“Rossiya chegarasiga yetganda men va yana ikki sherigimni “pasport zapret” deb o‘tkazishmadi. Pul berishni cho‘ntak ko‘tarmadi. Qozog‘istonda “odamsotar”larning qo‘liga tushib qoldik. Xaridor bilan kelishib, narximizni bichishgach, O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasiga “o‘zimizning roziligimiz bilan ishga ketyapmiz”, deb shaxsimizni tasdiqlovchi hujjatga pechat bostirish uchun olib kelishdi. Chegarada millatdoshlarimni ko‘rgach, “Musulmonning bolasiga yo‘l ber” deb, hududimizga qarab yugura boshladim. Gapimni “tushunganlar” yo‘l ochishga harakat qilib, gavdasi bilan odamlarni bir-bir surib tashlayverdi. Chegaramizdan ichkari kirgandan so‘ng ham uzoq yugurdim. Chegaraning nima ekanligini shunda his qildim”, deya yo‘l davomida hayotidan lavha aytib keldi bir aka.
Chegara haqida o‘yga toldim. Hududiy chegara, iqtisodiy chegara, urf-odatlar chegarasi, tasavvuriy chegara... va bularning barchasi bitta o‘q ildizga borib tutashadi. Bu xalqimizning milliy chegarasi, milliylik chegarasi.
Rivojlanish jadallashgani sari chegaralarni muhofaza etish mushkul bo‘lib bormoqda. Ko‘rinib turgan chegarani himoyalash muammo emas. Ko‘rinmas ma’naviy chegaralarga maxfiy hujumlar natijasida esa beti qotgan, ko‘zi beshafqat, yuragi tosh, loqayd yurtdoshlar safi kengayib borayotgani ham dilimizni og‘ritayotgani bor gap.
Internet tarmoqlari, filmlar, qo‘shiqlar, kitoblar va hokazo yo‘llar bilan kirib kelayotgan madaniyatsizlik targ‘iboti ota-bobolarimizdan meros, avloddan-avlodga o‘tayotgan milliy tuyg‘ularimizga goh bilinib, goh bilinmay “virus” tarqatayotir.
Hamrohim bilan suhbatlashib, yo‘lda borar ekanman, diqqatimni uning gaplaridan ko‘ra ko‘proq, o‘zbek tilining lug‘atiga kirmagan so‘zlarni, hatto, jamoat joylarida ham bemalol ishlatadigan yo‘lovchilarning xitobini eshitib qolishdan saqlasin, deyishga sarflayman. Afsuski, bunday so‘zlarni ishlatish bugungi laqqilarga pista chaqishday gap. Istirohat bog‘lari yoki yayov yurish mumkin bo‘lgan ko‘chalardan o‘tayotganda ko‘zimni yerdan uzmay boraman. Biz qachon bu ahvolga tushib qoldik. Yoshligimda televizorda yengi yo‘q ko‘ylak kiygan qizlarni ko‘rsam, oila a’zolarimdan xijolat bo‘lib, tashqariga chiqib ketardim. Bugun esa yengi yo‘q ko‘ylak holva bo‘lib qoldi. Yoqasi-yu yelkalari ochiq, etagi kalta “ko‘ylak”da butun boshli xalqqa ekrandan salom berish odatiy holga aylandi. Hali zamon bog‘lardagi, ko‘chalardagi hayosizliklar ham qalbimizni bezovta qilmay qo‘ysa kerak.
Telekanallarning birida uzatilgan ko‘rsatuvda yuzta qiz ishtirokida “Chiroyli oilaning chiroyli uy bekasi bo‘lishni istaysizlarmi?” degan so‘rovnoma o‘tkazilgani, 5 foizidan “ha”, 95 foizidan “yo‘q”, degan javob olingani haqida muhokama ketdi. “O‘qishga kirasizlarmi?” deyishsa, “o‘qishga kirsak kirarmiz, kirmasak erkin bo‘lishni xohlaymiz” debdi ko‘pchiligi. Bu “erkinlik” deyayotgani, aslida, eng katta qullik, eng katta xorlik ekanini bilmaydigan darajada idroklari xira tortishiga milliylik chegarasini unutganlari sabab emasmikan?
Yigitlarning eng katta boyligi – or, g‘urur, mardlik tuyg‘ularining o‘tmaslashib borayotgani, yana chegarani yodga soladi. Tashqi ko‘rinishi, ya’ni “imiji”, yurish-turishdan boshlangan ro‘yxat kuyov sarpoga kelib to‘xtaganda, ko‘plarning g‘ashi kelsa kerak.
Qaddi bukilib yuk ko‘tarib borayotgan yo‘lovchiga boshqa yo‘lovchining yordamga shoshilishi atrofdagilarga “dovdirlik” bo‘lib ko‘rina boshlaganiga ancha bo‘ldi. Ko‘chada ko‘z tanishlarga salom berish ham zamondan orqada qolgan odamning yorqin belgilaridan biriga aylangan. Odamlar yoki mashinalarning harakatiga xalaqit beradigan yo‘l ustidagi narsani olib tashlash uchun engashishga kibrimizdan ko‘ra atrofdagilarning nigohi yo‘l bermaydi.
Bu gaplardan yoshlar ranjimasin. Ular orasida millatimizning chinakam faxri deya oladiganlarimiz ham bisyor. Lekin nomunosiblari ham kam emas.
“DVD” diskda estrada yulduzining konsert dasturini tomosha qilib o‘tirganimizda, jiyanim “Opa, nega ko‘ylagi buncha kalta” deb so‘radi. Xonandaning ko‘ylagiga g‘ashim kelib turgandi, “Materialini xarid qilayotganda puli yetmay, kamroq olgan”, dedim. Bu gaplar esimdan ham chiqib ketgan edi. Jiyanimni shaharga aylanishga olib keldim. Yoz. Ko‘chani “to‘ldirib” yurgan “so‘nggi moda” liboslilarni ko‘rib jiyanim “Opa, kambag‘allay suncha ko‘pmi?”, dedi. Men nima deb javob qaytarishni bilmay qoldim.
Qaynona va kelin munosabatlari og‘riqli nuqtaga aylangan. Qaynonaning kelinni tomoqdan qisishi yoki kelinning qaynonaga “tryuk”lar qo‘yishi XXI asrda yashayotgan odamlarning goh kulgusini, goh yig‘isini qistatadi. Insonlar butun yer sharini vatan, butun insoniyatni birodar bilayotgan zamonda, bu qusurlari bilan yashayotgan millatdoshlarimiz borligidan qalbimizda orlanish tuyg‘usi o‘tishi tabiiy. Kelinning “taxt” talashish yoki qaynonaning “zolim malika”ligi oilalar muozanatining izdan chiqishiga sabab bo‘layotgani hech kimga sir emas.
Milliy qadriyatlarni esga oladigan bo‘lsak, dasturxon to‘rida chehrasida mamnuniyat balqigan ota-ona va ularga mehr, ehtirom bilan tikilib turgan solih farzandlar, choy uzatayotgan kelin keladi ko‘z o‘ngimizga.
“Qarab tur, hozir senga serial qo‘yaman”
O‘quvchiligimda ustozimiz savol berdi: “Xorij telekanalini ko‘rayotganimiz uchun o‘sha davlatga biz pul to‘laymizmi yoki ular?”… Teledasturlari orqali ularning madaniyatini, qarashlarini, qaysidir ma’noda, qabul qilayotganimiz uchun ular bizga xolis xizmat qilishar ekan.
Inson qarashlari atrofdagi jarayonlarga nisbatan doimiy reaksiyada. Bunga oddiygina misol, kishilarning bir-biri bilan muloqotini kuzating: gapdagi ohang va ma’noga qarab suhbat o‘zani, “ob-havo”si belgilanib boradi.
“Qarab tur, hozir senga serial qo‘yaman” iborasi kundalik muloqotlarimizga qachon qo‘shilganini payqamay qoldik. Biron vaziyatdan jahllangan “jabrdiyda” ko‘nglini og‘ritgan “tomon”ga mantiqsiz tomosha bilan javob qaytarish qasdida shu iborani qo‘llaydi. Va, afsuski, o‘sha vaziyatga bu gapning ma’nosi “uzukka yarashgan ko‘z”dek tushadi.
Seriallar hayotining mazmuniga aylanganlar ko‘pchilikni tashkil etadi, afsuski. Yevropa, turk, hind, meksika, koreys kabi bir qator millatlarning ko‘p qismli “kino”lari turmush tarzimizga sezdirmasdan, sezilarli darajada singib boryapti. Voqealar rivojidagi ota-ona va farzandlik burchi, oilaviy munosabatlarga yengil-yelpi qarash, insoniylik maqomiga e’tiborsizlik o‘zini bilgan odamni yig‘latishi kerak. Andishasizlik, odobsizlikning turfa variantlarini o‘rgatuvchi tekin repetitor.
Bugun atrofimizdagi andishasizliklardan xijolat tortmaslikka o‘rgandik. Yot madaniyatlarga shunday moslashyapmizki, salom bersak, alik oluvchiga malol kelmasmikan deb o‘ylanadigan darajada. Saviyasiz, oldi-qochdi, yolg‘on-yashiq voqealardan iborat seriallar namoyishidan maqsad nima?! Vaqtdek bebaho ne’matni havoga sovurishmi, umrni aldashmi? Insonlarga “suv yuqmas” bo‘lishni o‘rgatishmi yoki zamonsiz “zamonaviy”likmi?
Bir gal ikki yosh bolaning tortishayotgani ustidan chiqib qoldim. Biri ikkinchisiga e’tirozini bildirish uchun “tentakmisan” so‘zi o‘rnida “sagarmisan” degan so‘zdan foydalandi. “Sagar”ni surishtirdim. “Ishani” nomli hind serialidagi bosh qahramon “obrazi”dagi yigitning ismi ekan. Tomoshabinda bir oz ezma, og‘ma, shaxsiy qarashlari yo‘q odam sifatida taassurot qoldiradigan obraz. Maktab yoshiga yetmagan bolalarga bu obraz shunchalik singdirilgan.
Xususiy telekanallarda uzatilayotgan deyarli barcha seriallarni oila davrasida ko‘rish o‘zbek urf-odatlari ruhiga zid bo‘lib, odamning yuzini qizartirishi turgan gap. Yuz foiz qoralash xato bo‘lar, ammo bir tomchi qora rang bir chelak suvning tusini o‘zgartirib yuboradi. Afsuski, bunday seriallar o‘z tomoshabinlarini hayotda ham tuturiqsiz “serial”lar qo‘yishga o‘rgatib boryapti.
Ajdodlarimiz fojia sanagan xatti-harkatlarni zamondoshlarimiz odatiy holga aylantirib olayotganligiga ijtimoiy tarmoqlar orqali kunora guvoh bo‘layapmiz.
Yig‘lab qarab turdim
Kichikligimizda bir o‘yin o‘ynardik: ko‘zni ochib uxlash. Tush paytida uxlatish uchun kattalar tomonidan bir xonaga qamalgan bolalar, ko‘zimiz hadeganda ilinavermagach, shu o‘yinni o‘ynab, zerikishdan qutilardik. Hammasini ko‘rib turardig-u, xuddi uxlayotgandek, jim, ko‘rmaganga olardik o‘zimizni.
Bu gaplar nima uchun, dersiz. Bugun atrofimdagi jarayonlarni, odamlarni, ularning turmush tarzini – hayot ravishini kuzatar ekanman, o‘sha “ko‘zni ochib uxlash” o‘yini bexosdan, bot-bot xayolimga kelaveradi. U o‘yin kichkinaligimda qanchalik zavq bergan bo‘lsa, endi his qilganimda, shunchalik g‘amga botiradi.
Toshkentdagi markaziy shifoxonalardan biri hovlisida sherigimni kutib turibman. Navbatga yoziladigan darcha qarshisida, qabulga kiradigan eshik yonida ayollar betartib turib olgan, orqadan kelgan mijozga nazoratchi bilan gaplashishga hech qanday imkoniyat qoldirmagan. Tinimsiz chug‘urlashadi. Oppoq soqoli ko‘ksiga tushgan, yoshi saksondan oshgan otaxon 40 yoshlardagi erkak sherigi bilan derazadan borishga urindi, eshikdan borishga urinib ko‘rdi. Ayollar yo‘l bermadi. Noiloj ortga qaytdi. Jarayonni indamay kuzatib turdim. Xotinlar tinmay valaqlashda davom etishardi. Otaxon yonidagi odamga kuyindi: “Nima deysan endi, bolam, Xudo panoh bersin, hamma tomonni shular egallab oldi”. Otaxon “shular” deb og‘zi bedarvoza, farosatsiz ayollarni nazarda tutib gapirayotgani gap ohangidan bilinib turardi.
Tik-tok, instagram, telegram kabi ijtimoy tarmoqlarda o‘zini namoyish etayotgan, ko‘cha-ko‘yda, qadamimiz yetgan joylarda guvohi bo‘lganimiz qizlarni ko‘rib, millatning ertasidan tashvishga tushadi kishi. Qizlar – ertangi onalar. Millat tarbiyachilari. Yotoqjoyidan tortib hojatxonadagi rasmlarigacha namoyish etayotgan qizlar ertaga qanday oilalarning musibati, qanday yigitlarning fojiasi bo‘lar ekan. Ba’zi qizlarning qilig‘i, harakatidan shu xilqat vakili ekanimdan uyalib ketaman.
Erkak kishining baxti rafiqasining yaxshi yoki yomon xislatlari bilan belgilangan azaldan. Yurt taraqqiyoti, farovonligining muhim o‘zagi jamiyatdagi ayollar ekanligini ham tarix isbotlab keladi: har bir buyuk, komil shaxs ortida benazir umr yo‘ldosh – ayol turadi. Uy bekalalari oiladagi ob-havoni filtrlab turuvchi qurilma, go‘yo. Jamiyatning muhim bo‘g‘ini – oilada ayolning roli asosiy kuch!
Bir necha yillar ilgari axborot saytlari turk aktyori Burak O‘zchivitning Toshkentda 2,5 soat davomida O‘zbekistondagi kibor ayollar va model qizlar bilan kechki ziyofat ustida uchrashgani hamda buning evaziga mo‘maygina haq olgani haqida yozgan edi. O‘shanda Temuriylar tarixi davlat muzeyi ziyoratiga borgan aktyor ortidan qizlarning jazavaga tushib yugurganini ko‘rib, kursdosh yigitlarimiz yonida qanchalik uyalgan bo‘lsam, Temuriylar tarixi davlat muzeyi binosining ustun, devorlaridan ham suyaklarimgacha umalanib xijolat tortgan edim. Atrofida shaytonlayotgan qizlarga qarab aktyor ko‘nglidan nimalar o‘tdi o‘shanda?! U muzeyga bekorga bormagandir.
Qishlog‘imizda bo‘lib o‘tgan bir voqeadan qolgan gapni odamlar o‘rni kelganda hamon gapirib yurishadi. Suv bizning go‘shaga oxirgi quloqdan keladi. Shu sabab, “suv talashish” janjallari ko‘p bo‘lardi. Navbati kelganida boshlang‘ich sinf o‘quvchisi bo‘lgan aka-uka ariqqa band boylab, tomorqasiga suv buradi. Barzangi qo‘shnisi navbatini kutmay suvni o‘zining tomorqasiga haydaydi. Qarshilik qilgan bolani esa ozroq turtadi... Kechqurun ukasi onasiga:
– Akamni falonchi aka urdi, – deydi o‘pkasi to‘lib. Onasi:
– Akangni urgan bo‘lsa, sen indamay qarab turdingmi?! – deb so‘raydi.
– Yo‘q, yig‘lab qarab turdim...
Qishloq ahli bu iborani kinoyalarida o‘rniga qo‘yib, bir-biriga nisbatan qo‘llab keladi. O‘sha videolarni ko‘rib, ta’bir joiz bo‘lsa, men ham shunchaki qarab turmadim, balki yig‘lab qarab turdim. Qo‘limdan boshqa nima ham kelardi!
Muvozanat olamida bormisiz?
Borliqdagi har bir mavhum va zohir zarra yana qaysidir zarra bilan muvozanatda.
Yukxaltasi og‘ir otaxon mendan Termiz shahrining notanish bir kichik ko‘chasini so‘radi. O‘g‘li shu yil universitetga o‘qishga kirgan ekan. Uch kun avval telefonda ko‘cha nomini aytgan-u, telefon raqamini “yangilagach”, ogohlantirishni yodidan faromush qilgan. Ota yuk bilan bajonidil o‘g‘li aytgan ko‘chani izlab yuribdi. Yordam berolmaganimdan ko‘nglim xira bo‘lib, yo‘limda davom etdim. Farzandga ko‘rsatilgan e’tibor – kelajakka tikilgan sarmoya. Bu jarayon ming yillardan buyon ota-bobolar ortmoqlab kelayotgan meros. Otalik va bolalik o‘rtasidagi muvozanat.
Tongda borishim kerak bo‘lgan manzilga o‘z vaqtida ulgurish va tabiatni his etish maqsadida sahar mardonlab piyoda yo‘lga chiqaman. Kelajakning sog‘inchi, zavqi tobora oshiqtiradi. Sokin ko‘chada goho itlar va uysiz daydilarga duch kelaman. Ikkisi ham qorin dardida kezinadi. Chiqindi to‘kilgan nuqtalarga bir-biridan oldinroq borish niyatida tongni besabrlik bilan kutib olishadi, go‘yo. Ko‘rinishidan ularni hayot va muhtojlik iskanjasiga olgan. Ichimdan o‘y o‘tadi: ikki oyoqlilari umriga sarmoya tikish paytida tongni eng oxirida kutib olishgan bo‘lsa kerak. Bugun tongni hammadan oldin, halovatsiz qarshilashi o‘sha kunlardagi befarqlikning javobi.
Oila o‘tmish, bugun va kelajak tutashadigan manzil. Ishxonamiz, mahallamiz, xullas faoliyatimiz bilan bog‘langan jamoalar ham qandaydir ma’noda oilamizdir. Vatan esa eng katta oilamiz.
Bolaligimda uyimizning “erta”si uchun peshonam terlab, arzigulik ish qilmagan bo‘lsam, o‘sha kuni kechki ovqatni osh bilib yeya olmas edim – ota-onam qanchalik qistamasin, ichimda qandaydir g‘ashlik, o‘zimdan xijolatlik bo‘lardi.
Bugun bir odam yashashi mumkin bo‘lgan o‘rtacha umrning o‘rtasida turibman. Hujayramdagi Xudo, borliq, tuproq, millat, inson oldida his qilinadigan tuyg‘ularim navqiron yoshda. Anqovlik, laqmalik tashxisini takror olsam ham odamlarga Yaratganning oldidagi burchim, qarzim uchun ishonaman. Bugun yurtimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, e’tibor – kelajakka tikilayotgan sarmoya. Internet kafelarda, telefonda, ko‘chada umrining oltin lahzalarini havoga sovurayotgan ba’zi yoshlarni ko‘rib yuk xalta ko‘targan jafokash otaning oldidagi qarz va “muvozanatni buzgan”lar yodimga tushadi.
Qum soatdagi qum zarralari juda ham ko‘p. Ularni bir-biridan farqlab bo‘lmaydi. Lekin, ular farqli, albatta: hajmi, shakli, tovlanishi... Zarralar tepadan pastga tushar ekan, har birining o‘z o‘rni bor. Borgan sari tepadagi zarralar tugab, faqat bo‘shliq qoladi. Bu umr bilan bog‘liq. Hech bir lahzani shunchaki yashamang! O‘tmish va kelajakning muvozanatini bugunimizga tikilayotgan sarmoya belgilaydi. “Katta oilamiz” esa hayotni yelkalagan otaxon misol bizning tashvishimizda yuribdi.
Ma’ruzalarining birida ustozimiz “Inson va hayvon o‘rtasidagi chegarani buzganligi oqibatida insoniyat “spid” deb atalgan bedavo kasallik orttirib olgan. U bugungi kunda inson hayoti uchun eng katta xavf tug‘dirayotgan omillardan biri”, deb qoldi.
Chegara... uni unutish va buzish meni yana o‘yga toldiradi.
Jon holatda o‘z yurti chegarasi tomon yugurgan odamning chegarada his qilganlarini biz har birimiz har bir harakatimizda his qilib tursak, milliyligimizni bus-butunligicha kelajak avlodga yetkazgan bo‘lar edik, nazarimda.
Nargiza ODINAYEVA
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2021-yil 4-son
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q