49 yoshli “bola” yaqinda nabirali boʻladi: Separatsiya nima uchun muhim?


Saqlash
12:30 / 02.10.2025 10 0

“Mening oilamda er-xotin emas ona-oʻgʻil juftligi bor edi. Oxir oqibat bu holat 23-yilda ajrimga olib keldi”, deya gap boshlaydi separatsiya jarayonidan oʻtmagan inson bilan oila qurgan, ismini oshkor qilishni istamagan (uni shartli Nafosat deb atadik) qahramon. Oʻzbek jamiyatida bu haqda soʻz ochar ekansiz, Sizga xuddi-ki oilaning tashqi dushmani, uning tarqalib ketishini istayotgan biri sifatida qaraydilar. Ammo har bir shaxsning mustaqil boʻlishida muhim bosqich sanalgan separatsiya amalga oshirilmasa bir emas, bir necha insonga, keyin oila instituti, bora-bora butun jamiyatga zarar yeta boshlaydi. Shu sababli mutaxassislar ajralish jarayonidan har kim oʻtishi zarurligini taʼkidlaydi.

 

Xoʻsh, separatsiya oʻzi nima? Uni amalga oshirish qaysi bosqichlarni oʻz ichiga oladi? Mustaqil boʻlmagan, atrofdagilarga qaram shaxslar bilan qanday muammolar sodir boʻlishi mumkin? – ushbu maqolada shu va boshqa savollarga xalqaro mutaxassislar fikri va qahramon hayoti asosida javob olamiz.

 

Separatsiya nima?

 

Separatsiya – farzandning ota-onasidan ajralib (jismonan va ruhan alohida boʻlib), mustaqil boʻlish jarayonini nazarda tutadi. Bu bolalik va katta hayot oʻrtasidagi shaxsiy rivojlanishining tabiiy va muhim bosqichi sanaladi.

 

Jarayon turli jamiyatlarda, xususan, oʻzbek oilalarida ham notoʻgʻri tushunib, shunday talqin qilinadi. Bu qarorga kelish esa ota-onadan voz kechish, ularni oʻz holiga tashlab qoʻyish, deya baholanadi.Shunday qarashlar bilan bolani mustaqil boʻlishiga toʻsqinlik qilish, afsuski, vaqti kelib jiddiy oqibatlarni, koʻp hollarda shaxsiy turmushdan ajralish holatlarini keltirib chiqaradi.

 

Tushunish kerakki, ota-onadan mustaqil boʻlish – ularni yaxshi koʻrishdan toʻxtash yoki ortiq ular bilan fikrlashishni istamaslik degani emas, u shunchaki voyaga yetgan shaxs oʻz hayoti uchun masʼuliyatni boʻyniga olishi va oʻzi qaror qabul qilishni oʻrganishi uchun muhim hayotiy davrdir.

 

Bu jarayondan oʻtmagan shaxslar qanday koʻrinadi?

 

Jamiyatda ular biologik va psixologik yoshi turlicha ekanligi bilan ajralib turadi.

 

Aytaylik, 45-50 yoshli erkak qarorlarida voyaga yetmagan 16 yoshli bola kabi qatʼiy boʻlolmaydi, “kattalar” maslahati, tasdigʻiga ehtiyoj sezadi. Masalan, u oilasi bilan sayohatga chiqmoqchi, buning uchun ularda hamma narsa bor, moliyaviy tomonlama ham muammo yoʻq. Biroq u soʻnggi qarorni berish uchun, yaʼni chipta sotib olish uchun onasidan “ruxsat olishi shart”.

 

Yana bir misol, turmushda erkak oʻzini er, turmush oʻrtoq deb emas, ayolining yosh bolasidek tutishi yoki aksincha, ayol oʻzi qila olishi mumkin boʻlgan masalalarni ham turmush oʻrtogʻining aralashuvisiz hal qilmasligi, baʼzi vaziyatlarda dakki eshitish, buyruq berish, yaʼni “aytib turish”ga haqiqiy maʼnoda ehtiyoj sezishi, bir soʻz bilan aytganda, ayol emas, farzand pozitsiyasida hayot kechirish holatlariga koʻp guvoh boʻlgandirsiz. Shu kabilar ota-onasidan ajralmagan shaxslar sanaladi.

 

Oilangizda tugallanmagan ajralish mavjud yoki yoʻqligini quyidagi belgilar orqali aniqlashingiz mumkin:

 

- Siz ota-onangiz tuzgan “ssenariydan” chetga chiqa olmaysiz, hatto oʻzingizga u ishning aksini qilishni vaʼda bergan boʻlsangiz ham. Masalan, boʻlajak farzandlaringizga yumshoq-feʼl ota yo ona boʻlaman, deb oʻzingizga vaʼda berasiz-u amalda ota-onangizni takrorlaysiz;

 

- Taʼlim yoʻnalishingizni ota-onangizning taʼsiri bilan tanlab, uzoq muddat sohada oʻzingizni, oʻzligingizni topolmaysiz;

 

- Sohada qandaydir yutuqlarga erishasiz, lekin bularni oʻzingiz uchun qilmaganingiz tez-tez xayolingizdan oʻtib turadi;

 

- Shaxsiy hayot qurishda muammolarga duch kelasiz: munosabatlarda ikkinchi tomon xuddi sizga qarzdordek tuyulaveradi. Sherigingiz qisqa muddat yoʻq boʻlsa ham sarosimaga tushib, uni xiyonat deb baholaysiz;

 

- Boshqalarning tasdigʻiga, roziligiga oshiqasiz;

 

- Ziddiyatli vaziyatlarda oʻzingizni yosh bolalardek tutasiz: muammoni hal qilish emas, tortishish birinchi darajada boʻladi;

 

- Jabrdiyda rolida boʻlib, oʻz hayotingiz uchun masʼuliyatni olishdan qoʻrqasiz;

 

- Ota-onangiz ishlaringizga doimiy tarzda aralashib turadi: ovqatlaringizni tayyorlab beradi (oʻzingiz buni uddasidan chiqa olsangiz ham), pulingiz boʻlsa ham moliyaviy koʻmak bergisi keladi va sizni noqulay ahvolga soluvchi shaxsiy savollar bilan koʻp murojaat qiladi. Siz esa bularning barchasini normal qabul qila boshlaysiz.

 

Shu kabi biologik yetuk boʻla turib psixologik yoshi kichik boʻlgan insonlarni psixologlar onasidan kindigi uzilmagan bolaga qiyoslaydi.

 

Mustaqil boʻlish nima uchun muhim?

 

Bu birinchi navbatda shaxs sifatida oʻsish va rivojlanish uchun muhim. Bola ota-onasidan ajralmasa, ularga qaram boʻlib qolishi, necha yoshda boʻlmasin, mustaqil qaror qabul qilolmaslik holatlari kuzatiladi. U har qanday masalani ota-onasi bilan maslahatlashadi, ular boʻlmasa sarosimaga tushib, muammolarini oʻzi hal qilolmaydi. Hayotidagi har bir holat haqida (u hatto, shaxsiy masala boʻlsa ham) hisob berishni esa oʻz vazifasi deb biladi.

 

Nafosatning turmushida ham xuddi shu holat kuzatilib, onasiga qaram erkak buni oʻta normal baholagan. Buni qabul qilolmagan ayoliga esa xuddi qaynonadan biror nimani yashirayotgandek qaragan:

 

“Oʻrtamizda boʻlib oʻtadigan mayda-chuyda gaplargacha qaynonam xabardor qilinardi. Men ʻoramizdagi gaplar tashqariga chiqmasin, xonamizda hal qilaylik’ desam, ʻmeni onamdan yashiradigan sirim yoʻq’, derdi”.

 

Taʼkidlanganidek, vaqtida ota-onadan mustaqil boʻlib ajralmaslik keyinchalik boshqa muammolarni, jumladan, iqtisodiy zoʻravonlik holatlarini ham keltirib chiqaradi: Ota-onasiga har narsani boricha aytib oʻrgangan voyaga yetgan shaxs avvaliga daromadi bilan bogʻliq barchasini – qancha maosh olgani-yu uni nimalarga qancha miqdorda sarflagani haqida hisobot beradi. Bu odat bora-bora uning majburiyatiga aylanib, koʻpincha daromad boshqaruvi ham ota yoki onaga oʻtib qoladi. Yaʼni, mehnat qilib pul topadigan Siz, uning taqsimoti boʻyicha “javobgarlik” boʻlsa ota-ona, qaynona-qaynota “chekiga tushadi”.

 

“Ishlab topgan maoshini onasiga topshirardi. Menga, bolalariga sarflanadigan pulning 1 soʻmigacha ham onasiga hisobot berilardi. Kimning tugʻilgan kuni yo toʻyiga necha pul berildi – bularning ham barchasi qaynonamning daftarida yozilardi. Yana boshqa ishlar ham qaynonamning ruxsati bilan boʻlgan – ota-onamnikiga borib-kelishimga necha pul ketishi-yu nima olib borishimgacha. Holbuki, erim oʻqimagan omi emas, Prezident akademiyasini bitirgan, yuqori lavozimlarda ishlaydigan, salobatli, savlatidan ot xurkadigan kishi edi”, – deydi u.



Jarayonni qanday yengilroq yashab oʻtish mumkin?

 

Separatsiya inson hayotdagi oʻrnini topishiga, maqsadlarini, prioritetlarini belgilab olishiga yordam berib, oʻziga ishongan shaxs boʻlish imkonini yaratadi.

 

Lekin bu jarayon muhimligi bilan birga oʻta nozik ham sanaladi. Mustaqil boʻlishning ahamiyatini toʻlaqonli anglash orqali bu davrni yengilroq yashab oʻtish mumkin. Bunda tomonlar, ayniqsa oʻsmir ota-onani hech nimada ayblamasligi muhim. Yana ularni tuzatishga, vaziyatlardan qutqarishga va oʻzgartirishga ham urinmagan maʼqul – mutaxassislar tarbiyalash, tinch sharoit yaratish, shunchaki sevish va soʻrovga javoban yordam berish ota-onaning vazifasi ekanini tushuntiradi.

 

Oʻzaro anglash, tanlovlarni hurmat qilish va fikrlarga jiddiy qarash muhim ahamiyat kasb etadi. Munosabatlarda chegaralarni aniq belgilab olish zarur. Ota-ona va oʻsmir bir xonadonda yashagan taqdirda ham tomonlarning oʻz qoidalari hukm suradigan shaxsiy hududi boʻlishi muhimdir.

 

Oʻsmir har bir harakati va uning ortidan sodir boʻlishi mumkin boʻlgan ishlar uchun endi ota-onasi emas shaxsan oʻzi javobgarligini jiddiy qabul qilishi kerak. Uning bugun kim ekani va ertaga kim boʻlishi ham ota-onasiga, ularning qarorlariga emas, shaxsiy fikri va tanlovlariga bogʻliqligi tushuntirilishi zarur.

 

Ota-onadan mustaqil boʻlish qanday bosqichlarni oʻz ichiga oladi?

 

Ota-onadan mustaqil boʻlib ajralishni psixologlar 5 bosqichga boʻladi. Nazariy jihatdan bu ajralish bola 18 yoshdanoq sodir boʻlishi kerak.

 

Birinchi bosqich: jismoniy separatsiya

Jismoniy ajralish bosqichi bola alohida yashashni boshlaganida yuz beradi. Bu masalan, taʼlim yoki ish faoliyati tufayli boshqa manzilga koʻchib oʻtishda sodir boʻlishi mumkin. Natijada inson hech kimning qoʻllovisiz barcha masalalarini oʻzi hal qilishga majbur boʻladi, bu esa uning mustaqil boʻlishga qoʻygan muhim qadami sanaladi.

 

Ikkinchi bosqich: emotsional ajralish

Bola ota-onasidan hissiy qaramlikdan xolos boʻlishni boshlaganida yuz beradi. U endi kattalarning fikriga qarab emas, oʻz imkoniyatlari, kuchi, hayotdagi qadriyatlari va maqsadlariga qarab ish tutadi.

 

Uchinchi bosqich: ijtimoiy mustaqil boʻlish

Shaxs ota-onasining ijtimoiy muhitidan ajralib, oʻz muhitini shakllantirganda boshlanadi. U oʻziga mos yangi odamlar bilan muloqot doirasini yaratib, oʻsha yerda fikr almashadi.

 

Toʻrtinchi bosqich: identifikatsion alohidalashuv

Shaxs oʻzini ota-onasi bilan bogʻlab ifodalashni toʻxtatganida yuz beradi. Yaʼni, davralarda u oʻzini falonchining farzandi sifatida emas, alohida shaxs sifatida namoyon eta boshlaydi. Oʻzini ota-onasi va ularning shaxsiyati bilan, yaʼni xarakteri, temperamenti va qobiliyatlari bilan solishtirishni toʻxtatadi.

 

Beshinchi bosqich: moliyaviy mustaqillik

Shaxs ota-onasidan moliyaviy mustaqil boʻlganida boshlanadi. Bunda oʻsmir oʻzi ishlab, shaxsiy daromadiga ega boʻlishi, moddiy ehtiyojlarini oʻzi qondira olishi zarur.



Lekin bu barcha oilalarda ham samarali yoki umuman amalga oshmaydi. Nafosat ham turmushini soʻzlarkan, sobiq umr yoʻldoshini “bolacha” deb atab, bunga taxminiy sabablarini keltiradi.

 

“Hozirda shu bolacha 49 yoshda. Yaqinda nabirali boʻladi…”

 

Aytishlaricha, qaynonam yoshligida qaynotam boshqa ayollar bilan munosabatda boʻlgan. Shu voqealarni roʻkach qilgan qaynonam “men sizlar uchun bollarim yetim boʻlmasin, deb chidaganman” deya farzandlari qulogʻiga kuyib kelgan. Turmush oʻrtogʻim ham onasining oldida doim oʻzini qarzdor hisoblagan. Hatto, hozirgacha.

 

Men ham ishlaganman, oʻzimni oʻzim taʼminlaganman. Birinchi oʻgʻlimni dunyoga keltirganimda qaynonam ʻ10 ta oʻgʻil tugʻib bersang ham oʻgʻlim meni deydiʻ, deganlar. Va shuncha yil men bilan kundoshdek yashadilar. Ajrashdik. Ona-bola chiqib ketishdi, ona – kichkina oʻgʻilnikiga. Farzandimning otasi – alohida kvartiraga. Oʻgʻlim ʻAgar biz chiqib ketsak biz haqimizda unuting, hayotingizdan ham chiqib ketamizʻ, degani uchungina majbur, otasi uyni tashlab ketdi.

 

Bilishimcha, farzandim otasining bir ayol bilan munosabati bor, berkinib uchrashib yuradi. Onasi boʻlsa haligacha uni ochiqchasiga rashk qiladi. Turmush oʻrtogʻim buni endi tushunib yetibdi. Lekin ʻOnamsiz yasholmayman, onamsiz hayot yoʻq, onamdan boshqa hech kim kerakmasʻ degan fikri hali ham bor. Ona ham ʻmen seni har kuni koʻrib turmasam oʻlib qolamanʻ, deb oʻz holiga qoʻymaydi. Oʻgʻliga ʻunga mening ruxsatimsiz bitta choʻp ham olib bermaysanʻ deb shart quygan ekan… Hozirda shu bolacha 49 yoshda, yaqinda nabirali boʻladi. Ona esa 78 yosh.

 

 

Ota-onaga behurmatlik, ulardan voz kechish, sir tutish yo hisoblashmaslik…


Yoʻq, separatsiya bu emas va maqola bunga targʻib qilmaydi. Uning asl ahamiyatini ochib berishda birgina qahramon turmushidagi oqibatlar keltirildi. Lekin aksariyat oʻquvchi afsuski, bu kabi munosabatlarni kamida atrofida kuzatgan, hatto oʻz boshidan kechirgan boʻlishi mumkin. Maqola boʻlsa bu kabi muhim davrni inkor etib yashamaslikka, aksincha, uni toʻgʻri bosqichlarda osonroq amalga oshirishga chaqiradi. Zero, bu holat notoʻgʻri baholanib, jamiyat normasiga aylanib qolmasin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//