari ularning moddiy va ma’naviy azoblarig‘a qarshi karquloq va sovuq yurakli bo‘lib qolaveradirlarmi? Biz turkistonliklar milliy dushmanlarimizg‘a qarshi kurashimizda hech kimsadan yordam o‘tinmaymiz! Bizning birdan bir o‘tinchimiz: o‘limdan qochib o‘ziga sig‘inarliq bir yer axtarg‘on yurtdoshlarimizning yerlilashtirilishidir. Ajabo, bizning bu tovushimiz ham eshitmasmi ekan?”, deb yozadi.

 

Ushbu maqola sovet mustamlakachilik siyosati natijasida vujudga kelgan turkistonlik muhojirlar fojeasini aks ettiruvchi noyob va yuqori darajada ishonchli tarixiy manba sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Unda muhojirlarning faqatgina og‘ir moddiy ahvoli emas, chuqur ruhiy iztiroblari, milliy g‘ururi, tahqirlangan insoniy sha’ni hamda begona siyosiy makonda duch kelgan siyosiy befarqlik holatlari ham yoritilgan. Bundan tashqari, Mustafo Cho‘qayning “Biz hech kimsadan yordam o‘tinmaymiz” degan shiori u va boshqa turkistonlik muhojirlarning qalbida milliy g‘urur va siyosiy mustaqillik ruhining saqlanib qolganidan dalolat beradi.

 

Shu bilan birga “Yosh Turkiston” jurnalining 1934-yil 59-sonida Hindistondagi turkistonlik muhojirlar to‘g‘risida ham muhim ma’lumotlar keltirilgan. Maqola avvalida Turkiston muhojirlarining katta qismi Hindistonda yashayotgani, ular bu yerda turli tashkilot va uyushmalarga birlashib yurt ozodligi yo‘lida kurash olib borayotgani ta’kidlangan. Jurnal tahririyatining yozishicha Hindistonda milliy istiqlol uchun kurashuvchi faol shaxslardan biri A.Q. bo‘lgan.

 

Jurnal tahririyatining fikricha Hindistonda ham sovet maxfiy xizmatlari doimo muhojir turkistonliklarni kuzatib borgan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, tahririyat A.Q. ning to‘liq ismini keltirmasdan, qisqartma shaklda yozishga majbur bo‘lgan. Biz uning kimligini aniqladik – bu inson Abdulla Qayumbek edi.

 

Xuddi shu Abdulla Qayumbek jurnalga yo‘llagan maktubida Hind diyoridagi turkistonlik muhojirlarga doir quyidagi muhim ma’lumotlarni keltirib o‘tgan: “Men Bumbay, Ahmadoboddag‘i yurtdoshlarimiz orasinda uchratdig‘im ba’zi bir hodisalardan muta’assir bo‘lib ayrilg‘ondan so‘ng, Ajmir shahriga kelib qo‘ndim. Bu yerda yigirma qadar munavvar talaba yurtdoshimiz bor ekan. Dehli jamiyatiga bog‘lang‘on bu vatandoshlarimiz sabrsizliq bilan yurt qurtulishini [ozod bo‘lishini] kutmakda va bu yo‘lda chalishmoqdadirlar. Mahalliy ulamo va talabalar bilan ham bog‘lanib ularni bizning vatandag‘i vaziyat bilan tanishdirishg‘a urinarlar ekan. Bu holni ko‘rib juda sevindim”.

 

Parchasi keltirilgan mazkur xat XX asrning 1920–1930-yillarida Hindiston hududida shakllangan turkistonlik muhojirlar muhitining ichki hayoti, tashkiliy aloqalari va mafkuraviy yo‘nalishlarini aks ettiruvchi muhim tarixiy manba hisoblanadi. Muallifning Bombey (Bumbay), Ahmadobod va Ajmir shaharlarini tilga olishi turkistonlik muhojirlarning Hindistonda keng geografik makon bo‘ylab tarqalganini hamda ular o‘zaro madaniy-siyosiy aloqalar orqali bog‘langanini ko‘rsatadi. Shuningdek, xatda Ajmir shahrida yigirmaga yaqin “munavvar talaba”ning mavjudligi alohida urg‘u bilan qayd etiladi. Bu esa Ajmirning siyosiy ong va milliy tafakkur shakllanayotgan muhojirlik makoni sifatida ham faol bo‘lganini ko‘rsatadi.

 

Shuningdek xatdan anglishilinicha, Dehlida “Turkiston muhojirligi birligi” tuzilgan bo‘lib, ushbu tashkilotning asosiy vazifasi Turkistonning ozodligi yo‘lida Hindiston bo‘ylab tarqalib ketgan yurtdoshlarni bir maqsad va maslak yo‘lida birlashtirish bo‘lgan. Xususan, ushbu tashkilotning faol a’zolaridan yuqorida nomlari zikr etilgan Abdulla Qayumbekdan tashqari Mahmud Husaynbek afandi ham bo‘lgan. Mustafo Cho‘qayning yozishicha, bu ikki shaxs 1934-yilning iyun oyigacha Hindistonning ayrim hududlarini kezib, Haydarabod va Bombeyga borib turli shaharlarda yashovchi Turkiston muhojirlari bilan ko‘rishib, ularni milliy ozodlik harakatining mohiyati bilan tanishtirib kelganlar. Bundan tashqari ular turkistonlik muhojirlar bilan cheklanib qolmasdan, ayni paytda Hindistonning mo‘tabar ulamolari bilan uchrashib, ularga Turkistondagi mavjud vaziyat hamda bolsheviklarning o‘lkada amalga oshirayotgan qatag‘on siyosati to‘g‘risida ma’lumot bergan.

 

“Yosh Turkiston”ning 1934-yil 57-sonida yozilishicha, “Turkiston muhojirligi birligi” Hindistondagi turkistonlik muhojirlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1934-yil 21-mayda katta bir yerni sotib olib, u yerda “Dorul-muhojirin” (Muhojirlar uyi) nomli bino qurganlar. O‘z navbatida ezgu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir guruh turkistonlik muhojirlar, xususan Abdurahmon afandi 50 rupiya, Xo‘ja A’zam afandi 33 rupiya, Xo‘ja Mas’ud afandi tomonidan 58 rupiya pul hadya qilingan. Muhojirlar uyida turkistonliklarga kasb-hunar o‘qitishdan tashqari savod chiqarishga ham katta e’tibor qaratilgan.

 

Dehlidagi turkistonliklardan bir guruhi: Birinchi qator ongdan: 1) Abdul Azim; 2) Muhammad Ali; 3) Marhum Sayyid Abdulloh; 4) Abdulloh. Orqadagilar. Ikkinchi qator o‘ngdan: 1) Xo‘ja Mas’ud; 2) Noma’lum; 3 Shahobiddin qori.

 

 Ogir ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy sharoitlarga qaramasdan turkistonlik muhojirlar ona vatanda bolsheviklar tomonidan qatagon etilgan jadidlarni eslab ozaro xotira kechalarini otkazib turganlar. Xususan, “Yosh Turkiston” jurnalining 1934-yil 51-sonida qayd etilishicha Munavar qorining ham xotira kechasi o‘tkazilgan.

 

Ushbu xotira kechasi to‘g‘risida jurnalda quyidagilar yozilgan: “Bir guruh kishilarning tashabbusi bilan shu yilning 3-fevralida Munavvarqorini esladik. Kechaga turkistonliklardan boshqa ozarboyjonlik, idil-urallik va turkiyalik boshqa tug‘onlarimizdan ko‘pgina kishilar qatnashdilar. Kechaning to‘rida Munavvarqorining Turkiston milliy bayrog‘iga (!) o‘ralg‘on, chechaklar ila bezangan buyuk bir rasmi osilg‘on edi. Munavvarqorining eng yaqin do‘stlaridan bo‘lg‘on Mustafobek majlisni ochib, bu milliy kurash shahidimizning hayoti, faoliyati va uning yurtimiz, xalqimizg‘a qilg‘on xizmatlari, milliy tariximizda tutqon o‘rni haqida izohot berganidan so‘ng, uning o‘ldirilishi masalasiga to‘xtalib, Munavvarning sovet hukumati tarafidan yolg‘iz Turkiston xalqiga katta xizmat qilganligi, butun xalq tarafidan sevilgan bir millat xodimi bo‘lg‘onlig‘i uchungina o‘ldirilganligini alohida eslatib o‘tdi. Mustafobek eski do‘sti haqidagi uzungina qilgan nutqini ko‘zlaridan oqqan yoshlari ila tugatdi”.

 

Ushbu keltirganimiz iqtibosda yana bir muhim jihat bor. Bilamizki, shu paytgacha ba’zi bir tarixchi olimlar Turkiston Muxtoriyati davlat sifatida to‘la shakllana olmagan, masalan, u o‘z milliy bayrog‘ini qabul qilishga ulgurmagan, Muxtoriyatning bayrog‘i sifatida ko‘rsatib kelingan bayroq aslida unga mutlaqo aloqasi yo‘q degan fikrga egalar. Biroq Munavvar qorining xotira kechasida uning portreti ostiga ilingan bayroq (o‘sha Turkiston Muxtoriyatining bayrog‘i emas deb hisoblab kelingan bayroq) Turkistonning milliy bayrog‘i sifatida taqdim etilmoqda. Yaqqol ko‘rinib turibdiki, muxtoriyatchilar milliy bayroqni qabul qilishga ulgurganlar. Quyidagi rasmga qarang:

 

Munavvar qorining xotira kechasi, 1934-yil 3-fevral. Markazda Mustafo Cho‘qay va turkistonlik talabalar.

 

Xulosa o‘rnida ta’kidlaganda, XX asrning 20–30-yillarida sovet mustamlakachilik va qatag‘on siyosati natijasida yuzaga kelgan turkistonlik muhojirlar fojeasi milliy tariximizning eng og‘riqli sahifalaridan biridir. “Yosh Turkiston” jurnali sahifalarida keltirilgan materiallar muhojirlarning faqat moddiy qashshoqligini emas, balki ularning chuqur ma’naviy iztiroblari, vatanga bo‘lgan sadoqati va milliy hurriyat yo‘lidagi fidokorona kurashini ham yaqqol namoyon etadi.

 

Shuningdek, Eron, Hindiston, Turkiya va boshqa o‘lkalarga tarqalgan turkistonliklar eng og‘ir sharoitlarda ham milliy o‘zligini saqlab qolishga, jadidlar xotirasini e’zozlashga va Turkiston ozodligi g‘oyasini yashatishga intildilar. Shu jihatdan, mazkur manbalar turkistonlik muhojirlik harakatining tarixiy ahamiyatini, uning milliy ong va istiqlol tafakkurini shakllantirishdagi o‘rnini yorituvchi muhim va ishonchli dalil sifatida katta ilmiy qiymatga egadir.

 

Muslimbek ALIJONOV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//