Toʻrabekaxonim – bunyodkorlik va saxovat timsoliga aylangan malika


Saqlash
12:05 / 24.09.2025 203 0

Turkiston diyori oʻrta asrlarda fan, madaniyat, hunarmandchilik, davlat boshqaruvi va shaharsozlik sohalarida dunyodagi ilgʻor hududlardan biri edi. X-XII asrlarda Buxoro, Samarqand, Urganch, Marv kabi shaharlarda yirik kutubxonalar faoliyat koʻrsatgan, ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan olimlar yetishib chiqqan.

 

Biroq XIII asr boshlarida yuz bergan moʻgʻullar bosqini mintaqaga ogʻir zarba beradi. Chingizxon qoʻshinlari Turkistonga kirib kelib, oʻzbek davlatini boshqargan Anushteginiylar sulolasi saltanatini butkul vayron qiladi. Shaharlar yondiriladi, kutubxonalar yoqib yuboriladi. Natijada, oʻlkada ilmiy, madaniy va iqtisodiy taraqqiyot bir muddat deyarli toʻxtab qoladi.

 

Moʻgʻullar bosqini Turkiston tarixidagi qora sahifalardan biri sifatida qoldi. Ammo tarixdan maʼlumki, har bir qulash ortidan tiklanish ham boʻladi. Xalq oʻz ongi, madaniyati va irodasiga tayangan holda asta-sekinlik bilan oʻzligini tiklay boshlaydi. Aynan shunday tiklanish bosqichida, XIV asrda tarix sahnasida Toʻrabekaxonim kabi buyuk va fidoiy ayol namoyon boʻladi.

 

Toʻrabekaxonimning otasi Oltin Oʻrdaning qudratli hukmdori – Oʻzbekxon edi. Uning turmush oʻrtogʻi esa Xorazm noibi – Qutlugʻ Temur boʻlgan. Toʻrabekxonim Xorazmga kelin boʻlib kelgan paytda Xorazm yana siyosiy va madaniy markazga aylana boshlagan edi va Toʻrabekaxonim ana shu yuksalish jarayonida muhim rol oʻynagan.

 

U oʻzining rahmdilligi, saxovati va bunyodkorlik ishlari bilan xalq orasida katta hurmat qozongan. U nafaqat saroyda siyosiy maslahatchi sifatida, balki xalq orasida chinakam homiy, mehribon ona kabi sifatida mashhur boʻlgan.

 

Marokashlik sayyoh-tarixchi hamda savdogar Ibn Battuta oʻz asarlarida Toʻrabekaxonim haqida iliq soʻzlar yozib qoldirgan. Uning yozishicha, Toʻrabekaxonim Xorazmda oʻz mablagʻi hisobidan zoviya (yaʼni darvesh soʻfiylar ibodatxonasi, musofirxona vazifasini ham oʻtagan) qurdirgan. Bu joy nafaqat ibodat uchun, balki sayyohlar, mehmonlar, ziyoratchilar uchun ham ochiq boʻlgan. U yerda doimiy tarzda oʻtkinchilarga bepul yemaklar tayyorlanib, tarqatilib turilgan.

 

Shuningdek, malika tomonidan moriston (yaʼni kasalxona yoki shifoxona) ham bunyod etilgan. Bu maskanda bemorlarga, muhtojlarga tibbiy yordam koʻrsatilgan, vaqti-vaqti bilan xayriya tadbirlari oʻtkazilib turilgan.

 

Afsuski, malika yosh olamdan oʻtadi va turmush oʻrtogʻining buyrugʻi bilan uning qabri ustiga eng yaxshi ustalar tomonidan maqbara quriladi.

 

Bugungi kunda bu maqbara Turkmanistonning Koʻhna Urganch shahridagi Koʻhna Urganch milliy tarixiy-madaniy muzey-qoʻriqxonasi hududida joylashgan boʻlib, oʻzining nafis gumbazlari va naqshlari bilan sayyohlarni oʻziga jalb qiladi.

 

Shuni aytish kerakki, Toʻrabekaxonim oʻz zamonasi uchun siyosiy kuch, diniy-maʼrifiy homiylik va insonparvarlikni birlashtirgan ayol timsol edi. U oʻz davrida erkaklar bilan yelkama-yelka turib, Turon zaminini tiklashga hissa qoʻshgan.

Zafar Shamsiddinov

FA Tarix instituti tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

10:09 / 12.09.2025 0 228
Vijdon ovozi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//