Behbudiy va Fitrat loyihalari – Oʻzbekiston hududida Konstitutsiyaviy huquq evolyutsiyasi


Saqlash
12:14 / 09.12.2025 430 0

Konstitutsiyaviy huquqning evolyutsiyasi har bir millatning davlatchilik belgisi, uning siyosiy, ijtimoiy va huquqiy tafakkurining aksi hisoblanadi. Konstitutsiya shunchaki qoidalar toʻplami emas, balki davlatning pasporti, xalqning oliy irodasi va kelajakka boʻlgan umidining fundamental ifodasidir.

 

Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasida 8-dekabr – Konstitutsiya kunining nishonlanishi va unga umumxalq bayrami maqomi berilgani ushbu huquqiy tizim poydevorining strategik ahamiyatidan dalolat beradi.

 

Oʻzbekiston hududida konstitutsiyaviy gʻoyalarning ildizlari sovet davri yoki mustaqillik davridan ancha oldin shakllangan. Tarixiy tahlil shuni koʻrsatadiki, XX asr boshlaridagi jadidchilik harakati, demokratik tafakkur va huquqiy davlat qurishga boʻlgan intilish – zamonaviy konstitutsiyaviy jarayonlarning ilk muhim asosini yaratgan. Bu uzluksiz evolyutsiya jahon konstitutsiyaviy tajribalarini oʻzlashtirish, milliy qadriyatlarni tiklash va turli siyosiy tizimlar sinovidan oʻtish orqali amalga oshgan.

 

Konstitutsiyaviy tamoyillarning dunyo sahnasida vujudga kelishi

 

Konstitutsiyaviy huquq gʻoyasi bir necha asrlik tarixiy va falsafiy rivojlanish natijasida vujudga kelgan. Bu jarayon hokimiyatni cheklash, inson huquqlarini tan olish va qonun ustuvorligini oʻrnatishga qaratilgan konseptual ildizlarga ega, uning dastlabki asoslari qadimgi Yunoniston va Rim respublikalariga borib taqaladi. Masalan, Aristotel boshqaruv shaklini ifodalovchi “politika” tushunchasini fanga kiritgan boʻlib, bu davlatning asosiy tartib-qoidalari majmuini anglatgan.

 

Biroq, hokimiyatni tizimli ravishda cheklashga qaratilgan birinchi muhim hujjatlar Oʻrta asrlar Yevropasida paydo boʻldi. “Buyuk erkinliklar xartiyasi” (keyingi oʻrinlarda “Xartiya. 1215-yil, Angliya) konstitutsiyaviy tamoyillarning tamal toshini qoʻygan ilk hujjatlardan biri edi. Bu hujjat qirolning mutlaq hokimiyatini cheklashga qaratilgan boʻlib, undagi eng muhim qoidalardan biri – “mamlakat qonuni asosida” (law of the land) iborasidir. Bu ibora shaxsiy erkinlikni, xususiy mulk huquqini va sud qarorisiz qamoqqa olishdan himoya qilish tamoyilini belgiladi. Tahlil shuni koʻrsatadiki, mazkur normativ hujjat zamonaviy konstitutsiya boʻlmasa ham, gʻarb konstitutsionalizmining asosiy falsafasi — hukumatning oʻz fuqarolari ustidan cheklangan hokimiyatga ega boʻlishi — prinsipini mustahkamladi.

 

Shuningdek, dunyodagi eng qadimgi konstitutsiya, amaldagi huquqiy hujjatlar toʻplami sifatida San-Marino Konstitutsiyasi (1600-yil) eʼtirof etiladi.

 

Konstitutsiyaviy tafakkurning haqiqiy gullab-yashnashi “Maʼrifat asri”ga toʻgʻri keladi. Jon Lokkning tabiiy huquqlar, Monteskening hokimiyatlar boʻlinishi va Jan-Jak Russoning xalq suvereniteti haqidagi falsafalari konstitutsiyaviy inqiloblarga turtki boʻldi. Natijada, AQSH Konstitutsiyasi dunyodagi birinchi yozma milliy konstitutsiya sifatida paydo boʻldi. U, Xartiyadan meros boʻlib oʻtgan qonun ustuvorligi va shaxsiy erkinliklarni taʼminlash gʻoyalarini yangi respublika asosiga mustahkamladi. AQSH Konstitutsiyasidan ikki yil oʻtib, 1791-yil Rech Pospolita Konstitutsiyasi qabul qilindi, bu ham zamonaviy yozma Konstitutsiyalarning ilk namunalaridan sanaladi.

 

 

Bugungi kunda dunyodagi deyarli barcha suveren davlatlar oʻz Konstitutsiyasi yoki konstitutsiyaviy hujjatlar majmuasiga ega. Ularning aksariyati, jumladan Oʻzbekiston ham, AQSH modelidagi yozma konstitutsiyaga ega. Buyuk Britaniya va Isroil kabi kam sonli davlatlarning Konstitutsiyasi yozilmagan, yaʼni, bir nechta asosiy qonunlar, sud pretsedentlari va anʼanalar yigʻindisidan iborat.

 

Konstitutsiyaviy huquq evolyutsiyasidagi global tajribaning eng muhim xulosasi shundaki, hokimiyatni cheklash gʻoyasini qonuniylashtirish kerak. Xartiya va AQSH Konstitutsiyasi kabi hujjatlar mutlaq monarxiyaga yoki diktaturaga qarshi kurashda xalqaro namuna boʻlib xizmat qildi. Bu global tamoyillar, oʻz navbatida, keyingi boʻlimda koʻrib chiqiladigan jadidlarning Turkiston va Buxorodagi loyihalari uchun konseptual zamin yaratdi, chunki ularning maqsadi ham aynan maʼrifiy elita foydasiga mutlaq hokimiyatni cheklashdan iborat edi.

 

Shaxs daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan “Habeas korpus” tamoyili 1922-yilgi Buxoro Xalq Shoʻro Jumhuriyati Konstitutsiyasida shaxsiy daxlsizlik kafolati sifatida aks etgan va bu gʻoya 2023-yilgi Oʻzbekiston konstitutsiyasida 48 soatlik sud nazorati sifatida mustahkamlandi.

 

Jadidlar harakati: Turkistonda ilk huquqiy normalar loyihasining shakllanishi

 

Oʻzbekiston hududidagi konstitutsiyaviy huquqning milliy oʻziga xos tarixi XX asr boshida, jadidlarning intellektual-siyosiy faoliyati bilan bogʻliq. Jadidchilik harakati dastlab taʼlimni isloh qilishga qaratilgan boʻlsa-da, tez orada uning maqsadlari huquqiy davlat qurish va madaniy yoki siyosiy avtonomiyaga erishishgacha kengaydi.

 

1905-1907-yillardagi Rossiyadagi demokratik inqilobning taʼsiri Turkiston xalqlarida oʻz huquqlari uchun kurashish istagini kuchaytirdi. Bu davrdagi ziyolilar, Gʻarb va Sharqdagi konstitutsiyaviy tuzumlar haqidagi bilimlariga tayanib, Turkiston va Buxorodagi mutlaq boshqaruv tizimlarini isloh qilish zaruriyatini his qildi.

 

Bu harakatning huquqiy davlatchilikka boʻlgan intilishini tasdiqlovchi ikkita hujjat loyihasi mavjud. Bu hujjatlar oʻsha davr ziyolilarining huquqiy ongi naqadar yuqori boʻlgani va konstitutsiyaviy tuzumga intilish kuchli boʻlganini koʻrsatadi.

 

Mahmudxoʻja Behbudiy 1905-1907-yillardagi siyosiy jarayonlar taʼsirida “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasini ishlab chiqqan.

 

Bu loyiha 9 boʻlim va 75 banddan iborat boʻlib, uning asosiy mazmuni Turkistonning madaniy hayotiga (taʼlim, sud tizimi, matbuot) oid jadidlarning qarashlarini aks ettirgan. Behbudiy maʼmuriy va siyosiy mustaqillikka erishishdan oldin, madaniyat, taʼlim va huquq sohalarda muxtoriyatni mustahkamlash kerakligini taʼkidlagan. Loyiha III Davlat Dumasining Musulmon fraksiyasiga taqdim etilgan va rad etilgan. Keyinchalik Ismoil Gaspiralining shaxsiy arxivida saqlanib, Turkiya hukumatiga topshirilgan.

 

Abdurauf Fitrat boshchiligida tayyorlangan “Buxoroda islohot loyihasi”, “Yosh buxoroliklar” partiyasining asosiy dasturiy hujjatlaridan biri edi. Fayzulla Xoʻjayev oʻz maqolalarida bu loyiha haqida toʻxtalib oʻtgan. Loyiha 15 bob va 24 moddadan iborat boʻlib, u Buxoro amirligidagi mutlaq istibdodni cheklashga, islohotchi va huquqiy davlat tuzumini oʻrnatishga qaratilgan aniq huquqiy-siyosiy dasturni oʻz ichiga olgan. Bu hujjat davlat boshqaruvini isloh qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash va jamiyat hayotini modernizatsiya qilish gʻoyalarini ilgari surgan.

 

Yuqoridagi ikki loyiha garchi rasman qabul qilinmagan boʻlsa-da, Oʻzbekiston konstitutsiyaviy tarixida “tarixiy asos” vazifasini oʻtadi. Ular xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda, hokimiyatni cheklashni maqsad qilgan dastlabki yirik huquqiy hujjatlardir. Shu tariqa, jadidlar konstitutsiyaviy tafakkurning milliy maktabiga asos solgan.

 

Turkiston ASSR, Xorazm XSR va Buxoro XSR da ilk respublikaviy konstitutsiyanavislik tajribalari

 

Turkiston ASSR 1918-yilda Sovet Rossiyasi tarkibidagi avtonom respublika sifatida tashkil topdi. TASSRning Konstitutsiyalari asosan sinfiy prinsiplarga va RSFSRning 1918-yilgi Konstitutsiyasi modeliga tayangan edi.

 

Buxoro jumhuriyati Konstitutsiyasi oʻzbek konstitutsiyaviy evolyutsiyasining eng qiziqarli va noyob bosqichi hisoblanadi. 1920-yil sentyabr inqilobi natijasida amirlik tuzumi tugatilib, respublika eʼlon qilingach, 1922-yil 18-avgustda Butunbuxoro qurultoyi tomonidan asosiy qomus qabul qilindi.

 

Buxoro konstitutsiyasining 3-moddasida Buxoro “oʻz davlat chegaralarida yagona, ajralmas va mustaqil davlat” deb eʼlon qilingan. Davlat boshqaruvi xalq qoʻliga oʻtgani, oliy hokimiyat esa Butunbuxoro qurultoyiga tegishli ekani belgilangan. Qurultoy syezdlar oraligʻida hokimiyatni amalga oshiruvchi Markaziy ijroiya qoʻmitani saylagan.

 

Buxoro Konstitutsiyasining sovet respublikalariga xos boʻlmagan jihati uning iqtisodiy qoidalarida yaqqol koʻrinadi. 6-moddada fuqarolarga koʻchmas va koʻchar mulkdan, meros qilib olgan mulkdan cheklanmagan tarzda foydalanish va tasarruf etish huquqi kafolatlangan. Eng muhimi, hukumat xususiy kapitalga egalik qilish va pul kreditlaridan foydalanishga nisbatan hech qanday cheklov oʻrnatmasligi eʼlon qilingan. Fuqarolarga savdo, sanoat, hunarmandchilik va dehqonchilik bilan erkin shugʻullanish, shuningdek, savdo-sanoat shirkatlari va kooperativlarga birlashish huquqi berilgan. Bu qoidalar, bozor tamoyillariga moyil boʻlib, jadidlarning iqtisodiy islohotlar haqidagi gʻoyalari Buxoro huquqiy tizimida aks etganini koʻrsatadi. Bu sotsializmning mahalliy sharoitga keskin moslashuvi edi va bu uning keyingi, qattiq markazlashgan sovet tizimidan keskin farqlanishini koʻrsatadi.

 

Inson va fuqaro huquqlari kafolatlari ham mazkur konstitutsiyada aks etgan boʻlib, unda jinsi, irqi, millati, dini yoki ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, barcha fuqarolarning tengligi taʼkidlanadi va har qanday imtiyozlar bekor qilinadi. Hukumat barcha uchun bepul taʼlimni kafolatlagan va eng muhimi, davlat boshlangʻich maktablarida oʻqitish “ona tilida” boʻlishi belgilab qoʻyilgan.

 

Har bir millatga oʻz ona tilida maktablar ochish huquqi berilgan. Shaxs va uy-joy daxlsizligi kafolatlangan. Hech kim qonunsiz jazolanishi mumkin emasdi. Mansabdor shaxslarning fuqaro uyiga ruxsatsiz kirishi taqiqlangan. Fuqarolarga davlat mansabdor shaxslarining hokimiyatni suiisteʼmol qilishi va qonunlarni buzishi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi berilgan.

 

Xorazm XSR ham Konstitutsiya qabul qilingan boʻlib, dastlab u xususiy mulkka va mahalliy anʼanalarga nisbatan muloyimroq yondashgan. Ushbu maʼmuriy birlik Konstitutsiyasi 1920-yil 30-aprelda Butunxorazm Sovetlarining I qurultoyida qabul qilingan. Konstitutsiya 13 bob va 37 moddadan iborat boʻlgan. Unda ham davlat ramzlari, hokimiyat boʻlinishi, saylovlar masalasi batafsil yoritilgan.

 

Shuningdek, 1922-yil hokimiyat sovetlashtirilishi ortidan 6 boʻlim, 15 bob va 87 moddadan iborat yangi tahrirdagi konstitutsiya qabul qilingan. Mazkur konstitutsiyada inqilobiy harakat, yaʼni sovetlashtirish unsurlari yaqqol koʻzga tashlanadi.

 

1924-yilgi milliy-hududiy chegaralanishgacha, bu respublikalardagi konstitutsiyaviy tamoyillar tobora markazdan boshqariladigan sovet idealiga moslashtirilgan.

 

Sovet davridagi Oʻzbekiston SSR konstitutsiyalari: “demokratik fasad” ortidagi tizim

 

Oʻzbekiston sovet sotsialistik respublikasi (OʻzSSR) konstitutsiyalari sovet siyosiy tizimining mahsuli edi va uch marta (1927, 1937, 1978-yillarda) yangilandi. Mazkur hujjatlar uchun asos vazifasini SSSR konstitutsiyalari oʻtagan va bu holat qolgan Ittifoq respublikalarida ham kuzatilgan.

 

 

Oʻzbekiston SSRning birinchi Konstitutsiyasi 1927-yilda qabul qilindi. Bu hujjat OʻzSSRning SSSR tarkibiga kirishini huquqiy jihatdan mustahkamladi. 1927-yilgi Konstitutsiyagacha respublikada “Oʻzbek SSR tuzilganligi haqidagi Deklaratsiya”, gerb va bayroq haqidagi qarorlar kabi qator konstitutsiyaviy ahamiyatga ega hujjatlar qabul qilinib boʻlgandi.

 

1936-yil SSSRda yangi Konstitutsiya qabul qilindi. Mamlakatda “sotsialistik tuzum asoslarining qurilishi” yakunlangani eʼlon qilindi. Qogʻozda bosh qomus ancha demokratik koʻringan: u keng ijtimoiy huquqlarni (mehnat, dam olish, taʼlim) kafolatlagan. Biroq, amalda bu hujjat totalitar davlatning huquqiy rasmiylashtirilishi, yaʼni partiya diktaturasi sharoitidagi “demokratik fasad” boʻlib qoldi.

 

1977-yilgi Konstitutsiyada xalq hokimiyatchiligi, sotsialistik qonuniylik tamoyillari mustahkamlandi. 1937-yilgi tahrirdagi hujjatga nisbatan fuqarolarning huquq va erkinliklari haqidagi moddalar soni deyarli ikki baravar koʻpaydi, ijtimoiy rivojlanish va madaniyat boʻyicha alohida bob kiritildi.

 

Nazariy jihatdan bu Konstitutsiyalar jamiyat manfaatlari yoʻlida muvaffaqiyatli qoʻllanilishi mumkin boʻlgan katta demokratik salohiyatga ega edi. Ammo, tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, bu progressiv salohiyat amalga oshirilmay qoldi. Sovet davri konstitutsiyalarining asosiy kamchiligi va tanqidga uchrashiga sabab, ularning amaliyotdan uzoqligidir.

 

Bu tizimda hokimiyatlarning boʻlinishi faqat nomiga mavjud edi: ijro etuvchi apparat (partiya nomenklaturasi) qonun chiqaruvchi organ – Sovetlar ustidan toʻliq hukmronlik qilgan. Sud hokimiyatining mustaqil emasligi konstitutsiyaviy nazorat mexanizmlarini oʻldirgan. Oqibatda, qogʻozdagi huquqlar amaliyotda ishlamagan va bu holat eʼlon qilingan ideallarga nisbatan xalqda ishonchsizlikni keltirib chiqargan. Sovet konstitutsiyalarining qonun ustuvorligiga erisha olmasligining asosiy sababi – ularda hokimiyat taqsimotining amalda emas, faqat shaklan mavjudligidir. Bu tarixiy saboq 1992-yilda Oʻzbekiston mustaqil milliy konstitutsiyasini yaratishda hokimiyat taqsimoti va qonun ustuvorligini real konstitutsiyaviy kafolat sifatida mustahkamlash zaruriyatini keltirib chiqardi.

 

Mustaqillik davri konstitutsiyalari va ularning milliy shakllanish tarixi

 

Yangi bosh qomusni yaratishga asos boʻlgan muhim nuqta 1990-yil 20-iyundagi “Mustaqillik deklaratsiyasi” va “Mustaqillik asoslari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinishi boʻldi. Bu hujjatlar Oʻzbekistonning suverenitetini eʼlon qilib, yangi, milliy konstitutsiya ishlab chiqish uchun huquqiy mandat berdi.

 

Birinchi Prezident Islom Karimov rahbarligida “Konstitutsiyaviy komissiya” tuzildi. Sovet davridagi yopiq qonunchilik amaliyotidan farqli oʻlaroq, Konstitutsiya loyihasi haqiqiy xalq ijodi mahsuli boʻlishini taʼminlash maqsadida ikki marta: 1992-yil sentyabr va noyabr oylarida umumxalq muhokamasiga qoʻyildi. Bu jarayonda xalqdan 6 mingdan ortiq taklif va mulohazalar kelib tushdi. Natijada, loyihaning 60 dan ortiq moddasiga oʻzgartirish va aniqliklar kiritildi.

 

Loyiha BMT, YEXHT kabi xalqaro tashkilotlar ekspertlari tomonidan ham koʻrib chiqilib, demokratik va insonparvar tamoyillarni oʻzida mujassam etgani uchun yuqori baholandi.

 

Jamiyat rivojlangani sari qonunlar takomillashib borishi tabiiy jarayon boʻlib, 2023-yil 30-aprelda oʻtkazilgan umumxalq referendumi natijasida Konstitutsiyaning yangi tahriri qabul qilindi. Bu jarayon shunchaki oʻzgartirish emas, balki Oʻzbekiston davlat va jamiyat qurilishining yangi bosqichiga oʻtishini anglatdi.

 

Yangi tahrirdagi konstitutsiyaning tuzilishida mantiqiy ketma-ketlikni “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida qurishga urgʻu berdi.

 

Yangi qomus 6 ta boʻlim, 27 ta bob va 155 ta moddadan iborat boʻlib, moddalar soni 128 tadan 155 tagacha koʻpaydi.

 

Eng muhim oʻzgarishlardan biri konstitutsiyaning 1-moddasida Oʻzbekistonning maqomi “suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” sifatida belgilanganidir. Yangi tahrirga inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha zamonaviy protsessual institutlar kiritildi, xususan, “Miranda qoidasi”, Habeas korpus shular jumlasidandir.

 

Xulosa

 

Oʻzbekiston hududida konstitutsiyaviy huquqning evolyutsiyasi XX asr boshidagi maʼrifatparvarlik harakatlaridan boshlangan jarayondir. Jadidlarning huquqiy davlat, madaniy avtonomiya va taʼlim tizimini isloh qilish gʻoyalari, shuningdek, 1922-yilgi Buxoro jumhuriyati Konstitutsiyasida mustahkamlangan ona tilida taʼlim va xususiy mulk erkinligi kafolatlari, keyinroq Sovet tizimi tomonidan uzib qoʻyilgan konstitutsiyaviy ongning ilk koʻrinishlari edi. 1992-yilgi Mustaqillik Konstitutsiyasi va ayniqsa 2023-yilgi yangi tahrir bu tarixiy gʻoyalarni qayta tikladi.

 

1927, 1937 va 1978-yillardagi OʻzSSR Konstitutsiyalarining asosiy kamchiligi ularning amaliyotda ishlamagani edi. Qonun ustuvorligi va hokimiyatlar boʻlinishining ishlamasligi, maʼmuriy-buyruqbozlik tizimining ustunligi konstitutsiyaviy amaliyotni buzgandi. Bu tarixiy tajriba yangi Oʻzbekiston uchun qonun ustuvorligini faqat qogʻozda emas, balki amalda kafolatlashning muhimligini koʻrsatdi.

 

Jahongir Ostonov, Akbar Idiyev

FA Sharqshunoslik instituti kichik ilmiy xodimi

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//