So‘nggi paytlarda “motivatsiya” so‘zi tez-tez quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi. “Motivatsiya” haqida yozish uchun esa menga bir do‘stimizning maqola tagida qoldirgan izohi “motivatsiya berdi” (sabab bo‘ldi // asos bo‘ldi // ruhlantirdi // ilhomlantirdi // undadi // turtki bo‘ldi). Mazkur jumlada “motivatsiya” o‘rnida qavs ichidagi biror so‘zni qo‘ysam ham tushunarli bo‘lardi, lekin shu so‘zni ishlatgim keldi.
Xo‘sh, “motivatsiya”ni o‘zbekchalashtirish mumkinmi? Faqat bir muammo bor, “motivatsiya” – bu avvalo ilmiy atama. Atama, istilohlar esa ko‘pincha tarjima qilinmaydi.
Ilgari tilimizda fransuzchadan rus tili orqali o‘tgan “motiv” (“motif”) so‘zi ishlatilardi. Uni ham adabiy atama sifatida taniganmiz, xususan, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da unga shunday izoh berilgan: “motiv – syujetning tarkibiy elementi, asarning asosiy mazmuni, mavzui” (O‘TIL.I.1981.472-bet). “Falonchi adib ijodida vatan motivlari”, “falonchi shoir she’rlarida sevgi motivi” qabilida aytilardi.
Rus tilida esa “motiv” nisbatan kengroq ma’nolarda qo‘llangan. Xususan, “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”da “motiv”ning asosiy ma’nolari sifatida: “sabab, bois, vaj” so‘zlari keltirilgan. Misol: “по личным мотивом – shaxsiy sabablarga ko‘ra” (RO‘S.I.1983.573-bet). Bundan tashqari, rus tilida sovet davrida “мотивировать” (“asoslamoq, dalil keltirmoq”) fe’li; “мотивировка” (“asoslar, dalillar, vaj-sabablar”) so‘zi ham yasalgan.
“Motiv”ning fransuzcha shakli – “motif” va unga fransuzcha “Larousse” lug‘atida: “nimadir qilishga, harakatga undaydigan sabab, intellektual omil” deb izoh berilgan. Umuman, “motif” lotincha: “harakatga keltirish, ko‘chish” ma’nosidagi “movere” so‘zidan kelib chiqqan.
Xullas, “motivatsiya” (fr. “motivation”) ana shu “motiv” so‘zidan yasalgan va u “Larousse” lug‘atida: “1. Biror bir ish-harakatni izohlovchi, ta’minlovchi, yuzaga chiqaruvchi omil, sabablar (motivlar) majmui...”, deb keltirilgan. Albatta, “motivatsiya”ga berilgan izohlar lug‘atda yana davom etadi, ammo bu atamaning asosiy ochqichi – bu uning “motivlar majmui” ekani. Bundan tashqari, falsafa, ruhshunoslik, iqtisodiyot, tilshunoslik va boshqa fanlarda “motivatsiya” ilmiy atama sifatida turli qo‘shimcha ma’nolarga ega.
Yuqorida biz “motiv” so‘zining lug‘aviy ma’nosi: “harakatga keltirish, ko‘chish” ekanini aytib o‘tdik, ya’ni, “motiv”, “motivatsiya” deganda biz shunchaki sabab, vaj, omillarni emas, balki “harakatga keltiruvchi”, biror ish-harakatni yuzaga chiqarishga undovchi sabablarni tushunamiz. Deylik, sizda biror joyga sayohatga borish uchun xohish, mablag‘, vaqt, imkoniyat, xullas, barcha omillar bor, bu sabablar sizni harakatga undaydi, ruhlantiradi, boshqacharoq aytganda, sizga motivatsiya beradi. Aksincha, mazkur omillar bo‘lmasa, tabiiyki, motivatsiya ham bo‘lmaydi. Yoki sizning uquv va bilimlaringiz imkoniyatingiz darajasidagi sohani tanlashga ilhomlantirishi (motivatsiya berishi) mumkin.
Fransuzcha gapiruvchilar oddiy so‘zlashuvda “motivation”ga nisbatan ko‘proq “motiver” va “motivé” so‘zlarini qo‘llaydi. “Motiver” fe’li – “sabablar bilan asoslangan” ma’nosiga ega, rus tilida ham unga munosib – “мотивировать” fe’li yasalgan, ammo o‘zbek tiliga bu fe’l o‘zlashmagan; “motivé” so‘zi esa – sifat – “asoslarga (motivatsiyaga) ega” degan ma’no bildiradi, rus tiliga bu so‘z – “мотивированный человек” bo‘lib o‘tgan (“un homme motivé” – “мотивированный человек”). O‘zbek tilida “motivli” yoki “motivlamoq” deyilmaydi va bunga hojat ham yo‘q, yuqorida guvohi bo‘ldikki, o‘zbek tilida busiz ham fikrni to‘laqonli ifodalash mumkin.
Alqissa, “motivatsiya” so‘zi hozirda tilimizga shiddat bilan kirib kelayotgan ekan, uni duch kelgan joyda emas, menimcha, ko‘proq ilmiy atama sifatida ehtiyoj bo‘lganda ishlatgan ma’qulroq, toki u jonli tilimizda shu paytgacha ishlatib kelgan so‘zlarimizni siqib chiqarmasin.
Abduvohid HAYIT
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q