Mafkura
Har bir davrning o‘z o‘lchovi, tosh-tarozusi, muxtasar qilib aytganda “qarichi” bo‘lishi tabiiy. Ularni har kim o‘z madaniyati, hududi, turmush tarziga muvofiq yaratadi. Shu bois o‘lchov birliklari shunchaki miqdor va vaqtni bildiruvchi topilma emas, balki xalqning tarixiy taraqqiyoti, ijtimoiy ong darajasini ko‘rsatib turuvchi mayoqdir.
Yaqin-yaqingacha Turon xalqlari tilida bir-biridan boy va qadimiy o‘lchov birliklari mavjud bo‘lgan. Tanob, botmon, pud, misqol, qadoq, chorak, quloch, qarich, qadam, gaz, ziro, uqiya, unsiya, sotix, chilla kabi birliklarni jilla qursa bir asr muqaddam bitilgan shoir va yozuvchilarning kitoblarida o‘qigansiz.
Ulardan eng qadimiylari, shubhasiz inson tanasiga bog‘langan qarich, quloch, qadam singari birliklardir. So‘ng savdo bilan bog‘liq atamalar (botmon, misqol, qadoq) bozor madaniyatini, masofaga oid birliklar (farsax, chaqirim) esa safar madaniyatini aks ettiradi. “Chilla”, “qahraton”, “ayoz” kabi birliklar insonning tabiat bilan uyg‘unligini ifoda etadi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub “Boburnoma”dagi o‘lchov va vaqt birliklari barchamiz uchun muhim va ishonarli manbadir.
Memuarda uchraydigan vaqt va masofa birliklari, hayotiy misollar orqali sharhlangan quyma iboralar bizga o‘sha davr mezonlari haqida muhim yangiliklarni bera oladi. Eng ahamiyatlisi, Bobur Mirzo ularni shunchaki til birligi sifatida qo‘llamaydi, aksincha, mazmunini kengroq ochadi, qiyos qiladi, zarur o‘rinda izoh beradi.
Avvalo, “gariy” tushunchasiga e’tibor qilaylik. U taxminan 20–25 minutga teng vaqt oralig‘ini anglatadi. Memuarda shunday yoziladi:
“Kechasilari uyqudan uyg‘ongan kishilarga uch gariy yoki to‘rt gariyning bongi eshitilsa, bu ikkinchi paharmi yoki uchinchi paharmi, bilolmay qolardilar. Men tungi gariylarni va bulutli kunlardagi gariylarni qoqqandan so‘ng paharning belgisini qoqishlarini buyurdim”.
Iqtibosdan anglashiladiki, “gariy” kundalik hayotda vaqtni belgilovchi soat vazifasini bajargan. Bunga Bobur Mirzoning shaxsan aralashuvi esa saroydagi tartib-intizom, navbatchilik, ish tartibidagi ayrim chalkashliklarning bartaraf etilishida muhim rol o‘ynagan. “Qoqishlarini buyurdim” degan jumla esa vaqtni tartibga solish davlat boshqaruvining bir qismiga aylanganini ko‘rsatadi.
Asarda “pahar” tushunchasini ham ko‘plab o‘rinda uchratamiz. Kecha va kunduzning to‘rt qismga bo‘lish an’anasi haqida aytar ekan, Bobur Mirzo buni Hindiston tajribasi bilan qiyoslab, farqlarni tushuntiradi:
“Hinduston eli kecha-kunduzni oltmish qismga (bo‘lakka) bo‘lib, har bir qismni “gari” deb ataydilar. Bundan tashqari, kechani to‘rt, kunduzni ham to‘rt qismga ajratganlar. Har bir qismni bir “pahar” deb atashadi, forsiyda “pos” bo‘ladi. Bizning taraflarda “pos” va “posbon” so‘zlarini eshitganman, ammo ularning bu xususiyatlari ma’lum emas edi”.
Bu o‘rinda muallif ikki madaniy muhitdagi vaqt taqsimotini o‘zaro solishtiradi va atamaning mazmunini kengroq sharhlaydi. Qiyos orqali u birlikning nafaqat lug‘aviy ma’nosini, balki boshqa leksik ma’nolarini ham ochib beradi.
Bobur Mirzo vaqtni yanada aniqlash uchun qiyosiy usuldan ham foydalanadi:
“Bizning o‘lkalarda kecha-kunduzni yigirma turt qismga ajratib, har bir qismini soat deyishadi va har soatni oltmish qismga bo‘lib, har birini daqiqa deb ataydilar. Bir kecha-kunduz ming to‘rt yuz daqiqa (minut) bo‘ladi. Bir daqiqaning (minutning) miqdori taxminan olti marta “fotiha”ni (“fotiha” surasini) “bismillo” bilan o‘qish vaqtiga teng keladi, bir kecha-kunduz esa “fotiha“ni “bismillo” bilan sakkiz ming olti yuz qirq marta o‘qish vaqtiga teng keladi”.
Bu yerda vaqt quruq matematik hisob-kitoblarga asoslanmay, ma’naviy e’tiqod tushunchalari bilan ham chambarchas bog‘lanmoqda. Ya’ni, “Fotiha”ni o‘qish vaqti daqiqaning mezoni sifatida keltirilishi vaqtni shunchaki hisoblash emas, inson qalbini muqaddas kalomlarga bog‘lash, his qildirish falsafasini ham anglatadi.
Muallif qanday mezon haqida so‘zlamasin, uning aniq misoliga ham murojaat qiladi. Masalan, “yig‘och” so‘zini olaylik. U taxminan 8 kilometrga teng bo‘lib, ko‘pincha jug‘rofiy hisob-kitoblarda faol qo‘llaniladi.
“Axsi Andijondan g‘arb sari to‘qqiz yig‘ochlik yo‘lda. Umarshayx mirzo buni poytaxt qilgan edi”.
“Yig‘och” karvon yo‘llari va harbiy yurishlarda qulay o‘lchov vazifasini bajargan va hududlarning umumiy maydonini anglatishda qo‘l kelgan.
“Karo‘r” va “kuro‘h” kabi birliklar esa iqtisodiy va hududiy o‘lchovni anglatgan. Ayniqsa “Karo‘r” hisob birligi sifatida davlat moliyasida mustahkam o‘rnashgan:
“Hisori Feruza qal’asini unga tegishli va tobe bir karo‘rlik viloyati bilan Humoyunga sovg‘a qildim va yana bir karo‘r (yuz lak) pul mukofoti ham berdim”.
Ko‘rinib turibdiki, “karo‘r” shunchaki raqamni emas, shohning ochiqqo‘lligi va saltanat moliyaviy imkoniyatini ham ifodalab kelmoqda. Hudud va katta mablag‘ning bir xil atama bilan berilishi esa ushbu atamaning yirik qiymatiga ham ishora qiladi.
“Boburnoma”da “pahar”, “pos” va “qari” atamalari ham vaqt va masofaning tartibli tizimini ochiqlaydi. Quyidagi jumlalarda esa o‘quvchining ko‘z oldiga barchani vaqtdan ogoh etuvchi “qadimgi kurant” namoyon bo‘ladi:
“Agar kunduzdan avvalgi (kunning birinchi yarmidagi) pahar tugagan bo‘lsa, jomga tez-tez urganlaridan keyin biroz to‘xtab, keyin bir marta bong uradilar. Ikkinchi pahar tugagan bo‘lsa, tez-tez urganlaridan keyin biroz to‘xtab ikki bora bong uradilar. Shu singari uchinchisidan keyin uch, to‘rtinchisidan keyin to‘rt bora bong uradilar. Kunduzgi to‘rt pahar tugaganidan keyin ana shu tarzda tunning to‘rt pahari davom etadi”.
Ko‘rinadiki, pahar amalda qo‘llanilgan vaqt tizimi bo‘lib, saroy va qo‘shin hayotida qat’iy intizomni ta’minlash bilan birga, ularning kun taqsimotida ham muhim ahamiyat kasb etgan.
“Tungi ikkinchi posga yaqin bir yerga kelib uyquladik. Kunning birinchi paharida chorboqqa kelib tushdik”.
“Pos” va “pahar” bir xil vaqt miqdorini bildirsa-da, muallif ularni bir voqea ichida ishlatib, vaqtni yanada aniqlashtiradi.
Shuningdek, qurilish ishlarida balandlik o‘lchovi sifatida “qari” atamasi ham keng qo‘llanilgan:
“Har to‘qqiz kuro‘h masofa yerda balandligi o‘n ikki qari keladigan minora qurib, minora ustiga chordara (bog‘ o‘rtasida ikki tomonidan darchalar ochib qo‘yib solingan bino) o‘rnatsinlar. Har o‘n sakkiz kuro‘hda oltita yom otini (u shahardan bu shaharga xat, xabar yetkazuvchining har bekatda almashtirib minadigan oti) bog‘lab qo‘ysinlar”.
Misollardan ayonlashadiki, vaqt va masofa birliklari Bobur Mirzo saltanatida davlat, qo‘shin va jamiyat hayotini tartibga soluvchi mezon sifatida namoyon bo‘lgan.
Har qanday o‘qirman Bobur Mirzoning nafaqat mohir sarkarda va adolatli shoh, balki tengsiz ijodkor ekanini ham bir lahza ham yoddan chiqarmasliklari zarur. Chunki u ayrim o‘lchovlarni o‘z kuzatuvlaridan, tajribalaridan hosil qiladi. Ya’ni, muallif vaqt tushunchasining ilmiy asoslari bilan cheklanib qolmay, xalqchil usullarini ham o‘ylab topadi. “Bir sut pishimi” shunday topilmalardan biridir. Memuarda shunday deyiladi:
“Jahongir mirzoni bir sut pishimi muddati burunroq quvlab chiqaribdilar. Kishilarimizning yarmi u bilan chiqib ketipti. Shunday ahvolga qaramay tajribasizlikdan darvozada turib, yaqin bo‘lsa kelsin, yana bir urinib ko‘ramiz degan mazmunda Jahongir mirzoga kishi yubordik. Ish qo‘ldan ketgan edi”.
“Bir sut pishimi” o‘ziga xos o‘lchov. Sut qaynash yoki pishish jarayoni odatda qisqa muddatni talab qiladi. Demak, bu yerda vaqtning kamligi va vaziyatning tez o‘zgaruvchan tus olishi maishiy turmushdagi jarayon bilan ifodalangani tahsinga sazovor.
Shu kabi “ikki namoz orasigacha” ifodasi ham vaqtni aniq va xolis baholash imkonini beradi:
“Bu tor tog‘ yo‘lidan o‘tib, shu kuni vaqt ikki namoz orasigacha (quyosh botishiga yaqin) borib yetmay bir yerda qo‘ndik”.
Aslida namoz vaqtlarining oralig‘i Islom dunyosida aniq va ishonchli me’yorni anglatib kelgan. Aksar hollarda kun tartibi diniy vaqt tizimiga mos holda tashkil etilishi ham ota-bobolarimizning ruhiy olamini yanada mustahkamlashga xizmat qilgan.
Jang-jadallar ham Bobur Mirzoning vaqt o‘lchovlariga o‘ziga xos tarzda ta’sir o‘tkaza olgan. “Boburnoma”ni o‘qir ekansiz, ikki jangovar holat e’tiboringizni tortmay qolmaydi. Ulardan biri “ot minishchalik fursat”. Bilamiz epchil va chayir jangchi bir sakrashda otga mina oladi. Bu go‘yo tez fursatda sodir bo‘ladigan jarayon singari namoyon bo‘ladi. Parcha o‘qiymiz:
“Undan keyin Humoyun bilan Komron xabar topib, ot minishchalik fursat o‘tmasidan kelib, tanqo‘riqchilariga ko‘tartirib, shahar darvozasi bilan ark darvozasi o‘rtasiga kelib, hurmat ko‘rsatdilar”.
Vaqtning otga minishga ketadigan lahza bilan o‘lchanayotgani – bu alohida topqirlik, muallif tabiatidagi ulkan sezgi va kuzatuv namunasidir.
Ikkinchi jangovar ibora ham shoshilinch va tezkorlikni anglatadi:
“Bayroqdorning bayroq bog‘laguncha fursati bo‘lmadi, bayroqni qo‘liga oliboq otlandi. Yov kelayotgan tomonga qarab jo‘nadik”.
Bu yerda ham vaqt muayyan daraja, ya’ni bayroq bog‘lash jarayoni bilan chegaralanadi. Demak, vaziyat shoshilinch bo‘lganda ham ushbu ibora aytiladi.
Yana bir vaqtli atama sifatida “ikki o‘q otguncha fursat”ni keltirishimiz mumkin:
“Yana sadoqqa solguncha ikki o‘q otguncha fursat o‘tdi chamamda. Yana bir o‘qni paypaslab olib ilgariroq yurdim”.
Bu yerda vaqt jangdagi tabiiy harakatlar bilan o‘lchanmoqda. O‘q otish jarayoni qisqa muddatni anglatadi, shu orqali voqea rivojining jadalligi aniq ifoda etilmoqda.
Memuarda “Bir o‘q otimi” iborasi ham o‘lchov birligi sifatida uchraydi. Agar kamon o‘qi nazarda tutilgan bo‘lsa, tasavvuringizni shu masofagacha bemalol to‘g‘rilayvering. Ushbu o‘lchovni yanada aniqlashtirish uchun, muallif jonli misollarga murojaat qiladi:
“Shunday ehtiyotkorlik qilinar ediki, jangovar safning o‘ng qanot, chap qanot, markaz, hujumchi qismlarining har qaysisi o‘ziga tegishli joyda turib, har bir qismning qurollangan guruhlari o‘rdaning atrofidagi chodirlardan bir o‘q otimi yiroqroqqa piyoda chiqib, butun kecha o‘sha yerlarda qolar edi”.
Sezganingizdek, yuqorida keltirilgan vaqt birliklarini uch yo‘singa bo‘lish, ehtimol adolatli bo‘lar. Birinchisi, xalq tilidagi ilmiy birliklar, ikkinchisi, diniy vaqt birliklari, uchinchisi, jangovar me’yor birliklari. Agar asar shu tartibda o‘qilsa, tahlil qilinsa, hali tilimizga ayon-noayon yana yuzlab o‘lchov birliklarini sinchiklab topish, o‘rganish, keng afkor ommaga taqdim etish mumkin bo‘ladi. Chunki Bobur Mirzo yashagan muhit, diniy e’tiqod, harbiy va ijtimoiy harakatlar o‘sha davrning kun tartibi, ijtimoiy odoblari va amaliy bilimlarini yirik ko‘lamda ochib berishga xizmat qiladi.
Bobur ELMURODOV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Mafkura
Din
Tarix
Falsafa
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q