Uch hukmdor bilan turmush qurgan shayboniy malika – Oyisha xonim


Saqlash
16:35 / 22.09.2025 190 0

 

XVI asr boshlarida Turkistonda hokimiyat Shayboniylar sulolasi qoʻliga oʻtadi. Ushbu sulola oʻlkada mustahkam, kuchli davlat barpo qiladi. Shayboniylardan chiqqan Ubaydullaxon, Abdullaxon II kabi hukmdorlar Oʻzbekiston tarixida katta iz qoldirgan. Shuningdek, bu sulolaning ayol vakillari ham mintaqa oʻtmishida oʻz oʻrniga ega boʻlgan. Ularning orasida Muhammad Shayboniyxonning suyukli ayollaridan biri boʻlgan Oyisha xonim (Moʻgʻulxonim) yaqqol ajralib turadi.

 

Muhammad Shayboniyxon 1503-yil Toshkentni egallash uchun Sulton Mahmudxonga qarshi yurish boshlaydi. Sirdaryo boʻyida yuz bergan jangda Shayboniyxon Sulton Mahmudxon va uning ukasi Sulton Ahmadxon (Olachaxon) boshchiligidagi moʻgʻul hamda qalmoq qoʻshinini tor-mor keltiradi.

 

Mazkur jangda aka-uka xonzodalar asirga olinadi. Shundan soʻng Shayboniyxon Sulton Mahmudxondan Toshkentda qolgan amir Ahmadbek, oʻgʻillari va barcha moʻgʻullarni Moʻgʻulistonga yuborishini talab qiladi. Shu bilan birga, Sulton Mahmudxonning onasi chingiziy malikalarni shaharda olib qolishi kerak edi. Ushbu talablar bajarilsa, Shayboniyxon asirga olingan moʻgʻul xonlarini ozod qilishga vaʼda beradi.

 

Shundan soʻng Shayboniyxon Toshkentga oʻgʻli Temur Sulton hamda amakivachchasi Jonibek Sultonni yuboradi. Toshkent Shayboniylar tomonidan zabt etilgach, Yunusxonning kenja qizi, Sulton Mahmudxonning singlisi boʻlgan Sulton Davlat xonim Temur Sultonga, Mahmudxonning qizlaridan biri Qutlugʻ xonim esa Jonibek Sulton nikohiga beriladi. Muhammad Shayboniyxon esa xonning boshqa qizi – Oyisha xonimni oʻz nikohiga oladi.

 

Oyisha xonim moʻgʻul malikalari ichida eng latofatlisi boʻlib, Muhammad Solih “Shayboniynoma” asarida uni quyidagicha tariflaydi:

 

Dedilar: «Borchasidin zeboroq,

Husn ila borchasidin raʼnoroq,

 

Yosh bila dogʻi kichikroq boridin,

Baxt ila bori buyukroq boridin,

 

Bor emish xongʻa munosib mohi,

Ul sanamlar arosida shohi.

 

Sarv oning qomatidin sharmanda,

Zulfigo anbari soro banda.

 

Munfail koʻzloridin ohuyi chin,

Ichi qon bogʻladi gʻamdin miskin.

 

Chin moʻgʻulchin ul erur olamda,

Yoʻqtur ul tavr bani odamda.

 

Na Xito mulkida andoq topilur,

Na Xoʻtan shahrida ul nav kelur.

 

Loʻbati chin degonning oʻzidur,

Surati chin degonning oʻzidur.

 

Oyisha xonim tarixda Moʻgʻulxonim (chingiziy boʻlgani uchun shunday atashgan) nomi bilan mashhurdir. U Shayboniyxonning eng suyukli ayoli boʻlib, xonning harbiy yurishlarida hamisha unga hamrohlik qilgan. Bundan tashqari, u Shayboniyxonning amirlar bilan oʻtkazgan kengashlarida muntazam qatnashib, oʻz fikrlarini bildirgan.

 

1510-yil Safaviylar hukmdori shoh Ismoil Safaviy Marv shahrida Muhammad Shayboniyxonni qurshovga oladi. Ammo uzoq davom etgan qamalda muvaffaqiyat qozona olmagan shoh Ismoil Shayboniyxonni qalʼadan tashqariga, ochiq jangga chiqarish uchun hiyla yoʻliga oʻtadi.

 

U qasddan qamalni toʻxtatadi va ortga chekinadi. Marvdan bir necha farsax uzoqlikdagi Mahmudiy qishlogʻida istehkom qurib, Shayboniyxonni kutib turadi.

 

Muhammad Shayboniyxon shoh Ismoilni taʼqib qilish yoki qilmaslik masalasida kengash chaqiradi. Safaviylar manbalarida keltirilishicha, ushbu kengashda Oyisha xonim ham ishtirok etgan va Shayboniyxonga quyidagicha murojaat qilgan:

 

«Shonli xon, Ismoilga bir necha bor tahdidli maktublar yuborib, uni jangga daʼvat etdingiz. U esa holdan toygan va charchagan qoʻshini bilan uzoq joydan Marvga yetib keldi. Siz esa boshingizda sharmandalik tuprogʻini koʻtarib, shahardan chiqib kurashmadingiz. Endi davlat manfaatini koʻzlab, yuragingizda qoʻrquv va titroq saqlamasdan, mardlarcha jang maydoniga chiqishingiz lozim. Chunki qoʻrqoqlik va sustkashlik erkaklar uchun sharmandalikdir.»

 

Bu maslahatga quloq solgan Shayboniyxon oz sonli qoʻshini bilan shahardan chiqadi va magʻlubiyatga uchraydi hamda shoh Ismoil tomonidan boshi tanasidan judo qilinadi.

 

Shayboniyxonning jiyani Ubaydulla sulton tez orada qoʻshin bilan Marvga yetib keladi. U voqeani Xoja Nizomdan eshitib, darhol qalʼa ichkarisiga kirib, Moʻgʻulxonimni u yerdan olib chiqishga muvaffaq boʻladi. Bu paytda boshqa darvozadan qizilbosh askarlari qalʼaga bostirib kirgan edi.

Manbalarda Shayboniyxonning uch nafar farzand koʻrgani aytiladi. Biroq ularning birortasi Oyisha xonimdan tugʻilmagan.

 

Ubaydulla sulton Oyisha xonimni Buxoroga olib kelgach, uni oʻz nikohiga oladi. Ulardan Muhammad Rahim sulton dunyoga keladi. Muhammad Rahim sulton oliyhimmat, karamli, nozik tabiatli va yaxshi xulqli shahzoda sifatida tanilgan. Shu bilan birga, baʼzan koʻngli maishatga moyil boʻlib, ayollar suhbatidan huzur topar, ular bilan suhbat qurishga katta ragʻbat bildirardi. Tonggi nonushtadan soʻng kechgacha sharob ichish va nozikbadan ayollar davrasida majlis qurishdan boshqa ish bilan shugʻullanmasdi.

 

Shunga qaramay, u akasi Abdulazizxon soʻzidan hech chiqmas, uning hurmatini yuksak darajada ado etar, doimo u bilan birdam va hamnafas edi. Muhammad Rahim sulton oʻz ajali bilan olamdan oʻtadi.

 

1540-yil 17-martda Ubaydullaxon vafot etganidan soʻng, 1541-yil iyulida Kistan Qaro sulton Buxoroga kelib, Moʻgʻulxonimni nikohiga oladi va uni oʻzi bilan Balxga olib ketadi. Shayboniy malika Balxda vafot etadi.

 

Oyisha xonim (Moʻgʻulxonim) nafaqat Shayboniylar sulolasi tarixida, balki butun Turon siyosiy hayotida mashhur boʻlgan ayollardan biridir. U Muhammad Shayboniyxonning suyukli ayoli sifatida saroy hayotida ham, davlat ishlarida ham faol ishtirok etgan.

 

Shu bilan birga, uning hayoti oʻsha davr siyosiy kurashlari va sulolaviy munosabatlarining bevosita taʼsirida kechganini koʻrish mumkin. U dastlab Shayboniyxonning nikohida, keyinchalik esa Ubaydullaxon va Kistan Qaro sulton nikohida boʻlgan. Bu holat ayollarning oʻsha davr siyosiy hayotidagi oʻrni, ularning taqdiri koʻpincha siyosiy zaruratlar bilan chambarchas bogʻliq boʻlganini koʻrsatadi.

 

Oyisha xonimning hayoti orqali biz XVI asr boshlaridagi Turkiston siyosiy manzarasini, sulolaviy nikohlarning ahamiyatini va ayollarning tarixiy jarayonlarda tutgan oʻrnini yanada chuqurroq tushunishimiz mumkin.

 

Usmonov Abdullajon

FA Tarix instituti tayanch doktaranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

10:09 / 12.09.2025 0 204
Vijdon ovozi

Adabiyot

14:09 / 11.09.2025 0 239
Chegaradagi odam





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//