
XX asrning ilk oʻn yilliklari jamiyat hayotida tub burilishlar davri sifatida tarixga kirdi. Shoʻro hukumati tomonidan oʻrnatilgan yangi siyosiy rejim qator jabhalarni, xususan maʼnaviy-maʼrifiy muhitni ham keskin oʻzgartirib yubordi. Bu jarayonda ayniqsa shoir-yozuvchilar, xalq orasida dongʻi chiqqan baxshilardan ham siyosiy targʻibot vositasi sifatida foydalanildi. Ijod ahlining tili va sozi tushovlandi, ulardan muayyan siyosiy gʻoyalarni kuylash, xalq orasida yoyish talab etildi.
Shu tariqa ulkan isteʼdodlar ham birrov sovet choponini kiyib yurishga majbur boʻldi. Hatto baxshilar ham...
Ergash Jumanbulbul oʻgʻli zamon taqozosi bilan “Oktyabr”, “Shoʻro”, “Qizil” kabi termalarni, “Oʻrtoq Lenin” dostonini ijro etdi. Poʻlkan shoir “Mardikor”, “Hasan batrak”ni kuyga soldi. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli “Oktyabrni qutlayman” termalari, “bosmachilar”ni qoralovchi “Ochil Dov” dostonini yozishga majbur boʻldi.
Maqolada turkistonliklar uchun ozodlik kurashchisi, shoʻrolar uchun xalq qaroqchisiga aylangan Ochilbek qoʻrboshining siyratiga tarixiy manbalar asosida nazar solamiz.
“Ochil Dov” dostonidan iqtibos:
“Oktyabr inqilobi boʻlib, Shoʻro hukumati qurilib, ishchi-dehqonlar – ezilgan mehnatkash xalqlar, ozodlikka chiqib yashaydigan zamon boʻlgandan keyin, qadimgi amaldor, sipohilar, beklar, qozi, mingboshilar, boylar, mullalar chekka-chekkadan yigʻilib, Shoʻro hukumatini yoʻqotmoqning maslahatini qilib, Shoʻro hukumatiga qarshi otlanib chiqa berdi.
Shu vaqtlar Samarqandning kunchiqar betidan, Qoʻshtamgʻali nayman urugʻidan Ochil Joʻraboy oʻgʻli degan chiqib, avvalgi ishi beshta-oʻnta boʻlib, necha yerlarni oqshom bosib olib ketib yurdi. Odamlardan Ochil ekanini bilmay qolganlar hayron qolib, bilganlar Ochil oʻzini tanitmasa ham, Ochil, deb gumon qilib, bir xillari hukumatga xabar berib, bir xil kambagʻallar hukumatga ham xabar qila olmay, oʻzi ushlay olmay: “Bu bosmachi degan balo qaydan chiqdi? Endi yashaymiz desak, bu baloni bizning ustimizga kim yubordi ekan? Oyogʻimizni uzatib uxlay olmasak, topgan-tayanganimizga oʻzimiz ega boʻlib, oʻz osh-u nonimizni oʻzimiz yeyolmasak”, deb yurur.”
Parchada Samarqand qoʻrboshilarining qoʻmondoni Ochilbek haqida soʻz bormoqda. Oʻsha vaqtda xalq qahramonlari bolsheviklar tomonidan “bosmachi” deb ataldi.
Xoʻsh, buning qanday ijtimoiy-siyosiy sabablari bor edi?
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, sovet hokimiyati oʻz mavqeyini barqaror mustahkamlash yoʻlida hech narsadan qaytmadi. Hatto xalq dostonlarida ham sovet gʻoyalarini aks ettirish, bu talab bajarilmagan dostonlarni esa kuylash taqiqlana boshlandi.
Fozil Yoʻldosh oʻgʻlining ijodiy faoliyatiga boʻlgan keskin aralashuv, uning isteʼdodini tuzum manfaatlari yoʻlida ishlatishga boʻlgan harakatlar bekor ketmadi. Baxshi zamon mafkurasi tazyiqi ostida badiiy saviyasi sust, siyosiy gʻoyalarga toʻyingan dostonlarni yaratishga, ijro etishga majbur boʻldi.
“Ochil Dov” ana shunday siyosiy buyurtma mahsuli sifatida yuzaga keldi. Unda qoʻrboshi Ochilbek qatorida Turkiston ozodligi uchun kurashgan buyuk fidoyi Anvar Poshsho va koʻplab maʼrifatli shaxslarning salbiy obrazlari yaratildi.
“Ochil Dov” dostonida maʼrifatli qoʻrboshini qaroqchiga aylantirib bergan turli parchalarga guvoh boʻlamiz:
“...Kambagʻal dehqonlar: “Bu bachchagʻar bosmachi bizning yeb turgan oshimizni, bitta-yarimta oyoq-ulov qilib turgan baytal-saytalimizni olgan bilan toʻyarmi? Dunyodor odamlar qoladi, biz – talanamiz”, deb hayron boʻladi. Boylarga borib: “Biznikini bosmachi bosib ketdi, sizga tegmadimi?” desa, ular: “Miltiq-anjomimiz bor, bizga bosmachi botinolmaydi”, deydi.
***
...Tatarda Karimqul choʻtir bolalarini toʻyi bor. U katta odam. Mulla Hakim sudning uyida toʻy boʻlayotgandi. Bari elning boylari edi.
Ochilning joʻralari uning shuhratini elga ovoza qilib, qishloqdan 4-5 odam joʻnatib turadi. Har kun kunduz ozayib, oqshom koʻpayib, elni bosib, necha kunlarni oʻtkazdi. Bozorchi Jomboyning bozoriga keladigan attor, bazzoz, jallob, choyfurush, shirafurush – jami savdogar-bozorchilarni toʻnayverdi. Bozorga ketayotgan tovuqfurush, tuxumfurushni ham qoʻymadi.
***
...Bir xillar bozorga yaxshi ot minib kelgan. Otini kishanlab, boylab qoʻygan, kalitini xurjunga solib, ostiga bosib oʻtirgan. “...Yo oʻlarsan, yo otingni berarsan” deb miltiqning qoʻndogʻi bilan urayotir...”
Koʻrinadiki, doston matnida qoʻrboshi obrazi xalqqa zulm oʻtkazgan, savodsiz va murosasiz shaxs sifatida jonlantiriladi. Biroq Ahmad Zakiy Validiy “Xotiralar”ida mazkur tasvir keskin rad etilib, qoʻrboshilar Vatanga sadoqatli, zamona voqeliklarini yaxshi anglaydigan va xalq ozodligi yoʻlida kurashgan fidoyi shaxslar sifatida namoyon boʻladi. Shu jihatdan, dostondagi mafkuraviy-siyosiy talqin bilan Validiy xotiralaridagi tarixiy-badiiy yondashuv oʻrtasida qiyosiy oʻrganish qoʻrboshilar harakati haqidagi haqiqiy manzarani aniqlashda muhim ahamiyatga ega.
“Ochil Dov” dostonining badiiy saviya jihatidan zaif ekanligi haqidagi fikr ilmiy adabiyotlarda ham tasdiqlangan. Xususan, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli ijodini maxsus tadqiqot obyekti sifatida oʻrgangan T.Gʻoziboyev mazkur asarning shakl va mazmun jihatidan mukammal emasligini, baxshi oʻz imkoniyatlarini toʻliq namoyon etolmaganini qayd etadi. Buni, albatta, shoir ijodiga tashqi mafkuraviy bosimning taʼsiri sifatida baholash mumkin.
Ochilbek chindan ham savodsiz va talonchi edimi?
Bu savolga “Xotiralar”da aniq javoblar bor. Olim Ochilbek atrofidagi kishilarning nasl-nasabi, maʼlumoti, dunyoqarashi haqida ham qimmatli maʼlumotlarni beradiki, ularni jamlash orqali samarqandlik qoʻrboshilarning aqliy salohiyati va bilim darajasiga baho berish imkoni paydo boʻladi.
Uning taʼkidlashicha, ruslar bosmachilarning barchasini talonchi va bosqinchi sifatida koʻrsatishga uringan. Aslida esa Samarqand viloyatidagi qoʻrboshilarning koʻpchiligi Vatanga sadoqatli, fidoyi va zamona voqealaridan yaxshi xabardor shaxslar edi.
Ayniqsa, Validiyning Ochilbek qoʻrboshi bilan bevosita yelkadosh boʻlib janglarda qatnashgani va bu voqealarga shaxsan guvohlik bergani qoʻrboshilar harakati haqidagi koʻplab biryoqlama va mafkuraviy talqinlarni qayta baholash imkonini yaratadi.
Qoʻrboshilarning aql-zakovati, yon atrofidagi safdoshlarining darajasi “Xotiralar”da toʻla namoyon boʻladi. Ayrim parchalarni keltiraman:
“Ochilbekning 1500 odami bor edi. Yonida Jamiyat vakili sifatida Samarqand viloyatining eng bilimli ziyolilaridan biri, Jamiyat Markaziy Qoʻmitasi aʼzosi Qori Komil boʻldi. Ochilbek yonida, shuningdek, Samarqand viloyati qoraqalpoqlaridan Ochil Toʻqsoba va Chelak kasabasi ulamosi naslidan Katta Maxdum, Kichik Maxdum degan obroʻli kishilar yurdi.
***
...Shunday qilib, kongressda bosmachi guruhlar rahbarlarining har biri oldiga siyosiy maslahatchi yuborishga qaror qilindi. Samarqand viloyatining bosh qoʻrboshisi, naymanlardan boʻlgan Ochilboy yoniga oʻzbek ziyolilaridan Qori Komil ismli bir obroʻli kishini tayinladik.
***
...Jizzax atrofida joylashgan Ochilbek guruhi ixtiyorida Niyozbek va Turobbek ismli ikki ziyoli bor edi.
***
...Ular Samarqandda ruscha oʻrta maʼlumot olishgan, kommunistlar partiyasiga kirgan, militsiya idoralarida rahbarlik vazifalarida ishlagan yoshlar. Ikkovi ham 1916-yildagi qoʻzgʻolonda koʻp zarar koʻrgan oʻzbek urugʻlaridan.
***
...Katta Maxdum, Kichik Maxdum degan obroʻli kishilar yurdi. Bahrombekka Samarqand yonidagi Pastqishloqdan Hamroqulbek ismli bir kishi yordamchi boʻldi. U ham Ochilbek singari oriyatli, qahramon, oʻqimishli, Samarqand jadidlarining muallimlaridan biri Shokiriyning oʻquvchisidir.”
Ushbu faktlar Samarqand qoʻrboshilari rahbari Ochilbek shaxsi atrofida toʻplangan kuchlarning ijtimoiy-maʼnaviy xususiyatini ochib beradi.
Ochilbek xalq orasida “Ochildov”, “Ochil dev” nomi bilan mashhur boʻlgan. Bunday atalishning bir qancha sabablari bor. Ulardan eng birinchisi uning devdek alpqomat, jasur va baquvvat ekanligi bilan izohlanadi. 1921-yildan boshlab u Turkiston Milliy Birligi koʻrsatmalari asosida faoliyat yuritib, oʻz harakatlarini kuchaytirib boradi. Bu vaqtda uning qoʻl ostida 4000-5000 yigit boʻlganligi aytib oʻtiladi.
Bu haqda ham Validiy oʻz xotiralarida yozib oʻtadi:
“Ochilbek nayman oʻzbeklarining Qoʻshtamgʻali degan joyida tugʻilib oʻsgan, oʻttiz sakkiz yoshida, nihoyatda jasur, axloq-odobli, mehr-oqibatli, avvaldan o‘ylab ish yuritadigan, halol bir inson. Rossiya va dunyo siyosati toʻgʻrisidagi gazetalarni oʻqib fikr qiladi.
Davron Ochil degan gʻayratli, ishning koʻzini biladigan ukasi ham yonida edi.”
Tarixchi olim Qahramon Rajabov “Turkiston qoʻrboshilari” kitobida turkiyalik tadqiqotchi Ali Bodomchining Ochilbek haqidagi fikrlarini keltirib oʻtadi:
“Ochilbek Samarqand va uning tevaragida mustahkam hokimlikka erishgan kuchli bir qoʻrboshidir. Samarqand – Zarafshon vodiysi hududidagi Matcho togʻlari etaklariga qadar boʻlgan joylarda Ochilbek yagona hokim boʻlgan... Kurash boshlashdan avval uzoq muddat Toshkentda boʻlgan, ruschani oʻrgangan, jadid maktablari taʼsirida madaniy saviyasini orttirgan... Ochilbek vataniy axloqqa ega, jasur, vazmin tabiatli shaxsiyat sohibidir. Qoʻrboshilikni boshlashdan avval u Buxoro amirining amakisi Said Akram Toʻraning xizmatida boʻlib, askarlikni oʻrgangan.”
Shunday boʻlishiga qaramay, “Ochil Dov” dostonida qoʻrboshilarning noʻnoqligi jiddiy kulgiga olinib, qizil askarlarning kuchiga yuqori baho beriladi:
“Qizil askar zoʻrligini bildirdi,
Chetdan otishganni otib oʻldirdi.
Xalqqa oralagan koʻpi, koʻzlab otmaydi,
Ochil yigʻlayotir, “bizni oʻldirdi”.
“Xotiralar”dan ayonlashadiki, samarqandlik qoʻrboshilar va shoʻro askarlari oʻrtasida murosaga urinishlar ham boʻlgan. Bunga shaxsan guvoh boʻlgan Validiy qiziq faktlarni keltirib oʻtadi:
“...Rus armiyasi qoʻmondonligi ham ayni shu yo‘l bilan bir zobitni joʻnatib, Ochilbek bilan gaplashmoqchi ekanligini bildirdi. “Xohlasang, borib gaplash”, dedi Ochilbek menga. Samarqand qoʻmitasining aʼzolari esa mening u yerga borishimni xavfli deb hisobladilar.
Uchrashuv Chelak va Kumush togʻ qishloqlari orasida boʻlishi kerak. Ikki tomondan ham beshtadan odam kelishi lozim. Maxdumlar deb atalgan bosmachilar gaplashiladigan joyni qoʻriqlab, oʻrab turadilar, ruslar hujum qilmasalar, ular ham hech kimga tegmaydilar.
Ochilbek bilan Bahrombek mening ixtiyorimga ruscha biladigan Abdulhalim bilan yana bir kishini berishdi.
Muzokaralarni maxdumlar olib borishadi. Men rus zobiti bilan gaplashmayman, oʻzimni ruscha bilmagan kishi qilib koʻrsataman. Shunday ham qildik. Zobit, jangni toʻxtatib, sovetlar bilan kelishinglar, dedi.
Gaplashuvdan natija chiqmadi. Biz koʻrishgan joy tarixda Amir Temur bilan amir Husayn yaqinlari yarash tuzish uchun uchrashgan joydir. Uchrashuv oʻsha zamonda ham samara bermagandi. Ruslar shu tarzda ahvolni bilmoqchi boʻlgan edilar, lekin bundan biror natija chiqmasligini oʻzlari ochiq koʻrdilar.”
“Ochildov”ning oʻlimi
Tarixchi Qahramon Rajabov manbalarga tayana turib, 1923-yil 10-may kuni Kitob atrofida qizil askarlar bilan kechgan jangda Ochilbek qoʻrboshi mardlarcha halok boʻlgani, uning oʻgʻli Davron Ochil (1906-yilda tugʻilgan) xorijga chiqib ketganini yozadi.
Oʻzbekiston Milliy arxivida qoʻrboshining oʻlimi quyidagicha tasvirlanadi:
“Qarshi viloyatiga kelib, Kitob shahridan 20 chaqirim sharqdagi Varganza (Vagʻanzi) qishlogʻida oʻrnashgan Ochilbek guruhi bilan qizil askarlar oʻrtasida 1923-yil 9-mayda tengsiz olishuv boʻldi. 10-maydagi maʼlumotlarga qaraganda Ochilbek guruhi Kitob atrofidagi muvaffaqiyatsiz jangda oʻz bayrogʻini yoʻqotib va bir necha oʻliklarni, shu jumladan, Ochilbekni ham qoldirib, Taxta Qoracha dovoni orqali Qaynar Buloq yoʻlidan Samarqand viloyatiga joʻnab ketishdi. Ochilbekning oʻlimidan soʻng 130 yigitdan iborat guruhga Ziyovuddin boshchilik qila boshladi”.
Ammo sovet hukumati uchun ularga qarshi chiqqan har qanday isyonchi umri ayanchli yakun topishi kerak edi. Natijada “Ochil Dov”da uning halokati fojiali yoʻsinda tasvirlanib, qoʻrboshining shaxsiy jasorati va ozodlik yoʻlidagi kurashini kamsitishga qaratilgan syujet yaratiladi:
“Qizil askar gʻayrat qildi,
Kech boʻlganin endi bildi.
Bosmachini quvib, surib,
Ochilni koʻkrakdan urdi.
...Mirzapolvon Ochilning oʻligini nima qilamiz, deb ogʻiz soldi. ...Hovlisidan goʻr qazdirib, Ochilga janoza oʻqib, koʻmdi. Ustidan tong otmay, qoʻsh qoʻshtirib, birday qilib haydatib tashladi.
Shunday qilib qizil askarning kuchi bilan, militsiyalarning quvvati bilan, el odamning yordami bilan bosmachilarning tuxumi qurib, el tinchib, obodonlik boʻlib, Shoʻro hukumati rivoj olib, kun-kundan daraja topib, endigi zamonlar boʻlib ketdi.”
Xulosa sifatida aytish mumkinki, “Ochil Dov” dostonida voqealar chuqur tarixiy haqiqat asosida emas, balki Shoʻro hukumatining “muqarrar gʻalabasi” ustuvor vosita sifatida asosiy oʻringa chiqadi. Ushbu doston qahramonning shaxsiy fojiasi sovet ideologiyasi gʻalabasini tasdiqlovchi ramziy vositaga aylantirilgan boʻlib, asar badiiy yoʻnalishdan koʻra koʻproq mafkuraviy-targʻibot vazifasini ado etgan.
Aslida, qoʻrboshilar harakati ishtirokchilari – har biri mustaqil dostonga arzigan tarix va taqdir egalaridir. Ularning hayotidagi mardlik, fidoyilik, ayni paytda achchiq va ayanchli voqealar milliy ozodlik kurashi tarixining ajralmas qismi hisoblanadi. Biroq afsuski, yuzlab qoʻrboshilarning tarixiy shaxsiyati va faoliyati ilmiy asosda chuqur tadqiq etilmagan, ular haqidagi asarlar esa sanoqli manbalar bilan cheklanib qolmoqda. Shu bois qoʻrboshilarning hayoti va merosini hujjatlar, arxiv materiallari asosida oʻrganish, ularning haqiqiy qiyofasini qayta tiklash tariximiz va adabiyotimiz oldidagi dolzarb vazifa sifatida koʻrilishi zarur. Bu jarayon nafaqat tarixiy adolatni tiklashga, balki milliy oʻzlikni anglash va mustaqillik gʻoyalarini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Bobur ELMURODOV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori
Ta’lim-tarbiya
Ma’naviyat
Tarix
San’at
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q