
1943-yilning 28-noyabrida Eron poytaxtida Germaniyaga qarshi alyansning asosiy aʼzolari: Britaniya, AQSH va SSSR rahbarlari uchrashadi. Ularning bu uchrashuvi Germaniya hali ham jiddiy xavf solib turgan, Eronda yuzlab nemis agentlari mavjud holatda oʻtkaziladi.
Konferensiya markazida urush harakatlarini yanada samarali olib borish va ikkinchi frontni ochish masalasi turgan. “Katta uchlik” bundan oldin uch tomonlama konferensiya oʻtkazmagan edi. Faqat ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazilgan. Shuning uchun Tehron konferensiyasi ittifoqchilar uchun muhim tadbir edi.
Ushbu uchrashuvining tashkilotchisi AQSH prezidenti Franklin Ruzvelt hisoblanadi. Unda SSSR rahbari bilan uchrashish gʻoyasi Yaponiyaning Tinch okeanda joylashgan Pyorl-Harborga uyushtirgan hujumidan soʻng paydo boʻlgan. Ruzveltdan farqli oʻlaroq Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill allaqachon Stalin bilan uchrashib, ikki tomonlama diplomatik aloqalarni oʻrnatgan edi.
Taxminan ikki yil davomida “Katta uchlik” aʼzolari oʻzlarining urush harakatlarini yozishmalar va ikki tomonlama konferensiyalar bilan davom ettirgan. Cherchill va Stalin birinchi marta 1942-yil avgust oyida
Moskvada uchrashib, ikki davlat oʻrtasida diplomatik aloqalarni yoʻlga qoʻygan. Bundan tashqari harbiy rejalarni muhokama qilish uchun Buyuk Britaniya va AQSH rahbarlari Kasablanka, Vashington, Trident, Kvadrant va Kvebekda uchrashib urushga oid siyosiy masalalarni muhokama qilgan.
1943-yil avgust oyida Kvebekda boʻlib oʻtgan uchrashuvda Cherchill va Ruzvelt Sovet ittifoqi rahbarini konferensiyaga taklif etgan, biroq Stalin harbiy operatsiyalarni tashlab, uzoq masofalarga bormasligini bildirgan. Chunki aynan shu davrda sharqiy frontda nemislar bosqini kuchaygan edi.
“Katta uchlik” uchrashuv borasida yozishmalar uzoq vaqt davomida olib borilgan. Umumiy dushman ustidan gʻalabani tezlashtirish boʻyicha qoʻshma harakatlarni muhokama qilish, shuningdek urushdan keyingi kelishuvlar toʻgʻrisida fikr almashish zarur edi. Shunday sharoitda Stalin oʻz ittifoqchilariga noyabr yoki dekabr oyida “Katta uchlik”ning uchrashuviga rozi ekanligini bildirgan. Ruzvelt uch tomonlama uchrashuv shaklda boʻlib oʻtadigan muzokaralarni 1943-yil noyabr oyida Shimoliy Afrikada oʻtkazishni taklif qiladi.
Biroq uchrashuv joyi masalasi Stalinga maʼqul tushmaydi va u Eronning Tehron shahrini taklif etadi. SSSR rahbarining aynan Tehron shahrining tanlaganiga ikkita asosiy sababni keltirib oʻtish mumkin: birinchidan, bu vaqtda SSSR Shimoliy Eroni nazorat qilar edi. Ikkinchidan esa ushbu joyning SSSR hududiga yaqinligi Moskva bilan aloqalarni doimiy olib borishni osonlashtirardi. Shu boisdan ham Stalin Tehron shahridan uzoq boʻlgan barcha takliflarni rad etadi.
Oʻz navbatida, Stalin taklifi Ruzveltga maʼqul tushmagan. Buning ham ikkita sababini aytish mumkin: birinchidan, Tehron Vashingtondan juda uzoqda joylashgan va bu prezidentning sogʻligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin edi. Ikkinchidan esa AQSH Kongressi Ruzveltning Tehronga borishiga qarshi chiqqan.
Shuning uchun Ruzvelt Stalindan Qohira, Bagʻdod, Basra va Anqara shaharlarini uchrashuv joyi sifatida koʻrib chiqishini iltimos qiladi. Biroq Stalin Tehrondan boshqa shaharlarni rad etadi. Uzoq muzokaralardan soʻng ittifoqchilar Tehronda uchrashuv oʻtkazishga kelishib oladi.
Tehron konferensiyasi noyabr oyi oxirida oʻtkazilishi rejalashtiriladi. Konferensiya ishtirokchilarini himoya qilish asosan sovet va ingliz qoʻshinlari hamda xavfsizlik idoralari kuchlari tomonidan taʼminlanadi.
Uch rahbar Tehronga 27-noyabr, shanba kuni yetib keladi. Katta uchlik rahbarlarining yoʻl tafsilotlari ham qiziqarli kechadi.
Tehron shahriga birinchi boʻlib Stalin keladi. U safarning birinchi qismida Moskvadan hashamatli poyezd bilan Qrimga joʻnaydi, u yerdan Bokuga oʻtib, lend-liz asosida olingan AQSH samolyoti orqali Tehron shahriga yetib keladi. Stalinga Tashqi ishlar komissari V. Molotov, Mudofaa davlat qoʻmitasining noziri marshall Kliment Voroshilov va ikki tarjimon – Ivan Pavlov hamda Valentin Berejkov hamrohlik qiladi.
AQSh va Buyuk Britaniya rahbarlari esa 1943-yil 22-26-noyabr kunlari Qohirada Xitoy rahbari Chan Kayshi bilan uchrashib, Xitoy va Osiyoga yordam dasturini muhokama qilgandan soʻng, 27-noyabr kuni Tehronga yoʻl oladi. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Tehron shahriga feldmarshal ser Jon Dili, havo kuchlari shtabi boshligʻi Charlz Portal, diplomatik vakillar va yordamchilar orasida SSSRdagi elchi Eden, xavfsizlik xizmati boshligʻi ser Archibald Klark Kerr, qoʻmondon Uolter Tomson, shaxsiy shifokori lord Charlz Moran, tarjimon Birse hamda qizi Sara Cherchill va oʻgʻli kapitan Randolf Cherchillar bilan keladi. Uinston Cherchill Eronning xavfsizlik xizmatiga unchalik ishonmagan va unga Mi6 agentlarini hamrohlik qilgan.
AQSH prezidenti Ruzvelt ham Cherchill singari Qohiradan 27-noyabr kuni yoʻlga chiqadi. Temir yoʻl orqali sayohat qilish noqulay va juda xavfli edi. Chunki Basradan Tehrongacha boʻlgan temir yoʻllarning uzunligi va yuzlab tunnellarning borligi qiyinchiliklar tugʻdirardi. Dastlabki xulosalarga asoslanib, prezidentning uchuvchisi Bryan va Maykl Reyle prezidentga uchishni tavsiya qilganlar. Ammo Ruzveltning shifokori Makkintir 8000 m balandlikda uchish prezidentning sogʻligi uchun xavfli ekanligini aytganda, uchuvchilar 8000 m dan pastroq masofada ucha olishlarini aytadi.
AQSh delegatsiyasi tarkibiga marshall King, Arnold, Laxi, general-mayor Edvin Uotsin, Uilyam Rigdon, Gopkins, Reyli va tarjimon Bohlenlar kiradi. Shuningdek, prezidentning kuyovi Jon Boettigen va oʻgʻillaridan biri polkovnik Elliot Ruzvelt ham AQSH yetakchisi bilan birga Eronga keladi. Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviy Ruzveltni aeroportda kutib olmoqchi boʻladi, ammo amerikaliklar xavfsizlik nuqtayi nazaridan shohning bu taklifini rad etadi. Chunki bu vaqtda Eron hududida nemis josuslari koʻp boʻlib, ulardan himoyalanishda koʻp odam boʻlishi noqulay edi. Eronning 24 yoshli hukmdori Tehrondagi Goliston saroyida 88 martabali mehmon uchun ziyofat uyushtirishni rejalashtiradi. Biroq “Katta uchlik” va delegatsiya aʼzolari bu taklifni ham rad etadi.
Ittifoqchilar Tehron shahriga kelgandan soʻng, oʻz elchixonalariga joylashadi. AQSHning Tehrondagi elchixonasi shaharning chekkasida joylashgandi. Bu esa Ruzveltning xavfsizlik choralarini kuchaytirishiga sabab boʻladi. Yaʼni, u uchrashuvlar boʻlib oʻtuvchi Britaniya elchixonasiga kelishi uchun Tehron shahrining tor olomon koʻchalari boʻylab harakatlanishi kerak edi.
Dastlab Cherchill Ruzveltga Tehron konferensiyasi vaqtida ingliz elchixonasida qolishini taklif qiladi. Lekin AQSh rahbari ushbu taklifni rad etgan. Bunga sabab esa Ruzveltning Sovet rahbaridan kutayotgan taklifi edi. Nihoyat 28-noyabr kuni Stalin elchi Garriman orqali Ruzveltga SSSR elchixonasiga oʻtishi uchun shaxsiy taklifnoma yuboradi.
Bu qadam orqali Ruzvelt Stalin bilan doʻstlik aloqalari oʻrnatishni xohlagan. Ruzvelt SSSR elchixonasiga koʻchib oʻtgach, sovet elchixonasining xavfsizlik xizmati 2 barobar kuchaytiriladi. Sovet elchixonasini Cherchillning fikriga koʻra, 3 mingdan ortiq maxfiy politsiyachilar qoʻriqlagan.
Ayni paytda, NKGB (Davlat xavfsizligi xalq komissarligi) agentlari oʻz elchixonalariga joylashgan Ruzvelt xonasiga yashirin eshitish moslamalari ham oʻrnatgan va uning suhbatlarini eshitib borgan.
Tehrondagi asosiy uchrashuvlar Franklin Ruzveltning sovet elchixonasidagi qarorgohida boʻlib oʻtadi. Erondagi ushbu uchrashuv boshqa tadbirlardan ajralib turadi.
Birinchidan, konferensiya norasmiy tarzda oʻtkazilib, matbuot-anjumanlarsiz olib borilgan.
Ikkinchidan, muzokaralar uchun kun tartibining yoʻqligi, yaʼni har bir rahbar oʻzini tashvishga solayotgan mavzular bilan suhbatlashib, oʻzaro kelishib olishga harakat qilingan. Ruzveltning tarjimoni Charlez Bohlenning soʻzlariga koʻra: “Uchrashuvlarni tashkil etish, jadvallarni tuzish yoki koʻplab texnik tayyorgarliklar bilan shugʻullanish uchun hech kim masʼul emas edi”.
Konferensiyaning birinchi yalpi majlisi 28-noyabr kuni boʻlib oʻtgan. Xona markazida dumaloq stol oʻrnatilgan boʻlib, bu ittifoqchilar orasidagi oʻtirish tartibi bilan bogʻliq ehtimoliy muammolarni hal qilardi. Yalpi majlislardagi munozaralar kun tartibisiz, erkin tarzda oʻtkazilgan. Birinchi yalpi majlis uch yarim soat davom etgan.
“Konferensiya aʼzolarining ushbu stolda yigʻilgan vakillariga aytmoqchimanki, biz hammamiz bu yerda bitta maqsad bilan – urushda eng qisqa vaqt ichida gʻalaba qozonish uchun toʻplandik. Oʻylaymanki ushbu uchrashuv muvaffaqiyatli boʻladi, oʻzaro aloqalarni mustahkamlaydi hamda kelajakdagi yaqin hamkorlik uchun imkoniyatlar yaratadi. Bizning belgilangan kun tartibimiz boʻlmasa ham, urushdan keyingi muammolarni muhokama qilishimiz mumkin, deya Ruzvelt uchrashuvni ochib beradi.
Shuningdek, Tehron konferensiyasi ishtirokchilari bu yerda aytilganlarning hech birini nashr etmaslik boʻyicha oʻzaro kelishib oladi.
Tehron konferensiyasida koʻrilgan asosiy masalalar quyidagilar edi:
– Ikkinchi frontni ochish
– Turkiyani urushga tortish
– Yaponiya masalasi
– Polsha masalasi
– Finlyandiya muammosi
– Germaniya magʻlubiyatga uchragandan soʻng dunyo tinchligini taʼminlaydigan xavfsizlik tashkilotini yaratish
Tehron konferensiyasining birinchi yalpi majlisida Yevropada ikkinchi frontni ochish masalasiga asosiy eʼtibor qaratiladi. SSSR urush muddatini qisqartirishda muhim omil sifatida ikkinchi frontning ochilishiga katta ahamiyat beradi. Biroq operatsiya boshlanishining aniq vaqtlari toʻgʻrisida qaror Buyuk Britaniya va AQSh tomonidan kechiktiriladi. Aslida ikkinchi front masalasi birinchi marta 1941-yil 18-iyulda Stalinning Cherchillga yoʻllagan xabarida aytiladi. Ushbu xabarda Sovet rahbari gʻarbiy hududda turli qiyinchiliklarga qaramay nemislarga qarshi zarbalar berish uchun ikkinchi frontni ochishni taklif qilgan. Lekin rad javobi olgan.
Lord Biverbrukning soʻzlariga koʻra, oʻsha paytda ingliz harbiy rahbarlari doimo tajovuzkor choralar koʻrishni istamas edi. Albatta, bu nafaqat harbiy xavf, balki maʼlum siyosiy fikrlar sabab ham amalga oshirilmagan. Londondagi baʼzi yuqori doiralar SSSR va Germaniya bir-birini zaiflashtiradi va bu Buyuk Britaniya Yevropada ustun mavqega ega boʻlishiga zamin yaratadi deb hisoblagan. Oʻsha paytdagi senator, keyinchalik vitse-prezident, soʻngra AQSh prezidenti boʻlgan Garri Trumanning bu borada aytgan fikrlari buni tasdiqlaydi “Agar biz Germaniya gʻalaba qozonayotganini koʻrsak, demak biz Rossiyaga yordam berishimiz kerak, agar Rossiya gʻalaba qozonayotgan boʻlsa, unda biz Germaniyaga yordam berishimiz kerak”.
Britaniya va AQSH dastlab, SSSRni iloji boricha kuchsizlantirish, soʻngra uni ikkinchi darajali davlatga aylantirishni maqsad qilgandi. Biroq Stalingrad hududida nemislar ustidan qozonilgan gʻalaba SSSRning xalqaro maydondagi roli va obroʻsini oshirib yuboradi. Fashistlar Germaniyasi ustidan gʻalaba yaqinlashganda Cherchillning xavotiri yanada kuchayadi. Aynan shu sabab AQSh va Buyuk Britaniya ikkinchi front ochish zarurligini yaxshi tushunadi, chunki sovet qoʻshinlari ittifoqchilarning yordamisiz ham butun Yevropani ozod qilishga qodir ekanligi maʼlum boʻlgandi. Franklin Ruzvelt konferensiya arafasida oʻz oʻgʻliga: “Basharti Rossiyada ishlar bundan keyin ham hozirgidek boradigan boʻlsa, kelasi bahorda ikkinchi frontning keragi boʻlmay qolishi mumkin!”, deydi.
1943-yil noyabr oyining oxirida Tehron konferensiyasi boshlanganda, Fransiyada ikkinchi front qachon paydo boʻlishi hali nomaʼlum edi. Stalinning fikriga koʻra, Germaniyaning eng zaif tomoni bu – Fransiya boʻlgan. Shu bois Gʻarbiy Yevropada aynan Fransiya hududida ikkinchi frontning ochilishi, sharqiy frontdagi vaziyatni yumshatishga jiddiy turtki boʻlardi. Ittifoqchilar 1944-yil may oyida Fransiyaning shimoliy-gʻarbiy qismiga va janubiga 1 million askar va zobitlar tashlashga kelishib oladi.
Konferensiyada Turkiyaning urushga kirishi hamda Yaponiyaga qarshi urush masalalari ham muhokama qilingan. Ruzvelt urushdan soʻng tinchlikka tahdid soladigan har qanday holatga qarshi toʻrt politsiyachi (AQSh, Buyuk Britaniya, SSSR va Xitoy) kurashishi kerakligi toʻgʻrisida fikr bildiradi. Stalin esa bunga qarshilik qilib, Yevropaning bironta davlati xitoyliklarning ularning ishiga aralashuvini munosib deb topmasligini aytib, oʻz uyini tartibda ushlolmagan Xitoy qanday qilib butun dunyo tartibiga yordam bera olishini Ruzveltdan soʻraydi. Ruzvelt Xitoyning ayni paytdagi kuchsizligi tan oladi, ammo kelajakda Xitoy jahon siyosatida katta rol oʻynashi mumkinligini bashorat qiladi.
SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya rahbarlari oʻrtasidagi Tehron konferensiyasining yakuniy yigʻilishi 1-dekabr kuni boʻlib oʻtadi. Unda asosan siyosiy masalar muhokama qilinadi. Shuningdek, konferensiyada Germaniyani urushdan keyin qanday boʻlib olish masalasi ham koʻrib chiqiladi. 1943-yil 1-dekabr kuni uch davlat rahbarlari “Uch qudrat deklaratsiyasi”ni imzolanishi bilan Tehron konferensiyasi oʻz ishini yakunlaydi.
Siddiqov Mirshod
FA Tarix instituti tayanch doktoranti
Tarix
Tarix
Ma’naviyat
Tarix
Ta’lim-tarbiya
San’at
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q