Furqat nega Furqat?


Saqlash
17:01 / 07.01.2022 5373 0

Furqatshunoslikda shu paytgacha yaratilgan deyarli barcha tadqiqotlarda shoir taxallusi bir xil – Vatandan ayriliq ma’nosida izohlangan. Bu ham to‘g‘ri. Lekin, mazkur tadqiqotlarda shoir ushbu taxallusni ona-yurtdan yiroqda yashashga majbur bo‘lganligi uchun tanlagan, degan qarash ustuvorligi seziladi. Ya’ni, taxallusning faqat birgina ma’nosiga alohida urg‘u beriladi. Savol tug‘iladi: axir Furqat Vatanda ekanligidayoq mazkur taxallusni tanlagan edi-ku, buning boshqa sabablari yo‘qmikan?

 

Shoir “Ahvolot”da bu haqda shunday yozadi: “Janobi asolatdastgoh Sharifxo‘ja eshonkim, Toshkand viloyatining a’lam ul-ulamosidurlar va nechand yil qazo masnadida julus etmishlari o‘zga mamlakatlarg‘a ham ma’lum va mashhurdur, ul sharif ul-vujudning suhbati fayzbaxshlarig‘a musharraf o‘lub, nasoyihi purfavoidlari durri laoliysidin ko‘ngul huqqasi mamlu bo‘ldi... Chun tab’imda she’rdin asar ko‘rub, hatto bir-ikki g‘azal manzurlari o‘lub, taxallusimdin birmuncha so‘z aroga tushti. Furqat iboratikim, ma’nisi judolig‘dur, xosiyat boisidin marg‘ub ko‘runmomish. Bu asnoda digar taxallus iltimos ayladim, ersa, “qof” bori garonini Furqat belidin olib, hurmat yuzidin harfi “ho” dohil aylab, Farhatg‘a tabdil qildilar. Faqir bu taxallusni humoyun ko‘rub, fol qildim. Alhamdulillahkim, muborak natijalar hosil bo‘ldi. Ba’dazon bu laqab toza va jadid abyotlar bila ishtihor topti” (“Turkiston viloyatining gazeti”, 1891-yil 22-yanvar, № 3).

 

Demak, Furqat Toshkentga kelganidan keyin ma’rifatparvar do‘sti, “Toshkand viloyatining a’lam ul-ulamosi” Sharifxo‘ja qozi taklifi bilan taxallusini o‘zgartirganligini ta’kidlamoqda. Shoirning Furqat taxallusi bilan yozgan ayrim she’rlari aniqlangan bo‘lsa-da, shundan keyin ham u o‘z asarlarida asosan Furqat taxallusini qo‘lladi.

 

Bizningcha, u Sharifxo‘ja qozining taklifini uning hurmati uchungina qabul qilgan. A’lam ul-ulamoga bo‘lgan ehtiromi taqozosi o‘laroq ma’lum muddat Farhat taxallusida she’rlar ham yozgan. Lekin, o‘zi tanlagan taxallusdan butunlay voz kechmagan.

 

Shoirning o‘z taxallusiga bunchalik sadoqatini qanday izohlash mumkin? Nima uchun u ona-yurtda ekanligidayoq, dastlabki she’rlaridanoq Furqat taxallusini tanladi? Buning bosh sababi nimada? Fikrimizcha, masalaning ildizini shoirning e’tiqodidan, dunyoqarashidan axtarish zarur.

 

Manbalarning guvohlik berishicha, Furqat tariqat ahlidan bo‘lgan. Sakkiz yoshidanoq Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr”ini asliyatda mutolaa qilgan, tasavvuf ta’limotining inson kamolotida tutgan muhim ahamiyatini bolaligidanoq anglagan. “Ahvolot”da shoirning o‘zi bu haqda shunday yozadi: “...vaqtim xomasi hayotim yuzidin sakkiz raqamni chekti, zehnim tayri “Mantiq ut-tayr” kitobig‘a notiq bo‘ldi. Olti oy bolupar urub qushlar hikoyatini xotima oshyonasig‘a qo‘ndurdum” (“Turkiston viloyatining gazeti”, 1891-yil 12-mart, № 10).

 

Ko‘rinib turibdiki, shoir “Mantiq ut-tayr”ni shunchaki mutolaa qilgan emas. “Olti oy qushlar bilan bolupar urgan”. Hazrat Navoiyning “Mantiq ut-tayr”ni bolalikdanoq yod olganligi e’tiborga olinsa, bu asarning yosh iste’dod fikratiga, dunyoqarashiga qanchalik kuchli ta’sir etganligini his etish mumkin.

 

Keyinchalik Furqat tasavvuf ilmiga oid ilmiy risolalarni mutolaa qiladi. Tasavvuf hayotini amalda yashaydi. Shoir “Ahvolot”da o‘z g‘azallarining “Farg‘ona muzofotig‘a va digar mamlakatlarg‘a muntashir” bo‘lganligini, “...sho‘rangez ash’oridin xonaqoh hofizlari o‘qub, safo xayli halqasiga halovatlar bag‘ishlagan”ligini alohida ta’kidlaydi (“Turkiston viloyatining gazeti”, 1891 yil 12 mart, № 15).

 

“Xonaqoh hofizlari” – so‘fiyona g‘azallarni “safo xayli” – tariqat ahli halqasida qiroat bilan o‘qiydigan hofizlar. Xoslar – ahli Xaqlar davrasida o‘qilib, ular “halqasiga halovatlar bag‘ishlaganligi” Furqat g‘azallarining o‘z davridayoq nechog‘lik yuksak darajada qadrlanganligi dalilidir.

 

Afsuski, hozircha shoirning piri murshidi kim bo‘lganligi haqida aniq ma’lumotga ega emasmiz. Shoir o‘zining “Ummati sargashtaman, yo Mustafo, aylang madad” misrasi bilan boshlanuvchi g‘azalida pirining Namangan shahrida “fano bo‘lgan”ligiga ishora qiladi:

 

Yo g‘ulomi shayxi G‘avsi Qodiriya, rahbarim,

Bo‘ldingiz shahri Namangonda fano, aylang madad.

 

Adabiyotshunos O.Jo‘raboyev shoirning “Bo‘ldingiz shahri Namangonda fano...” so‘zlariga asoslanib, Furqat bu orqali Majzubi Namangoniyni (vafoti 1273/1856-1857) nazarda tutgan, degan taxminni bildiradi (Adabiyotshunos A.Madaminov shaxsiy kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozma bayoz, 43-bet). Majzub Namangoniyning qodiriya tariqati murshidi bo‘lganligi, ayni o‘sha davrda Farg‘ona vodiysida bu tariqat ancha keng tarqalgani hisobga olinsa, bu fikrda muayyan asos borligi ayon bo‘ladi. Ma’lumki, Haziniy ham xuddi shu tariqat vakili bo‘lgan. Furqatning “Qilmasam bo‘lmas” radifli Haziniy g‘azaliga bitgan muxammasi mazmuni ham ular qarashlaridagi uyg‘unlikka dalolat qiladi. Mana o‘sha muxammasning ushbu fikrni tasdiqlovchi bandlaridan biri:

 

Habibin ummati qildi mani ul pok Yazdonim,

Yana berdi qo‘lumg‘a naqd millat birla islomim,

Ketar vaqtimda manga ro‘zi qilsun nuri iymonim,

Sulukimqodiriya, rahbarimdur piri piyronim,

Saharlar hifzi illollohni odat qilmasam bo‘lmas.

 

Lekin Furqatning murshidi kim bo‘lganligi haqida so‘nggi xulosaga kelish uchun masalani yanada chuqurroq o‘rganish taqozo etiladi. Quyidagi bayti ham Furqatning qodiriya tariqatida bo‘lganligini tasdiqlaydi:

 

Iloho, tashlama Furqatni o‘tga,

Muridi hazrati Jiylon, qulungman.

 

Mazkur bayt ham Furqatning qodiriya tariqati asoschisi, tasavvuf ilmida ulkan maktab yaratgan Shayx Abdulqodir Jiyloniyni o‘ziga pir deb bilganligini ko‘rsatadi. Bunga shoirning boshqa she’rlarida ham ishoralar mavjud. “Aylang madad” radifli g‘azalining maqta’i ham bunga dalil bo‘la oladi:

 

Furqatiy yo‘llarda qoldi, G‘avsi A’zam dastgir,

Qo‘l tutarg‘a yo‘q erur bir rahnamo, aylang madad.

 

Ma’lumki, “G‘avs ul-A’zam” – Abdulqodir Jiyloniyning nisbalari. Mazkur baytda Furqat talmeh san’ati vositasida ulug‘ shayxga bo‘lgan ixlos va muhabbatini ifoda etgan.

 

Furqatning shu paytga qadar faqat vatanjudolik iztiroblari ifodasi sifatida talqin etib kelingan “Adashganman” radifli muxammasi (Furqatning 1959-yili nashr etilgan ikki jildlik “Tanlangan asarlar”i II jildida “Adashganman” radifli ikki muxammas berilgan. Ulardan birinchisi – “Kishi holimni bilmas mehribonidin adashganman” deb boshlanuvchi muxammas Furqatniki emas. O‘zbekiston FA ShI qo‘lyozmalar fondidagi 5666 raqamli qo‘lyozmaning 233a-234b, shuningdek, 11517 raqamli qo‘lyozmaning 167a-168b-sahifalarida ushbu muxammas “Muxammasi Xilvatiy bar g‘azali Furqat” sarlavhasi bilan berilgan. Qo‘lyozma manbalarga tayanilmaganligi uchun ayrim tadqiqotlarda ham ushbu muxammas Furqatga nisbatan berib kelingan. Ma’lum bo‘ladiki, bu Furqat g‘azaliga Xilvatiy tomonidan yozilgan muxammasdir. Dastlab akademik A.Qayumov bu muxammasning Furqatniki ekanligiga shubha bildirgan edi. Bu taxmin endi aniq hujjatlar vositasida tasdiqlandi)ning mavzu ko‘lami aslida ancha keng. Asarda shoirning e’tiqodi, dunyoqarashi, xususan, Shayx Abdulqodir Jiyloniyga bo‘lgan ixlosi izhori yuksak san’atkorlik bilan aks etgan, ushbu taxallusni tanlashi sababi ifodalangan misralar ham mavjud. Hazaji musammani solim (mafoiylun mafoiylun mafoiylun mafoiylun) vaznida yozilgan mazkur muxammasning birinchi bandi quyidagicha:

 

Manam sho‘rida bulbul bo‘stonidin adashganman,

Yuzi gul, qomati sarvi ravonidin adashganman,

Dilim hajri-la qondur dilsitonidin adashganman,

G‘aribi ko‘yi g‘urbat xonumonidin adashganman,

Va yo bir murg‘i vahshiy oshyonidin adashganman.

 

Furqat badiiy mahoratining yorqin namunasi bo‘lgan ushbu muxammas birinchi bandining har bir misrasida bittadan, ikkinchi misrada esa ikki badiiy san’at qo‘llangan. Jumladan, birinchi misrada tanosib (bulbul, bo‘ston), ikkinchi misrada tashbihi mafruq (yuzi gul, qomati sarvi ravon) va istiora (dilim hajrida qondur), uchinchi va to‘rtinchi misralarda ishtiqoq (dil-dilsiton, g‘arib-g‘urbat) san’atlari vositasida shoir kechinmalari ta’sirchan ifodalangan. Beshinchi misrada qo‘llangan istiora lirik qahramon kechirgan fojianing ko‘lami nechog‘lik katta ekanligini ko‘rsatadi. O‘z holini “oshyonidin adashgan murg‘i vahshiy”ga qiyoslagani shundan dalolat beradi.

 

Netongkim, la’li yodi g‘unchadek bag‘rimni qon aylar,

Xayoli nargisi andoq nahifu notavon aylar,

Nihoni kuydurub hajr o‘ti po‘stu ustuxon aylar,

Tirikman zohir, ammo xalq bir odam gumon aylar,

Va gar na mahz surat, tanda jonidin adashganman.

 

Birinchi misrada bir paytning o‘zida uch badiiy san’at qo‘llangan. Ulardan eng yaqqol ko‘rinib turgani – tashbih. “La’li” – mushabbih, “g‘uncha” – mushabbihun bih, “dek” – vositai tashbih. Vajhi shabih ishtirok etmayotgani bois bu – tashbih san’atining tashbihi mujmal turiga kiradi. Ikkinchi – istiora (“bag‘rimni qon aylar”) san’ati. Misra yaxlit holda husni ta’lil san’atining betakror namunasidir (shoir bag‘ri qon bo‘lishining sababi yorning la’li labini yod etishi).

 

Shoir ahvoli ruhiyasini ifodalashda istiora maqbul ko‘rilgan shekilli, ikkinchi (“nargis”) va uchinchi (“hajr o‘ti”) misralarda yana ushbu san’atga murojaat qiladi. To‘rtinchi va beshinchi misralar mutolaasi natijasida lirik qahramon iztirobi tazod (tirikman – tanda jonidin adashganman) hamda tanosib (xalq-odam, tan-jon) san’atlari vositasida o‘quvchi qalbiga ko‘chadi.

 

Muxammasda banddan bandga o‘tgan sari tasvir quyuqlasha boradi. Lirik qahramonning “adashish” sabablari tobora “oydinlashadi”:

 

Boshimda hush yo‘q, hayronlig‘imning boisi shuldur,

Ketib aql-u xirad, nodonlig‘imning boisi shuldur,

Yetim qo‘zi kabi nolonlig‘imning boisi shuldur,

Xarob-u, besar-u somonlig‘imning boisi shuldur,

Ki bir sohibkaromat ostonidin adashganman.

 

Ushbu bandda shoir radif (“boisi shuldur”) va hojib (“hayronlig‘imning”, “nodonlig‘imning”, “nolonlig‘imning”, “besar-u somonlig‘imning”) imkoniyatlaridan unumli foydalanadi. Uning ta’kidlashicha, bu holning boisi uning “ ...bir sohibkaromat ostonidin adashgan”ligidir. U sohibkaromat kim? Ma’lumki, sohibkaromat – valiyullohlarga beriladigan nisbat. Demak, bu orqali piri komil nazarda tutilgan.

 

Muxammasning quyidagi bandida shoir “tariqat mulkini shohi, haqiqat sirrin ogohi” deganda qodiriya tariqati rahnamosi Abdulqodir Jiyloniyni nazarda tutadi:

 

Siyodat charxini mehri, asolat avjini mohi,

Shohi mulki fano, kursi-yu shams-u arsh xirgohi,

Yetmushmas xoki ko‘yig‘a Sikandar hashamati, johi,

Tariqat mulkini shohi, haqiqat sirrin ogohi,

O‘shandoq piri komil xonadonidin adashganman.

 

 

Ushbu mazmunni ifodalashda shoir istiora (“siyodat charxi”, “asolat avji”, “mulki fano”, “tariqat mulki”), tansiqu-s-sifat (piri komil ta’rifi), ig‘roq fi-s-sifat (“kursi-yu shams-u arsh xirgohi”) san’atlaridan unumli foydalangan.

 

Ma’lumki, tasavvuf ta’limoti bo‘yicha, inson toki bu foniy dunyoda ekan, Haq taolo visolidan ayriliqda, firoqda yashaydi. Ahli Haqlarning hayotdagi bosh maqsadi – Olloh taoloning jamolini ko‘rish. Uning diydoriga vosil bo‘lish. Tabiiyki, qodiriya tariqatining vakili sifatida Furqat ham xuddi shu maqsad-muddao bilan yashagan. Demak, Furqat taxallusi xuddi shunday e’tiqod, dunyoqarashdan kelib chiqib tanlangan va Haq taolo vaslidan ayriliq ma’nosini ifodalaydi. “Adashganman” muxammasining so‘nggi bandi ham ushbu fikrni quvvatlaydi:

 

Qadimni xam ko‘rgonlar ishq bori mehnati derlar,

Tanimda notavonlig‘ boisi g‘am kasrati derlar,

Qayonda bo‘lsa bir g‘urbatkashida ulfati derlar,

Zamon ahli taxallus bu sababdin Furqatiy derlar,

Necha yildurki oshubi zamonidin adashganman.

 

Qaddi ishq mehnatidan ham, vujudi adadsiz g‘amdan notavon, ulfati g‘ariblar bo‘lganligi bois zamon ahli shoirni Furqat taxallusi bilan ataydi. Mazkur muxammasdagi ushbu misralar mohiyati ham shoir taxallusining qay asosda tanlanganligiga yorqin ishoradir.

 

Nurboy JABBOROV,

filologiya fanlari doktori, professor

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23701
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//