Bundan roppa-rosa 80 yil muqaddam, 1945-yilning 21-oktyabrida o‘zbek dostoni – “Tohir va Zuhra” asosida yaratilgan shu nomli film 15 dan ortiq sobiq sovet ittifoqi respublikalari va xorijiy kinoteatrlarda namoyish etilishi uchun rasman Moskvada tasdiqdan o‘tdi. Urush yillarida olib borilgan 3 yillik tinimsiz ijodiy mehnat natijasi o‘laroq mazkur asar o‘z davrida ham va undan keyin ham sof muhabbatning timsoli ifodalangan betakror san’at asari sifatida tarixda qoldi. Kino san’ati paydo bo‘lganidan ellik yil o‘tar o‘tmas, cheklangan moliyaviy, ma’naviy va texnik imkoniyatlarga qaramay, ko‘pmillatli davlat, xalq va chet el tomoshabinlari miqyosida e’tirof etilgan mazkur asarning muvaffaqiyat kaliti qayerda? Oyina.uz kolumnisti kinoshunos va folklorshunos Shohida Eshonboboyeva shu masala haqida mushohada yuritadi.
Adabiy asos
O‘zbek kinosi tarixida “Tohir va Zuhra” filmi xalq dostonining birinchi ekran muqobili hisoblanadi. Doston mazmunida ishq motivi ustun bo‘lganidanmi, har qalay u turkiy xalqlar orasida sevib tinglangan eng mashhur dostonlardan biridir. “Tohir va Zuhra”ning ertak, rivoyat, qissa kabi variantlari bo‘lib, doston ulardan keyin paydo bo‘lgani to‘g‘risida taxminlar mavjud.
“Tohir va Zuhra” goh kitobiy dostonlar turkumiga, goh oshiq-romanik dostonlar turkumiga kiritib kelingani, uning bir necha versiya va variantlari mavjudligi ma’lum. Ana shu turli variantlar asosida O‘zbekiston xalq shoiri, dramaturg Sobir Abdulla yozgan “Tohir va Zuhra” dramasi kinofilm yaratilishida ham asos poydevor vazifasini o‘tagan. Dramaturg o‘zining “Tohir va Zuhra”ni qanday yozdim maqolasida “Tohir va Zuhra” ertaklarining bir necha variantlarini tinglagani, yozma variantlarini ham o‘qib o‘rgangani haqida shunday deydi: “...Endi qaysinisini olish kerak. Og‘izdan eshitib kelganlarim har xil, ammo yozma “Tohir va Zuhra” turmushga yaqin, voqeliroq, faktliroq. Bu materiallarning hammasi ham asar yozish uchun yordam berar dedim... Bu asar ustida shunday qilib rosa 3 yil ishladim”. Ma’lumotlarga ko‘ra S.Abdulla Sayyodiyning “Tohir va Zuhra” dostoni hamda xalq og‘zaki ijodida ko‘p tarqalgan dostonning turli variantlaridan ijodiy foydalangan holda drama syujetini yaratgan.
1941-yilda Muqimiy nomidagi o‘zbek musiqali teatrining ochilishi munosabati bilan sahnalashtirilgan spektakl tomoshabinlar tomonidan qizg‘in kutib olingani va katta shov-shuvga aylangani ortidan hukumat tomonidan mazkur spektaklni kinofilmga aylantirish taklifi berilgan edi. Lekin sahnaga mo‘ljallangan dramatik asarni to‘g‘ridan to‘g‘ri ekranga ko‘chirish mumkin bo‘lmaganidek, yangi kinossenariy yaratish ham oson bo‘lmadi. Film rejissyori Nabi Gʻaniyev boshchiligidagi jamoa imkon qadar xalq og‘zaki ijodidagi hikoya yo‘nalishini filmda saqlab qolishga va dramadagi yaxshi-yomon xarakterlarning ta’sir kuchini yanada bo‘rttirib ko‘rsatishga harakat qildilar. Shuningdek, dostonning shahrisabzlik Zohir shoir Qo‘chqor o‘g‘lidan yozib olingan varianti ham mazkur film syujetiga ko‘p tomondan mos kelganini ko‘rish mumkin. Filmning bir necha ssenariy varianti yaratilgani haqidagi hujjatlarga qaraganda, rejissyor N.Gʻaniyev xalq og‘zaki ijodida ustun bo‘lgan mifologik syujetlar, obrazlardan atayin voz kechib, ekran asarini ko‘proq reallashtirish tarafdori bo‘lgan. Bir tomondan urush zamoni shuni taqozo etgani vajidan ham bunday yondashuv to‘g‘ri edi. Boshqa tomondan, xalq og‘zaki ijodining asl manbasida Tohir, Zuhra va mehnatkash xalq obrazi shoh Boboxon, vazir, uning o‘g‘li Qorabotirlarga qarshi ifodalanganligi kinossenariyning tubdan o‘zgarishiga ehtiyoj qoldirmagan.
Rejissyor va baxshi: o‘xshash vazifalar
Aslida, baxshi bilan rejissyor o‘rtasida o‘xshashlik bisyor. Jumladan, baxshi uchun ham, rejissyor uchun ham auditoriya bo‘lishi shart! Tinglovchi va tomoshabin bor ekan, baxshi doston kuylaydi. Doston aytayotgan baxshining repertuar tuzishi, vaqt va auditoriya talabiga ko‘ra qisqa yoki uzoq hikoya qilishi yoki eposning kompozitsion tarkibini aniqlashi kabi jarayonlar ko‘p hollarda u kuylayotgan vaqtda o‘z-o‘zidan sodir bo‘lishi mumkin.
Asrlar aro saqlanib, ijro etilib kelinayotgan eposlar mazmuni qachonlardir qadimiy og‘zaki ijro tizimiga asoslanib, dunyoning qaysi yurtida bo‘lmasin, baxshi, ijrochi, xalq qo‘shiqchisi tomonidan qat’iy qoidalar bilan kuylangan. Dostonlar mazmunidagi o‘xshash motivlar, syujetlardan farqli o‘laroq, baxshi har bir doston ijrosida an’anaviy klishelardan foydalanib kelgan. Bu xuddi kinodramaturgiya janrlari, rejissyor uslubi kabi kinematografik qoidalar kabidir. Poetik ijro, sho‘x-shodon ijro, nasihatomuz ijro, sokin ijro – bular baxshilarning o‘ziga xos qo‘shiq aytish uslublaridir.
Baxshi o‘z davrining rejissyori sifatida tinglovchilar qarshisida doston ijro etar ekan, obrazga kirish – tomoshabinni voqelikka olib kirish, ishontirish va qahramon taqdiriga befarq bo‘lmaslikka chaqirish uning ijro jarayonidagi eng birlamchi vazifasidir. Kino tilida “saspens” (ingliz tilidan – xavotir, vahimali kutish ma’nosida) deb ataluvchi bu holat, kino paydo bo‘lganidan keyin emas, qadimgi yunonlar teatri tomoshalari paytidayoq mavjud bo‘lgan. Qahramonning quvonchiga sherik, qayg‘usiga hamdard bo‘lish jarayonini hosil qila bilish har qanday ijodkorning bosh maqsadidir. Saspens hodisasi sodir bo‘lmas ekan, baxshi, qo‘shiqchi, hikoyachi, aktyor, rejissyor bilan auditoriya o‘rtasida ham munosabat rishtasi o‘rnatilmaydi. Ryejissyor A.Mittaning fikricha, “Saspens – ayni paytda va hozirning o‘zida sodir bo‘layotgan hodisaga auditoriyaning munosabatidir. Auditoriya bilan personajning axloqiy qadriyatlari umumiy bo‘lib, personaj va tomoshabin orasidagi hissiy zaryad bir xil bo‘lsagina (u qo‘rqmoqda, men ham undan havotir olayapman; u qotilni topmoqchi, men ham qotilni topishlarini istayman) saspens paydo bo‘ladi. Agarda auditoriya qahramon – o‘lmasligi, yengilmasligi uchun qayg‘ursa – saspens paydo bo‘ladi”. Bunday hodisa baxshi va rejissyor o‘rtasidagi ijodiy o‘xshashlikning zohiriy ko‘rinishidan biridir.
Ma’lumki, doston aytilishi chog‘ida hikoya etilayotgan voqeaga baxshi o‘zining shaxsiy izohini bermaydi. U so‘z orqali tasviriy makon yaratadi va tinglovchining xayoli buzilishini, baxshi olib kirgan makondan chiqishini istamaydi. Aniqrog‘i, bu mumkin ham emas. Agar baxshi do‘mbirasini to‘xtatib, voqealarni izohlash yoki munosabat bildirishga tushib ketsa, tasavvur qobig‘i yorilib ishonch, xayolan tasavvur yaratish – ko‘ra bilish imkoniyati to‘xtaydi.
Rejissurada har qanday ertak yoki eposni suratga olish rejalashtirilganda ilk manbaning janriy xususiyatini inobatga olish muhim hisoblanadi. Ko‘p hollarda qahramonlik eposlarining yaratilishida fantastik-sarguzasht janrga murojaat etiladi. Oshiq turkumiga kiruvchi folklor asarlarini ekranlashtirishda esa drama, poetik drama, melodrama janriga tayaniladi. Ba’zida kinorejissyorning o‘ziga xos nuqtayi nazariga asosan janrlar qorishuvi asosida ham suratga olish tajribasi mavjud. Kamdan-kam hollarda folklor asarlarining sof g‘oyaviy talqini namoyon bo‘lgan, lekin birlamchi manba asl holida saqlanib qolgan kinoasar yaratilishi mumkin. Bu ma’noda “Tohir va Zuhra” filmida birlamchi manbalarda ustun turgan motivlar ketma-ketligini saqlab qolishga erishilgan.
Xuddi sof rejissura san’atida bo‘lganidek, baxshi – hikoyanavis sifatida voqealarga ham, obrazlarga ham o‘zining sub’yektiv mulohazasini bildirmaydi. U monolog yoki dialoglarni aytayotgan paytda xarakterlarning turli ko‘rinishlarini turli holatlarda yoritadi. Tasavvur etish mumkinki, har bir qahramon tilidan kuylash vaqtida baxshining o‘zi ham obrazga kirgan va tomoshabin qarshisida goh Zuhra, goh Tohir, goh Qorabotir, goh Qoraxon, vazir, kanizak kabi qiyofalarni aynan so‘z va tovush yordamida turlicha ifodalab kelgan.
Xalq dostonlari dramaturgiyasi xilma-xil syujetlar rivoji, obrazlar to‘qnashuvi, makon va zamon almashinuvi behisob dialog va monologlar tugalligiga qurilgan. Bularni yod olgan baxshining ijro mahorati sirli moʻjiza bo‘lib, alohida aktyorlik mahorati hamda improvizatsiya iqtidoriga ega baxshigina yirik epik doston mazmuniga tomoshabin diqqatini uzoq muddat tortib turishi, umuman, o‘z tomoshabini tasavvurida dostonning mazmunini yarata olishi mumkin. Demak, mubolag‘a qilib aytadigan bo‘lsak, asrlar davomida baxshining yakka o‘zi ham muallif, ham rejissyor, ham aktyor vazifalarini bajarib kelgan va kelmoqda. Uning kinoijodkorlardan farqi shundaki, baxshi o‘z xotirasi, bilimi, quvvai hofizasi va uzoq yillik tajribasiga tayanib, ko‘p sonli auditoriya diqqatini o‘ziga tortib turadi. Ovoz, tinglovchini intuitiv his etish qobiliyati, badihago‘ylik iqtidori yuqori baxshilar an’anaviy motivlar, epik klishelar, misralardan iborat katta poetik manba maktabiga tayanib, doston kuylaydilar. Aytish kerakki, ma’lum bir doston asosida suratga olingan filmning asl yaratuvchisi ham aslida baxshidir. Kinorejissyor esa qanchalik ajoyib, betakror film suratga olishidan qat’i nazar, u dostonni yarata olmaydi, aksincha, baxshining asarini ekranlashtiradi, xolos.
Afsona – ssenariy – film
Ssyenariy rasman A.Speshnev va S.Abdulla hamkorligida yaratilgan, deb qayd etilgan bo‘lsa-da, rejissyor N.Gʻaniyev, ssenarist V.Shveyserning xizmatlarini inkor etib bo‘lmaydi. Shuningdek, 1942-yilda boshlangan ijodiy jarayonda Toshkentga evakuatsiya qilingan rossiyalik kinoijodkorlar ham o‘z maslahatlari bilan ishtirok etganlar. Bu to‘g‘rida film yuzasidan o‘tkazilgan ko‘plab muhokamalar ssenogrammalari, O‘zbekiston Davlat arxivi fondida saqlanayotgan hujjatlar guvohlik beradi. Xususan, ssyenariyning dastlabki variantlarini yozishda ishtirok etgan V.Shveyserning fikricha, “Tohir va Zuhra” poetik jihatdan oliy darajadagi xalq afsonasidir. Ssenaristlarning asosiy vazifasi XIV asrda yaratilgan afsona voqealarini hayotiy haqiqatga aylantirishdan iborat bo‘lishi kerak. Tarixiy haqiqatni emas, psixologik, insoniy haqiqatni ifodalash kerak”.
“Tohir va Zuhra” kinofilmida afsonaning asl manbasida aks etgan “Shikorga chiqish”, “Darveshning olma berishi”, “Podsho va vazir ahdlashuvi”, “Tohirning cho‘lga tashlab ketilishi” kabi motivlar yo‘q. Film to‘g‘ridan-to‘g‘ri Boboxonning farzand ko‘rgani haqida jarchining xabari bilan boshlanadi. “Tohir va Zuhra” dostonining ayrim variantlarida Tohirning otasi podshoning vaziri bo‘lib keladi. Turkiyalik folklorshunos F.Turkmenning “Tohir va Zuhra” dostoni variantlarini o‘rganishga bag‘ishlangan asarida keltirilishicha, “Oilalarning ijtimoiy qurilishi: barcha variantlarda Zuhraning otasi, ba’zan hukumatdagi va mamlakatda aniqlangan oddiy podishoh, ba’zi variantlarda esa badavlat bir odam, vazir va bek bo‘lgan odam sifatida taqdim etilmoqda... Tohirning otasi yigirma to‘rt variantdan o‘n ikkitasida Zuhraning otasi vaziridir... Og‘zaki variantlarda podishohning qarindoshi bo‘lishi barobarida, faqir bir inson, Rodop variantida Zuhraning otasi cho‘poni, Arnavut variantida esa xizmatkori sifatida ko‘rsatilgandir”. Bu fikrdan anglash mumkinki, o‘zbek kinofilmida Tohirning otasi faqir kishi bo‘lib ko‘rsatilgani to‘qima obraz bo‘lmay, bu obrazning epik asosi mavjud. Ikkinchi tomondan davr talabiga ko‘ra hukmron sinf – salbiy, mazlum sinf – ijobiy ifodalanishi shart bo‘lgan dramada Tohirning otasi oddiy jangchi etib ko‘rsatilish tabiiy edi.
Dastlabki epizodlarda Boboxon va uning jangchisi Bohir bir kunda farzand ko‘radilar. U Boboxonning farmoniga muvofiq o‘g‘lini xonning saroyiga olib boradi. Yo‘lda Boboxonning dushmani Sardor (xalq yo‘lboshchisi) Bohirni to‘xtatishga urinadi: “Sendan bo‘lak hech kim bolasini olib borayotgani yo‘q, senga o‘xshagan qullarning bolasi saroyda baraka topmaydi. Har qancha xatarli bo‘lsa ham senga shuni aytgali keldim”.
Aynan Sardor obrazini XX asrning 40-yillarida sobiq sovet tuzumi badiiy ijodida ustun turgan sotsialistik realizmning mevasi deyish mumkin. Chunki xalq og‘zaki dostonlaridagi motivlar afsonaviy epik klishelar asosiga qurilsa-da, mohiyatan yolg‘on strukturadan xoli hisoblanadi. Drama va filmdagi Sardor obrazi esa sotsialistik realizm metodi talablariga ko‘ra hukmron kuchlar bilan mehnatkash xalq o‘rtasidagi bo‘rttirilgan konfliktning umumlashma ko‘rinishidir.
Dostonda Tohir vazirning o‘g‘li bo‘lib, Tohir va Zuhra saroyda birgalikda ulg‘ayadilar, birga maktabga boradilar. Saroy ayonlarining qutqusi sabab Boboxon Zuhraning otasini shikorda otib o‘ldiradi. Filmda Bohir xonning farmoni bilan o‘limga hukm qilingan Sardorni qochirib yuborib, o‘zi dor ostiga borgani sababli Boboxon uni shikorda otib o‘ldiradi. Qiyosiy o‘rganilsa, verbal matndagi mazmun bilan vizual tasvir orasida katta farq yo‘qdek. Ikkisida ham Boboxon Tohirning otasini shikorda otib o‘ldiradi. Lekin dramaturgiya jihatidan filmdagi konfliktning sababi avvaliga noma’lum bo‘lsa ham, keyingi syujetlarda ochiqlana boradi. Dostonda esa xon boshqalarning gapiga kirib vazirini o‘ldirishi mohiyatan konfliktning “pishib yetilmagan” holda ifodalanganini ko‘rsatadi.
Kinofilmda shoir-baxshi obrazida namoyon bo‘lgan Nozim ham o‘zi hikoya etib boshlagan o‘tmish voqealarning faol ishtirokchisiga aylanadi. Boboxonning so‘zi bilan chaqaloqlarga Tohir va Zuhra ismini u qo‘yadi, shikorda kuzatuvchi bo‘ladi va keyinroq, Tohirning eng yaqin maslahatchilaridan biriga aylanadi.
Dostonning Muqimiy musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan variantida aytilgan ariyalar ham xalqimizning sevimli kuy-qo‘shiqlari qatoriga qo‘shilgan. Bunga yana bir sabab ularning “Tohir va Zuhra” kinofilmiga kiritilganidir. Chunki dostonning kinematografik talqinida Tohir va Zuhra uchun maxsus sahna yaratilib, aktyorlar teatr sahnasidagidek turg‘un holatda emas, qo‘shiqning har bir misrasiga moslangan kadr kompozitsiyasida erkin harakatlanib qo‘shiq aytadilar. Aktyorlar uchun yaratilgan mizansahnalar filmning betakror milliy ruh kasb etishida muhim o‘rin tutgan.
Tohir kech tushishini kutib, Zuhraning ko‘shki oldiga kelishi lavhasida Zuhra bog‘ ichkarisida: “Qalamlar tafsifingda madhilar doim taloshingda, Chiroylilar chekib saf buyrug‘ing kutmoqda qoshingda”, deb qo‘shiq aytishi, o‘z navbatida Tohir: Ey, quyosh, Ey quyosh, ko‘rsat yuzing, Tunda bag‘ir qonlanmasin, Tun qarosi yoru zulfidek Parishonlanmasin”, deb kuylashi filmning musiqiy bezagi bo‘lib qolmay, balki dramaturgik jihatdan syujetni rivojlantirgan – ikki yosh va sof muhabbat shaydolarining ko‘ngil kechinmalarini yuksak poetik tasvirlarda ifodalagan. Bu qo‘shiqlar hanuzga dovur xalqning eng sevimli lirik ashulalari qatoridan joy olgan. Xolbuki, bu qo‘shiqlar matnini dramaturg S.Abdulla yozgan, musiqasi esa bastakor T.Jalilov tomonidan bastalangandir.
Dostondagi ayni shu lavha hikoyasi bilan filmdagi kadrlar bir-biridan verbal va vizual tasviriy ifodasi bilan farq qiladi, xolos. Ikki asar ham dramaturgik strukturasiga mos ravishda o‘z tinglovchisi, o‘quvchisi va tomoshabini ko‘z o‘ngida yetarli darajada vizual tavsirlarni yarata olgan. Keltirilgan misollardan ko‘rinadiki, baxshi aytib kelgan dostonlarda keyinchalik kinodramaturgiyada rivoj topgan uslub, shakl, majoziy ifodalar qo‘llanib kelingan.
Filmda an’anaviy epik tizim dostondagidek aynan ko‘rsatilmagan. Lekin Tohirning sinovlardan o‘tishi bosqichlari yetarli darajada reallashtirilgan. Ayniqsa, uni sandiqqa solib, daryoga oqizish lavhasi filmning eng kulminatsion epizodlaridan biridir. Dostonda ham sandiqqa solib oqizilgan damlarni hikoya qilishda baxshi yuqorida aytib o‘tganimizdek, tinglovchini “saspens” holatida ushlab turadi. Tinglovchining tasavvurida Tohirning onasi monologi, o‘g‘ilning onaga murojaati, bu holatga befarq jallodlar obrazi, daryo bo‘yiga kelgan Zuhraning ko‘z yoshi, harakatlari va hokazo elementlar jonlanadi. Filmda ham aynan shunday manzara mayda detallarigacha real yoritilgan. Shu o‘rinda ssenariyning birinchi varianti muhokamasida rejissyor N.Gʻaniyev aytgan fikrlarini keltirish o‘rinli: “Tohir suvga tashlanayotganda xonning yonida Zuhra turibdi. Bu yaxshi emas. Xon hech qachon o‘lim jazosi ado etiladigan joyga qizini olib kelmagan bo‘lardi. Undan tashqari, qonunan bu mumkin ham emas. Agar Zuhrani bu joyga chopib kelayotgani va otasidan o‘lim jazosini ma’n etishini so‘rayotgani ko‘rsatilsa, qiziqarli bo‘lardi. Nimadir qilish kerakki, tomoshabin Zuhrani yaxshi ko‘rib qolsin”. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, rejissyor N.Gʻaniyev o‘z xalqi og‘zaki ijodi va madaniyatini yaxshi bilgani u yaratgan asarlarning barchasida, shu jumladan, “Tohir va Zuhra” filmida aniq ko‘rinib turadi.
Filmning shon-shuhrati
Dramaturg Sobir Abdulla xotirlashicha, u 1945-yilda Germaniyadan bir maktub oladi. Maktub mazmunida, kelgusida yozuvchi bo‘lib tanilgan jangchi Mirzakalon Ismoiliy Berlindagi kinoteatrlardan birida “Tohir va Zuhra” nomli o‘zbek filmini tomosha qilganini, film xorijda sovet askarlari uchun g‘alabaga munosib sovg‘a bo‘lganini, tomoshabinlar o‘zbek dostoni asosida yaratilgan o‘zbek filmini katta hayajon bilan qarshi olganini va bu holatdan maktub egasida faxr va iftixor tuyg‘ulariga to‘la minnatdorlik hislarini ifodalagan edi.
Haqiqatan ham 1945-yilning may oyida, hali bu film rasman tasdiqdan o‘tmay turib, uning bir necha nusxasi zudlik bilan chet ellarda ko‘rsatilishiga ruxsat berilgan. Afsuski, film tayyor bo‘lganida, urushning tugashiga sanoqli kunlar qolganda – mazkur asarni suratga olish tashabbusini birinchi bo‘lib ilgari surgan o‘zbek generali Sobir Rahimov halok bo‘lgan edi.
O‘zbek xalq dostoni ekranlarda dunyo kezishi, jahon xalqlari mehrini qozonishi, bugungi kunda ham ijodiy maktab vazifasini ssenariynavislar S.Abdulla, A.Speshnev, postanovkachi rejissyor N.Gʻaniyev, rejissyor Y.A’zamov, rassom V.Yeremyan, operatorlar M.Krasnyanskiy, D.Demuskiy, M.Kryukov, V.Morozov, kompozitor A.Kozlovskiy, ovoz operatori K.Bo‘riboyev, yakkaxon qo‘shiqlar musiqasi bastakori – T.Jalilov, montajchi – R.Shor, maslahatchi arxeolog, tarixchi olim Yahyo Gʻulomov hamda bosh va yetakchi rollar ijrochilari Tohir – Gʻ.A’loyev, Zuhra – Y.Rizayeva, Qorabotir – Sh.Burhonov, Boboxon – A.Ismatov, Vazir – O.Jalilov, Nozim – R.Hamroyev kabi aktyorlar ansamblidan iborat ijodiy guruhning xizmati katta.
Qisqa muddatda sobiq sovet respublikalarida katta muvaffaqiyat qozongan “Tohir va Zuhra” filmi va uning ijodkorlari dunyoga tanildi. Haqiqiy milliy o‘zbek kinofilmi sifatida tarixga kirgan film chet el tomoshabiniga namoyish etilishidan so‘ng, o‘zbek kinorejissyori N.Gʻaniyev Gollivud studiyasiga taklif etilgani haqida kinoshunos X.Abulqosimova shunday yozgan edi: “Tohir va Zuhra”... chet elda shov-shuvga sabab bo‘ldi. N.Gʻaniyevning iste’dodini namoyish etgan bu asarning badiiy darajasi rejissyorni Gollivud studiyasiga, “Ming bir kecha” filmi postanovkasiga taklif etdi. Lekin “sovuq urush”ning boshlanishi tufayli chetga chiqishning to‘xtatilishi buning amalga oshishiga imkon bermadi”.
“Tohir va Zuhra” kinofilmi xususida so‘z yuritilganda ko‘pincha rejissyor mahorati va aktyorlar ijrosiga ko‘p to‘xtalamiz. Aslida, kadr ortidagi ijodkorlar – rassom, operator, bastakor, montaj ustasi, ovoz operatori kabi ijodiy guruh a’zolarining mehnati haqida soatlab gapirish mumkin. Xususan, rassom V.Yeremyan dekoratsiyalarda aks ettirgan saroy muhiti, aktyorlar libosi eskizlari, operator D.Demuskiy naturada suratga olgan Samarqanddagi Registon maydoni, Urgut, Shohimardondagi mizansahnalar, “Rodina” kinoteatri binosidagi pavilonlarda suratga olgan kadrlarning har biri alohida tahlil qilib, o‘rganishga arziydi. Shu bilan birga yakkaxon qo‘shiqlar musiqasini bastalagan O‘zbekiston xalq artisti To‘xtasin Jalilov mahorati va o‘zbek xalq kuyiga mos ravishda musiqa yozgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, kompozitor Mixail Kozlovskiy musiqalari ham katta bir tadqiqot obyekti sifatida o‘rganilishga muhtoj.
Shohida ESHONBOBOYEVA
Tarix
Til
San’at
Ma’naviyat
Tarix
Til
Jarayon
Til
Tarix
Vatandosh
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q