XX asr boshida yuzaga kelgan jadidchilik harakati Turkiston xalqlarining maʼrifatparvarlik harakati hisoblanib, milliy-ozodlik, mustaqillik uchun dastlab Rossiya imperiyasi, so‘ngra sovet mustamlakachiligiga qarshi kurashda muhim o‘rin tutadi.
Dastlab, Buxoro amirligidagi maʼrifatparvarlik harakatini tahlil qiladigan bo‘lsak, Buxoro amirligidagi jadidlar partiyasi (firqasi), dastlab “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) maxfiy jamiyati shaklida tuzilgan. Unga taraqqiyparvar ziyolilar, savdogarlar va shahar kambag‘allari vakillari kirgan. Ular boshida mavjud amirlik tuzumi doirasida demokratik islohotlar o‘tkazish, konstitutsiyaviy monarxiya o‘rnatish orqali amirning mutlaq hokimligini cheklab qo‘yish tarafdori bo‘lgan. Аblulvohid Burxonov, Mukammil Burxonov, Sadriddin Аyniy, Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jaev (Usmon Xo‘ja), Otaulla Xo‘jaev, Аkmaljon Hamdiy (Аbusaidov), Homidxo‘ja Mehriy, Musa Saidjonov, Mirzo Siroj Hakim Yosh buxoroliklarning dastlabki tashkilotchilari edi. Keyinchalik uning faoliyatida Fitrat, Fayzulla Xo‘jaev va Muhiddin Mansurov katta rol o‘ynashdi.
Buxoro amirligi hududida dastlabki “usuli savtiya” – usuli jadid maktablariniig ochilishi Sadriddin Аyniy va Mirza Аbdulvohid Munzim nomlari bilan bog‘liq. Sadriddin Аyniy maʼlumotlariga ko‘ra, Buxoroda tatar muallimlari ochgan usuli jadid maktablari mavjud edi. Аyniy va Munzim ushbu tatar maktablaridagi o‘qitish usullarini o‘rganadilar va o‘z maktablariga tatbiq qiladilar: “Shunday qilib, 1326-yil hijriyda shavvol oyining o‘nida (1908-yilnig oktyabrida) Buxoro shahrining ichida Darbozayi Sallohxona guzarida Mirza Аbdulvohid uyida birinchi martaba buxoroliklarga maxsus usuli jadida maktabi ochdik. Bu maktabda ikki oy mudlatid o‘quvchilarning adadi 12 ga yetishdi. Lekin taʼlim tartibi nihoyat darajada buzuq va bizning barchamiz usul va qavoiddan (yangicha o‘qitish qoidalaridan) xabarsiz edik. Ichimiz taʼlim va isloh o‘ti bilan yonmoqda edi” (Radiy Fish, Raxim Xashim. Glazami soveti. – M.: 1980. – S.134).
Buxoro jadidlarining, “Tarbiyai atfol” jamiyatining o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlaridan yana biri o‘z matbuot organiga ega bo‘lishi edi. Turkiston jadidlari “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Tujjor”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” kabi qator gazetalar nashr qildilar. Ular Buxoro mutafakkirlariga ham kuchli taʼsir ko‘rsatgan edi. Jamiyatning saʼy-harakati bilan 1912-yil 11-martdan tojik tilida “Buxoroyi sharif”, 1912-yil 14-iyuldan o‘zbek tilida “Turon” nomli gazeta nashr qilina boshlandi. Bu ikki gazeta nafaqat Buxoroda, balki butun Turkiston o‘lkasida ham katta eʼtibor qozondi. Maktab va madrasalar islohoti, “usuli savtiya” maktablarini targ‘ib-tashviq qiluvchi o‘nlab maqolalar eʼlon qilindi. 1912-yil sentyabrdan “Turon” gazetasi muharririyati Istanbul dorilfununini bitirib kelgan G‘iyos mahzum Husayniy qo‘liga o‘tdi. Gazeta endi haftada 3 marta muntazam chiqib turdi. Ularning mushtariylari kun sayin butun Turkiston o‘lkasida ham ko‘payib borgan. Bu hol mustamlakachi maʼmurlarga maʼqul emas edi, gazetalarni yopish uchun esa sabab topa olmas edi. Bunday vaziyatlarda ular mahalliy hukumat nomidan ish ko‘rar edilar. 1913-yil 2-yanvarda Buxorodagi rus elchixonasidan uchinchi darajali amaldor Petrov imzosi bilan shunday farmoyish keldi: “Buxoro amiri janobi oliyning xohishlari bilan ushbu kundan eʼtiboran “Buxoroyi sharif” va “Turon” gazetalari nashri to‘xtatildi” (Sharipov R., Muhiddinova F. O‘zbekiston xalqlari siyosiy-huquqiy taʼlimotlari tarixi. – T.: “TDYuI”, 2004. – B. 75).
Аmmo shunga qaramasdan, jadid mutafakkirlari ilm-maʼrifat yo‘lida qanchalik saʼy-harakat qilmasinlar, ularning faoliyati Buxoro sharoitida shunchalik qattiq qarshiliklarga uchradi, hatto ular aziz hayotlarini xavf ostiga qo‘yib islohot ishlarini amalga oshirdilar. Jadidchilik harakatining ashaddiy dushmanlaridan bo‘lmish Burhoniddin Buxoro qozikaloni mansabini egallagach, dastlabki harakati “usuli jadid” maktablarini yopish bo‘ldi. “Usuli jadid” maktablarining birinchi bor 1909-yilda yopilishida va bu maktablarning bunyodkorlari Sadriddin Аyniy va Mirzo Аbdulvohid Munzimning Buxorodan quvg‘in qilinishida ham shu Burhoniddin bosh-qosh bo‘lgan edi.
1914-yil 4-iyulda Burhoniddin qozikalon jadid maktablarini badnom qiluvchi va bu maktablarni tezda yopishga qaratilgan quyidagi mazmunda Amir Olimxonga ariza yozadi: “Amir marhum (amir Abdulahad ko‘zda tutilmoqda) davrlarida ulamoning fatvolari bilan usuli jadid maktabining harom va bid’atligi sobit bo‘lib, janobi oliyning amrlari bilan yopilgan edi. Bir necha vaqtdan beri yana mufsid jadidlar bosh ko‘tarib, shaharning har tarafida maktablar ochib, xalqning bolalarini buzib, fitna va fasod qo‘zg‘atib yuribdurlar. Agar janobi oliyning amrlari bilan ushbu maktablar tezlik bilan bog‘lanmasa, mullabachchalar bu bid’atni barham bermoq uchun o‘zlari qo‘zg‘alishlari aniqdir. U holda mamlakatda fitna va fasodlar ko‘payib, davlati oliyga zarar yetishi ehtimoldir” (Ayniy Sadriddin. Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar. Asarlar. 8 tomlik, 1-tom. – T.: 1963. – 252-253 betlar).
1917-yil Fevral inqilobidan keyin Buxoro amirligi o‘z hukmronligini saqlab qolish uchun birmuncha islohotga rozilik bildirgandek harakat qildi. Shu munosabat bilan 1917-yil 7-aprel kuni “Arki oliy”da amirning oliy farmoni e’lon qilindi. Farmoni oliyga bag‘ishlangan katta yig‘inda Samarqanddan buxoroliklarni muborakbod qilib, Turkiston jadidchilik harakatining karvonboshisi Mahmudxo‘ja Behbudiy ma’ruza qildi. Ertasi kuni Buxoro jadidchilik harakati namoyandalari islohotchilar qamoqqa olindilar. S.Ayniy va Mulla Nazrullo Lutfiy 75 tayoq jazosiga hukm qilindilar. Mulla Nazrullo Lutfiy ushbu jazo tufayli halok bo‘ldi. Bu mash’um voqea munosabati bilan hamdardlik izhor qilgan yoru birodarlarga S.Ayniy “Vaqt” gazetasi orqali minnatdorchilik bildirgan edi: “Buxoroning ma’lum hodisalari vaqtida Buxoro hukumati tarafidin 75 tayoq bilan urilib, o‘lim holinda Kogon hastaxonasiga keltirilub o‘runlashtirilishum munosabati ila har tarafdin tanish-bilish, do‘st-oshnolarim maktub ila iyodat qildilar. Bu muhtaram zodlarning qayg‘usina xususiy javob yozishga iqtidorim erishmaganligi uchun samimiy tashakkurlarimni arz qilurg‘a mazkur gazetangizning vositasi bo‘luvin o‘tinaman. Ehtirom ila mudarris S.Ayniy. Yangi Buxoro, hastaxona” (“Vaqt” gazetasi,1917-yil 10-may).
Jadidchilik harakati Buxoroda shiddat bilan rivojlandi, hatto uning siyosiy bosqichga ko‘tarilishi Turkiston jadidlariga nisbatan oldinroq kechdi. Bu jarayonda ayniqsa, Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo‘jayev va boshqa ma’rifatparvarlar katta faoliyat ko‘rsatdilar. Ularning bu harakatlari yoshlari bag‘rikenglik g‘oyalarini rivojlanishiga katta yordam berdi.
Akmal SALOXOV
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q