
Oʻzbek davlatchiligi tarixida Somoniylar sulolasi muhim oʻrin tutadi. Sulola hozirgi Shimoliy Erondan Janubiy Qozogʻistongacha, Orol dengizidan Fargʻona vodiysigacha choʻzilgan ulkan hududda hukmronlik qilgan va aynan ularning davri Turondagi birinchi Uygʻonish vaqtiga toʻgʻri keladi.
Somoniylar davrida ilm-fanning yuksalishida poytaxt Buxoroning oʻrni juda katta boʻlgan. Oʻsha paytda Turondagi madaniy markazlarning eng yiriklaridan biri boʻlgan Buxoro shahrida ilm-fan bilan shugʻullanishi uchun qulay sharoit vujudga kelgan. Bu yerda olim, sanʼatkor va faylasuflar toʻplangan. Bu paytda ilm-fanning asosiy sohalaridan boʻlgan astronomiya va matematikadagi yutuqlar keyingi davrlardagi madaniy rivojlanish uchun asos vazifasini bajargan. Shu jihatdan mazkur davrda Buxoroda yashab, ijod qilgan astronom va matematiklar, ularning ilmiy merosi oʻzbek ilm-fani tarixini oʻrganishda katta ahamiyatga egadir.
Buxorolik astronom va matematiklar toʻgʻrisidagi manbalarni ikki guruhga boʻlish mumkin. Birinchi guruhga oʻrta asrlarda Turondan yetishib chiqqan mualliflarning asarlari kiradi. Abu Mansur Saolibiyning “Yatimat ad-dahr fi maxosin ahl al-asr” (Asr ahlining fozillari toʻgʻrisida zamonasining durdonasi), Abu Rayhon Beruniyning “Osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya” (Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar), “Kitob at-tafhim li-avoili sinoat at-tanjim” (Munajjimlik sanʼati negizlarini tushuntirish kitobi), Abu Ali ibn Sinoning “Risola fi ahvolihi” (Ibn Sinoning tarjimayi holi toʻgʻrisida risola) va boshqa asarlari, uning shogirdi Abu Ubayd Juzjoniyning “Fihristu kutub ash-Shayx ar-rais” (Ibn Sinoning kitoblari roʻyxati) risolasi bularga misol boʻla oladi.
Ikkinchi guruhdagi manbalar esa oʻrta asr xorij olimlari tomonidan buxorolik astronom va matematiklar toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtilgan asarlardir. Abulfaraj Muhammad ibn Abu Yaʼqub Ishoq Nadim Bagʻdodiyning “Al-fihrist” (Kitoblar roʻyxati), Abul-Hasan Jamoliddin Ali ibn Yusuf Qiftiyning “Taʼrix al-hukamo” (Donishmandlar tarixi), Abul-Abbos Ahmad ibn Qosim ibn Abu Usaybiʼa Saʼdiy Xazrajiyning “Uyun al-anbo fi tabaqot al-atibbo” (Tabiblarning tabaqalari toʻgʻrisida xabarlarning manbalari) va boshqa asarlarni bu guruhga kiritish mumkin.
Somoniylar sulolasi davridagi buxorolik olimlar mavzusida jahonda ham, Oʻzbekistonda ham yaxlit va toʻliq tadqiqot amalga oshirilmagan. Lekin Abu Ali ibn Sinoning hayoti va ijodi boʻyicha qilingan tadqiqotlarda bu mavzuga doir ayrim qaydlar uchraydi. Shunday asarlardan G. Matvievskaya va B. Rozenfeldlarning “Matematiki i astronomi musulmanskogo srednevekovya i ix trudi”, Karl Brokelmanning “Geschichte der arabischen Litteratur”, Jorj Sartonning “Introduction to the History of Science”, Fuat Sezginning “Geschichte des arabischen Schrifttums”, B. Rozenfeld va Akmaliddin Ehsonoʻgʻlilarning “Mathematicians, astronomers, and other scholars of Islamic civilization and their works (7th – 19th c.)” kabi kitoblarni misol sifatida keltirish mumkin.
Ismoil Somoniy tomonidan Buxoro davlat poytaxtiga aylantirilgach, shahar madaniy jihatdan tez rivojlana boshlaydi. Hukumat tomonidan berilgan eʼtibor sabab ilm-fan yanada taraqqiy etib, ijod ahli, olimlar, jumladan matematik va astronomlarning soni ortadi. Somoniylar sulolasi saroyida faoliyat yuritgan ilk matematik va astronomlardan biri Abu Abdulloh Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr Jayhoniydir.
Jayhoniy asli mohir siyosatchi boʻlib, 914 – 922-yillarda Somoniy hukmdor Nasr ibn Ahmad davrida bosh vazir vazifasini bajargan.U ilm-fanga, olimlarga homiylik qilgan. Uning aniq fanlar boʻyicha qarashlari “Kitob al-masolik val-mamolik” (Mamlakatlar va yoʻllar toʻgʻrisida kitob), “Kitob oyini maqolot” (Gapiriladigan narsalar odoblari toʻgʻrisida kitob), “Kitob al-uhud lil-xulafo val-umaro” (Xalifalar va amirlarning hukmronlik chogʻlari toʻgʻrisida kitob), “Kitob ziyodot fi kitob oyin fil-makolot” (Gapiriladigan narsalar odoblari toʻgʻrisida kitobga qoʻshimcha kitob), “Kitob ar-rasoil” (Maktublar toʻgʻrisida kitob) asarlarida oʻz ifodasini topgan.
Afsuski, bu kitoblar toʻliq holda bizgacha yetib kelmagan yoki hali topilmagan. Lekin buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy oʻz asarlarida Jayxoniy asarlaridan parchalar keltirgan. Beruniy asarlarini yozishda bevosita uning kitoblariga tayanganligi fakti Jayhoniy oʻz davridagi taniqli va ulugʻ olim boʻlganini tasdiqlaydi.
Buxorolik yana bir olim Muhammad ibn Ibrohim Hassob Buxoriy Faroiziy matematikada mohir boʻlgan. Shu tufayli u “Xassob” (Usta hisobchi, matematikani zoʻr biluvchi) taxallusini olgan. Bu olimdan deyarli 200-yil keyin yashab ijod qilgan turonlik mutafakkir Abdulkarim Samʼoniy ilm ahllari toʻgʻrisidagi “Al-ansob” asarida Hassob Buxoriyga maxsus oʻrin ajratgan. Olimning Faroiziy deb nisbalanishidan esa Hassob Buxoriy meros ilmida (faroiz-meros, uni taqsimlash toʻgʻrisidagi ilm) ham yetuk boʻlganini koʻrsatadi. Demak, Hassob Buxoriy aniq fanlar sohasidagi bilimlarini bevosita amaliyotga tatbiq etgan, yaʼni kundalik turmushdagi merosni toʻgʻri taqsimlash va boshqa shunga oʻxshash masalalarda oʻz ilmini ishlatgan.
Abu Ali Hasan ibn Muhammad Hosib ham aniq fanlar sohasidagi bilimlarini amaliyotda qoʻllagan olimlardan boʻlgan. Asli samarqandlik boʻlgan bu kishi Buxoroga kelib yashab qolib, Nasr ibn Ahmad Somoniy hukmronligi yillari saroy devonida hisobchilik vazifasini bajargan. Abu Ali Xosib, shuningdek, muhaddislik faoliyati bilan ham shugʻullangan, koʻplab hadislarni yod bilgan.
Somoniylar davri olimlaridan yana biri Abulqosim Ali ibn Ahmad Tarikotiy Buxoriydir. Bu kishi hukmdor saroyida tarikotni — merosni taqsimlab beruvchi amaldor boʻlgan. “Tarikotiy” (Merosni taqsimlovchi) nisbasini olishi sababi ham shundan. Olim bunday muhim va qiyin vazifani bajarganiga qaraganda matematikani puxta bilgan.
Somoniylar sulolasi davridagi yana bir taniqli astronom Abu Ali Masihiydir. Bu qomusiy olim mohir tabib va bilimdon faqih (huquqshunos) boʻlgan, shuningdek, arab tilida goʻzal sheʼrlar yozgan. U davlat xizmatida ham faoliyat yuritib, Balxda jinoiy ishlarni koʻrib chiquvchi amaldor, soʻng Sijistonda qozilik vazifasini bajargan. Tarixdan maʼlumki, oʻrta asrlarda qozilar diniy bilimlardan tashqari, dunyoviy bilimlarni ham bilishi shart boʻlgan. Masalan, kasallarni davolash bilan bogʻliq ayrim jarayonlarni (shariatda harom qilingan narsadan boshqa chora qolmasa) yoki ayollar bilan bogʻliq tibbiy masalalarni qozilar bilishi shart boʻlgan.
Shuningdek, oʻzaro oldi-sotdi, yer-mulk, merosni taqsimlash masalalarida ham qozilar hal qiluvchi soʻzni aytgan. Abu Masihiy ham diniy bilimlarni, ham dunyoviy fanlarni juda yaxshi bilgan. Unga atab zamondoshlari sheʼr ham yozgan:
Ey tabib, munajjim va faqih, sheʼri jonning ozuqasi boʻlgan shoir,
Sen goh Sufyon masjidi kabisan, goh Nuh kemasini eslatasan.
Masjid, bilamizki, musulmonlar uchun moʻtabar maskandir. Nuh kemasida esa oʻtmishda insonlar toʻfon va dunyoni suv bosishidan qutulib qolishgan. Shu tomonlardan bu ikki narsa insonlar tomonidan qadrlangan. Abu Ali Masihiy ham tabobatda, astronomiyada, huquqshunoslik va sheʼriyatda shunchalik shuhrat topgan, mohir boʻlganki, insonlar tomonidan qadrlanib, yuksak hurmatga loyiq koʻrilgan. Afsuski, bu kishining astronomiyaga doir birorta asari bizgacha etib kelmagan yoki hali topilmagan.
Abu Tolib Abdussalom ibn al-Husayn Maʼmuniy Buxoroda Somoniylar sulolasi chogʻida yashab ijod qilgan taniqli qomusiy olim, mohir astronom boʻlgan. U asli Bagʻdodda tugʻilib oʻsgan, arab xalifasi Maʼmunning avlodidan boʻlgan. Maʼmuniy taxallusi ham shu tufayli olingan. Olim yosh yigitlik yillari siyosiy faoliyat bilan shugʻullanib, turli sabablarga koʻra Buxoroga kelib qolgan va shu yerda zodagonlarga xizmat qilgan. Olimning astronomiyadagi asosiy yutugʻi bu fanni sheʼriyat bilan birlashtirganidir. Somoniylar sulolasi davrida Turkiston sheʼriyatida yangi janr – nujumiyotlar tez tarqala boshlagandi. Nujumiyotlar ilmi nujum, yaʼni astronomiyaga doir sheʼrlardir. Maʼmuniynning ijodida goʻzal nujumiyotlar koʻp uchraydi. Masalan, u asturlob toʻgʻrisida shunday yozadi (tarjimasi):
Mana Quyoshga oʻxshash (narga), koʻz qirrasidan (qarab) yashirin xabarlarni eshitib olaveradi.
Sen uning (xabarlarini) eng yaxshi va toʻgʻri deb hisoblaysan, oʻzi erda (boʻlsa) ham, osmondagi (sirlar)ni Quyoshdan ham yaxshiroq biladigan deb oʻylaysan.
Olim bunda asturlob Quyoshning koʻrinishiga oʻxshash doirasimonligini, osmon sirlarini bilish, yaʼni fazoni kuzatish, astronomik izlanishlar uchun kerak boʻladigan asbob ekanligini aytmoqda. Sheʼrda uni ishlatish usuli ham yaxshi tushuntirilgan: asturlob “koʻz qirrasidan qaraydi”. Buning maʼnosi quyidagicha: asturlobning qirrasi-chetlarida burj belgilari va darajalar berilgan boʻladi, shularni osmon jismlariga toʻgʻri yoʻnalishda yoʻnaltirilib astronomik kuzatuvlar olib boriladi.
Abdulloh ibn Ali Qalam Buxoriy X asrda yashab oʻtgan buxorolik taniqli qomusiy olim boʻlgan. U astronomiya bilan shugʻullanib, Ptolemeyning ayrim qarashlariga qarshi chiqqan. Xususan, olim taqvimlarga tuzatishlar kiritib, “ayyomi ajuz” (tarjimasi “kampir kunlari”, hozirgi ayamajiz) kunlarini Ptolemeydan farqli yoʻsinda taqvimda boshqa oʻringa koʻchirgan. Abdulloh Qalam bu ishni Quyoshning avj harakatini hisoblash asosida amalga oshirgan. Ayamajiz kunlari qishning soʻnggi boʻlagida keladi, bu chogʻda Quyosh yorugʻlik taratib tursa-da, sovuq va shamollar kuchayadi. Abu Rayhon Beruniy Abdulloh Qalamning bu ishini tekshirib koʻrib, unda yanglishlikka yoʻl qoʻyilmaganligini aytgan.
Abdulloh ibn Ali Qalam Buxoriy asturloblar, ularni yasash ilmi bilan ham shug‘ullangan, bu sohada boshqa olimlar bilan oʻzaro qarashlarini almashib turgan. Masalan, buyuk olim Abu Said Ahmad ibn Muhammad Sijziy “Risola ila Abi Muhammad ibn Ali al-Hosib fi amal bil-asturlob al-musartan” (Abu Muhammad ibn Ali Xosibga qisqichbaqa koʻrinishidagi asturlob bilan ishlash toʻgʻrisida risola) asarini olimga atab yozgan.
Shubhasiz, Somoniylar davrida Buxoroda ijod qilgan astronom va matematiklarning eng taniqlisi Abu Ali ibn Sinodir. Ibn Sino koʻproq tabib va faylasuf sifatida bilinsa-da, olim mohir astronom va matematik ham boʻlgan. U Buxoroda hayotining dastlabki 21-yilini oʻtkazganiga qaramay, oʻzi uchun butun umr xizmat qilgan bilimlarning asosiy qismini aynan shu davrda olgan. Hayotining soʻnggi chogʻlarida yozgan esdaliklarida u yoshlik yillari Buxoroda oʻrganganlari unga hayotida juda asqatganini yozadi.
Ibn Sino Buxoroda turli fanlar qatorida aniq va tabiiy fanlarni puxta oʻrgangan, yunon mutafakkirlari, jumladan Ptolemeyning astronomiyaga doir “Majestes” va Evklidning geometriyaga oid asarlarini oʻzlashtirgan. Shuningdek, u Somoniylarning saroy kutubxonasidagi koʻplab kitoblarni oʻqib tugatgan. Natijada ibn Sino 18 yoshidayoq yetuk astronom va matematik boʻlib yetishadi, bu fanlarga doir kitoblar yoza boshlaydi. Olim Buxorodan ketgunigacha bir qancha kitoblarni yozib tugatgan va ular asosan qomusiy tabiatga ega edi. “Al-majmuʼ” (Toʻplam), “Kitob al-hosil val-mahsul” (Erishuvchi va natija toʻgʻrisida kitob) asarlari shular jumlasidan boʻlib, ularda aniq fanlarga doir maxsus oʻrinlar ajratilgan. Olim keyinchalik aniq fanlar boʻyicha yozgan 30 dan ortiq asariga asosni, ilmiy zaxirani aynan Buxoroda yashagan yillari toʻplagan. Shu jihatdan yosh ibn Sino Buxorodagi ilmiy muhitning faol ishtirokchisi boʻlgan.
Somoniylar davrida Buxoroda asli kasb-kori umuman boshqa boʻlib, lekin astronomiya va matematika bilan shugʻullangan olimlar koʻp uchragan. Masalan, Abul-Hasan Muhammad ibn Ahmad Ifriqiy Mutayyim katta devon tuzgan taniqli shoir boʻlgan, lekin tabiiy bilimlar va astronomiya bilan jiddiy shugʻullangan. Bu olimning taxallusidan kelib chiqib u Afrikada tugʻilgani, soʻng qul qilinib, (“mutayyim” — qul qilingan degani) Buxoroga kelib qolgani taxmin qilinadi.
Lekin olim qul yoki qulning avlodidan boʻlishiga qaramay, ilm-fanni, sheʼriyatni oʻrgangan va mashhurlikka erishgan. Ushbu olim misolida Somoniylar sulolasi chogʻida oddiy qullar ham ilm-fan bilan shugʻullangani, ulardan ham taniqli olimlar, astronomlar chiqqanligini bilishimiz mumkin.
Asl kasbidan tashqari astronomiya bilan ham shugʻullangan olimlardan yana biri Abul-Xattob Muhammad ibn Xalaf Munajjim Muabbir Buxoriydir. Alloma Balxdan Buxoroga kelib, shu yerni oʻziga vatan tutgan. Abul-Xattob Buxoriy asli ajoyib faqih (huquqshunos) boʻlgan, lekin astronomiya va tush taʼbiri ilmlari bilan ham jiddiy shugʻullangan. Bu sohalarda mohir boʻlganligini olimning “Munajjim” (“Astronom”) va “Muabbir” (“Tush taʼbirchisi”) nisbalari koʻrsatib turibdi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Somoniylar sulolasi davrida Buxoro ilmiy muhitida astronomiya va matematika eng rivojlangan fanlardan boʻlgan. Bu chogʻdagi astronom va matematiklar jamiyatdagi turli qatlam namoyondalaridan (oddiy quldan tortib vazirgacha, shoirdan tortib faqihgacha) yetishib chiqqan. Bu esa oʻsha paytda Buxoroda aniq fanlarni oʻrganishga qiziqish yuqori boʻlgani, bunga hukmron tabaqalar namoyondalari yoki mutaassib ulamolar tomonidan deyarli qarshilik qilinmaganini koʻrsatadi.
Islom Bo‘riyev
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Tarix
Til
Adabiyot
Vatandosh
Tarix
Adabiyot
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q