Foydaliligi dunyo tadqiqotlarida tasdiqlangan o‘zbek xalq o‘gitlari


Saqlash
11:58 / 08.09.2025 141 0

Kolumbiyalik yozuvchi Gabriel Garsia Markes “Aql va donolik bizga zarur bo‘lmagan yoshda nasib etadi”, degan. Bu so‘zlarda chuqur hayotiy ma’no bor. Yoshlikda ota-ona yoki bobo-buvilarning nasihatlariga uncha ahamiyat bermasligimiz tabiiy hol. Balki, o‘shanda bu gaplarda mantiq topa olmaganmiz, yoki yoshlik shaytoni ruhimizni boshqargandir. Ammo yillar o‘tgani sari, o‘sha o‘gitlarning haqiqat ekanini anglay boshlaymiz. Masalan, o‘zimning ham bolaligimda ko‘p eshitgan nasihatlarimning ilmiy jihatdan isbotlanganini ko‘rganimda, xayolimda chaqmoq chaqqandek bo‘ldi. Maqolada ayni shunday fanda isbotlangan bobolarimiz nasihatlari haqida so‘z yuritamiz.

 

“Qushlar uxlayotganda yotib, sayrayotganda uyg‘on”

Buyuk Britaniyada 88 000 kishi ishtirok etgan tadqiqotga ko‘ra, eng maqbul uxlash vaqti soat 21:00–22:00 oralig‘i ekan. Xuddi shunday xulosa Klivlend klinikasi tadqiqotlarida ham tasdiqlangan. Quyosh botgandan ikki soat o‘tgach, miyada melatonin ishlab chiqarilishi boshlanadi. U uxlashga tayyorlaydigan gormonlar faollashadi. Agar inson 6 soatdan kam yoki 9 soatdan ko‘p uxlasa, uyqu tizimi buziladi. Uxlash – organizmni “qayta yuklash”dek jarayon bo‘lib, u miyadagi zaharlar, o‘lik hujayralardan xalos bo‘lish va tana hujayralarini yangilashni ta’minlaydi. Kam uxlash esa xotira susayishi, diqqat yetishmovchiligi, immunitet pasayishi, gormonal muvozanatning buzilishi va erta qarishga olib kelishi mumkin.

 

“Erta turgan kishini Xudo o‘nglar ishini”

Erta uxlab, erta uyg‘onish – muvaffaqiyat va sog‘lom hayot sari tashlangan muhim qadam. Erta uyg‘ongan inson sog‘lom nonushta qilishga ulguradi, bu esa kun davomidagi faoliyat uchun muhim energiya manbai hisoblanadi. Nonushta qilmaslik esa ortiqcha ovqatlanish va semirishga olib kelishi mumkin. Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, erta turgan odamlarda depressiya va ruhiy kasalliklar kam uchraydi. Ertalab quyosh nuri ostida bo‘lish D vitamini sintezini rag‘batlantiradi, bu esa organizmda kalsiy singdirilishini ta’minlaydi. Tananing eng ko‘p D vitamini qabul qiladigan vaqti – quyosh chiqqanidan odam soyasi o‘z bo‘yiga teng bo‘lgungacha bo‘lgan davrdir. Shuningdek, tongda aql tiniqroq ishlaydi, insonda g‘ayrat va shijoat yuksak bo‘ladi. Erta turgan insonlarda hayotga muhabbat, o‘zini qadrlash hissi kuchliroq bo‘ladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, uzoq umr ko‘rgan insonlarning ko‘pchiligi erta turishga odatlangan.

 

“Issiq nonni yeb bo‘lmas – yegach tanga zeb bo‘lmas”

Bolaligimizda kattalar “issiq non yema” deb ko‘p ogohlantirishgan. O‘sha paytda bu gapni shunchaki “tilingni kuydirma” degan ma’noda tushunganmiz. Ammo yaqinda Rossiyaning “Noviy ochag” ilmiy nashrida e’lon qilingan maqolada issiq nonning salbiy ta’sirlari haqida so‘z yuritildi. Unda ta’kidlanishicha, yangi pishirilgan nonni oshqozon hazm qilmaydi, u ichaklarda achish jarayonini kuchaytirib, ortiqcha gaz hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, issiq non odatda yaxshi chaynalmay yutiladi, bu esa fermentlar bilan yetarli namlanmaslikka, natijada, oshqozon shilliq qavatining yemirilishiga – surunkali gastrit va yara kasalliklariga olib kelishi mumkin. Ta’kidlash joiz, insonlar issiq nonni yumshoqligi bois suvi qochgan nonga nisbatan ikki barobar ko‘proq iste’mol qiladi. Bu esa ortiqcha vazn to‘planishiga olib keladi.

 

“Qovun yesang – sahar ye…”

Nega xalqimiz qovunni aynan saharda yeyishni tavsiya qilgan? Bu faqat an’ana emas – ilmiy asosga ham ega. AQSH Milliy tibbiyot kutubxonasining ma’lumotlariga ko‘ra, qovun tarkibida “baxt gormoni” sifatida tanilgan serotonin moddasi mavjud. Uning saharda qabul qilinishi kun davomida kayfiyatni ko‘tarishga yordam beradi. Ayurveda ta’limotiga ko‘ra ham organizmni tozalash uchun tong paytida qovun iste’moli tavsiya etiladi. Yevropada bu usul “qovun sharbati bilan tozalash” nomi bilan keng qo‘llanilgan. Buyuk tabib ibn Sino ham nahor paytida qovun va uning urug‘ini iste’mol qilishni oftob urishidan saqlanishning samarali vositasi sifatida tavsiya qilgan.

 

Qovunning tarkibida oltin, temir, kaliy, kremniy kabi moddalar mavjud bo‘lib, ular kamqonlik, yurak-qon tomir kasalliklari va revmatizmni davolashda foydali. Sahar paytida qovun yeyish teri, soch va ichak mikroflorasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, organizmdan xolesterinni chiqarib, insonni “yoshartirishi” ham mumkin.

 

 “Ertalabki nonushtani o‘zing ye, tushlikni do‘sting bilan bo‘lish, kechki ovqatni dushmaningga ber”

Bu mashhur xalq maqoli ko‘pchilikka tanish. Ammo, afsuski, ko‘pincha ishga kech qolish yoki ishtaha yo‘qligi sabab ertalabki nonushtani qilmaymiz. Bu esa tush paytigacha kuchli ochlikni keltirib chiqaradi va ortiqcha ovqat yeb qo‘yishga olib keladi. Ko‘p hollarda esa kechki ovqatni to‘yib yeymiz va bu salomatlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

 

AQSH Milliy tibbiyot kutubxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, inson organizmda kun davomida muayyan soatlarda ko‘proq kaloriya sarflaydi. Shuni isbotlash maqsadida Amerika harbiylari o‘rtasida tajriba o‘tkazilgan: bir xil kaloriyali ovqatni bir guruh ertalab, ikkinchi guruh esa kechqurun iste’mol qilgan. Natijada ertalab ovqat yeganlar haftasiga 1 kg ozgan, kech ovqatlanganlar esa aksincha, vazn to‘plagan. Yana bir tadqiqotda ishtirokchilar ikki guruhga bo‘lingan. Birinchi guruh ertalab to‘yimli, tushlikda o‘rtacha, kechqurun yengil ovqat bilan ta’minlangan. Ikkinchisi esa aksincha — kechki paytda ko‘proq, ertalab kamroq ovqat olgan. Uch oylik tajriba davomida birinchi guruh 8,5 kg ozgan bo‘lsa, ikkinchi guruh bor-yo‘g‘i 3,5 kg vazn yo‘qotgan.

Nega shunday farq yuzaga kelgan? Chunki tunda yurak urishi sekinlashadi, tana a’zolari faoliyati pasayadi, ovqat hazm qilish sustlashadi. Kunduzi iste’mol qilingan ovqat esa glikogenga aylanib, tanani energiya bilan ta’minlaydi.

 

“Dasturxon boshida gaplashma” – qadimiy hikmatmi yoki oddiy ta’lim?

Ehtimol, siz ham bolaligingizda kattalardan “dasturxon boshida gaplashma” degan ta’limni eshitgansiz. Ajablanarlisi shundaki, deyarli butun dunyo aholisi ovqat paytidagi suhbatni tabiiy deb bilgan bir davrda, nega o‘zbek xalq urf-odatlarida bu holat ma’qullanmaydi?

 

Bu savolga fan javob beradi – inson sezgi a’zolarining to‘liq ishlashini ta’minlash uchun. Ovqatlanish paytida suhbatlashish, telefon o‘ynash yoki televizor tomosha qilish insonning diqqatini taomdan chalg‘itadi. Bu esa ta’m hissining pasayishi, ovqatni chala chaynab yutish, miya va oshqozon o‘rtasidagi to‘yinganlik signali uzilishini keltirib chiqaradi. Natijada inson yetarlicha ovqatlansa ham, miya uni to‘ymagan deb qabul qiladi va yana yeb qo‘yishga undaydi. Bu ortiqcha kaloriya va yog‘ to‘planishiga sabab bo‘ladi.

 

Birmingem universiteti tadqiqotchilari televizor ko‘rib ovqat yegan guruh ikkinchi guruhga nisbatan ikki barobar ko‘proq ovqat iste’mol qilganini aniqlashdi. American Journal of Clinical Nutrition jurnalida chop etilgan maqolada esa ovqat paytidagi chalg‘ishlar – tez ovqatlanish, xayol surish kabi holatlar ortiqcha ovqat iste’moliga sabab bo‘lishi qayd etilgan. Xulosa shunday: sayr qilyapsizmi – diqqatingiz sayrda bo‘lsin; ovqatlanyapsizmi – diqqatingiz faqat dasturxonda bo‘lsin.

 

Nega choyni “qaytaramiz”?

Xalqimizda choyni “qaytarish” odati bor – piyolaga uch marta quyib, choynakka shuncha solamiz, yettinchi marta piyolaga quyib mehmonga uzatiladi. Bu odat shunchaki tasodif emas. Uning zamirida tozalik, tazarru, mehmonga hurmat kabi qadriyatlar mujassam. “Suv yetti yumalasa, halol” degan maqol ham shu ma’noda aytiladi. Ilmiy nuqtai nazardan olib qaralganda ham, yer osti suvlari qum, tosh, mineral qatlamlar orqali aynan 7 bosqichda tozalanadi. Hatto hozirgi zamonaviy suv tozalash qurilmalari ham 7 bosqichli filtratsiya tizimi asosida ishlaydi.

 

Shuningdek, inson organizmida ham suv 7 marta “yumalab” — ya’ni turli a’zolar orqali filtrlanib, qonga singishi aniqlangan. Yapon olimi Masaru Emoto suvning “xotirasi” mavjudligini isbotlab, u hatto inson emosiyalari va gaplariga reaksiya bildirishini aniqlagan. Yomon gaplar bilan “ta’na qilingan” suv zararli shaklga kirgan, bir necha bor qayta-qayta kolbaga quyilib o‘tkazilganda esa uning zararli ta’siri yo‘qolgan. Demak, xalqimizning “choyni qaytarash”, “suv yetti yumalasa halol” kabi ta’limlari shunchaki an’ana emas, balki ilmiy asoslarga ega hayot me’yorlari bo‘lgani kabi, boshqa “odatiy” udumlarimiz ortida ham fan tasdiqlagan haqiqatlar bor, deyish mumkin. Faqat ularni o‘rganish va unutmaslik kerak.

Abdulla CHIMIRZAYEV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

15:09 / 08.09.2025 0 24
Qutaybaga erga tegmagan turon malikasi

Ma’naviyat

15:09 / 08.09.2025 0 76
Har bir so‘zi saboq, har bir harakati dastur edi

San’at

17:09 / 05.09.2025 0 181
San’at – qurol. Bizga qanday qo‘shiqlar kerak?

Adabiyot

12:09 / 05.09.2025 0 54
Yozuvchining ayoli





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//