Buzilayotgan, sotilayotgan oʻzbek arxeologiyasi – Tuproq tagida qolayotgan tarix


Saqlash
12:09 / 10.09.2025 603 0

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Ahmadali ASQAROV bilan suhbat

 

– Domla, bir umr qadimiy manzillar, arxeologik yodgorliklar ichida yashab kelyapsiz. Butun hayotingizni ilmga bagʻishladingiz, taʼbir joiz boʻlsa, arxeologiya sohasida pir maqomidasiz. Qolaversa, alloma akademiklarimizdan birisiz. Ayniqsa, “Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi” kitobingiz koʻzimizga surtgulik asarlardan biriga aylangan desak mubolagʻa qilmaymiz. Ayting-chi, mintaqamizning madaniy tarixi qanday kechgan? Aniq ashyoviy dalillar asosida fikrlaydigan arxeolog nuqtayi nazaridan xalqimiz etnogeneziga qaraganda qanday manzara hosil boʻladi? Umuman, turli bahsu munozaralarga mavzu boʻlib kelayotgan oʻzbek xalqi, millatining shakllanishi haqida xulosalaringizni aytsangiz.

 

 

 

– Gurungimizni uzoqroqdan, qiziq bir gapdan boshlasam nima deysiz? Biz endi oʻqishga kirganda Nizomiy nomidagi Pedagogika institutida talabalarga Sovet ittifoqi tarixidan avval Oʻzbekiston tarixini oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan edi. Bu masʼuliyatli va xatarli vazifani bajarish Sharof Rashidov tavsiyasiga binoan ustoz Yahyo Gʻulomov chekiga tushgan ekan. Hozir ayrimlar ishonmaydi bu gapga, lekin rost, shaxsan oʻzim guvohman. Shoʻrolarning oʻtkir qilichi boshlar uzra oʻynab turgan davr­da, yana kimsan, Markazqoʻm rahbari izni bilan berilgan topshiriqni asl mutaxassisligi arxeolog boʻlgan inson bajarishi ikki karra qahramonlik emasmidi?!

 

Yahyo Gʻulomovning “Arxeologiya – tarix poydevori, bu fanni chuqur oʻrganmasdan turib qadimiyat ostonasiga qadam qoʻyolmaysizlar, hatto kelajakning oʻziga xos zamini ham shu yerda”, deya qulogʻimizga qoʻrgʻoshinday quygan dono oʻgitlari soʻnggi nafasgacha esimdan chiqmasa kerak. Dars jarayonida muhtaram domlamiz ustozi – mashhur arxeolog Vasiliy Vyatkinni (1869 – 1932-yillarda yashagan, Samarqand arxeologiya maktabi asoschilaridan biri, Mirzo Ulugʻbek rasadxonasida olib borilgan tadqiqotlarga bosh boʻlgan, akademik Ibrohim Moʻminovga ham ustozlik qilgan – N.J.) ham koʻp eslardi. Uning koʻhna bir sopolni qoʻliga olib, bu loydan yasalgan oddiy matoh degan tushunchadan yiroq boʻlinglar, aslida, mana shu buyumda Turkiston tarixining buyuk oʻtmishi yashirin, uni oʻrganish uchun sabr va vaqt kerak, degan soʻzlarini bot-bot takrorlar edi. Ustoz tavsiyasi bilan Sankt-Peterburgda arxeologiya fani sir-sinoatlarini chuqurroq egallashimda yana bir olim, professor Mixail Gryaznovning xizmati beqiyos boʻlganini taʼkidlashni istardim. Qolaversa, XX asrning buyuk allomalari Habib Abdullayev hamda Ibrohim Moʻminov nomini ham minnatdorlik ila eslamoqqa burchliman. 70-yillar boshida shunday murakkab vaziyat yuzaga keldiki, agar ana shu zabardast chinorlar meni qoʻllab-quvvatlamaganida Samarqandda sobiq Ittifoqda uchinchi, Markaziy Osiyoda esa yagona Arxeologiya instituti ochilmagan va uning negizida oʻzbek arxeologiya ilmiy maktabi shakllanmagan boʻlar edi.

 

 

 

Endi biz yashayotgan ulkan mintaqaning madaniy tarixi masalasiga kelsak, bu juda murakkab jarayon. Oʻzbeklarning ular hozirda istiqomat qilib kelayotgan tarixiy zamin hamda uning tevarak-atrofidagi hududlarda juda qadim zamonlardan beri tub yerli xalq ekani, uning etnik tarkibini asosan prototurk va turkiy ajdodlarimiz, shuningdek, sugʻdiy, xorazmiy, boxtariy, sak chorvadorlari tashkil etgani, ana shu tillar sohiblarining uzoq asrlar davomida bir-biri bilan aralashib-qorishib yashashi natijasida yangi etnos, yaʼni oʻzbek xalqi tarkib topgani haqida ilmiy xolislik, obyektiv va tarixiy tizimlilik asosida batafsil maʼlumot berganmiz.

 

Ilk oʻrta asrlarda mintaqaning biror joyi qolmadiki, u yerga turkiy tilli ajdodlarimiz kirib bormagan boʻlsin. Ushbu tarixiy haqiqat ildizini yozma manbalar bilan qiyosiy oʻrganish orqali anglab yetdimki, oʻzbek xalqi garchi turkiyzabon boʻlsa-da, uning tarkibi koʻp komponentli ekan. Masalan, qadimgi prototurk til Oʻrta Osiyoga Sirdaryoning shimoli-sharqidan oriylar migratsiyasi davrida kirib kela boshlagani kabi, hozirgi tojik xalqining forsiy tili ham Movarounnahr va Xurosonga Fors koʻrfazidan, janubi-gʻarbiy Erondan ahamoniylar davrida kirib kela boshlagan. Turk va forsiy lison tub joyli sugʻdiy, xorazmiy va boxtariy til lahjalarini oʻziga singdirib yuborgan. Bu etnomadaniy jarayonlar Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Muhammad Xorazmiylar zamonida yakun topib, Oʻrta Osiyoning qadimgi aholisi qoʻllab kelgan mahkama tili forsiylashgan, jonli xalq tili esa turkiyga aylangan.

 

Millatning etnik tarkibini belgilovchi asosiy omil bu uning tili ekani maʼlum. Xoʻsh, Oʻzbekiston hududida prototurk til ilk bor qachon paydo boʻldi? Bu savolga arxeologik manbalarga tayanib, bronza davrida, deb javob berish mumkin. Sopollitepa, Jarqoʻton kabi oʻnlab bronza davri yodgorligi ushbu nuqtayi nazarni tasdiqlaydi. Alhosil, men oʻzbek xalqining etnik tarixi bronza davriga borib taqaladi, degan fikrda sobitman. Bu gʻoyani dadil koʻtarib chiqishimda qadimgi Xitoy yozma manbalari ham asqatganini aytishim kerak.

 

Oʻzbek xalqining kelib chiqishi boʻyicha tugal xulosa aytish oson emas. Bu borada bir-biridan farqlanuvchi uchta qarash bor. Birinchisi – biz arxeologlar, oʻzbek xalqi bundan toʻrt ming yil avval paydo boʻlganini qadim manbalar asosida isbotlab berganmiz. Ikkinchi toifa boʻlmish sharqshunoslar millat tarixi, etnogenezi arxeologik osori atiqalar bilan emas, balki yozma manbalar orqali belgilanadi deya, qoraxoniylar davrini roʻkach qiladi. Undan avvalgi davr, ularning nazarida, goʻyo forsiyzabon xalq tarixi bilan bogʻliq emish. Bunday farazlarga ishonadiganlar ham kam emas. Uchinchi guruh esa, uzr, inim, sizning hamkasblaringiz – yozuvchi, jurnalistlar, shuningdek, tarixga tasodifan suqilib kirganlar, desam adashmayman. Hozir koʻryapmiz, hamma bir yumalab tarixchiga aylanib qolyapti-da! Ularning daʼvosicha, bizning koʻhna tariximiz “oʻzbek” istilohining paydo boʻlishi, yaʼni XVI asr shayboniylar sulolasidan boshlanar emish. Ana sizga soxtalik, ana sizga yolgʻon-yashiq choʻpchaklar! Bu kabi tarixiy haqiqatga zid fikrlarga soʻnggi nuqtani qoʻyish vaqti keldi. Taklifim shuki, bu borada maxsus davlat dasturi qabul qilinishi lozim. Bizda manbalar, isbotlar yetarli, albatta, amaliy harakatlar boshlanganiga ham ancha vaqt boʻldi.

 

 

Afsuski, shoʻrolar davrida milliy respublikalarning chegara hududlarini belgilash bahonasida Turkiston xalqlari, ularning yaxlit tarixi va madaniy merosi sunʼiy ravishda boʻlib tashlandi. Bu esa oxir-oqibat millatlararo nizolarga doyalik qildi. Ana shunday qaltis harakatlar oqibatida oʻtmishni soxtalashtirish, tarixiy shaxslar va ularning merosini talashish, milliy xudbinlik, hududlar boʻyicha nizolashuv kabi noxush voqelik shakllanib bordi. Siz eslab oʻtgan “Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi” kitobim bir necha marta chop etilgani, xorijiy tillarga tarjima qilingani, davlatga qarashli oliy taʼlim muassasalarida yagona oʻquv qoʻllanma sifatida oʻqitilayotgani dunyoda eng qadim millatlardan biri deb eʼtirof etilayotgan oʻzbek xalqining oʻtmishiga qiziqish ortib borayotganidan dalolatdir.

 

– Vatanimizning deyarli hamma burchaklarida arxeologik obyektlar bor. Olimlar imkon qadar ochib oʻrganganlari va aksincha, hali tadqiqotchisini kutayotganlari ham kam emas. Biror manzilda qazishmalar olib borish, nodir tarixiy ashyolar topish-ku yaxshi, biroq masalaning boshqa tomoni ham mavjud. Asrlar boʻyi tuproq ostida saqlanib kelgan qadimiy maskanlar arxeolog qoʻli tekkanidan soʻng koʻpincha ochiq qolib ketadi, qarovsizlik va yogʻingarchilikdan ikkinchi marta xarobaga aylanadi. Loqaydlikmi bu yoki ilmga, izlanishlarga yengil-yelpi qarashmi?

 

– Markaziy Osiyoni qoʻyaturaylik, birgina Oʻzbekistonda 70-yillarda arxeologik yodgorliklar soni 15 mingdan kam emas edi. Hozir ulardan atigi 5 mingi saqlanib qolgan desam ishonarsiz. Nima boʻldi, domla, shuncha tarixiy inshootlar, obidalar qanot bogʻlab osmonga uchib ketdimi yoki yer ostiga gʻarq boʻldimi, demaysizmi! Shundan bilsa boʻladiki, ikki asr oraligʻi – keyingi yetmish yil ichida tarixga shu darajada yovuz munosabatda boʻlibmiz! Bu dengizdan bir tomchi, xolos.

Hali-hamon esimda – u mahallar men Samarqanddagi Arxeologiya institutida direktor edim – Maskov Oʻzbekiston yelkasiga yuklagan 6 million tonnali paxta xirmoni majburiyatini bajarmoq uchun yangi yerlarni oʻzlashtirish siyosati avj olgan, mamlakatdagi yuzlab arxeologik yodgorlik ommaviy tarzda buzilib, oʻrnida paxtazorlar paydo boʻlgan edi. Bu ishda oʻzimizning haybarakallachi, noshud rahbarlarimiz ham bosh-qosh boʻlganini bilamiz. Keyinroq shunday ulkan va “yengilmas” davlat parchalanib, mustaqil davlatlar tarkib topdi. Madaniy meros obyektlarini asrash va saqlashdek gʻoyat ogʻir vazifa bu sohadan yiroq boʻlgan shaxslar qoʻliga oʻtib ketdi. Alaloqibat bunday joylar talon-toroj qilindi, buzib tashlandi, oʻzlashtirildi...

 

 

Keling, sizga ham kulgili, ham qaygʻuli bir holatni aytayin: bu arxeolog olimlar saʼy-harakati bilan aniqlangan yerosti qadimiy obidalarning aksari ochiq holda qolib ketayotgani bilan bogʻliq. Ular loy, xom gʻisht, guvaladan tiklangan, yer tagida bus-butun holda turgan esa-da, ochilganidan keyin issiq, yomgʻir-qorli havoda qoldirilgach, vayron boʻlayotir. Albatta, Prezidentimiz tashabbusi bilan yodgorliklarning hech boʻlmaganda oʻta noyoblarini saqlab qolishning birdan-bir yoʻli – ochiq osmon ostida muzeylar tashkil etish ekani alohida taʼkidlanib, respublikada xayrli ishlar boshlangan. 

 

Yana bir masala. Keyingi yillarda oʻrta asrlar davri meʼmoriy obidalari koʻproq saqlangan Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz kabi shaharlarga ustuvor darajada eʼtibor qaratilgani holda, toʻrt ming yillik tarixni oʻz bagʻrida yashirib kelayotgan arxeologik yodgorliklarni ochiq osmon ostidagi muzeylarga aylantirish vazifasi oʻlda-joʻlda qolmoqda. Nazarimda, buning asosiy aybdori – Respublika Madaniy meros agentligi. Achinarlisi shundaki, bir obyektga ikki tuzilma (mahalliy hokimiyat bilan madaniy meros agentligi) qonuniy ega qilib belgilangan. Oqibatda arxeologik obyekt ikki xoʻjayin oʻrtasida sarson-sargardon.

 

Kamina Namangan viloyati Norin tumanida Uchtepa-2 yodgorligini moviy osmon ostidagi turizm manziliga aylantirish uchun olti yildan beri kurashib kelyapman. Obyektni muzeylashtirish uchun davlat tomonidan mablagʻ ajratilishiga erishgan boʻlsam-da, u maqsadli sarflanishini qattiq turib talab qilayotganim sabab arzimagan ishlar bajarilmay qolib ketmoqda. Sirasi, Uchtepa-2 yodgorligini muzeyga aylantirishga byurokratik toʻsiqlar imkon bermayotir.

 

Xitoyda arxeologiya institutlari soni yuzdan oshar ekan, bizda esa hatto ikkita boʻlishiga ham qarshilik koʻrsatilyapti. Masʼul vazirliklarning tushunarsiz talablari Krilovning oqqush, choʻrtanbaliq va qisqichbaqa haqidagi mashhur masalini yodga soladi. Yoʻgʻini qoʻyinglar, mayli, borini qoʻllab-quvvatlash kerak-ku! Chin yurtida ochiq osmon ostidagi muzey-obidalarni boshqarish viloyat hokimligiga yuklangan, ularda moliyaviy imkoniyat ham katta. Bizda alohida tashkilot ochilgan-u, negadir unga sohaga begona odamlar rahbarlik qilmoqda.

 

 

Ayrim hududlarda madaniy meros obyektlari roʻyxatiga kiritilgan qadamjolar fuqarolar va fermer xoʻjaliklari tomonidan oʻzboshimchalik bilan egallab olinib, yovuzlarcha buzib tashlanayotgani aniqlanmoqda. Mahalliy hokimliklar, huquqni muhofaza qilish idoralari bunday holatlarga murosasiz boʻlmogʻi lozim. Qonunda belgilab qoʻyilgan, axir, arxeologik yodgorlikning muhofaza zonasi kamida 50 metr, ana shu masofagacha hech qanday inshoot, bino qurilmasligi kerak, tamom!

 

Uzoqqa bormaylik, birgina Toshkent shahrining oʻzida yaqin yillarda ellikka yaqin qadimiy arxeologik obyekt bor edi. Hozir ulardan bir nechtasigina saqlanib qolgan, xolos. Ularning ham muhofaza zonalarida osmonoʻpar imorat qurilgan, kattagina qismi egallab olingan. Poytaxtning 2300-yillik tarixiga guvohlik beruvchi Shoshtepa haligacha muzey qilinmaganiga nima deysiz! Afsuslar boʻlsinki, tomoshabin bisyor-u, javobgar yoʻq! Biz qancha bong urmaylik, tegishli idoralarga murojaat qilmaylik, masʼullar miq etmayapti. Qatʼiy nazorat oʻrnatilmasa, qonunbuzarlarga jiddiy chora koʻrilmasa, yana talay osori atiqalardan ayrilib qolishimiz hech gapmas.

 

– Xalqimiz sizni nainki dovruqli arxeolog olim, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol jamoat arbobi deb biladi. Bir muddat (1990 – 95) parlament deputati ham boʻlgansiz. Yaqin oʻtmishimizdagi ilm-fanga oid muhim voqealarga jonli guvohsiz. Ayniqsa, Usmon Musʼhafi sahifalarining gʻoyib boʻlishi bilan bogʻliq mashmashalardan xabardorsiz. Gapni ushbu moʻtabar qoʻlyozmaning Vatanimizga qanday kelib qolganidan boshlasak.

 

– 1997-yilda YUNESKOning “Jahon xotirasi” roʻyxatiga kiritilgan eng qadimiy Qurʼon qoʻlyozmasi – VII asrda hijoz xatida yozilgan Usmon Musʼhafi hozirda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi muzey-kutubxonasida saqlanayotir. Kitobning yurtimizga qachon, kim tomonidan olib kelingani borasida turli taxminlar bor. Masalan, shayx Abu Bakr Qaffol Shoshiy Bagʻdod xalifalari xazinasidan; shayx Ubaydulloh Xoja Ahror Valiyning muridlari Sulton Boyazidni davolab, evaziga Usmoniylar qoʻlidan; Sohibqiron Amir Temur bobomiz Basradan olib kelgani haqidagi rivoyatlarni eshitganmiz. Bu boradagi batafsil maʼlumotlarni 2024-yil 14-dekabrda jurnalist Roʻziboy Qoʻldosh ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilganidan xabardorsiz, menimcha.

 

Chor armiyasi Samarqand shahrini istilo qilganidan ke­yin (1869) Usmon Musʼhafi Peterburgdagi podshoh kutubxonasiga olib ketilgan edi. 1917-yili musulmonlarning talabi bilan avval Ufaga, 1924-yilda esa Oʻzbekistonga qaytariladi. Dastlab Samarqanddagi Xoja Ahror Valiy masjidida, 1930-yilda poytaxt Samarqanddan Toshkentga koʻchirilgach, Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyi fondida saqlanadi.

 

Mustaqillikning dastlabki yillari moʻtabar qoʻlyozma Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi ixtiyoriga oʻtkazildi. Oradan koʻp oʻtmay koʻngilsiz xabar keldi: 353 sahifali Musʼhafning 15 varagʻi yoʻqolibdi! Hammayoqda vahima boshlandi. Ustiga ustak, Londonda oʻtkazilgan kim­oshdi savdosida uning har bir varagʻi 55 ming dollarga baholanganini eshitib yoqa ushladik. Shov-shuv koʻtarildi, tekshiruvlar boshlandi. Dunyo muzeylarida bu noyob kitobning oltitagina nusxasi saqlanar ekan. Boshqalarga soʻrov yuborilsa, ularda bus-butun turibdi, bizdagisi esa...

 

 

Ana endi tomoshani koʻring. Kim oʻgʻirlagan, kim sotgan, surishtiruvlarning bir uchi menga kelib taqalsa boʻladimi! Kitob saqlanayotgan joydagilardan birov “bizga keltirilgunicha yoʻqolgan, Asqarov sotgan”, degan gapni aytibdi. Tuhmat balosidan asrasin, uyat oʻlimdan qattiq. Kutilmaganda meni qamab qoʻyishdi! Huquq idorasi vakillariga kitob muzeydan olib ketilayotganida 353 sahifa toʻliq qayd etilgan holda uch nusxada tuzilgan akt orqali qabul qilingani, oʻsha hujjat uchta joyga taqdim etilganini aytdim. Hujjatning ikki nusxasi yoʻqligini eshitgach, asablarim yanada taranglashdi. Aktning bir nusxasini Fanlar akademiyasiga topshirmay, shaxsiy arxivimda saqlayotganim ham hatto xotiramdan koʻtarilgan ekan. Uchinchi kun, xoh ishoning, xoh ishonmang, shu narsa tushimda ayon boʻldi, choʻchib uygʻondimu akt nusxasi uyimda – arxiv-papkamda saqlanayotganini bildirdim. Tergovchilarga bitta shart qoʻydim, yaʼni uyimga kishansiz olib kirishlari, aks holda, oila aʼzolarim, qoʻni-qoʻshnilar oldida sharmanda boʻlishimni aytdim. Kvartiramga kirasolib, toʻppa-toʻgʻri ijodxonamga yoʻl olganimni koʻrgan ayolim, farzandlarim ostonada qotib qolishdi. Ishoramni tushunishdi shekilli, jimgina kuzatib turishdi. Aktni topdimu huquq idorasi vakillarining qoʻliga tutqazdim. Ular shu zahoti, uzr, domla, bizga yolgʻon maʼlumot berilgan ekan, deb meni qoʻyib yuborishdi. Oradan koʻp vaqt oʻtmadi, maʼlum boʻlishicha, oʻsha mahkamada ishlovchi toʻrt kishi til biriktirib, oʻn beshta varaqni bir ajnabiyga ikki ming dollarga sotgan ekan. Alaloqibat oʻzlari sharmandai sharmisor boʻlishdi, tegishli jazoni olishdi...

 

– XX asr insoniyat tarixiga eng chigal davr sifatida kirganiga shubha yoʻq. Qaysi hodisaga qanday rakursdan qarash masalasi hamon bahsli. Masalan, Ikkinchi jahon urushida fashistlar Germaniyasiga asir tushgan vatandoshlarimiz qismatini olaylik. Siz eng qadimgi davr tarixi bilan shugʻullanganingiz jamoatchilikka maʼlum. Shu bilan birga, bir zamonlar oʻta qaltis mavzu sifatida talqin etilgan Turkiston legioni rahbarlaridan biri, vatandoshimiz Boymirza Hayitning yarim asrdan soʻng Oʻzbekistonga kelishiga sababchi boʻlgan ekansiz. Nega oʻshanda hali shuhrati soʻnmagan shaxs imkoniyatlaridan (men Turkistonimizga oid tarixiy haqiqatlarni ochishni nazarda tutayotirman) yetarlicha foydalanilmadi? Darvoqe, qora boʻyoq chaplangan Legion aʼzolari, sizningcha, kim edi? Chindan ham, xoinmidi yoki?..

 

– Juda murakkab mavzuni koʻtardingiz. Haqiqatan, Boymirza Hayit shaxsi, uning chigal faoliyatiga baho berish oʻsha davr uchun bahsli masala edi. Men u bilan Germaniya Fanlar akademiyasi faxriy aʼzosi sifatida Berlinga katta bir anjumanga borganimda tanishganman. Uzoq suhbatlashganmiz. Oʻshanda u Turkiston legionini tuzish, fashist mundirini kiyishga majbur boʻlgani sabablarini soʻzlab bergan. Alhol, millionlab turkistonlik vatandoshlarni oʻlimdan saqlab qolish niyatida shu ishga qoʻl urgan ekan. Gurung asnosida bir umrlik armoni – ona Vatan ziyoratidan gap ochgan, mustaqillikka erishgan Oʻzbekiston xalqi va uning davlati nufuzini dunyoga yoymoq uchun bor ilmi, salohiyatini ishga solishga vaʼda bergan edi.

 

Yana bir niyati – Birinchi Prezident Islom Karimov bilan uchrashish edi. Toshkent aeroportiga kelib qoʻngan kundan boshlab bu iltimosini har dam takrorlashdan charchamadi. Afsuski, uchrasha olmadi. Oʻrtadagi vositachi-maslahatchi mehmonning soʻrovini davlat rahbariga qay tarzda yetkazdi – bu menga qorongʻi. Boymirza Hayit mening hamrohligimda Namanganga – oʻzi tugʻilib oʻsgan ona qishlogʻiga borib keldi, koʻplab odamlar bilan koʻrishdi, lekin biror ommaviy axborot vositasiga ushbu unutilmas ziyorat haqida intervyu berishga koʻnmadi.

 

 

Meni haligacha boshqa bir savol qiynaydi: prezident nega u bilan uchrashmoqni lozim topmadi? Boymirza Hayit oʻsha kezlarda kim edi? Biror bir mamlakatning nufuzli arbobi boʻlmasa, Ikkinchi jahon urushi yillari fashistlar mundirini kiygan, ustiga-ustak, shoʻro tarixchilari tomonidan qattiq qoralangan oddiy olim... Men bir mustaqil davlat prezidentiman, axir, degan mulohazalarga borgan boʻlishi mumkin-ku, toʻgʻrimi? Oxir-oqibat uch oyga kelgan mehmon yurak xastaligi sabab 11 kun deganda yana ortga qaytib ketishga majbur boʻldi...

 

Turkiston legioni aʼzolariga kelsak, nazarimda, ular chin maʼnoda xoin yoki sotqin emas, balki tirik qolmoq, jonini saqlamoqqa umid bogʻlagan biri qoʻrqoq, biri qalbi zaif kimsalar edi. Ularning bir qismi urushdan soʻng yurtga qaytgach, koʻp azob-uqubat chekkanini keksa avlod yaxshi biladi. Qaytmaganlari esa bir umr Vatan diydoriga tashna yashab, olamdan oʻtdi. Men ularning ayrimlarini xorijga xizmat safarlariga borganimda uchratganman. Oʻsha kezlar yurt qadri naqadar ulugʻ ekaniga takror-takror imon keltirganman.

 

– Tarix – nomi bilan tarix, uni na ortga qaytarib boʻladi, na-da oʻzgartirib. Lekin, afsuski, oʻzingiz ham guvohsiz, tarixnavislikni oʻtkinchi mafkuraga boʻysundirishdek siyosiy xatarnok bosimlar tufayli tarixiy haqiqatlar buzib talqin qilindi. Oqibatda moziyni oʻrganish va tadqiq etishda ikkilanishlar, chalkashliklar, xatoliklar roʻy berdi. Bunday qaltis yondashuvlarga munosabatingiz qanday?

 

– Tarixni oʻrganmoqdan maqsad oʻtmish xatolari va yutuqlaridan boxabar boʻlib, bugungi va ertangi moʻljallarni aniqlash, jamiyatni bekam-koʻst taraqqiy ettirishdan iborat. Insoniyat va uning jamiyati paydo boʻlibdiki, uni boshqarish zaruriyati mavjud. Nainki mamlakat iqtisodiyoti, harbiy qudrat, shu bilan birga, mafkura va tarix davlat rahbari boshqaruv jilovini qanday tutishiga bogʻliq boʻlib qoldi. Hozir ham jahonning buyuk davlatlari Markaziy Osiyo mamlakatlari ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, mafkurasi, harbiy jabhasini nazoratga olishga urinayotganini unutmaylik. Qudratli davlatlar ustomonlik bilan olib boradigan yopiq tazyiqlar siyosati hali-hamon amalda...

 

– Domla, bugun Siz tabarruk 90 yoshdasiz. Bu, albatta, hazilakam yillar va yoʻllar emas. Yetmish yillik ilmiy faoliyat davomida erishgan yutuqlaringiz behisob. Xalqimiz tarixining qorongʻi sahifalarini yoritmoq yoʻlida qancha mashaqqatlar, zahmatlar chekdingiz. Ortda qolgan zalvarnok davr silsilasiyu evrilishlarini tahlil etib, qaysi kashfiyot va topilmalaringizni faxr bilan tilga olasiz, qaysilaridan xijolat tortasiz? Yosh tarixchi olimlarga qanday maslahat berasiz? Nihoyat, umr xulosalaringizni ham bilsak...

 

– Avvalo, shunday kunlarni ravo koʻrgani, ato etgani uchun Xudoyimga ming shukr deyman. Arxeologiya sohasi ravnaqi yoʻlida ilmiy asoslangan oʻnlab kashfiyotlar qilishga muvaffaq boʻldim. Lekin bugun ular orasidan faqat ikkitasiga qisqacha toʻxtalsam koʻnglim taskin topadi. Sababini keyin anglab yetarsiz.

 

Birinchisi, meni ilmiy doiralarda tanitgan ilk kashfiyot bu soʻnggi eneolit va bronza davriga oid Zamonbobo madaniyati tahlillari edi. Toʻgʻri, Zamonbobo nomi bilan ataluvchi qabristonni muhtaram ustozim, akademik Yahyo Gʻulomov 1950-yilda ochgan, ammo negadir bu haqda atigi bitta ilmiy maqola yozish bilan chegaralangan. Aspirantlik davrimda shu joyni toʻliq oʻrganish domlamiz tavsiyasiga koʻra mening chekimga tushdi. Qadimgi qabristonning ichki tuzilishi, marhumlarni soʻng­gi yoʻlga kuzatish marosimining xarakteri, davriy sanalarga aniqlik kiritish, dafn etilganlarning manzilini topish va ularni toʻliq ochishga erishib, ushbu yodgorliklar majmuasini “Zamonbobo madaniyati” nomi ostida dunyo arxeologiyasiga olib kirishdek mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtdim. Bu majmua ellikdan ziyod davlat ensiklopediyasida arxeologiya fani boʻyicha fundamental ilmiy kashfiyot deya eʼtirof etilganini aytsam, maqtanishga yoʻymassiz.

 

 

Sopollitepa va Jarqoʻton yodgorliklarida olib borgan tadqiqotlarim mening asl tashrif qogʻozim desam mubolagʻa boʻlmaydi. Bu koʻhna manzillarni tadqiq etish asnosida Oʻzbekistonda oʻtroq dehqonchilik va ilk shaharsozlik madaniyati, ipakchilik, paxtachilik, bogʻdorchilik, yuksak darajada rivojlangan metallurgiya hunarmandchiligi, monumental uy-joylar qurilishi, ilk zardushtiylik ibodatxonalarini barpo etish bronza davridan boshlangani isbotlandi. Eng muhimi, Sopollitepa madaniyati misolida oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi bronza davriga borib taqalishi ilmiy asoslandi.

 

Bu ikki kashfiyotga bejiz toʻxtalmadim. Boisi, unga qadar oʻzbeklar chorvador xalq, oʻtov, yertoʻlalarda yashagan, oʻtroq hayot tarziga koʻnikmagan, madaniyati past koʻchmanchi xalq degan safsata keng tarqalgan edi. Sopollitepa va Jarqoʻton yodgorliklari materiallarining talqini va tahlili asosida jahon tarixidagi ana shunday isbotsiz qarashga chek qoʻyildi. Shuningdek, oʻzbek xalqining oʻtroq sugʻorma dehqonchilik va ilk shaharsozlik madaniyatining paydo boʻlishi bir yarim ming yilga qadimiylashtirildi. Bu kabi ilmiy kashfiyotlarimni eslasam, yuragimda oʻzgacha faxr uygʻonadi, taqdirim boy tariximiz bilan bogʻlanganidan iftixor tuyaman.

 

Xijolat tortishga arzirli sabab bor, albatta: farzandlarimni ortimdan ergashtirolmadim. Biri matematik, boshqasi fizik, yana biri tadbirkor, boshqasi huquqshunos. Shukrki, farzandlarimning rizqi butun, oilasi obod, bari oʻz sohasining fidoyilari boʻlib yetishdi.

 

Oʻlkamizda hali yana qancha ochilmagan xazinalar, arxeologik manzillar oʻz kashfiyotchilarini kutayotir. Meni ogʻir oʻyga toldiradigan, tashvishga soladigan muammo bitta: necha asrlardan beri asrab-avaylab kelayotganimiz – tarixiy inshootlarni vayron qilmay, talon-toroj etmay kelgusi avlodlarga yetkazmoq darkor. Yashab oʻtayotgan hayotimdan albatta roziman, noshukrlik qilsam gunoh boʻladi, axir. Umr deganlari bir kiprik qoqqunchalik muddat ekani rost. Men ilm axtarib, oʻqib-izlanib kam boʻlmadim, oʻzimni maʼnaviy jihatdan boy insonlardan biri deb hisoblayman. Boyligim – bosib oʻtgan zahmatli yillarim, xotirjamligim, kashfiyotlarim, kitoblarim.

Tilagim, har kim oʻziga ato etilgan umrning qadriga yetsin!..

 

Norqobil JALIL suhbatlashdi.

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil, 3-son

“Tarix – taqdirim mening” maqolasi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

11:11 / 13.11.2025 0 79
Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida

Adabiyot

17:11 / 11.11.2025 0 221
Qashqadaryo qanday paydo bo’lgan? Ikki rivoyat





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//