
XV asr oxirida Muhammad Shayboniyxon Dashti Qipchoqda hokimiyatni qoʻlga olish uchun qozoq xonlariga qarshi shiddatli kurash olib bordi. Bu kurashlarda Muhammad Shayboniyxonning asosiy raqibi qozoq xoni Burunduqxon va uning ukasi Qosim sulton edi. Shayboniyxon XV asrning 90-yillarida Dashti Qipchoqning janubida joylashgan Arquq, Sigʻnoq, Oʻtror, Sabron kabi qalʼalarni egallasa-da, Dashtda toʻliq hokimiyatni egallay olmaydi.
1498-yilda Shayboniyxon temuriylar qoʻl ostida boʻlgan Turkistonni egallash maqsadida turli yerlarga tarqalib ketgan bobosi Abulxayrxon avlodlari va amirlarini oʻz qoʻl ostida birlashishga chorlaydi. Shundan soʻng Shayboniyxon dastlab, Buxoro va Samarqandni, soʻngra, Qarshi, Oʻratepa, Toshkent, Fargʻona va Xorazmni zabt etadi.
Amudaryoning shimolidagi hududlarni egallagach, Shayboniyxon keyingi harbiy harakatlarni Amudaryoning janubiga qaratadi. Xususan, 1506-yilda Balx, 1507-yilda esa Hirot, Mashhad, Nishopur kabi Xurosonning yirik shaharlari Muhammad Shayboniyxon tasarrufiga kiradi.
Muhammad Shayboniyxonning Turonni birlashtirish yoʻlida olib borgan kurashlarida ukasi Mahmud Sulton va jiyani Ubaydulla sulton katta rol oʻynaydi. Ubaydulla sultonning dastlabki harbiy harakatlarda ishtiroki, 1504-yilda Shayboniyxonning Ahmad Tanbal nazorati ostida boʻlgan Fargʻonaga yurishidan boshlanadi. Ahmad Tanbalga Amir Xusravshohdan kelishi mumkin boʻlgan harbiy yordamni toʻxtatish maqsadida Shayboniyxon ukasi Mahmud Sultonni Keshga yuboradi. Shu sababli Ubaydulla sulton otasi oʻrniga Buxoro qoʻshiniga bosh boʻlib, Fargʻona yurishida qatnashadi.
Ubaydulloh sulton Shayboniyxonning Xurosonni yurishida ham faollik koʻrsatadi. U shayboniylarning eng nomdor sarkardalaridan biri edi. Hatto Xurosonning baʼzi viloyatlarini egallashda va shayboniylarga qarshi bosh koʻtargan temuriyzodalar isyonini bostirishda Muhammad Shayboniyxon Ubaydulla sultonga alohida ishonch bildiradi.
Xususan, Shayboniyxon tomonidan Badiuzzamon mirzo va Muzaffar Husayn mirzolar magʻlubiyatga uchratilib, Hirot shahri egallangach, xon oʻgʻli Temur sulton va Ubaydulla sultonni Mashhadni egallash uchun yuboradi. Mashhad yaqinida boʻlgan jangda Husayn Boyqaroning oʻgʻillari Abulhasan mirzo va Kepak mirzo nomi bilan mashhur boʻlgan Muhammad Muhsin mirzolar yengilib, asir olinadi va Ubaydulla sulton tomonidan qatl etiladi.
Shundan soʻng ular harakat bayrogʻini Sabzavor tomonga qaratadi. Bu paytda Sabzavorda Husayn Boyqaroning boshqa oʻgʻli – Ibn Husayn mirzo hokimlik qilardi. Temuriy shahzoda oʻzbeklarni Sabzavorning Yakdar mavzesida kutib oladi. Ikki taraf oʻrtasida qattiq jang boshlanadi. Ibn Husayn mirzo shayboniylar qoʻshinining maysara va maymana qanotlariga qattiq zarba berib, ularni chekinishga majbur qiladi.
Ubaydulla sulton chekinayotgan oʻzbek qoʻshini yoʻlini toʻsib ularga: “Ey mardlar, qochmanglar! Nomusingiz va sharafingiz etagini sharmandalik changiga belamang! Muhammad Shayboniyxon sizni husn-u ragʻbat va iltifotlar bilan siylasin” deydi.
Ubaydulla sulton ovozini eshitgan oʻzbek jangchilari ortga qochishdan toʻxtab, Ibn Husayn mirzo qoʻshinining markaziga shiddat bilan hujum qiladi. Bu hujum natijasida Ibn Husayn mirzoning qoʻshini sarosimaga tushib, chekina boshlaydi. Ushbu jangda Ubaydulla sulton ulkan jasorat koʻrsatadi. Hatto 16-marta jarohat oladi. Ibn Husayn mirzo magʻlubiyatga uchrab, jon saqlash maqsadida Shoh Ismoil saroyiga qochib ketadi.
1507-1508-yilning qish faslida Husayn Boyqaroning oʻgʻli Muhammad Qosim mirzo qoʻshin toʻplab, Mashhad sari yuradi. Mashhad hokimi Sayyid Hodixoja Mashhaddan Marvga qochib keladi. Bu xabar Shayboniyxon qulogʻiga yetgach, xon farmoni bilan Ubaydulla sulton Buxorodan chiqib, Muhammad Qosim mirzoni daf qilish maqsadida Mashhad sari yuradi. Ubaydulla sulton Marvga yetgach, Marv hokimi Qanbarbiy va Hodixojalar Ubaydulloh sulton lashkariga qoʻshilib, birgalikda Muhammad Qosim mirzoga qarshi urush uchun Mashhad tomon yoʻl oladi. Mashhadda boʻlgan jangda Ubaydulla sulton gʻalaba qozonib, Muhammad Qosim mirzo asir olinadi va qatl etiladi.
Shayboniyxonning Turkiston va Xuroson mintaqalaridagi harbiy muvaffaqqiyatlari qozoq xon va sultonlarini qoʻrquvga soladi. Ular Shayboniyxon janubda barcha raqiblarini yenggach, Dashti-Qipchoqni ham egallashidan qoʻrqib Shayboniyxon Xurosondaligidan foydalanib, Buxoro va Samarqand atroflariga 3 marotaba talon-taroj maqsadida yurishlar uyushtiradi. Bundan koʻzlangan maqsad Muhammad Shayboniyxonning harbiy qudrati ortib ketishiga toʻsqinlik qilish edi. Chunki ham shimolda, ham janubda kurash olib borish Muhammad Shayboniyxoning harbiy qudratini zaiflashtirardi.
Qozoqlarning shimoldan qilgan yurishlari Shayboniyxonning safaviylarga qarshi yurishlariga toʻgʻanoq boʻladi. Xon shimoldagi xavfni bartaraf qilmay turib, janubga yurish qila olmasdi. Shayboniyxon shu boisdan koʻchmanchi qozoq qabilalariga qarshi murakkab va ogʻir harbiy yurish qilishga majbur boʻladi.
Qozoq qabilalari Dashti Qipchoq choʻl-u dashtlarida koʻchmanchi turmush tarzida hayot kechirganligi sababli ularni faqat qish faslida, yaʼni qozoqlar qishlash maqsadida bir joyga toʻplangan vaqtda toʻliq magʻlubiyatga uchratish mumkin edi. Bundan tashqari qish faslida butun Dashti Qipchoq hududini qalin qor qoplab, havo harorati keskin sovib ketar, bunday sharoitda dushmanning katta qoʻshin bilan kelayotganini bilish ham qiyin boʻlardi. Qozoq xon va sultonlari qish faslida katta qoʻshin harakatlanishi qiyinligi, dashtning qattiq sovugʻi qoʻshin hamda uning tarkibidagi ot va tuyalarning qirib yuborishi xavfi yuqoriligi sabab Muhammad Shayboniyxonning qish faslida ularning ustiga yurish qilishiga ishonmagan.
Xuroson toʻliq egallangach 1508-yil dekabr oyida Shayboniyxon Marv orqali Buxoroga qaytadi va 1509-yil yanvar oyida Buxoroda barcha shayboniy sultonlarni, turonlik va xurosonlik yirik din ulamolarini toʻplab, katta yigʻin oʻtkazishga farmon beradi. Bu yigʻinda nomdor shayboniy sultonlardan Muhammad Shayboniyxonning toʻngʻich oʻgʻli Muhammad Temur sulton, Turkiston viloyati hokimi Koʻchim sulton, Toshkent va uning atrofidagi hududlar hokimi Suyunxoʻja sulton, Hisori-Shodmon va Chagʻoniyon viloyati hokimlari Hamza sulton va Mahdiy sulton, Muhammad Shayboniyxonning Xonzodabegimdan tugʻilgan oʻgʻli Balx hokimi Xurramshoh sulton, Fargʻona vodiysi hokimi Jonibek sulton, Muhammad Temur sultonning oʻgʻli Xorazm hokimi Poʻlat sultonlar ishtirok etdi. Xurosonlik ulamolar orasida “Mehmonnomayi Buxoro” asarining muallifi boʻlgan Fazlulloh ibn Roʻzbehon ham bor boʻlib, u bu asarini Shayboniyxonning qozoqlarga qarshi yurishlariga bagʻishlagan.
Shayboniyxon Buxoroda Xurosonda erishilgan gʻalabalarga bagʻishlab bir necha kun katta tantanalar uyushtiradi. Tantanalar davomida sultonlar va ulamolar ishtirokida ilmiy munozaralar boʻlib oʻtadi. Bayram kunlari nihoyasiga yetgach, Shayboniyxon oliy nasab sultonlar bilan turkiycha jonki deb atalgan kengash oʻtkazadi. Bu kengashda qozoqlarga qarshi harbiy harakat masalasi muhokama qilinadi. Qozoqlar Buxoro va Samarqand kabi shaharlarni talon-taroj qilib, bu shaharlarda istiqomat qilgan odamlarni oʻldirgani, ularning maʼlum bir qismini esa qulga aylantirib islom dinining ahkomlarini buzgani kengashda koʻtariladi (1507-yilda qozoqlar Buxoroga yurish qilgan vaqtda 246 nafar musulmonni qul qilib olib ketadi).
Bundan tashqari, Muhammad alayhissalomning “Mendan keyin bir-birini oʻldiradigan kofirlarga aylanmanglar” degan hadisi va qozoqlarning but-sanamlarga eʼtiqod qilishi ham roʻkach qilinib, ulamolar qozoqlarni kofir va ularga qarshi yurishlarni muqaddas burch yaʼni farz deb fatvo chiqaradi.
Shayboniyxon qozoqlarning shimoldan keladigan xavfiga butunlay chek qoʻyish maqsadida 1509-yil 27-yanvarda qozoqlarga qarshi yurishga otlanadi. Ammo bu yurish Muhammad Shayboniy qoʻshiniga jiddiy zarar yetkazadi.
“Mehmonnomayi Buxoro” asarida qozoqlar yerlaridagi sovuq quyidagicha tasvirlanadi: “….. Sovuq shunchalik qattiq ediki, hech kimning qoʻlini yengidan chiqarishga yoki yengini shimarib olishga majoli yetmasdi. Moʻynali etik va ipak oʻramdagi oyoqlar shu qadar muzlab ketganki, goʻyo moʻyna va namatga bir parcha muz oʻralganday edi. Yuzlar sovuqdan shunday muzlagandiki, xuddi namatdan chiqarilgan poʻlat koʻzguga oʻxshardi. Qirovsimon uzluksiz tomchilar va bugʻlar bilan qoplangan har bir soch toli bahor gullagan novdaga yoki boshdan-oyoq oq atirgul va yasmin gullari bilan bezangan palmaga oʻxshab ketardi. Koʻzlar sovuq va qattiq ogʻriqdan qondek qizargan, kipriklar esa oʻsha qon koʻli atrofiga sanchilgan quruq tikanlardek edi. Qoʻl va oyoq barmoqlari goʻyo oltinga oʻxshardi, ularni eritish uchun qozonda uzoq vaqt qizdirish kerakday. Tirnoqlar sovuqdan koʻkarib, xuddi uzukdagi lojuvard toshga oʻxshardi, goʻyo bu uzuk oyoq-qoʻllarga sokinlik va harakatsizlik muhrini bosganday.
….. Ayoz shu qadar kuchli ediki, oʻzbeklar va turkistonliklarning eng navqiron va joʻshqin yigitlaridan birontasi ham poʻstin va kiyimidan qoʻlini chiqarib, otining aylini tortolmas edi.”
1509-yil mart oyi boshlarida mashaqqatli safardan soʻng oʻzbeklar qoʻshini Qora-Abdol hududiga yetib keladi. Bu joy qozoqlarning qishlov markazlaridan biri edi. Bu yerlarning hukmdori Jonish sultonning Ahmad sulton ismli oʻgʻli bor edi. U katta qoʻshin bilan Buxoroga yurish qilgan va avval aytilganidek, Buxoro hamda Buxoroga tutash hududlarni talon-taroj qilgandi.
Shayboniyxon qozoqlarga qarshi Ubaydulla, Suyunxoʻja va Koʻchum sulton(Koʻchkunchixon) boshchiligida qoʻshin yuboradi. Ubaydula sulton eng sara jangchilar bilan qoʻshinning ilgʻor (qoʻshindan bir necha kilometr oldinda yuruvchi aygʻoqchi qism) qismida boradi. Jonish sulton oʻzbek qoʻshini yaqinlashganidan xabar topgach, qoʻshin toʻplashga kirishadi. Qozoqlar ham qurollarini qoʻliga olib, oʻz oilalarini himoya qilish uchun jangga otlanadi. Ularning soni taxminan 100 mingga yaqin edi.
Qozoq xalqining urf-odati shunday: har doim ularga hujum qilinganda, bir ulusni tashkil etuvchi barcha urugʻlar va bir joyda turganlar oʻz oilalari va mol-mulklarini himoya qilish uchun qurol-yarogʻlari bilan toʻplanadi hamda gʻayrat va shijoat bilan qilichlarini ishga soladi.
Qor va muz bilan qoplangan maydonda oʻzbeklar va qozoqlar oʻrtasida qattiq jang boshlanadi. Bu dahshatli va shiddatli jangda oʻzbeklarning gʻalabasi alomatlari sezilgach, oʻzbek askarlari jang tugamasdanoq talon-taroj qilish va oʻljani qoʻlga kiritish uchun qozoqlarning uy-joylari va mol-mulklari sari yugurdi.
Oʻzbek jangchilarining oʻlja yigʻish maqsadida tarqalib ketib, jangovar saflari buzilganini koʻrgan Jonish sulton mudofaa maqsadida saqlab qolgan mohir jangchilaridan iborat qoʻshin bilan tor soʻqmoqlar hamda qamishzorlar orasidan oʻtib, orqa tomondan hujum qiladi. Jonish sulton koʻp sonli qoʻshin bilan pistirmadan chiqqach, uning qarshisida Ubaydulla sulton paydo boʻladi. Qattiq jang alangalanib ketadi va dushmanlar Ubaydulloh sultonni otdan agʻdarib tushiradi.
Dushman soni ortib borib, Ubaydulla sultonni har tomondan oʻrab olsa ham, Ubaydulla sulton chekinishni hayoliga keltirmay mardlarcha jang qiladi. Jangning eng ogʻir paytida, yaʼni oʻzbeklarning magʻlubiyati deyarli aniq boʻlgan vaqt Muhammad Temur sulton boshchiligida Shayboniyxonning “chuhralar” deb atalgan xos navkarlari jang maydoniga kirib keladi.
Shayboniyxon asosiy qoʻshin qozoqlarning Qora-Abdol mavzeyiga yurishga otlangandan bir necha kun oʻtib, oʻzining xos navkarlarini oldiga toʻplaydi va ularga oʻgʻli Muhammad Temur sultonni sardor qilib, asosiy qoʻshin ortidan yuboradi. 40-yildan beri yuzlab janglarni koʻrgan Muhammad Shayboniyxon katta harbiy tajriba toʻplagan, dushmanning hiylasi va navkarlarning oʻlja yigʻish maqsadida har tomonga sochilib ketishi jang taqdirini hal qilganini koʻp bora koʻrgandi.
Shu sababli Shayboniyxon xos navkarlariga Muhammad Temur sulton buyrugʻidan aslo chiqmaslikni va oʻlja yigʻishga berilmaslikni qattiq tayinlaydi. Jangda qoʻlga kiritilgan barcha oʻljalardan ularga teng miqdorda berilishini bildirib, butun eʼtiborini dushmanni toʻliq magʻlubiyatga uchratishga qaratishni buyuradi.
Yangi kuchlarning qoʻshilishi oʻzbeklarning ruhini koʻtarib yuboradi. Qozoq askarlarining saflari buzilib, ortga chekinishni boshlaydi. Jonish sulton qozoqlarning oliy xoni boʻlgan Burunduqxon yurti sari qochadi. Otasining jang maydonidan qochganini eshitgan Ahmad sulton ham otasi ortidan qochishni boshlaydi. Ammo u oʻzbek askarlari tomonidan asir olinib, shayboniy sultonlar oldiga olib kelinadi.
XV asr 80-yillari boshida Sabron shahri yaqinida Jonish sultonning oʻgʻli Erenjixon Shayboniyxonga qarshi yurish qilgan vaqtda Hamza Sultonning akasi Alayka sultonni oʻldirgandi. Shu bois xun olish maqsadida Ahmad sulton Hamza sultonga topshiriladi. Va u Hamza sulton tomonidan qatl etilib, uning boshi qozoqlar ustidan qozonilgan gʻalaba xushxabari sifatida Shayboniyxonga yuboriladi.
Xulosa qilib aytganda, tarixda yuz bergan janglarning taqdiri odatda lashkarboshi va sarkardalarga bogʻliq boʻlgan. Oʻzbekning jasur, qoʻrqmas, mohir va uddaburon sarkardasi boʻlgan Ubaydulla sultonning janglarda koʻrsatgan jasoratlari Shayboniyxon tomonidan Turkistonning birlashtirilishida muhim rol oʻynagan. Ubaydulla sultonning faoliyati tarixini oʻrganish oʻzbek harb tarixi oldida turgan dolzarb muammolardan biridir.
Abdulloh Usmonov
FA Tarix instituti tayanch doktoranti
San’at
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Tarix
Adabiyot
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q