Yozuvchi va zamon munosabati – Qodiriyning shubhasi, Cho‘lponning alami, Oybekning hadigi


Saqlash
16:11 / 10.01.2022 9327 1

Har qanday ijod mahsuli ijodkor shaxsi bilan uyg‘un keladi. Ijodkor va asar munosabati daraxt bilan mevasiga o‘xshatiladi. Biror meva uni yetiltirgan daraxtdan bo‘lakcha bo‘lolmagani kabi badiiy asar ham muallifning shaxsiyati darajasidan balandlay olmaydi. Ijodkorni yanada yaqinroq bilish va ruhini anglash uchun u yashagan davr, ijtimoiy-siyosiy sharoit kabi omillarga e’tibor qaratish lozim. Shunday ekan, badiiy ijodda muallif shaxsi, iste’dod va tafakkur ko‘lami hal qiluvchi ahamiyatga molik. Ijodkor faoliyatining mahsuli sanalgan san’at asari nafaqat badiiy hodisa, balki ruhiy, falsafiy, madaniy-tarixiy hamda diniy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan voqelikdir. Badiiy asar bu – ijodkor badiiy tafakkuridagi  borliqning o‘ziga xos aksidir.

 

Badiiy tafakkur, o‘z navbatida, din, til, millat kabi falsafiy kategoriyalar bilan uzviy aloqada bo‘ladi. A.Losev “Ilm, san’at, din – haqiqatni anglashning uch bosqichi”, deb e’tirof etganda to‘la haqli edi. Mana shu uchlik o‘zaro uyg‘unlashgandagina qonuniyatlar idrok etiladi. Uchlik kesimida yozuvchining ruhiy kechinmalariga quloq tutish, “holat”ini tushunish ijodkor insonning murakkab tabiatini anglashimizga ko‘mak beradi. Ijodiy “men” va insoniy “men” qiyofasining mushtarakligi ilmiy-nazariy masala sifatida turli darajada o‘rganilmoqda. Mazkur masalani bir zamon  va makonda yashab o‘tgan yozuvchilar hayoti  misolida kuzatamiz.

 

Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon va Muso Oybek deyarli bir davrda, bir-biriga yaqin sharoitda yashab ijod qilgan. Tabiiyki, ularning hayotiy pozitsiyasi va obraz tasviridagi uslubi keskin farqlanadi. Qodiriydan keyingi pog‘onada Cho‘lpon o‘zgacha ruhdagi romani bilan yangi davr nasridan darak bersa, Oybek zamon taloto‘plari orasida yo‘lini ayirib ola bilmay turganday taassurot uyg‘otadi. Aytish joizki, har birining o‘z hayot yo‘li, taqdiri, amali bor, hech qaysi bir-birini takrorlamaydi.

 

Cho‘lponning “Tong sirlari” to‘plamiga Qodiriy so‘zboshi yozgan. “Ba’zi bir o‘rtoqlar Cho‘lponni yig‘loq deb aybsitadilar. Balki, haqlari ham bordir.

 

Chechaklar o‘skusi ko‘z yoshlarimdan,

Bo‘g‘inlar ungusi o‘ylashlarimdan…

 

deb hasratlanishi bizning ko‘z o‘ngimizda “yig‘loq” bir shoirni gavdalantiradir. Biroq shoir shu to‘kkan ko‘z yoshlaridan chechaklar o‘sdirmoqchi bo‘lmasa edi, biz ham uning mu’tarizlari qatorig‘a kirgan bo‘lar erdik.

 

Anqov ta’nachilar shoirni ranjitishda mudovamat qiladirlar... O‘ktabr o‘zgarishi qora tunimizning tongini otdirdi esa-da, bu mudhish kechning badnoma ko‘lagalari hamon shoirning yuragini titratdilar va ul nochor yig‘ladi... Menimcha, “Tong sirlari”da ko‘rilgan ko‘z yoshlarining siri shudir” (Qodiriy A. Diyori bakr. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2007. B. 261).

 

Yozuvchi shoir ko‘zlarini namlantirgan tuyg‘ular sababini to‘g‘ri anglaydi va boshqalarni ham shunga chaqiradi. Uning to‘plamga kichik kirishso‘z yozishining o‘ziyoq ko‘p narsaga ishora qiladi. Cho‘lponga hujumlarning oldini olish maqsadida yozilgan taqdimso‘z keyinchalik muallifga ko‘p tashvish keltirdi. Har bir ishga katta mas’uliyat bilan yondashgan adib shoirning she’riy nafosati va poetik mahorati, ruhiy holatini hissiy sezimlari orqali nozik ilg‘ay bilgan. Uning so‘zga talabchan va qattiqqo‘l muharrirligini hisobga olsak, Cho‘lponga nisbatan munosabati ham oydinlashadi.

 

Habibulla Qodiriy otasi bilan Cho‘lpon orasidagi adabiy, do‘stona munosabatlar haqida kattagina maqola yozib, “Otam haqida” kitobining to‘ldirilgan ikkinchi nashriga kiritadi. Lekin senzura chiqarib tashlaydi. Hatto qo‘lyozmasini ham qaytarishmaydi. Muallifning guvohlik berishicha, Abdulla Qodiriyning Cho‘lponga e’tibori bo‘lakcha bo‘lgan, komil insonlardan biri deb hurmat qilgan. Shoir ham, o‘z navbatida, uning fikri bilan hisoblashgan. “Kecha-kunduz” romanini tugatgach, o‘qib berishini so‘ragan. O‘rinli maslahatlariga amal qilib asarini qayta ishlagan bo‘lsa ehtimol. Ikkisini o‘zaro bog‘lab turgan rishta faqatgina adabiyot emas, millat qayg‘usi, din-u ma’rifat yo‘lidagi maslakdoshlik ham edi.

 

Laziz Azizzoda shunday yozadi: “Abdulla Qodiriy Cho‘lponning yaqin o‘rtoqlaridan bo‘lib, ular bir-birlarini yaxshi tanigan va yozgan asarlarini o‘zaro muhokama qilib turishardi. Julqunboy Cho‘lpon haqida “Navoiydan keyin chiqqan o‘zbek shoirlari ichida eng kuchli lirik shoir Cho‘lpondir”, degan edi. Julqunboy fikrda biroz mubolag‘aga yo‘l qo‘ygan, lekin uning bu fikrida haqiqat ulushi ham yo‘q emas” (Azizzoda L. Cho‘lpon kim edi? // Yoshlik. 1988, 10-son. B. 67).

 

Adib zamondoshlariga baho berishda kunda-kunora “mubolag‘a” qilavermagan, ikkinchidan, shoirning iste’dodiga ishonch bilan qaragan, qolaversa, ijodiga tama aralashmagani bois uni shaxs sifatida hurmat qilgan. Cho‘lpon ham bir o‘rinda “O‘zbekning onasi ikkinchi Abdulla Qodiriyni tug‘masa kerak”, deydi. Azaldan iste’dodlar bir-biriga ruhiy-ilohiy jihatdan yaqin bo‘lib, millat va din muammosi oraga ko‘ndalang kelganda hamdardlik hissi ularni yanada birlashtirgan.

 

O‘tgan asrning 20-yillari ikkinchi yarmida sho‘rolar hukumati o‘zbek adabiyotini g‘oyaviy jihatdan qo‘lga oldi, san’atni siyosatning quroliga aylantirdi. Ijodkorni erkidan ayirdi, fikrini mafkuraga qaram qildi. Buning oqibatida yo‘llar ayro tushdi. G‘afur G‘ulom Qodiriyga qarshi guvohlik berish chog‘ida shunday deydi: “1936-yili bir marta Nabi Sharipovning uyiga mehmonga taklif etildim. O‘shanda Cho‘lpon bilan Abdulla Qodiriy ham borgan edi. Bizdan tashqari Cho‘lponning tog‘asi – O‘rta Osiyoning yirik ruhoniysi Zohiriddin A’lam ham tashrif buyurdilar”. Diniy mavzuga bag‘ishlangan suhbatning oxiri siyosatga borib ulangan. Paranji tashlash haqida so‘z borgan, davlat tomonidan chiqarilgan zayomlar musulmonlarga to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi singari shar’iy masalalar muhokama qilingan. Ushbu guvohlik Qodiriyning davradoshlari va ularni birlashtirib turuvchi jihatlar haqida ma’lumot beradi. Tergov materiallariga e’tibor qaratilsa, adibga asosan mana shunday shar’iy mavzudagi suhbatlardagi ishtiroki va “mutaasib” musulmonligi qo‘shimcha ayblov bo‘lgan. Mazkur ma’lumot millat tarixidagi “bosmachilik”, “paranji tashlash” kabi uyushtirilgan harakatlarga yozuvchining munosabatini ochiqlaydi. Diniy hukmlar uning uchun hayot-mamot masalasi sanalgan.

 

Tergov jarayonida Abdulla Qodiriyni chalg‘itish uchun din bilan bog‘liq qaltis savol tashlangan. Adib maslagidan chekinmagan, e’tiqodda sobit bo‘lib va vaziyatni hisobga olib, savollarga mantiqan javob qaytargan:

 

 Sizning musulmon diniga “o‘ziga xos” qarashlaringiz nimalardan iborat?

 

– Zohiriddin A’lam kabi eski musulmon ruhoniylarga nisbatan men islohatchiman – yangilanish tarafdoriman. Islom dinida faqat Ollohi Karimga – eng oliy Haqiqatga iymon keltirishni tan olaman; boshqa bid’atlarni esa teskarichi musulmon ruhoniylari o‘ylab topgan uydirmalar deb bilaman”.

 

Abdulla Qodiriy iymonini butun saqlashga harakat qilgan, e’tiqodda sobit bo‘lgan. G‘afur G‘ulom esa tanlagan yo‘lida sarosar umr kechirdi. Ayblov hujjatiga imzo qo‘ygan shoir yozuvchining oqlanishi haqida xabar tarqalganda birinchilardan bo‘lib qo‘lida to‘n bilan qutlagani Qodiriy xonadoniga boradi. Siyratiga nazar tashlasak, unda bir necha qiyofalarning o‘zaro kurashi va iste’dodini yolg‘onga boy bergan shoirning bezovta ruhini ko‘rganday bo‘lamiz. Davrning yelvizak nag‘malariga aldangan ijodkorning topganidan yo‘qotgani ko‘p bo‘ldimi, buni O‘zi biladi. Nasiba-da...

 

Abdulhamid Cho‘lpon ilk she’rlaridayoq millat dardiga malham qidirdi. Uning ijodida inson ko‘nglining inja tuyg‘ulari, alamli iztiroblari va aldanish azoblari ustuvorligini sezish qiyin emas. Tug‘ma iste’dod o‘laroq ichkin kechinmalarni betakror ohanglarda ifodalashning o‘ziga xos cho‘lponona yo‘lini topa oldi. Ammo turli ziddiyatlar va keskin burilishlarga to‘la, murakkab hayot kechirdi. Shaxsiy turmushdagi tartibsizlik, bir joyda muqim qola olmaslik va kutilmagan og‘riqli holatlar, davr izg‘irini hamda yon-atrofdagi maslakdoshlarining ikkilanishlari uning ruhiyatiga jiddiy ta’sir o‘tkazgan. Cho‘lpon asarlari biografik kontekstda o‘rganilsa, shoir hayotining hali ko‘p sirlari oydinlashadi.

 

Cho‘lponshunos Dilmurod Quronovning ishlarida shoirni tushunishga intilish, masalaga mantiq ko‘zi bilan qarash, munosabatda xolislikka tayanish kabi ijobiy xislatlar ustuvor. Jumladan, 1933-yili uning V.Yanga aytgan gaplarida Toshkentga otasidan qochib kelishi, diniy qarashlari bilan bog‘liq “yasalgan” o‘rinlar haqida olim shunday izoh beradi: “Tabiiyki, 30-yillarda shoirning kelib chiqishiyoq uni “yot unsur” sanashga yetarli asos bo‘lishi mumkin edi. Ayni shu xil vaziyatda zamonbop “biografiya” yaratishga intilgan bo‘lsa, hech ajablanarli emas” (Quronov D. Surat va siyrat // “Vatan” gazetasi. 1995, 22-son).

 

1927-yili qurultoydan g‘oyaviy “badbin” sifatida haydalgan shoir hayotida qora kunlar boshlandi va umrining oxirigacha cho‘zildi. “Menga berilgan noto‘g‘ri baholar meni ruhan ezadi, ijodimni bug‘adi. Shu haqda o‘ylayman, ba’zan injiyman, injiyman-da, nihoyat o‘zimni shunday yupataman: aftidan, men faqat tanqid qilinish uchun yaratilgan bir shaxs ekanman-da deyman” (Azizzoda L. Cho‘lpon kim edi? // Yoshlik. 1988. 10-son. B. 66). Bu gaplar aytilgan vaqtda Cho‘lpon qora ro‘yxatdan joy olgan edi. Turmushdagi qarama-qarshiliklarning barchasi to‘planib, shoir qarashlarida muayyan darajada o‘zgarishlar kuzatilgan, sho‘ro g‘oyalariga yon berishiga sababchi bo‘lgan. “Somon parchasi” she’rida Oqishning yo‘liga soldim kunimni”, Vazminim qolmadi bir uzuk qilcha”, deya holatiga ishora qiladi.

 

Oybek Qodiriy va Cho‘lpon adabiy an’analarining har tomonlama davomchisi edi. “Oybek Leningradda o‘qigan, SAGUni tamomlagan, qobiliyatli, pokiza olim. U yosh bo‘la turib dorulfununda dars beradi, buning ustiga shoir ham” (Qodiriy A. Diyori bakr. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2007. B. 268), der ekan ustoz adib. O‘z davrining e’tiborli kishisi bo‘lgan Abdulla Qodiriy har kimni ham tan olavermagan, ammo yosh shoir fitratidagi soflik uni befarq qoldirmagan. Yozuvchi dalolat qilgandek, Yaratgan Oybek shaxsini pokiza ulug‘vorlik bilan siylagan edi.

 

Nabijon Boqiy “Qatlnoma” asarida Oybek qalamiga mansub “Abdulla Qodiriyning ijodiy yo‘li” risolasi yuzasidan keskin mulohazalar bildirgan. Qodiriy shaxsiga chin hurmati va adolat tuyg‘usi muallifni ba’zan keskirlikka undab, munosabatda antipatiyasini oshkor qilib qo‘yadi. Inson ijtimoiy-siyosiy muhitdan uzilib keta olmaydi. Sharoitdan kelib chiqqan majburlik Oybekni ziddiyatlar orasida umr kechirishga mahkum etdi. Jonini garovga qo‘ygan odam xiyonat ostonasining og‘ish burchagida yo‘lidan adashishi turgan gap. Oybek siyosat bilan murosaga bordi, vaziyat bilan sulh tuzishni ma’qul ko‘rdi. Biroq bo‘yinturuqqa boshini osongina solib qo‘ymagan edi.

 

1927-yili “Cho‘lpon boylar, millatchi ziyolilarning mafkurachisidir, shularning shoiridir”, degan ayblov qo‘yiladi. Bunga javoban hali siyosiy buhronlar ta’sir qilmagan, tiynatida pokizalik mavjud bo‘lgan 22 yoshli Oybek hech ikkilanmasdan, dadillik bilan “Cho‘lpon shoirni qanday tekshirish kerak?” degan maqola yozib, ijodkorning asarlarini mafkura mezonlari bilan emas, balki san’at nuqtayi nazaridan o‘rganish lozimligini ta’kidlaydi. O‘shanda Cho‘lponni ochiqdan-ochiq “sovet xalqiga yot shoir”, “burjua ziyolilarining shoiri” deb e’lon qilishgan. Qodiriy Cho‘lponning she’riy kitobiga so‘zboshi yozib, ijodga rag‘batlantirgan bo‘lsa, Oybek shoirni jasorat bilan himoya qiladi.

 

Oybek javob beradi: “Cho‘lpon proletar shoiri emas”, “proletar shoiri bo‘lmaydi”. Negaki, “shoirlarning quloqlaridan cho‘zib yurib, “yo‘qsullar shoiri bo‘l” deyish mumkin emas”. U adabiyotning spesifik xususiyatini eslatib, she’r va shoirni teranroq tushunishga, iste’dodni qadrlashga undaydi. Oybek maqolasida ruslarning Pushkinga munosabatini eslatib, “biz ham Cho‘lpondan qo‘l tortolmaymiz” deydi, Cho‘lponning adabiyotdagi xizmatini ta’kidlaydi: “Cho‘lpon yangi adabiyotda yangi narsa yaratdi. Muvashshah adabiyoti o‘rniga bu kunning badiiy zavqiga yarasha yoqimli (badiiy) go‘zal she’rlarni o‘rtaga chiqardi. Bu kungi yosh nasl uning sodda tilini, totli uslubini, texnikasini ko‘p sevadi. Undan ko‘p go‘zalliklar oladi”.

 

Shu munosabat bois o‘zbek matbuotida katta bahs bo‘lib o‘tadi. U.Eshonxo‘jayev “Munaqqidning munaqqidi” maqolasida (“Qizil O‘zbekiston”, 1927/ iyun) Oybekni rad etib, Cho‘lponni “tannazzulparvar, xayolparast”likda ayblaydi. Oybek “Munaqqidning munaqqidi” maqolasining egasiga” degan javobida avvalgi fikrida sobit qoladi. Bu Oybek tabiatidagi chin ma’nodagi zakiylikni ko‘rsatuvchi fakt. Adolatparvarlik va samimiylik, halollik va poklik uning shaxs sifatida kamol topishida muhim omil bo‘lgan.

 

Oybek “Qutlug‘ qon” romanini yozgan kezlari Qodiriy va Cho‘lponning asarlari taqiqlangan, o‘zbek nasri bor-yo‘g‘idan ayrilgan edi. Shunday bo‘lsa-da, salaflarini shunchaki, quruqqina takrorlamadi, balki o‘ziga xos yo‘l topdi. U yashagan zamonning talabi ustozlari ijod qilgan sharoitdan keskin farqlangan, bu asarga maqsad va mavzuni tanlash hamda fikr ifodasida yaqqol ko‘rinadi.

 

O‘ttizinchi yillarda mahalliy ziyolilarning qama-qama vahimalari Oybekni bir qadar murosaga borib, mafkura talablariga yon berib yashashga majbur etdi. Qolaversa, kambag‘al oiladan chiqqan va yangi zamonning imtiyozlaridan bahramand bo‘lgan shoir yigit go‘zallikni, ko‘ngil kechinmasini kuylashni baxt deb bildi va bunga haqqi ham bor edi.

 

Oybek ustozlari tajribasidan ijodiy maktab o‘rnida foydalanish barobarida, ularning qismatidan ham o‘ziga xulosa chiqargani tabiiy. Ijod jarayonida ongli yoki ongsiz ravishda bo‘lsin, siyosiy tazyiqni har nafasda his etib turgani aniq. Shu ma’noda o‘zini cheklashga mahkum edi. Qodiriy va Cho‘lpon so‘roqlar, qiynoqlar oxiri nima bilan tugashini aqlan anglab, qalban his etgan bo‘lsalar-da, tergov jarayonida irodasi yetguncha sabr-toqatini ko‘rsatishga tirishgan. Temir panjaralardan tashqaridagi Oybek uchun esa qatag‘onning mudhish oqibatlarini ko‘ra-bila turib, saboq olmaslik o‘z umriga zomin bo‘lish bilan barobar edi. 1937-1938-yillardagi qaltis vaziyatda “Qutlug‘ qon”dek ko‘lamdor asarni yozishga kuch, hafsala topish katta jasorat. Tahlikali pallada o‘zini ovutish va sovutish maqsadida romanga qo‘l urgan, nazarimizda. Navbatini jim kutib o‘tirgandan ko‘ra g‘oya qidirganlarga pozitsiyasini ko‘rsatib quyish uchun ham shu kitob yozilgan bo‘lishi mumkin. Tanlangan mavzu shaxsiy hayotini himoya qilish uchun sug‘urta vazifasini o‘tagandir, ehtimol.

 

O‘sha paytda nufuzli partiya idoralarida xizmat qilgan Sotti Husayn “O‘tkan kunlar” haqida tanqidiy maqola yozib, Qodiriyga qarshi hujumni boshlab berganlardan hisoblanadi. U nafaqat bir adibni ayovsiz qoralagan, balki butun adabiyotni yo‘ldan adashtirishga bosh qo‘shgan. Oybek esa sal avval eslangan risolasida haqiqatni imkon qadar aytishga yo‘l qidiradi, afsus, erksizlik uni burchakka taqab qo‘ygan edi.

 

Oybek Abdulla Qodiriyning shaxsi va ijodiga munosabatini bir necha marta bildirgani ma’lum: 1936-yili Hamid Olimjon tahriri ostida chiqqan “Abdulla Qodiriyning ijodiy yo‘li” kitobi, ikkinchisi 1956-yili yozuvchini oqlash uchun ma’lumot so‘ralganda, uchinchisi 1966-yili A.Naumov bilan bo‘lgan suhbat... Oybek o‘sha risolasini keyinchalik nashr etilgan jildliklariga kiritishni xohlamagan. Qayta ishlashga esa yo jur’ati yetmaydi, yo mazkur masalaga qaytishni istamaydi. Hayotining so‘nggi yillarida shunday fikr bildiradi: “Abdulla Qodiriy, men texnikumda o‘qiydirgan paytlardayoq, mashhur yozuvchi, hammamiz qo‘ldan qo‘ymay o‘qiydigan o‘zbek adabiyotidagi birinchi ulkan va go‘zal romanning avtori edi. Abdulla Qodiriy iste’dodli, qalbi butun va o‘ziga xos xarakterli shaxs edi. Abdulla Qodiriyning prozasi birinchi navbatda g‘oyatda hayotiyligi bilan ajralib turadi. Qodiriyning tilidan uning xalqning boy va ajoyib tilini g‘oyatda yaxshi bilgani yaqqol seziladi. U tug‘ma epik yozuvchi, keng ko‘lamdagi master, yuksak ma’nodagi realist san’atkor edi”.

 

Abdulla Qodiriy oqlanib, asarlari nashr qilina boshlaganidan keyin ham unga tanqidiy munosabat bildiruvchilar ko‘p bo‘lgan. Bunday bahs-munozaralar “O‘zbekiston madaniyati” gazetasida e’lon qilingan. Oybek ularga qarshi munosabatini bildirishni burch deb bilgan. “Qalbi butun va o‘ziga xos xarakterli shaxs” degan fikrga bejiz urg‘u bermaydi. Mazkur e’tirof buyuk qalb egasi Oybekning o‘ziga ham birday tegishlidir.

 

Oybek Qodiriy va Cho‘lponga nisbatan adabiyot maydoniga keyinroq kirib kelgan, yoshiga munosib tarzda hayotga hamda davrga boshqa ko‘z bilan boqqan. Ijtimoiy ziddiyatlarni ustozlaridan farqli ravishda qabul qilgan. Muammoga teranroq nazar solinsa, Qodiriy hukumatning siyosatiga shubha hamda ishonchsizlik, Cho‘lpon nafrat va alam, Oybek esa hadik bilan qaragani seziladi.

 

Qodiriyning estetik ideali davr ziddiyatlari orasida o‘zligini anglab yetish umidida kurashayotgan shaxs sifatida gavdalanadi. Cho‘lpon ijodida ijtimoiy tuzum muammolarini o‘z qismatiga aylantirgan inson qiyofasi estetik ideal darajasiga ko‘tarilgan. Oybekning estetik ideali esa ko‘ngil kishisi, yuksak tuyg‘ular sohibi, adolat uchun kurashuvchi qahramon sifatida bo‘y ko‘rsatadi.

 

Millat tarixida ulkan shaxsiyatlarning namoyon bo‘lishi zaminning va insoniyatning ulkan yutuqlaridan biridir. Shaxsiyat va ijod keng qamrovli tushuncha, shaxsiyat ijod orqali, ijod esa shaxsiyat vositasida ochiladi. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek kabi ulug‘ shaxslarning har biri alohida fenomenal hodisa. Mazkur yozuvchilar ijodiga ijodiy “men” va insoniy “men” orasidagi uyg‘unlik masalasiga e’tibor qaratilsa, ular adabiy shaxsiyatidagi o‘ziga xosliklar  nomayon bo‘ladi. Siyratidagi ulug‘vorlikning sirlarini anglaganday bo‘lamiz.

 

Sanobar TO‘LAGANOVA,

adabiyotshunos

1 Izoh

Arofat

18:12 / 17.12.2023

Cho’lponning go’zal she'ridagi tasviriy vositalarni topib izoxlang.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23721
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//