Deyarli 50 million kishi so‘zlashadigan o‘zbek tili boshqa turkiy tillardan o‘ziga xos bir necha jihatlari bilan ajralib turadi. Ko‘pchilik qardosh ellar – uyg‘urlar-u tatarlar, qozoqlar-u qirg‘izlar, turkiyaliklar-u ozarboyjonlar, aksar turkiy el-uluslar o‘zbek tilidan o‘ziga yaqin so‘zlarni topadi. Uyg‘urlar qarluq lahjasida so‘zlashuvchi o‘zbeklarning tilini o‘z tilidan deyarli ajrata olmasa, qozoq, qoraqalpoq, qirg‘iz, tatar kabi qipchoq lahja so‘zlashuvchilari o‘zbek qipchoqchasida ishlatiladigan so‘z birliklari va yasalishiga qarab, “bu til bizga bunchalik yaqin bo‘lmasa” deb o‘tmishni titkilay boshlaydi. Xorazm o‘zbeklarining o‘g‘uz lahjasini tinglab ko‘rgan turkman, ozarboyjon va turkiyalik qardoshlar esa “o‘zbeklar yaqinimizdagi qipchoq turklaridan ko‘ra bizga yaqin so‘zlashar ekan-a” deb ajablanadilar. Shuningdek, so‘zlashuvdagi yaqinlikni uzoq manzildagi Onado‘li va Ozarboyjon turklarida, Volgabo‘yidagi qozon tatari va boshqirdlar, Kavkaz va Qora dengiz bo‘yidagi qumiq, qorachoy-bolqorlar, qirim-tatarlari, gagauzlar, bundan bir yarim ming yilcha ilgari ota-bobolarimizdan ayro tushgan oltoylik va sibirlik turkiylar tilidan ham topa olamiz. Bunday o‘ziga xoslikni o‘zbek tilining qarluq tarmog‘idan bo‘lmish Toshkent shevasi o‘rnagidayoq ko‘rsa bo‘ladi.
Bilamizki, o‘zbek tilining o‘nlab shevalari orasida “ada” so‘zi “ota” anglamida toshkentliklar tomonidan qo‘llaniladi. Bu so‘zni qo‘shnilarimiz yo yaqinroq yashaydigan qardoshlarimizda emas, xakaslarda toshkentliklar kabi “ada” (ota), “ada chir-suu” – “ota yer-suv, ota yurt” ko‘rinishida uchratib, “Buning ildizi nimada ekan-a?” deb izlandim [qar. Хакасско-русский словарь 1953: 17]. Qizig‘i shundaki, o‘zbek tili va uning tarmoqlaridagi qarindosh-urug‘chilikni ifodalovchi “dada” (ota) so‘zi ham ko‘zga tashlanadi. Bugungi kunda hudud tanlamay qolgan “dada” birgina toshkentliklarda “dåda” (doda) ko‘rinishida “bobo” (otaning otasi) ma’nosida qo‘llaniladi [O‘XSHL 1971: 339]. XI yuzyillikda qog‘ozga tushirilgan ilk turkiy so‘zlik – “Devonu lug‘atit turk”da qarindosh-urug‘chilik bilan bog‘liq so‘z va atamalarni keltirar ekan, Mahmud Koshg‘ariy “dädä – dada, ota (o‘g‘uzcha)” deb ochiqlama berganiga ko‘zimiz tushadi [Koshg‘ariy 1963, III: 238]. Bu so‘z qo‘shnilarimizda deyarli uchramaydi, Onado‘li turklarida “dada (dede)” ko‘rinishida uchraydi va toshkentliklar kabi “bobo” (otaning otasi) anglamini beradi. Shu o‘rinda, Mahmud Koshg‘ariy o‘g‘uzcha deb ochiqlagan mazkur so‘z qipchoq va o‘g‘uzlarga qaraganda o‘zbeklarda ko‘proq qo‘llanilishi eski turk tili tarmoqlaridan biri bo‘lmish o‘g‘uzchaning birgina Xorazmda emas, Toshkentda ham, boshqa viloyatlarimizda ham ancha keng saqlanib qolganini ko‘rsatadi.
O‘rxun-Enasoy bitiktoshlarida bo‘lsin, undan keyingi bir nechta yozma turkiy manbalarda bo‘lsin, o‘tgan zamon birinchi shaxs ko‘plik qo‘shimchasi – “-dimiz, -dimiz, -dӱmӱz, -dumuz” bugungi kun turkiy tillari orasida ko‘proq Toshkent shevasida shu ko‘rinishda (-dimiz) yoki shunga yaqin ko‘rinishda (“-divuz”, “-duvuz”) saqlanib qolgan. “Bordik”, “keldik” anglamidagi eski turkcha “bardimiz”, “keldimiz” so‘zlari Toshkentchada “bårdimiz, bårdivuz”, “keldimiz, keldivuz” ko‘rinishlarida qo‘llaniladi [Koshg‘ariy 1960, I: 314; Abdurahmonov, Rustamov 1982: 72; Reshetov, Shoabdurahmonov 1978: 34-35]. Masalan, Tunyuquq bitiktoshida turk ellari turmushi haqida quyidagicha yozilgan: “Keyik yeyu, tabishqan yeyu o‘lurur ertimiz, bo‘dun bo‘g‘zi to‘q erti – kiyik yeya, tovushqon yeya, o‘tirar edik, bo‘dun (xalq) tomog‘i to‘q edi” [Abdurahmonov, Rustamov 1982: 72].
Eski turkcha “-dag‘” ko‘rinishidagi o‘xshatish qo‘shimchasi o‘zbek adabiy tili va tarmoqlarida “-day” bo‘lsa, Toshkent shevasida “-dåg‘, -dåq” tarzida qo‘llanilishiga guvohmiz, uning yaqin o‘xshashini eng ko‘p uyg‘urlarda ko‘ramiz. Masalan, “undog‘ – unday”, “bundog‘ – bunday”, “shundog‘ – shunday”. Mahmud Koshg‘ariy “ ush mundag‘ qil – xuddi shunday qil” deb keltirgan yozuv toshkentliklar muloqotida ishlatiladigan bu qo‘shimchaning negizi ancha qadimiyligini ko‘rsatadi [qar. Koshg‘ariy 1950, I: 72]. Kezi kelganda aytib o‘tish kerak, O‘rxun-Enasoy bitiktoshlarida “teg” (täg, täk) tarzida uchraydigan o‘xshatish olmoshi boshqa turkiy tillarga qaraganda ko‘proq o‘zbek tilida yaxshi saqlangan bo‘lib, “-deg”, “-day”, “kabi” ko‘rinishlari bor. Bu qo‘shimcha qipchoqcha so‘zlashuvchi turkiylarda “dey”, “day”, o‘g‘uzlarda esa “gibi” (Onado‘li t.), “kimi” (Ozarboyjon t.), “yali” (yanglig‘) (turkman) ko‘rinishlarida qo‘llaniladi. Demak, bundan bir yarim ming yilcha oldin “teg” (täg) o‘xshatish olmoshi (yordamchisi) [Abdurahmmonov, Rustamov 1982: 50] oradan besh yuz yilcha o‘tgach, “-dag‘” bo‘lgan bo‘lsa-da, turkiy tillarning ayrimlarida biroz o‘zgarishga uchrab, “-day”, “-dey”ga aylangan, o‘g‘uz turklarida esa anchayin unutilgan. O‘zbek tilida har ikkala bosqichni: ham O‘rxun-Enasoy bitigtoshlari bosqichi, ham “Devonu lug‘atit turk” yozilgan kezlardagi bosqichning izlari yaxshi saqlanganini ko‘ramiz.
Eski turkchada yaqin qarindoshlarni erkalatish uchun qo‘shib aytiladigan “-qы” qo‘shimchasi turkiy tillarda deyarli saqlanmagan bo‘lsa-da, Toshkent shevasida uning ayrim izlarini uchratamiz. Mahmud Koshg‘ariy “ qi – yaqinlik, qarindoshlik ma’nosidagi ismlar oxiriga qo‘shilib, sevgi va xayrixohlik ma’nosini anglatuvchi qo‘shimcha. ataqi – otaginam, anaqi – onaginam kabi” deb yozgan [Koshg‘ariy 1963, III: 230]. O‘zbek qarluq lahjasining Toshkent va Farg‘ona tarmoqlarida “åpåqi” (opoqi) so‘zlari uchrab, “opa”, “bobo” ma’nolarida keladi [O‘XSHL 1971: 333; Hoshimov Gʻ., Komilova 2021: 29]. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, Toshkent shevasida qarindosh-urug‘larni hurmat, erkalash anglamida “-gi” qo‘shimchasi ham uchrab, bizningcha, bu eski turkcha “-qi” qo‘shimchasining yumshatilgan ko‘rinishidir: “adamgilar”, “onamgilar”, “opamgilar”, “okamgilar”. “-lar” ko‘plik qo‘shimchasi o‘zbek tilida, ayniqsa, Toshkent, Farg‘ona, Qarshi kabi qarluq tarmog‘ida hurmat ma’nosida qo‘llaniladi. Ko‘proq Toshkent shevasiga tegishli mazkur holat Turkiyada ham so‘zlashuv tilida uchrab, “annemgil” (onam), “babamgil” (otam) ko‘rinishida hurmat ko‘rsatish anglamlarida keladi [Merhan, Adamović 2014: 71-73].
Mazkur tadqiqotimiz ham eski turkchaga, ham bugungi qardosh tillariga xos ayrim nodir so‘zlar o‘zbek tilida va shevalarida, ayniqsa, toshkentliklar so‘zlashuvida ancha yaxshi saqlanib qolganini ko‘rsatdi. Toshkent shevasi turkiy tillarning ulkan tarmog‘i – o‘g‘uzchadan ham o‘zida namunalar saqlab kelayotgani-da e’tiborli. Shu bilan birga, bu sheva o‘rta asrlarda deyarli butun turkiylar uchun yozma adabiy til vazifasini bajargan “xoqoniya turkchasi”ning izdoshlaridan biri ekani anglashilmoqda. Ayniqsa, turkiy tillar orasida Toshkent shevasining o‘ziga xos o‘rni borligining bosh ko‘rsatkichlaridan biri – bu O‘rxun-Enasoy bitiktoshlarida qo‘llanilgan o‘tgan zamon birinchi shaxs ko‘plik qo‘shimchasining qanday bo‘lsa shundayligicha saqlanganidir.
Gʻaybulla BOBOYOR,
tarix fanlari doktori, professor
Tarix
Tarix
San’at
Tarix
Til
San’at
Jarayon
Til
Tarix
Vatandosh
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q