XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkistonda keng tarqalgan milliy-ozodlik harakati rivojida, milliy va maʼnaviy madaniyat taraqqiyotda juda katta ahamiyat kasb etgan maʼrifatparvarlik – jadidchilik harakatining ijtimoiy-tarixiy mazmunini yangidan koʻrib chiqish tarixchilar oldida turgan dolzarb masalalardan biridir.
Jadidchilik harakati va uning namoyandalari Turkiston taraqqiyoti yoʻlida qilgan islohotchilik zahmati oson kechmagan. Ularning har qadami kuzatuv ostida, taqiq va taʼqiblarda boʻlgan. Vatani va millati taqdirini oʻylagan jadidlar toʻsiqlarga qaramay oʻzlari orzu qilgan kelajak uchun islohot gʻoyalarini amalga oshirishga intilgan. Mustamlakachi hukumatdan kutilayotgan xavfni bila turib ilm-maʼrifat, islohot yoʻlida kurashganlar.
Mustamlaka davri tarixining juda koʻp masalalari, xususan uning zoʻrlik bilan qaror topgan, kuch bilan hukm surgan va anʼanaviy taraqqiyot qonunlariga zid borib, jamiyatga juda katta talafot yetkazganligi yaxshi maʼlum. Ayniqsa, sovet hukumatining Turkistonga (oʻzbek xalqiga) eng katta talafotlar yetkazgan davri – 1918–1938-yillarga toʻgʻri keladi. Aynan shu davrda siyosiy, maʼnaviy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda jamiyat manfaatlariga zid oʻzgarishlar amalga oshirilgan. Bu esa xalqning keskin qarshiligiga uchragan, bolsheviklar bu qarshilikni yengish uchun qatagʻon siyosatini amalga oshirgan.
Birgina 1937–1939-yillarning oʻzida Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi “uchlik”lari tomonidan 41000 dan koʻproq kishi qamalgan, ulardan 37 000 dan koʻprogʻi “sudlanib”, 6920 tasi otib tashlangan. Ammo bu jarayonlar mohiyati sovet hokimiyati tomonidan hamisha yashirib kelingan. Aynan shu sababli tarixiy voqealikni aks ettiruvchi barcha manbalar “oʻta maxfiy” tamgʻasi ostida saqlangan.
Jadidlar “panturkchi”, “panislomchi”, “josus”, “xalq dushmani”, “aksilinqilobiy millatchi” kabi soxta ayblovlar bilan qoralanib, qatagʻon qilingani arxiv manbalarida saqlanib qolgan.
Bolsheviklar oʻz hokimiyatini oʻrnatish jarayonida ularga qarshi chiqqan har qanday kuchni “aksilinqilobiy” ayblovi bilan javobgarlikka tortish amaliyotini joriy qilgan. Shu tariqa, davlat boshqaruvida “18 lar guruhi”, sud tizimida “Qosimovchilik”, prokuratura sohasida “Badriddinovchilik” kabi guruhlar siyosiy qirgʻin domiga tortilgan. “Milliy ittihod”, “Maorif komissarligi” (Narkompros) niqobi bilan jadidlar va maorif sohasida faoliyat olib borayotgan koʻplab ziyolilar guruhi qatagʻon etilgan.
1929-yil yanvaridan 1933-yilgacha boʻlgan qisqa muddatda milliy ziyolilar, jumladan, 250 dan ortiq yozuvchi, jurnalchi va oʻqituvchi qamoqqa tashlangan, ulardan koʻplari otib tashlangan. Yana bir qismi mehnat tuzatish jamloqlariga surgun qilingan.
Diniy va milliy qadriyatlarga qarshi kurash uchun choyxona, klub va madaniy muassasalar, aholi toʻplanadigan joylardan targʻibot hamda tashviqot ishlarida keng foydalanilgan. Masalan, 1924-yili 213 ta, 1926-yili 177 ta, 1930–1935-yillari esa 2560 ta qizil choyxona faoliyat koʻrsatgan. Gʻozi Yunusning taʼkidlashicha, “... qizil choyxonalargʻa maxsus imtiyozlar berilib, hatto soliqlardan ozod qilindi. Firqa qoʻmitalari va yoshlar tashkiloti tomonidan tuzilgʻon oʻlkamizning musulmon qismlarigʻa hatto qishloqlargʻa ham qizil choyxonalar ochildi. Lekin bu choyxonalar “Qizil choyxona” nomi ostida imtiyozliq bir qora choyxona holida qolaberdi. Bu qizil choyxonalarning tafovuti tumorcha qilib, qizil-koʻk qogʻoz ochib qoʻyish va ham bir kichkina ustol ustiga bir necha jurnal bilan bir-ikkita eski gazet qoʻyishdan iboratdir. Avvalgi namuna bilan Toshkentda ochilgʻon qizil choyxonalar aks tashviq, hatto mayda-chuyda buzuqliklarning uyasi boʻlib qoldi. Masalan, milisiyalar uyushmasi “Qizil “choyxona”sida yakshanba, payshanba kunlari arvohlargʻa chirogʻ yoqilib turar edi. Umuman kasaba uyushmalari tomonidan ochilgʻon qizil choyxonalarning koʻpi fohishaxonadan biroz farqi bordir...”.
1936–1939-yillarga kelib din peshvolari, jumladan, ulamo, mulla va mudarrislar “bosmachilar”ga yordam bergan, ularning gʻoyaviy rahnamosi, “xalq dushmani”, “sinfiy yot unsur” kabi ayblar asosida qatagʻon qilingan. Bunga misol qilib, Nosirxon toʻra Kamolxon toʻra oʻgʻli, Munavvarqori Abdurashidxonov, Dadamirza Shayxov va boshqa jadid maʼrifatparvarlarini keltirish mumkin.
Sovet hukumatining qatagʻon tegirmoni yurt kelajagi boʻlmish yoshlarni ham chetlab oʻtmagan. 1920–1922-yillari Turkiston ASSR, Buxoro va Xorazm xalq shoʻro jumhuriyatlaridan 300 ga yaqin talaba oʻqish uchun xorijiy mamlakatlarga yuborilgan. Ularning 70 dan ortigʻi Germaniyaning turli shaharlaridagi oliy va oʻrta-maxsus oʻquv yurtlarida oʻqigan. Jumladan, oʻqishni Germaniyada bitirib, yurtga qaytgan Sattor Jabbor, Toʻlagan Moʻmin, Muhammadi Xoʻja, Sulton Matqul, Azimbek Berimjon, Rauf Rasuliy, Xayriniso Majidxonova, Maryam Sultonmurodova va boshqalar egallagan bilimlarini hali toʻlaligicha namoyon etmay, sovet hokimiyatiga qarshi aksilinqilobchi va millatchi tashkilot aʼzolari sifatida ayblangan va koʻpchiligi 1938-yilning 4–9-oktabr kunlari otib tashlangan.
Arxiv hujjatlari tergov jarayonida “mahbuslar”ni bir necha oy, hatto yillar mobaynida qamoqda asossiz ushlab turish, muddatni surish va jismoniy-maʼnaviy tazyiqlar, azoblash va qiynoqlar qoʻllanganini koʻrsatadi. “Xoʻja koʻrsin”ga uyushtirilgan sud jarayonlari, oʻlim hukmlari sudlanuvchiga eʼlon qilinmagan, ular hukm haqida qatl oldidan bilgan. Bugun otib oʻldirilgan shaxs ustidan hukm ertasiga oʻtkazilgan sud yigʻilishida rasmiylashtirilgan va eʼlon qilingan.
Umuman olganda, fan, adabiyot, sanʼat dargʻalari, hukumat va jamoat arboblari boʻlgan minglab yurtdoshlarimizning ozodlikka chiqish va milliy davlatchilikni tiklash, oʻzlikni anglash, maʼrifatchilik yoʻlidagi tabiiy intilishlari sovet hokimiyati tomonidan “jinoyat” deb baholanib, ular yoʻq qilingan.
Quyida eʼlon qilinayotgan arxiv hujjatlari orqali Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon kabi, hech bir mubolagʻasiz, kishilik tarixidagi eng yorqin shaxslar, tengsiz isteʼdod egalari, yurtsevarlar shu tariqa yoʻq qilinganligini koʻrish mumkin.
Abdurauf Fitrat hukmi
Abdulla Qodiriy hukmi
Abdulhamid Cho‘lpon hukmi
Abduvosiq Muhamedov hukmi
Anqaboy Xudoybaxitov hukmi
Mashhuraxon Darmonova
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi
katta ilmiy xodimi
San’at
Tarix
Tarix
Til
Til
Adabiyot
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q