
Muazzam Turkiston qadimiy tamaddun beshiklaridan biri hisoblanadi. Misr, Hind, Eron, Xitoy kabi ko‘hna sivilizatsiyalardan farqli o‘laroq, ikki daryo oralig‘ida so‘nggi o‘n besh asrda ilm-fan, madaniyat va san’at arab, fors va turkiy tillar uyg‘unligida nash’u namo topdi. Ana shu lisoniy rangbaranglik bag‘rida shakllanib, turkiy xalqlar orasida birinchi bo‘lib mumtozlik darajasiga ko‘tarilgan o‘zbek adabiyotining jahon adabiyoti tarixida naziri yo‘q yana bir jihatini ta’kidlamoq lozim: mumtoz shoiru adiblarimizning aksari turkiy va forsiyda baravar, barakali ijod qilgan. Mavlono Lutfiy va Mir Alisher Navoiydan boshlab, Hamza va Fitratgacha bo‘lgan besh asrlik davr mobaynida badiiy ijod namunalari turkiy-o‘zbek va fors-tojik, ayrim hollarda arab tillarida jaranglagan. Shu sababli mumtoz o‘zbek adabiyotini bemalol zullisonayn adabiyot deyishga haqlimiz.
Mumtoz adabiyotimizning eng sara namunalarida tajassum topgan badiiy tafakkur tarzining shakllanishi va rivojlanishida turkiy shoirlar bilan bir qatorda fors-tojik she’riyati namoyandalarining ham o‘rni katta. Bunday uzviylik, mushtaraklikning poydevorini yaratgan buyuk siymolardan biri, shubhasiz, Hofiz Sheroziydir (1325 – 1390). “Mayxona” tazkirasida yozilishicha, Hofizning ismi Shamsiddin, nasabi – Muhammad, taxallusi – Hofiz, Sheroz – u tug‘ilib voyaga yetgan shahardir. Shamsiddinning otasi asli Isfahondan bo‘lib, xizmat taqozosiga ko‘ra Sherozga ko‘chib boradi. Hofiz roppa-rosa yetti yuz yil avval Shayx Sa’diyning kindik qoni to‘kilgan ushbu shaharda tavallud topadi.
Bolaligida qiblagohi olamdan o‘tib, yetimlikda o‘sgan Shamsiddin ko‘p qiyinchiliklar ko‘radi. Rivoyat qilinadiki, u o‘n ikki yoshida novvoyga shogird tushadi. Kechasi bilan xamir qorib, tandir qizdiradi, ustaga yordamlashadi. Bomdodga yaqin xizmat haqi sifatida ikki dona non bilan uyga qaytadi. Bitta nonni onasi bilan birga tanovul qiladi, ikkinchisini maktabga olib boradi. Ustoz non evaziga unga Qur’onni yodlatadi. Xushovoz Shamsiddin qisqa fursatda Kalomullohni to‘liq xatm etib, o‘n to‘rt usulda mukammal qiroat qila boshlaydi:
Ishqat rasad ba faryod, ar xud ba soni Hofiz
Qur’on zi bar bixonӣ bar chordah rivoyat.
Tarjimasi:
Aylaydi ohu faryod ishqing, misoli Hofiz
Qur’onni sen o‘qisang o‘n to‘rt usulda agar.*
Shamsiddin Qur’on hofizi sifatida tez orada tillarga tushib, o‘z davrining yirik olimlari Izzuddin Iyjiy hamda Imomulharamayn Juvayniyga shogirdlik sharafiga muyassar bo‘ladi. Ayniqsa, Iyjiy huzurida Mahmud Zamaxshariyning “Kashshof” tafsiri bo‘yicha olgan saboqlari uning tafakkur tarziga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. “Kashshof” Qur’oni karimning filologik tafsiri bo‘lib, Zamaxshariy Kalomullohni so‘z moʻjizasi o‘laroq anglashga harakat qilgan. Muxtasar bir oyatga o‘nlab ma’no singdirilishi so‘z badiiyati talablari asosida talqin qilingan mazkur tafsir Hofizning ijodiy uslubi shakllanishida muhim o‘rin tutgan.
XIV asrga kelib Sheroz she’riyat, ijod markazlaridan biriga aylangan, g‘azalnavislikni haddi a’losiga yetkazgan Shayx Sa’diyning sharofati ila sherozliklarning badiiy didi yuksalib, ta’bi noziklashgan edi. Shu bois Hofizning dastlabki mashqlari elga manzur bo‘lmaydi, hatto ayrim gustoxlar ochiqchasiga uning ustidan kuladi. Shoir shahar etagida joylashgan Bobo Ko‘hiy degan ulug‘ avliyoning maqbarasiga borib, o‘sha yerda bir kecha qoladi. Subhi sodiqda ajoyib bir g‘azal quyilib keladi:
Do‘sh vaqti sahar az g‘ussa naҷotam dodand,
Vandar on zulmati shab obi hayotam dodand.
Tarjimasi:
Gʻussalardin kecha tong pallasi topdim najot,
O‘sha zulmat, tun aro berdilar obihayot.
Sherozga qaytgach, Hofiz yangi g‘azalini so‘z sinchilariga o‘qib beradi. Dastlab bu g‘azal Hofizniki ekaniga shubha bildirgan she’rshunoslar deyarli har hafta biri biridan go‘zal baytu g‘azallar yaratilishiga guvoh bo‘lgach, uning ashaddiy muxlisiga aylanadi. Hofiz devonining birinchi to‘plovchisi Muhammad Gulandom yozganidek, “...jahongir g‘azallar karvoni qisqa bir muddatda Turkiston va Hindiston o‘lkalariga qadar yetib, diltortar satrlarining ovozasi Iroqu Ozarboyjonga g‘ulg‘ula soldi... Oriflarning samo’ majlislari Hofiz she’rlarining navosi bilan qizib, podshohlarning nafis majlislari baytu misralari bilan ziynat topardi. Shavqangiz she’rlari mayparastlarning bazmida valvala (shovqin-suron – O.D.) ko‘tarar, muhabbatnomalari ila oshiqlarning ohu nola bozori chaqqon bo‘lar edi”.
Hofizning yoshlik davrida Fors o‘lkasi elxoniylar sulolasi vakili Abu Ishoq Injuga bo‘ysunardi. Abu Ishoq qo‘liochiq, saxovatpesha, ayni choqda, bazmni xush ko‘radigan maishatsevar podshoh edi. Nazmga begona bo‘lmagan hukmdor saroyida Salmon Sovajiy, Xoju Kirmoniy kabi atoqli shoirlar ham xizmat qilardi. Aslida, o‘rta asrlarda shoirlar uchun saroyga yaqinlashish hayotiy zarurat edi. Saroy nom chiqarmoq uchun ham, non topmoq uchun ham asosiy dargoh hisoblanardi. Hofiz ham Abu Ishoq huzuriga borib turar, ammo bir burda non yo arzon-garov tuhfa vajidan o‘zini xorlashlariga aslo yo‘l qo‘ymas edi. U saroyni o‘z fikr, she’rlarini ommaga yoyadigan bir vosita deb bilardi. Podshoh arzimagan chaqa evaziga yozilgan madhnoma sabab nomini mangulikka muhrlayotganini nozik ishora bilan bayon etadi:
Zi hofizoni ҷahon kas chu banda ҷam’ nakard,
Latoifi hikamӣ bo kitobi Qur’onӣ.
Hazor sol baqo baxshadat madoyehi man,
Chunin nafis mato’ye ba chun tu arzonӣ.
Tarjimasi:
Yig‘madi ushbu jahon hofizlari men singari
Ul hikoyatlarki, hikmat konidir Qur’on aro.
Baxsh etar ming yil baqolik har sanomadhim
manim,
Bil, faqat senga munosibdir nafis ushbu mato.
Abu Ishoq saltanatidagi osoyishta davr sakkiz yil davom etadi. Shohning xulq-atvori raiyatga ham ta’sir etib, Sheroz ahli aysh-ishrat va mayxo‘rlikka ruju qo‘yadi, mamlakatda tartib-nizom izdan chiqadi. Muzaffariylar sulolasi vakili Amir Muboriziddin vaziyatdan foydalanib shaharga hujum qiladi va Abu Ishoqni qatl etib, o‘zi taxtga o‘tiradi. Ushbu to‘ntarish Hofizning ahvoli ruhiyasiga qattiq ta’sir qiladi:
Rostӣ, davrai firo‘zai Bo‘is'hoqӣ
Xush duraxshid, vale davlati musta’ҷil bud.
Tarjimasi:
Rostdan, firuzarang ul Abu Ishoqiy uzuk
Tovlanardi, lek davlat jonsarak, shoshqin edi.
Amir Muboriziddin Abu Ishoqning tamomila aksi edi. Besh vaqt namozini o‘z vaqtida o‘qib, boshqalarni ham qattiq nazorat qilardi. Sherozdagi mayxonalarning barchasini yopib, sharobu musallas xumlarini sindirgani uchun “Muhtasib” laqabini olgan hukmdor qon to‘kmoqqa haris edi. Arzimagan ayb-gunoh vajidan qatl hukmini beraverganidan o‘zi ham vasvasa kasalligiga chalinadi. Hatto eng yaqin mulozimlarini ham suiqasdu xiyonatda ayblab jazolaydi. Axiyri o‘g‘illari Shoh Shujo’ va Shoh Mahmuddan gumon qila boshlaydi. Vaziyat tangligini sezgan aka-uka til biriktirib, hukmdor otaning ko‘ziga mil tortib zindonga tashlaydi.
Shoh Shujo’ dastlabki davrlarda Xoja Hofizga ehtirom ko‘rgizib, moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlaydi. Keyinchalik o‘z piri – shoirlik da’vosida bo‘lgan tasavvuf shayxi Imoduddin Faqih ta’siriga tushib, Hofiz bilan munosabati buziladi. “Irfon ul-oshiqin” tazkirasida keltirilishicha, bir kuni Shoh Shujo’ Hofizni tanqid qilib bunday deydi:
– Gʻazallaringizning birortasida sahih asos yo‘qdur. Ibtidosida ishq, so‘ng visol, undan keyin firoqdan so‘z ochib, birdaniga tasavvuf va hikmatdan bayt keltirasiz. O‘sha onda yana sharobni sifatlab, zohidlarga hamla qilursiz. Oxirida esa dunyo vafosizligidan shikoyat etursiz. Bunday talavvunni (fikriy tuturuqsizlik – O.D.) shoirlar qabul etmaslar va u fasohat qoidalariga ham mos emas. Durust g‘azal boshdan-oxir yagona mavzuda bo‘lmog‘i, turli shaklda bir ma’no ifodalanmog‘i lozim.
Xoja shohga muloyimlik bilan e’tiroz bildiradi:
– Tabarruk kalomingiz ayni inoyat va savobdir, ammo ne qilayinki, shuncha ayblari bo‘laturib, kaminaning g‘azallari insho bo‘lgan kunidan og‘izdan-og‘izga ko‘chib, bir o‘lkadan boshqa mamlakatga safar etajak. Ammo o‘zgalarning she’rlari negadir shuncha nodir fasohat va mukammal balog‘ati bilan o‘z shahridan bir qadam ham tashqariga chiqmaydi.
Hofizning kinoyasi, aslida, ig‘vogar Imoduddin Faqihga qaratilgan edi. Ammo she’r mashq qilib turadigan Shoh Shujo’ buni o‘zining iste’dodsizligiga shama deb bilib, shoirdan norozi bo‘ladi. Bu orada tasodifan Hofizning yangi bir g‘azali shohning qo‘liga tushadi. Gʻazalda bunday bayt bor edi:
Gar musulmonӣ hamin ast, ki Hofiz dorad,
Oh, agar az pai imrӯz buvad fardoye!
“Bayt mazmuniga qaraganda, Hofiz qiyomatni shubha ostiga olayotir. Ne tongki, u kufr keltiribdi!” deb bo‘hton tarqatadi ayrim mullalar. Shoir bunday mayda-chuyda gaplarga parvo qilmasa hamki, saroy xayrixohligi sababli fitna olovi alanga oladi. Ayni o‘sha kunlari mashhur shayx Zayniddin Toybodiy (keyinchalik Sohibqiron Amir Temurning piri murshidi bo‘lgan) Sherozga kelib, ardoqli shoiri bilan diydorlashadi. Suhbat asnosida Xoja Hofiz bo‘layotgan gap-so‘zlarni bayon etib, shayxdan maslahat so‘raydi.
– Ularga o‘z yo‘sinida javob bergan ma’qul, – deydi Zayniddin Toybodiy. – “Kufrni hikoya qilish kufr emas” mazmunida biror bayt qo‘shing, olam guliston.
Shoir g‘azalga quyidagi baytni ilova qiladi va yoqasini malomatgo‘ylarning qo‘lidan qutqaradi:
In hadisam chӣ xush omad, ki sahargah meguft
Bar dari maykadaye bo dafu nay tarsoye:
“Gar musulmonӣ hamin ast, ki Hofiz dorad,
Oh, agar az pasi imrӯz buvad fardoye!”
Tarjimasi:
Keldi xush bul so‘zlarim, mayxona eshiginda, boq,
Bitta tarso doira, nay-la der ayni sahar:
“Gar musulmonlik shudir, ulki qilar Hofiz amal,
Oh, bugunning ortidan kelguvsidir erta agar!”
* * *
Hofiz yashagan davrda mo‘g‘ul imperiyasi kichik xonliklarga bo‘linib ketgan, chingiziylik da’vosidagi xonzodalar mulkini kengaytirish niyatida tinimsiz urushlar olib borar edi. Fors o‘lkasida kartlar sarbadorlar bilan, muzaffariylar jaloyirlar bilan, turkmanlar totorlar bilan doimiy savash va muhorabada edi. Bunday mayda va bema’ni urushlar o‘nminglab begunoh aholining yostig‘ini quritardi.
Manbalarga ko‘ra, Hofiz Sheroz shahri olti marta qo‘ldan-qo‘lga o‘tganiga shohid bo‘ladi. Tinchlik va osoyishtalik, adolat va farovonlikka umid bog‘lagan xalqning orzulari qayta-qayta sarobga aylanishi; jamiyat “rahnamo”lari – olim va ruhoniylar, savdogar va shoirlar, mulozim va sipohiylarning aksar qismi oltibetlik, xiyonatu vijdonsizliklar qilaturib sadoqat va mardlikdan lof urishi; har gal “shariati muhammadiya” nomidan gapirib, islom dinining “Mo‘min – mo‘minning birodari” degan tamal qoidasini oyoqosti qilishlari; taxtu toj qutqusida bo‘layotgan xunrezliklarni ko‘raverib yurak-bag‘ri qon bo‘lgan Hofiz bor alamini qalamidan olardi:
Sina molomoli dard ast, ey dareg‘o, marhame!
Dil zi tanhoӣ ba ҷon omad, Xudoro, hamdame!
Xez, to xotir bad-on turki samarqandӣ dihem,
Kaz nasimash “Bӯi ҷӯi Mӯliyon oyad hame”.
Tarjimasi:
Ey darig‘, ko‘ksimni dard o‘rtaydi,
ul malhamni ber,
Hamdam et Ollohnikim, yolg‘izlik
ich-etimni yer.
Turgin, eslaylik suyukli ul
samarqandlikni biz,
To nasimi “Mo‘liyon anhorin atri keldi”, der.
Abu Abdulloh Rudakiyning misrasi tazmin qilingan baytdagi “turki samarqandiy” iborasi markazlashgan adolatli davlat barpo etayotgan Amir Temurga ishora ekani ma’lum. Umuman olganda, Amir Temur va Hofiz Sheroziy munosabatlari to‘g‘risida ko‘plab rivoyatlar mavjud. “Agar on turki sheroziy...” bayti sabab shoir va hukmdor o‘rtasida latif musohaba kechgani tillarda doston. Keyingi asrlarda yaratilgan “Temurnoma”larda ham Hofiz Sheroziy goh Sohibqironning elchisi, gohida mushoviri siymosida tasvirlanadi. Bizningcha, bunday rivoyatlar keyingi davr xushnazar ijodkorlarining taxayyuli mahsuli. Ehtimol, qalam ahli bir davrda yashagan ikki buyuk siymoning do‘st tutinmog‘iga astoydil xayrixoh bo‘lgandir. Ammo tarixning shafqatsiz haqiqati shuni ko‘rsatadiki, ko‘pincha yirik siyosiy arboblar tegrasida mayda kimsalar jamlanadi. Aks taqdirda, Amir Temurning eng yaqin maslahatgo‘yi Xoja Bahouddin Naqshband bo‘lmog‘i lozim edi.
Hofiz Sheroziy Amir Temurning markazlashgan yirik imperiya barpo etishini aqlan tarixiy zaruriyat va adolatli yondashuv o‘laroq his etsa-da, nozik qalb sohibi, gumanist bir ijodkor sifatida har qanday urush va qirg‘inbarotni rad etardi. Jumladan, shoir Amir Temurning jahongirligiga fatvo bergan tasavvuf shayxlariga bunday e’tiroz bildiradi:
Yak harfi so‘fiyona bigo‘yam, iҷoza hast?
Ey nuri dida, sulh beh az ҷangu dovarӣ.
Tarjimasi:
So‘fiyona bitta so‘z aytay, ijozat bormi, ayt?
Nuridiydam, jangu hokimlikdan sulh afzal erur.
Sohibqiron va Hofiz uchrashuvi haqidagi mashhur rivoyatga qaytsak. Amir Temur Sherozni fath etganida Hofiz payg‘ambar yoshiga yetgan, farzandi va ayolini tuproqqa topshirgan bir musibatzada inson edi. Hukmdorga xush yoqmoq yoki unga qarshi chiqmoq uning ko‘ngliga sig‘masdi. Qolaversa, ota yurti Isfahondagi xunrezliklarga guvoh bo‘lgan shoir imkon qadar saroydan uzoqroq yurmog‘i haqiqatga yaqin. Agar Hofizga mulozimlik kerak bo‘lganida, Hindiston, Bangola, Iroq hukmdorlarining da’vatnomalariga ko‘nib, o‘sha yurtlarga ko‘chib borgan bo‘lardi. Ammo u vatani tuprog‘ini aziz tutdi, umri mobaynida Sherozdan bir qadam ham tashqariga chiqmadi. Vasiyatiga ko‘ra, o‘zi barpo etgan Musallo bog‘iga dafn etildi. Bugun uning maqbarasi so‘z shaydolarining ziyoratgohiga aylangan.
* * *
Hofiz hayotligi davridayoq jahoniy shuhrat qozongan shoir bo‘lsa-da, devoni vafotidan yigirma besh yil o‘tgandan keyin tuzilgan. Shunga qaramay, uning g‘azallari yetti asrdan buyon sultonlar va darveshlar, obidlar va oriflar, zohidlar va oshiqlar, tojirlar va shoirlar, yoshu qari, erkagu ayol – jamiyatning barcha qatlami uchun mahbub va maqbul bo‘lib kelayotir. Devoni asrlar davomida madrasalarda darslik sifatida o‘qitildi. Mutafakkir shoirni o‘qimagan kishi omi hisoblanardi.
Mir Alisher Navoiy ham Hofiz ijodi va shaxsiyatiga o‘zgacha ehtirom ko‘rsatgan, ul munavvar zotni “lison ul-g‘ayb va tarjumon ul-asror”, “Iso nafaslik rindi Sheroz” deb ulug‘lagan. Hofizning olamshumul shuhrat va mahbubiyat kasb etganining sabablari bisyor. Bizgacha yetib kelgan olti yuzga yaqin g‘azali haqida bugungi kunga qadar ikki mingdan ziyod monografiya va risola yozilgani, devoni boshqa shoirlardan ko‘ra eng ko‘p nusxada ko‘chirilgani, yuzlab sharhlar bitilgani ham ayni sabablarga bog‘liq.
Avvalo shuni qayd etish kerakki, har bir ijodkor adabiyot mamlakatiga o‘zining qahramoni yo timsoli bilan kirib keladi. Rustam (Firdavsiy), Layli va Majnun (Nizomiy), Farhod (Navoiy), Yusuf va Zulayxo (Jomiy) kabi qahramonlar dostonlardan ko‘ngillar mulkiga ko‘chgan bo‘lsa, Buxoro (Rudakiy), nay (Rumiy), sorbon (Sa’diy), qaroko‘z (Navoiy) kabi timsollar lirik asarlar orqali adabiyot gulshaniga ziynat, muallifiga mangu sharaf bag‘ishlagan.
Hofiz lirikasida esa rind obrazi yetakchilik qiladi. Agar Hofizgacha bo‘lgan davr she’riyatida rind maishatparast, mayzada, ko‘chabezori sifatida talqin qilingan bo‘lsa, novator shoir ijodida u riyokorlik, xo‘jako‘rsinchilikni fosh etuvchi, zohiri abgor va botini obod, ikki olamini haqiqatga qurbon keltirgan sherimard timsoliga aylandi.
Hofiz ikkiyuzlamachi, buqalamun kimsalardan nafratlangan. Riyokorlikka murosasiz shoir bu illat domiga tushgan zohidni ko‘chada tuproqqa belanib yotgan mayxo‘rdan ham tuban deb biladi:
Bodano‘shӣ, ki dar ӯ heҷ riyoye nabuvad,
Behtar az zӯhdfurӯshӣ, ki dar ӯ revu riyost.
Tarjimasi:
Boda ichmaklikda bo‘lmaydi munofiqlik sira,
Zuhdfurushlik battar undan, unda bor makru riyo.
Shoirning baytlari bamisoli Iskandar ko‘zgusi. Bu ko‘zgu qarshisida o‘tirgan kishi ko‘ngil olamidagi quvonch va qayg‘u, qoniqish va tashvish, haqiqat va gumonlarni ko‘radi. Hofiz dardingizni o‘zingizdan ham yaxshiroq biladigan musohib kabi muloqotga kirishadi, sizga qanot bo‘lib, dunyoning mayda-chuyda tashvishlaridan balandroq ruhoniy yuksakliklarga olib chiqadi. Mutafakkirning qudratli qalami so‘zlarga zargarona ishlov berib, shunday tartib ila joylashtiradiki, bir bayt yo misrada olam-jahon ma’no tajassum topadi. Misol tariqasida nisbatan sodda bir baytini olaylik:
Onho, ki xondaam, hama az yodi man biraft,
Gʻayr az hadisi do‘st, ki takror mekunam.
Tarjimasi:
O‘qidim nedir, ular chiqdi esimdan birma-bir,
Qoldi do‘st so‘zi faqat, ul so‘zki, takror aylaram.
Baytning lug‘aviy ma’nosi “uy” demak. Kalit so‘z esa “hadisi do‘st” iborasidir. Mazkur baytni agar mufassir, muhaddis, so‘fiy, do‘st, oshiq talqin qilsa, quyidagi manzara hosil bo‘ladi:
Mufassir: Hofiz Sheroziy Qur’oni karimni to‘liq yod olgan zot edi. Qur’on hofizlari ilohiy kalomni esdan chiqarmaslik uchun doimo takrorlab turmog‘i lozim. Binobarin, ushbu baytda ham do‘stning kalomidan boshqa hamma narsa xotiridan o‘chganini ta’kidlaydi. Chunki Qur’on – barcha kitoblar onasi, jamiki bilimlar sarchashmasidir.
Muhaddis: Ushbu baytda ikki olamga rahmat qilib yuborilgan Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) hadisi sharifiga ehtirom mujassam. “Hadisi do‘st” iborasidagi do‘st – Payg‘ambarimizning Habibulloh (Ollohning yori) sifatiga, hadis esa u zotning hikmatli so‘zlariga ishoradir.
So‘fiy: Hofiz devonini ko‘plab tadqiqotchilar irfoniy devon deb biladilar. Unda tasavvufiy ma’no-mazmun badiiyat libosida jilva etadi. Jumladan, mazkur baytda ruhiy tarbiyaning muhim bir amali – zikrning ahamiyati ko‘rsatilgan. Tariqatda murid o‘z ixtiyorini dunyodagi eng beg‘araz do‘sti – piriga taslim etib, u o‘rgatgan zikr talqiniga tushadi. Zikr ko‘ngilda yonayotgan hoyu havaslar olovi o‘chgunga qadar davom etadi. Muallif ushbu baytda zikr talqini orqali barcha keraksiz bilimlar xayolidan ko‘tarilib, butun vujudi do‘st hadisi – zikr haqiqatini anglashga qaratilganini bayon qilgan.
Do‘st: “Mo‘min – mo‘minning ko‘zgusidir”, deyiladi hadisi sharifda. Inson o‘zini tanimaguncha Haqni tanimaydi. O‘zini tanishi uchun esa unga ko‘zgu lozim. Haqiqiy do‘st – insonning ko‘zgusi. Ana shu haqiqatni anglagan odam dunyoning jamiki saboqlarini o‘zlashtirgan hisoblanadi.
Oshiq: Borliqning mohiyati, hayotning asosi muhabbatdir. Ishq bor joyda aql, bilim, ma’rifat – barchasi ojiz qolgusi. Peshqadam tolibi ilm bo‘lmish Qays Laylining ishqiga asir tushgach, o‘qiganlarining barchasini unutadi. Zotan, ishqning bosh talabi ham shu – barchadan yuz o‘girib, yorga yuzlanmoq. Baytda ishqning ana shu bosqichi haqida so‘z boradi.
Bunday talqin va sharhlarni yana davom ettirmoq mumkin, ammo mohiyat o‘zgarmaydi. Zero, Hofiz Sheroziy umrboqiy nazm durdonalari ila nainki Sharq, balki jahon adabiyotida mustahkam o‘rin egallagan, forsiy she’riyatning eng yuksak cho‘qqisini zabt etgan, zamonu makon sarhadlaridan oshgan so‘z sehrgaridir.
Olimjon DAVLATOV
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil, 3-son
“Iso nafaslik rindi Sheroz” maqolasi
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Ma’naviyat
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q