Sultonov Iskandarbek Rustambek o‘g‘li 1897-yil 25-mayda Ozarboyjonning Zangazur uyezdi, Hasisamli qishlog‘i, Qosimushog‘a obodida (hozirgi Lochin tumani) tug‘ilgan. Iskandarbekning otasi Rustambek Poshabek o‘g‘li 1881–1890-yillar Shusha real maktabida, 1890–1897-yillarda Sankt-Peterburgdagi tyexnologiya institutida tahsil olgan ilk ozarboyjon muhandis-texnologlaridan biri edi. 1918-yilgacha Bokudagi neft magnatlari kompaniyalarida ishlab, 1918–1920-yillarda Ozarboyjon Jumhuriyati hukumat zavodlari rahbari, “Azneft”ning direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Iskandarbek Rustambek o‘g‘li 1909–1916-yillar Boku Tijorat maktabida, 1916–1917-yillarda Moskva Tijorat institutida o‘qigan. Uning hayotida amakisi Xosrovbek Poshabek o‘g‘li Sultonov (1879)ning ta’siri katta bo‘lgan. Xosrovbek avval Ganja gimnaziyasida, keyin Xarkov, Odessa shaharlarida tibbiyot bo‘yicha ta’lim olgan. 1904-yildan shifokor sifatida ish boshlagan. 1915–1917-yillarda Boku musulmon xayriya jamiyatining Birinchi jahon urushidan zarar ko‘rgan musulmonlarga yordam uchun Usmonli imperiyasiga yuborgan hay’ati rahbari bo‘lgan. 1918-yil Qafqoz Islom Armiyasi Ozarboyjon Jumhuriyatining poytaxti Boku shahrini bosqinchilardan ozod qilganidan so‘ng Ozarboyjon Jumhuriyatining birinchi harbiy vaziri, keyinroq dehqonchilik va davlat mulki vaziri bo‘lib xizmat qilgan. 1919-yil 15-yanvarda Qarabog‘ general-gubernatori etib tayinlangan.
Iskandarbek Sultonov Vatan ozodligi yo‘lida Qafqoz Islom armiyasiga xizmatga kirdi. Janglarda ko‘rsatgan jasorati uchun qo‘mondon Nuru posho tomonidan Usmonli imperiyasining “Majidiyya” ordeni bilan taqdirlandi. 1919-yildan Qarabog‘ general-gubernatori bo‘lgan amakisi Xosrovbek Sultonovning shaxsiy qo‘riqchisi bo‘lib, Qarabog‘ va Zangazur mudofaasi uchun janglarda mardonavor ishtirok etdi. Iskandarbek Sultonov janglardan birida chap ko‘zidan ayrilgan.
1919-yil oxirida Ozarboyjon Jumhuriyati tomonidan yetuk kadrlarni yetishtirish maqsadida ko‘plab yoshlar xorij oliy ta’lim muassasalariga yuborilgan. Jumladan, 1920-yil 15-yanvarda Germaniyaga ta’lim olishga yuborilgan 80 nafar talabalar safida Iskandarbek Rustambek o‘g‘li ham bor edi. Afsuski, 1920-yil aprelida Ozarboyjon Jumhuriyati bolsheviklar tomonidan mahv etilib, Xosrovbek may oyida Bokuda hibsga olingan.
Iskandarbek Sultonov avval tezkor til o‘rganish kursida o‘qiydi. 1921-1922-yillar ozarboyjonlik talabalar ittifoqi a’zosi sifatida Vatanida kechayotgan siyosiy jarayonlarni diqqat bilan kuzatib bordi. Tahsilda o‘zining shifokorlik yo‘nalishini o‘zgartirib, muhandislik sohasini tanlaydi. U 1928-yilgacha Berlindagi Sharlottenburg oliy texnika maktabi tog‘-kon yo‘nalishida o‘qiydi. 1928–1932-yillar davomida Berlinda turli idoralarda mutaxassis va tarjimon vazifalarida ish olib bordi. 1932-yil “Yosh kavkazliklar” jamiyatiga kirib, Yevropa zaminida sovetlar davlatida kechayotgan milliy zulm va haqsizliklar haqida bong urdi. Biroq u 1933-yil sovet xufyalari tomonidan Berlindagi sovet konsulligi orqali vatanga qaytariladi.
Iskandarbek Sultonov 1933-yil 5-sentyabrda Ozarboyjonga kelib, 1933-yil 25-sentyabrdan Ozarboyjon SSR Neft kompaniyasida elektro-qidiruv bo‘limida muhandis bo‘lib ish boshlaydi. Biroq uning erkin faoliyat olib borishiga yo‘l berilmadi. Turli bahonalar bilan tez-tez so‘roqqa tortilar, mehnat jamoasida ham, jamiyat ichida ham uning obro‘sini pasaytirishga intilishar edi. Aslida sho‘rolarning keltirishdan maqsadi – uni imi-jimida mahv etish edi.
Iskandarbek Sultonov 1935-yil 18-may kuni Ozarboyjon SSR Ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan aksilinqilobiy tashviqot va josuslik ayblovlari bilan hibsga olinadi. Besh oy davom etgan tergov jarayonida Iskandarbek Istanbulda yashagan amakisi Xosrovbek Sultonov bilan aloqada bo‘lgan, unga axborot yuborib turgan degan “ayblar” bilan ayblanadi.
Iskandarbek Sultonov 1935-yil 27-noyabrda Ozarboyjon SSR Oliy Sudi Kollegiyasi hukmiga ko‘ra Ozarboyjon SSR Jinoyat kodeksining 58-4-moddasi (“qurolli qarshilik”) hamda 66-moddasi (“Xalqaro burjuaziyaga yordam ko‘rsatish”) bo‘yicha aybdor deb 10 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Jazoni O‘rta Osiyo lageri SazLAGda ijro etish belgilanadi.
Iskandarbek Sultonov 1936-yil 29-yanvardan SazLAGga tegishli Malik sovxozi, 2-barakda yashab, mehnat qila boshlaydi. SazLAG IIXKga qarashli lagerlar orasida sharoiti eng og‘iri edi. Izlanishlarga qaraganda mahbuslarning aksar qismi yuqumli kasalliklar va jismoniy qiynoqlar, hatto ochlikdan o‘lishga mahkum bo‘lganlar. Iskandarbek shunday bir sharoitda lager ma’muriyatidan bu noinsoniy muhitni to‘g‘rilashlarini, og‘ir holatdagi keksalarga tibbiy xizmat ko‘rsatishlarini talab qiladi. Aksincha, 1937-yil 21-noyabr kuni aksilinqilobiy targ‘ibotda ayblanib, Iskandarbek Sultonovga qarshi jinoyat ishi ochladi. Mazkur ish P-41310 raqami ostida saqlanib, 1937-yil 21-noyabr kuni ochilib, 1937-yil 24-noyabr kuni yopilgan. Ko‘rinadiki, bor yo‘g‘i to‘rt kun ichida ozarboyjon xalqining qahramon farzandi Iskandarbek Rustamovich Sultonovning taqdiri hal qilingan. Ishdagi uning shaxsiy anketasida “1898-yil, Leningrad shahrida tug‘ilgan, millati turk...” kabi noaniq ma’lumotlar bitilgan. Asosiy ayblov dalili sifatida esa Iskandarbekning Malik sovxozida 2-barakda go‘yoki “paxta hosilini isrof qilgan”i, 1937-yil 9-oktyabr kuni mahbuslar bilan suhbatda Germaniyani maqtagani, O‘zbekistonning hukumat rahbarlari Fayzulla Xo‘jayev va Akmal Ikromovlarni adolatsizlik qurboni, “stalinizm – bu qashshoqlik” degani ko‘rsatilgan.
1937-yil 24-noyabrdagi so‘roqda Iskandarbek Sultonov o‘zining o‘tmishi, Tog‘li Qorabog‘ general gubyernatori amakisi Xosrovbek Sultonov xizmatida o‘tgan onlari, 1920–1928-yillar Germaniyada Sharltonberg oliy texnika maktabida o‘qigani, 1928–1932-yillar turli idoralarda mutaxassis va tarjimon vazifalarida ishlagani haqida, ammo gestapo (fashistlar Germaniyasida maxfiy davlat politsiyasi) tashkiloti bilan hech qanday aloqasi bo‘lmaganini ta’kidlaydi. 1937-yil 26-noyabr kuni chiqarilgan qarorda uning iqrori aks etmaydi. Biroq 27-noyabr kungi ayblov bayonnomasida uning Germaniyani maqtagani, o‘zbek davlat arboblari Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayevlarni adolatsizlik qurboni degani qayd etiladi. Iskandarbek Sultonov 1937-yil 28-noyabrda mash’um “uchlik” tomonidan O‘zSSR JKning 66-moddasi, 1-bandi bilan aybdor deb topilib oliy jazoga hukm qilingan. Nohaq hukm 1938-yil 5-yanvarda SazLAGga tegishli maxfiy obyektda ijro etilgan.
Stalin vafotidan so‘ng “Qizil saltanat” ichida boshlangan “iliqlik davri”dan foydalangan Iskandarbekning qarindoshlari ham qatag‘on qurboni bo‘lgan jigarlari taqdiri bilan qiziqib turli idoralarga arizalar yozdi. 1957-yil 8-fevral kuni Toshkent ZAGS tomonidan Bokuga Zaynabxonum Sultonovaga yuborilgan ma’lumotnomada Iskandarbekning 1943-yil 10-yanvarda o‘pka shamollashi tufayli vafot etgani haqida yolg‘on xabar berildi.
Iskandarbek Sultonov O‘zSSR Oliy Sudi tomonidan 1990-yil 20-sentyabrda sovetlarning stalincha qatag‘on siyosati qurboni sifatida reabilitatsiya etilgan. 1991-yil 10-oktyabr kuni Toshkent shahridan Boku shahri, 8-mikrorayon, 23/76-xonadonga Sultonova Dilyara Rustambek qiziga akasi Iskandarbekning 1938-yil 28-noyabrda otuvga hukm etilgani haqida xabar yo‘llangan. Iskandarbek Sultonov Ozarboyjon Respublikasi Prokuraturasining 1993-yil 19-fevraldagi qaroriga binoan oqlangan.
Darhaqiqat, Iskandarbek haqida so‘zimizni ozarboyjon xalqining qahramon farzandi deb boshlagan edik. Uning katta amakisi Sultonbek Poshabek o‘g‘li Sultonov 1918-yilda Qarabog‘ni bosib olishga kelgan Andranik Ozanyan qo‘shinini o‘zining kichik guruhi bilan mag‘lub etib, “Ozarboyjon xalq qahramoni” unvoniga loyiq ko‘rilgan edi. U Zangazur milliy politsiyasi rahbari bo‘lib, Ozarboyjon Jumhuriyati bosib olinganidan keyin ham uch yil davomida Qarabog‘da, 1923–1931-yillarda Eronda Ozarboyjon mustaqilligi uchun kurashni davom ettirgan. Sultonbek Sultonov 1942-yil Turkiyada vafot etgan.
Yuqorida so‘zlaganimiz Xosrovbek ham 1920-yil Ozarboyjondan muhojirlikka chiqib, Eron, Turkiya va Yevropa davlatlarida vatani mustaqilligi uchun kurashni davom ettirgan va 1943-yil Istanbulda vafot etgan. Otasi Rustambek Sultonov ham sovet davrida bir necha marta hibsga olingan. 1937-yil 26-iyulda NKVD tomonidan hibs olinib, 1940-yil 9-fevralda SSSR NKVD huzuridagi Maxsus majlisning qaroriga ko‘ra, antisovet targ‘ibotda ishtirok etganlikda ayblanib, 5 yil muddatga surgun qilingan. Xullas ozarboyjon millatining vatansevar, qahramon xonadonining munosib vakili Sultonov Iskandarbek Rustambek o‘g‘li shu tariqa taqdir hukmi bilan O‘zbekiston zaminida mangu qo‘nim topdi.
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q