“Oyina” ijodkorlarida hurriyat talqini – siyosiy chaqiriq, shiorlar va yangi o‘zbek she’riyati kurtaklari


Saqlash
15:48 / 12.01.2022 1576 0

 

 

“Oyina” jurnalning mualliflar doirasi juda keng. Bu o‘rinda Siddiqiy Ajziy, Milliy, Hakim Buxoriy, Munzim Buxoriy, Nigorxonim, Mahmud, Mahmud Akram, Mahmud Tarziy, Tojiy, Mavlaviy Husayn Sayid, Abbosiy, Ayn, Ahmadxo‘ja Siddiqiy, Sayid Vahabiy, G‘aflatiy, Xatoiy, Ismoil Safo, Xoib Andijoniy, Qori Najmiddin, Naf’iy, Mulla Izzat, Mirzo Burhon, Javhariy, Ibrohim Davron, Fitrat kabi shoirlarning nomlarini ko‘rsatishimiz mumkin.

 

Afandixon “Millatga xitob” she’rida ilmga rag‘bat ko‘rsatishga chaqirsa, Niyoziy Rajabzoda “Vatanga xitob”ida Turkistonning matbuotda, nashrda orqada qolganidan, Ajziy “Vatan manzumasi”, Xol Muhammad Oxundiy “Na holimiz?”, Mir Muhsin “Millat faryodi”, Abdulla Qodiriy “Fikr aylag‘il” she’rlarida jamiyatning ahvolidan shikoyat qiladi.

 

Jurnalning 1914-yil 40-sonida turkum she’rlar bosilgan bo‘lib, Ajziy “Ash’or”ida g‘aflatdan uyg‘onishga, Mulla G‘ulom Zafariy “Ey ilm!”, Xol Muhammad Oxundiy “Vatanga!” she’rlarida jaholatdan chiqishga, Muhammad Amin “Maktabimizga!” she’rida maorif va tarbiyaga da’vat etadi. Ayni mavzular Kamiyning “Har kishida ilm va san’at bordir...”, Sohibning “Vatan”, Xoibning “Vatanga” she’rlarida ham davom etgan. Umuman, taraqqiyparvarlik adabiyotiga xos bosh mavzular: ilm, maktab, kitob, jaholat, millat ahvolini yoritishga keng o‘rin berilgan. Ularning aksariyati Vatan va millatga murojaat shaklida. Shu jihatdan Vasliy, Ajziy, Rojiy, Xatoiy, Tavallo – eng faol mualliflardan sanaladi.

 

1913-1914-yillarda e’lon qilingan lirik namunalar diniy-tasavvufiy, ma’rifiy, siyosiy, hurriyat va milliyat, ishqiy, hasbi hol, tabiat mavzusidagi she’rlar, turli munosabatlar bilan yozilgan tabriklar; marsiyalardan iborat. Jurnalning 1914-yil 22-sonida chop etilgan “Qadim birla jadid” she’rida muallif Ahmadjon Abdulfasih o‘g‘li dahanaki jangga aylanib ketgan, millatga hech bir foyda keltirmayotgan qadim va jadid bahslariga munosabat bildiradi:

 

Ey qalam, sen so‘rmading millatlaringdin bir savol,

Ul qadim birla jadidning ishlaridin qiylu qol.

 

Ko‘b talosh etdi jahonda bir-birig‘a bahs etub,

Ma’nisini bilmayub ko‘b sochdilar dunyo va mol...

 

Jurnalning 1914-yil 38-sonida Niyoziy Rajabzodaning ramazoni sharif munosabati bilan yozilgan “Shodliq she’r” sarlavhali asari bosilgan bo‘lib, muallif uni millatiga bag‘ishlaydi.

 

 

Yo qalam, shodliq bilan qorangni to‘k,

Tabrik etub millatimga yozam maktub.

Har jihatdan hurriyatlar ochilg‘onga,

Ushbu kun hasratimdan shodlig‘im ko‘b.

Xodimul millatlarga ofarin deb,

Qo‘llarimni raqs etib qilam tabrik.

Ko‘nglimda bor qayg‘ular bori ketdi,

Onodan yangi tug‘on bolalartek.

Hurriyat zamonlari ochilg‘ong‘a,

Ushbu kun iyd bo‘ldi barcha jong‘a.

Tabrik etib millatima yozam she’r,

Fikrimiz bir-birig‘a qo‘shilg‘ong‘a.

Hurriyat quyoshlari tug‘di bu kun,

Pora-pora bo‘lg‘on ko‘ngil bo‘ldi butun.

Zulmat ketib o‘rnig‘a to‘ldi nurlar,

Bizlarga qadar kecha bo‘ldi butun kech,

Bu kun kabi shodlik kunlar bo‘lur siyrak,

Bu kunning qadrini bilmak kerak.

Qo‘limizdan kishan zanjir olinganda,

Qo‘zg‘alaylik, afandilar, biz tezrak.

Olindi og‘irliklar qo‘limizdan,

Mone’ yo‘qdir boraturgon yo‘limizdan.

Hurriyat zamonlari qoplab oldi,

Oldi-ortdan ham o‘ng ila so‘limizdan.

Bir Alloh yordam bersun ishimizga,

Taraqqiy fikri kirdi ichimizga.

Bo‘yla fursat zamonlari siyrak kelur,

To‘rt qo‘l ila yopishayluk ishimizga.

Dardimizga ushbu kunda bo‘ldi chora,

Zolimlarni bukun bo‘ldi yuzi qora,

Bu ish uchun ovoz ila tabrik edam,

Kamina Niyoziyman bechora.

 

Shoir hurriyat kunini iyd kuni bilan tenglashtiradi. She’rdan Turkiston muxtoriyatining shabadalari keladi. “Oyina” mualliflari ichida yangi o‘zbek she’riyati vakillari juda oz. Fitratning “Tozyonai ta’dib” tarkibbandi g‘oyaviy jihatdan, Niyoziy Rajabzodaning ayrim she’rlari tili, ifoda shakli jihatidan yangi o‘zbek she’riyati namunalari bo‘la oladi. Qolgan deyarli barcha she’rlarda siyosiy chaqiriqlar, shiorlar va bayon bo‘rtib turadi. Bu, albatta, davr talabi va she’riyatning taraqqiyot bosqichlari bilan bog‘liq jarayon.

 

She’riy namunalarda vazn, qofiya jihatidan saktaliklar mavjud. Aruzdan barmoqqa o‘tish jarayonida kuzatilgan bu jihatlar ham davr she’riyatining xos xususiyatlaridan sanaladi. “Oyina” ijodkorlari hurriyatni turlicha talqin etgan, 1914-yili hali uning ma’naviy qiyofasi va ifoda shaklini to‘la tasavvur etishmagan bo‘lsa-da, bu she’riyatni hurriyat mavzusi birlashtirib turadi.

 

Shahnoza NAZAROVA,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23619
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//