
552-744-yillar oraligʻida, deyarli 200-yil Markaziy Osiyo va uning atrofidagi oʻnlab oʻlkalarni bitta bayroq ostida birlashtirgan Turk xoqonligining asoschisi, bir necha oʻnlab turk elatlariga bosh boʻlib, turkiylar dovrugʻini dunyoga yoygan Ashina urugʻi oʻtmishi bilan bogʻliq bugungacha yechilmay kelayotgan oʻnlab chigalliklar mavjud.
Ulardan biri ushbu etnik atamaning tub maʼnosi bilan bogʻliq. Ilk bor VI – VIII asrlarga tegishli Xitoy yilnomalarida uchrasa-da, eski turk bitiktoshlarida, yo boʻlmasa, boshqa qoʻshni ellar yozma manbalarida deyarli tilga olinmagan Ashina atamasi borasida turli-tuman qarashlar ilgari suriladi.
Ayrim izlanuvchilar “bu atama birgina Xitoy yilnomalarida uchraydi, uning tub koʻrinishi qanday boʻlganini bilish qiyin, xitoyliklar birorta turkiy atamani oʻz tillariga oʻgirib, Ashina koʻrinishida qoʻllangan koʻrinadi” desa, ayrimlar esa ushbu atamani sugʻdiy va eski turk bitiktoshlarida topishga urinadi.
Xoqonlikning ilk davrida yozilgan sugʻdcha Bugʻut bitiktoshidagi ayrim soʻzlarni V.A. Livshis, S.G. Klyashtorniy kabi izlanuvchilar “Chiniston (Xitoy)? hukmdori” deb oʻqigan va bu yondashuv koʻpchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlangan boʻlsa, yaqin yillarda ushbu soʻzlarning bir boʻlagi yaponiyalik sugʻdiy til bilimdonlari Yo. Yutaka va Moriyasu tomonidan tr-ʼwk ʼʼšy-nʼs kwtrʼtt ʼxšy-wnʼk “Turk Ashinas boshqaruvchilar” deb oʻqilgandan keyin bu borada turlicha qarashlar bildirila boshladi.
Shuningdek, yaponiyalik izlanuvchilarning ayrimlari bu atamani eski turk bitiktoshlaridan ham qidirib, Moʻgʻulistondagi bitiktoshlarning birida SHNSh / SHNS (a)shin(a)s koʻrinishida yozilgan atamani Ashina atamasining turkcha yozilishi deb qaray boshladi. Qizigʻi shundaki, IX – XII asrlarga tegishli arab-fors yozma manbalarida Sirdaryoning oʻrta oqimidagi shahar deyilgan Ashnasni, arab qoʻshinlariga bosh boʻlgan Ashnas at-Turkiy otini Ashina soʻzi bilan tenglashtirgan izlanuvchilar ham topiladi.
Ashina atamasining tub maʼnosi boʻyicha koʻplab qarashlar oʻrtaga tashlangan. Uni eroniy tillardagi, ayniqsa, sugʻdchadagi “axshayna” (koʻk, koʻk osmon) soʻzi bilan bogʻlab, eski turk bitiktoshlarida uchraydigan “koʻk turk” soʻzi bilan teng deb qaraydigan izlanuvchilar bor. Bir qarashda ushbu nazariya boshqalariga qaraganda birmuncha toʻgʻridek koʻrinadi. Ashina soʻzining ildizini eroniy tillardan qidirib, bu soʻzni sugʻd boshqaruvchilari unvoni boʻlmish “ixshid” bilan solishtirgan ham, Kushon va boshqa siyosiy uyushmalar boshqaruvida qoʻllanilgan “shaonoshao” (shahanshoh) soʻzi bilan ham tenglashtirganlar uchraydi. Biroq bu kabi qarashlarning birortasi toʻlaqonli oʻz tasdigʻini topmagan.
Ashina soʻzini moʻgʻulcha negizdan qidirib, uni ardoqlash, hurmatlash maʼnosidagi xitoycha old qoʻshimcha A + moʻgʻul tillaridagi “shono” (boʻri) soʻzi bilan tenglashtirgan qarashlar ham bor. Ayniqsa, bu qarashni ilgari surganlardan biri L.N. Gumilevga koʻra, Turk xoqonligini tuzgan Ashina urugʻi boshlangʻichda moʻgʻul tilli boʻlib, keyinchalik turklashib ketgan. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, koʻpchilik izlanuvchilar “boʻri”, “qashqir” soʻzlari turkcha ekaniga urgʻu berib, “shono”, yo boʻlmasa, shunga yaqin soʻz turk tillarida yoʻq ekaniga urgʻu beradi. Holbuki, turk tillaridagi “choo”, “chooboʻri”, “chuga-boʻri”, “chiya-boʻri” soʻzlarini moʻgʻulcha “chono” bilan qarindoshligini koʻzdan qochirmaslik kerak.
Ilk bor Rashididdin Fazlulloh tomonidan yozilgan forscha “Jome ut-tavorix” (Tarixlar toʻplami), keyinroq Abulgʻozi Bahodirxonning “Shajarayi turk” asarida quyidagi “chanas” (chinas) etnik atamasi uchrashi qiziqarlidir:
“Qayduxon oʻlgandin soʻng oʻgʻli Jirqalanqum oʻgay onasini oldi. Andin ikki oʻgʻli boʻldi. Ulugʻining oti Kanduchana. Kichigining oti Oʻlkuchinchana. Erkak boʻri va urgʻachi boʻri temak boʻlur. Aning oʻgʻlonlari koʻp boʻlgandin soʻng chanas tedilar. Ul chananing jamʼi boʻlur. Turkiysi chanalar temak boʻlur. Ul jamoatga bora-bora nukuz ham tedilar. Bu nukuz burunqi aytqan nukuzdan boshqa turur. Burunqi nukuzning oti el ichinda yoʻq boʻlib ketib erdi. Ulugʻ oʻgʻli Boysinqurni xon qildilar. Aqilli va odil yaxshi podshoh erdi. Koʻp ellarni oʻzina boqindirub doʻstlargʻa yaxshilik kilib, dushmangʻa yomonliq qilib bir necha yil podshohlik qilgʻandin soʻng oʻgʻli Tumnani oʻz yerinda oʻlturtub uzoq safargʻa ketdi”.
Ushbu parchadan koʻrinib turganidek, turk va moʻgʻul ellarining Qaydu degan xoni boʻlib, uning Jirqalanqum degan oʻgʻlidan Kanduchana “Erkak boʻri” va Oʻlkuchinchana “Urgʻochi boʻri” degan bolalar boʻlgan. Chamasi, Oltoy til oilasi tarmoqlarida “chinga” boʻlib, eski turkchada “chuga”, “chiya”, moʻgʻulchada “chana”, keyinchalik “shono” koʻrinishini olgan bu soʻz bundan 1,5 ming yillar oldin xitoychada “ashina” koʻrinishida berila boshlagan. Keyinchalik bu soʻz sugʻdcha va eski turkcha bitiktoshlarda “ashnas” (ashinalar) koʻrinishida qoʻllanilgan.
Eski turk bitiktoshlarida Turk xoqonligining tuzuvchisi oʻlaroq keltirilgan Ashina (koʻpligi Ashinas) urugʻidan boʻlmish Bumin (Tumin) bilan China (koʻpligi Chinas) urugʻidan boʻlmish Tumbina ismida yalpi oʻxshashlik bor. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, Rashiddin Tumbina, Abulgʻozi Tumna koʻrinishida yozgan ushbu atoqli ot ayrim yozma manbalarda Tuman koʻrinishida keltiriladi.
Bumin (Tumin) xoqon bilan Tumna (Tuman) xonning oʻziga xosliklaridan biri – har ikkalasida “boʻri” kultining ildizlari kuzatiladi.
Ashina va Chana urugʻlarining ota-bobolari togʻ orasida yashagani, togʻdagi “ulkan gʻor” ularga boshpana boʻlgani toʻgʻrisidagi rivoyatlar bir-biriga oʻxshab ketadi.
Xitoycha “Chjou shu” yilnomasida Ashina turklari bilan bogʻliq ikkita afsona keltiriladi. Ulardan birinchisi quyidagicha:
«Tukyuye (turk)lar Syunnu (Xun)larning ayri bir tarmogʻidir. Urugʻ oti Ashina. Boshlangʻichda Xunlardan mustaqil bir elat oʻrtaga chiqdi, biroq keyinchalik qoʻshni elat bosqiniga duch keldi. Oʻn yoshli bir boladan boshqa eldoshlarning barchasi qilichdan oʻtkazilib, yoʻq qilinadi. Yogʻiylar bolaning ancha yosh ekanini koʻrib, uni oʻldirishga koʻngillari boʻlmadi. Uning oyoqlarini kesib, usti oʻtlar bilan qoplangan bir botqoqlikka tashlab ketishadi. Botqoqlikning ichida bir urgʻochi boʻri bor edi, u bolani et bilan boqdi ... Qoʻshni oʻlkalarning boshqaruvchsi oʻsmirning haligacha sogʻ ekanidan xabar topgach, uni oʻldirish uchun oʻz odamlarini yangidan oʻsha yerga joʻnatdi. Botqoqlikka kelganlar oʻsmirning yonida urgʻochi boʻrini koʻrgach, uni ham oʻldirishni istashdi. Shu yoʻsinda urgʻochi boʻri Gaochan (Turfon) oʻlkasining shimolida oʻrinlashgan toqqa qochib, yashirindi. Ushbu togʻda bir gʻor bor boʻlib, uning ichida oʻtlar bilan qoplangan keng bir vodiy bor edi… Urgʻochi boʻri u yerda oʻnta oʻgʻil tugʻdi. Oʻgʻlonlar ulgʻaygach, gʻordan chiqib tashqaridagi qizlar bilan turmush qurishdi, ular koʻplab bola tugʻdi. Har nasl oʻziga biror ot tanladi, ulardan bir oʻziga Ashina deb nom qoʻydi. Uning bolalari bilan bolalarining bolalari koʻpayishdi va yuzlab oila yuzaga keldi. Bir necha avloddan keyin Juan-juanlarning qaramligiga oʻtib, ularga xizmat qilish uchun gʻordan tashqariga chiqishdi. Kin-shan (Oltoy)ning kungay — janubiy etaklarida yashay boshlashdi va Juan-juanlarning xizmatida temirchi usta yumushini bajardi. Kin-shan togʻi dubulgʻaga oʻxshar edi. Ular dubulgʻani Tukyuye deb atashganliklari uchun oʻzlariga Tukyuye (turk) degan nom qoʻydilar».
Xitoy yilnomalarida Ashina turklarining kelib chiqishi bilan bogʻliq ikkinchi afsonaning ham yuqorida rivoyatga oʻxshab ketadigan tomonlari boʻlsa-da, ayrim oʻzgachaliklari ham koʻzga tashlanadi:
«Boshqa bir afsonaga koʻra, Tukyuye (turk)larning ota-bobolari Syunnu (xun)larning shimolida joylashgan So davlatiga borib taqaladi. Urugʻning boshligʻi oʻn yetti iniga ega Apanpu edi; bir urgʻochi boʻri tomonidan dunyoga keltirilgan inilaridan birining ismi Ichi Nishitu edi ... U ikki ayolga uylandi. ... Ulardan biri toʻrt oʻgʻlonni dunyoga keltirdi. Oʻgʻlonlardan biri oppoq oqqushga aylandi. Boshqa biri A-fu (Abakan) bilan Kiyen (Kem/yuqori Yenisey) daryosi orasidagi yerda davlat qurdi. Ushbu davlatga Ki-ku (Qirgʻiz) nomi berildi. Uchinchi oʻgʻli Chu-chi daryosi (Yenisey) boʻyida hukm surardi, toʻrtinchisi esa Tsiyen-sse Che-shi (Gʻarbiy Sayan) togʻi etaklarida yashar edi. Bu togʻning tepasida Apanpu urugʻining boshqa tarmoqlari yashar edilar. U yerlarda havo oʻta sovuq boʻlganidan, oʻgʻlonlarning eng kattasi urugʻdagilarning isinishi va tirik qola olishlari uchun olov yoqar edi. Shu yoʻsinda tirik qolishga erishdi va eng tungʻich oʻgʻlonni boshliq tayinlashib, unga Tukyuye (turk) otini berishdi. U Natuli shad edi. Natulining oʻnta xotini boʻlib, oʻgʻillari onalarining urugʻ otini olishgan edi. Ashina uning kichik xotinidan oʻgʻli edi. Natulining oʻlimidan keyin ushbu oʻn ona oʻgʻillaridan birini uning oʻrniga tanlashi kerak boʻldi. Ayollar tanlov qilish uchun bir ogʻochning ostida yigʻilishdi. Oralaridagi kelishuvga koʻra, ogʻochda kim eng yuksaklikka sakray olsa, oʻsha oʻgʻlon urugʻning boshligʻi boʻlardi. Ashinaning oʻgʻli ularning ichida eng kichkinasi boʻlsa ham eng yuksakka sakradi. Shu yoʻsinda qolgan oʻgʻlonlar uni boshliq deb, eʼlon qilishdi. U oʻziga Asyan shad unvonini tanladi. . . Asyan Shadning nevarasi Tumin edi».
Xitoy yilnomalaridagi shunga oʻxshashroq bilgilar Rashididdin va Abulgʻozi tomonidan ham keltirilgan. Qizigʻi shundaki, Tumna xonning 9 ta oʻgʻlidan birining egizak bolalari boʻlib, ulardan birining oti Qabil, ikkinchisining oti esa Qachuli edi. Ushbu egizaklardan birinchi boʻlib tugʻilgani bolalari va keyingi urpoqlari “xon” boʻlish huquqiga ega boʻladi, ikkinchisining urpoqlari esa “bek” (amir) boʻlib, qoʻshin boshligʻi oʻlaroq boshqaruvda qatnashish huquqini qoʻlga kiritadi.
Bu rivoyat qanchalik toʻqima boʻlmasin, uning negizida qay darajadadir tarixiy haqiqat yotadi. Egizaklarning bobosi – Tuman xon China urugʻidan boʻlib, Turk xoqonligi uning tomonidan qurilgan edi. Xitoy yilnomalarida aytilishicha, Turk xoqonligini ogʻa-ini Tumin va Shidyanmi (Istami) tuzgan boʻlib, birinchisining avlodlari “xoqon”, ikkinchisiniki esa “yabgʻu” unvoni bilan xoqonlikning “Sharqiy qanot” va “Gʻarbiy qanot”larini boshqargan. Ularning oti eski turk bitiktoshlarida Bumin va Istami koʻrinishida keltiriladi.
“Oʻgʻuznoma”da Tuman obrazi oʻz sulolasiga asos solgan inson sifatida koʻrsatiladi. Shuningdek, Abu Rayhon Beruniy “Hindiston” asarida Kobuldagi bir togʻ gʻoridan chiqib, oʻz sulolasini qurgan kishining turklardan boʻlganini yozadi va sulola nomini Barxatekin shaklida keltirib, u bilan bogʻliq rivoyatlardan birini tilga oladi. Atoqli turk tili bilimdoni S. G. Klyashtorniy Beruniy keltirgan rivoyat VII–IX asrlarda Kobul va uning tegralarini boshqargan Kobul Tegin-shohlari sulolasiga tegishli ekani, ushbu sulola kelib chiqishi boʻyicha Turk xoqonligiga, aniqrogʻi, xoqonlikning asoschi xonadoni Ashinaga borib taqalishi va xitoy manbalarida keltirilgan boʻri sigʻingan togʻdagi gʻor bilan bogʻliq afsonaning boshqa bir koʻrinishi ekaniga urgʻu beradi. U Baraxtekin atamasining birinchi qismi Barax turkiy tillarda “baroq it” degan maʼnoni bildirishini va ushbu soʻz aslida boʻri bilan bogʻliq ekanini yozadi.
Oʻsha davrda Markaziy Osiyoni egallab turgan Juan-juan xoqonligining iqtisodiy ehtiyojlari va qoʻshinining qurol-aslaha taʼminoti Ashina turklari mahsuloti bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, ushbu urugʻ vakillari Oltoydagi konlar atrofida yashovchi oʻtroq aholi edi.
Xitoy olimi Ma Chanshou ilgari surgan taxminga koʻra, Syanbilardan magʻlubiyatga uchragan ashina urugʻi Gaochan (Turfon) oʻlkasiga qochadi va Bogda-ula togʻi (Urumchining shimoli-sharqidagi togʻ)dagi gʻorlarga bekinadi, keyinchalik Shimoliy Lyan davlati qaramogʻida boʻlib, bu yerda mohir metallurglar oʻlaroq dovruq qozonadi. Shundan soʻng Juan-juanlar oʻzlarining Gaochandagi qisqa boshqaruvi chogʻida ularni temir konlariga boy Oltoy hududiga koʻchirib keltiradi.
Manbalarga koʻra, Oltoy togʻlaridagi gʻorlar keyinchalik ham “urugʻ gʻori”, “ajdodlar gʻori” oʻlaroq ardoqlangan va turk xoqonlari har yili bu gʻorlarga kelib, ota-bobolari ruhiga qurbonlik irim-sirimlarini bajargan. Amerikalik olim D. Sinorga koʻra, “urugʻ gʻori” deb ataladigan ushbu yerlar aslida konlar boʻlgan. Bu qarashni Rashididdin va Abulgʻozi Bahodirxon asarlarida keltirib oʻtilgan maʼlumotlar ham tasdiqlaydi.
Qisqasi, Rashididdin Fazlulloh, Abulgʻozi Bahodirxon va yana oʻnlab fors, turk va boshqa tillardagi yozma manbalarda eslatib oʻtilgan China (Chinos) etnik atamasini oltoy tillari oilasining yaqin tarmoqlari boʻlmish turk va moʻgʻul tillarida “boʻri” maʼnosidagi soʻz bilan tenglashtirib, uning Ashina koʻrinishida xitoy yilnomalarida tilga olingani masalani yanada chuqurroq oʻrganishni talab etadi.
Gʻaybulla Boboyor
Tarix fanlari doktori
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Ma’naviyat
San’at
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q