
Oʻzbekiston tarixida Tomir Xotun va Qabach Xotun singari oʻz eli, yurti tinchligi uchun dushmanga qarshi kurashgan ayollar juda koʻp boʻlgan. Momolarimiz oʻtmishda qoʻliga qurol olib, erkaklar qatorida tinchlik, erkinlik uchun jang qilgan. Shunday jasur ayollardan biri Bodgʻis va Toxariston malikasi Nizakli Xotun edi.
Bu Xotun toʻgrisida soʻz yuritishdan oldin Nizaklilar sulolasi xususida ozgina toʻxtalib oʻtish lozim. Nizaklilar Turkistonning janubi boʻlgan Bodgʻis va Toxariston yerlarida 7-asrning oʻrtalaridan 8-asrning boshlarigacha hukm surgan turkiy suloladir. Sulola hukmdorlari asosan Tarxon unvoniga ega boʻlgan. Tarxon unvoni sof turkiy boʻlib, Islomdan oldingi turklarda “bek” maʼnosida ishlatilgan.
Sulola hukmronligi arablarning Turkistonni zabt etishi davriga toʻgʻri kelgan. Shu sabab ham Nizaklilar bu vaqtda Turkistonning janubida yuz bergan siyosiy voqealarda muhim oʻrin tutgan. Ular asosan arablar bilan kelishuvchilik siyosatini olib borib, sulh tuzish orqali oʻz qoʻl ostidagi yerlarning tinchligi va daxlsizligini taʼminlashga intilgan.
Sulolaning soʻnggi yirik hukmdori, arablar tomonidan Abul-Hayyoj (Serjahl) deb atalgan Nizak Tarxon Barkashiy dastlab Xuroson voliysi Yazid ibn Muhallab, soʻng Qutayba ibn Muslim bilan sulh tuzgan. Hatto u Qutayba ibn Muslim davrida Islom dinini qabul qilib, ismini Abdullohga oʻzgartirgan va arablarning Turkistonga harbiy yurishlarida qatnashgan. Keyinchalik Barkashiy arablarning xunrezliklarini koʻrib qoʻrqib ketadi va Toxaristonga qaytib keladi hamda ularga qarshi qoʻzgʻolon koʻtaradi.
Aynan shu paytdan boshlab Nizakli Xotun toʻgʻrisida manbalarda maʼlumotlar uchray boshlaydi. Eri Nizak Tarxon Barkashiyning hukmronlik faoliyatiga asoslanib, Nizakli Xotun 7-asrning 2-yarmi 8-asrning boshlarida yashagan deyish mumkin. Toxariston va Bodgʻis hukmdorlari boʻlgan Nizaklilar sulolasiga kelin boʻlganligiga qaraganda bu ayol shu yerlardagi zodagon va ziyoli oiladan chiqqan.
Nizakli Xotun erining arablarga qarshi kurashida unga koʻmakchi va yoʻldosh boʻlgan. Ogʻir damlarda ham bu ayol erini tashlab ketmagan. Masalan, Nizak Tarxon Toxariston va uning atroflarida arablarga qarshi urush boshlab, birin-ketin turli yerlarni qoʻldan chiqarib, yengila boshlaganda mol-dunyosini, xazinalarini Kobulshoxga yuboradi. Biroq shunday tahlikali vaziyatda Xotun erini tashlab ketmay, unga koʻmakchi boʻladi.
Nizak Tarxon Bagʻlon shahridagi qalʼada 2 oy qamalda qolgandan soʻng omonlik, yaʼni u va safdoshlari oʻldirilmasligi evaziga Qutaybaga taslim boʻladi. Ammo Qutayba Iroq voliysi Hajjoj ibn Yusufning buyrugʻi bilan vaʼdani buzib, Nizak Tarxon va uning 700 ta safdoshini oʻlimga hukm qiladi. Keyin esa qalʼaga kirib, bor mol-mulk va qurol-yarogʻlarni musodara qiladi hamda Nizakli Xotun, uning oʻgʻli va xizmatkorlarini asirga oladi.
Asirdagi 80 dan ortiq zodagonlar qoʻlga kiritilgan oʻljaning beshdan biri bilan birga Hajjojga yuboriladi. Lekin Qutayba Nizakli Xotunni Iroqqa yubormaydi, chunki voliy unga uylanishni istayotgandi.
Nizakli Xotun Qutaybadan kelgan sovchilarga qatʼiy rad javobini beradi. Xotun hattoki Qutayba bilan yolgʻiz qolib, yuzma-yuz kelganda: “Qanchalar ahmoqsan! Erimni oʻldirding, podshohligimni tortib olding, endi meni senga yaxshi munosabatda boʻlishimni kutyapsanmi?” – deya ochiqcha gapiradi.
Bunda qurolsiz, qoʻli bogʻliq holda qolganda ham Nizakli Xotun dushmanga qarshi botir yurak va oʻtli soʻzlar bilan kurashishni davom ettirgani, ularga taslim boʻlmagani yaqqol koʻrinadi. Ancha-muncha erkakda uchramaydigan bunday mardlik, shijoatni asira ayolda koʻrgan Qutayba unga tan berib, “Istagan yeringga ketaver” – deb Xotunni ozod qiladi.
Afsuski, Xotunning bundan keyingi hayoti toʻgʻrisida hozircha maʼlumotga ega emasmiz. Biroq, Nizak Tarxondan keyin Balxda Shoh ibn Nizak otli hukmdor Qutaybaga qarshi qoʻzgʻolon koʻtaradi. Aftidan bu kishi Nizak Tarxonning oʻgʻli yoki yaqin qarindoshi boʻlgan. Balki, Nizakli Xotun ham u bilan birgalikda arablarga qarshi kurashni davom ettirgan boʻlishi mumkin.
Xulosa qilib aytsak, Nizakli Xotun singari malikalar oʻzbek davlatchiligi tarixida ayollar yurtga hujum qilgan yovga qarshi mardonavor kurashgani, bu yoʻlda erlariga yoʻldosh va yelkadosh boʻlganini tasdiqlaydi. Shuningdek, Nizakli Xotun misolida tariximizda oʻzbek ayoli oʻz eri, yaqinlari, mol-davlatidan ayrilib asirga tushganda ham yovga boʻyin egmagani, keskin soʻzlar bilan kurashni davom ettirganini bilib olamiz.
Islom Bo‘riyev,
FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Ma’naviyat
Tarix
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q