Askar xatosida “keyingi safar” bo‘lmaydi. Uning ortida VATAN degan manzil bor


Saqlash
13:01 / 06.01.2022 2037 0

Esse

Voqea inson insonni ilk daf’a yerga qo‘ygan mal’un kundan boshlangan…

 

***

Xalilullohni o‘tda kuydirganlar, Iso masihni xochga mixlaganlar, Sarvari Olamni toshbo‘ron qilgan johiliyat avlodi hamon yer yuzida yovuzlik urug‘larini sochayotgan ekan, ularning inson jism-u ruhini zohiriy va botiniy krematoriyalarda tahqirlovchi murvatlari ish berayotgan ekan – ASKAR kerak!

 

Yer atalmish ko‘hna poligonda kechgan shuncha urushlar, vayronagarchiliklar: bevatanlar, bevalar, yetimlar va mayib-majruhlarning asriy avlodi kammi? Insoniyat taqdiri ma’lum “tugmacha”larga bog‘liq bo‘lib qolgan tahlikali uchinchi mingyillik avvalida ham askar kerakmi? Eynshteynning uchinchisi noma’lum-u, to‘rtinchisi aniq o‘q-yoy bilan kechadigan jahon urushlari haqidagi istehzoli farazi, deylik o‘z hayotiy isbotini topgan taqdirda ham, baribir – askar zarur! Garchi bu bashoratning o‘zida ham ramziylik pinhon. Ya’ni, o‘q-yoy bilan kurashish deganda mashhur alloma, qurolsiz, ong va ong osti oqimlarida ro‘y beradigan ruhiy qirg‘inbarotlarni nazarda tutgandek tuyuladi menga. Zotan, ruhiy sezimlarimizda kechajak urushlardan bizni himoya etish uchun ham askar kerak!

 

“Boshqalar tarafindan huquqingning toptalmovi, chetlarga mahkum, mazlum bo‘lmaslik, chet millatlarga o‘z tovushingni eshitdurib eshitmoqqa majbur etuvg‘a shubha yo‘qkim, qo‘lingdagi qurolingg‘a, askariy kuchingga qarab bo‘lur”. (Abdulla Qodiriy. “Bizda askarlik masalasi”. “Ishtirokiyun” gazetasi, 1919-y, 4-noyabr, 211-son.)

 

***

O‘zbekistonda ichida olovi qaynab turgan minglab o‘n sakkiz-o‘n to‘qqiz yashar yigitni bir tom ostida, bir safda, bir oshxona-yu yuvinish xonasida, bir xil kun tartibida – haq-huquq va insoniy qadr-qimmatlar doirasida hech qanday intizomsizlig-u o‘zaro kelishmovchiliklarsiz jamlab turadigan yagona tartib maskani bor. Bu – ARMIYA!

 

Saf maydonida bir-birining belidagi kamarlaridan ushlab, birvarakayiga qadam bosayotgan, yurtimizning turli go‘shalaridan kelgan bo‘z yigitlar hali yaqindan tanishib ham ulgurishmagan. Ular harbiy dunyoga endigina kelishdi. Tabiatning esa shunday azaliy qonuniyatlari bor: dunyoga keldingmi, yurishni, gapirishni, seni o‘rab turgan muhitning issiq-sovug‘iga moslashishni o‘rgan! Dunyoga keluvchi ongli-ongsiz mavjudodning bari shu qonuniyat chizig‘ida oyoqlanadi.

 

“Tizzangni bukmay, qadam tashlaysan, har bir qadaming yetmish, poshnang bilan asfaltning orasi esa o‘n besh-yigirma santimetr bo‘lsin! Chap oyog‘ingni ko‘targaningda, chap qo‘ling ortga cho‘ziladi, o‘ng qo‘ling esa mana bunday bukilib, mushting oshqozoning ustida turadi; o‘ng oyog‘ingni ko‘tarsang – aksincha bo‘ladi!”, “qarab turinglar, o‘ngga, chapga, ortga burilishni ko‘rsataman!”, “yurib, harbiycha salom berishni o‘rganamiz!”, “saf ichida, bosh kiyimsiz va yelkangda qurol bo‘lsa, “chest” berilmaydi!”...

 

Bu yigitlar xuddi bir kunda dunyoga kelgan ko‘plab egiz qo‘zilarga o‘xshaydi. Ularning qulog‘iga o‘zaro janjallashmaslik, mushtlashmaslik, bir-birini kamsitmaslik qoidalari ilk kunlardanoq qo‘rg‘oshinday quyiladi; bir oila ekanligi, o‘zbeklar oilasida aka-ukalar sen-u menga bormasligi uqtiriladi. “Batalon, saflan! Oraliq masofalar olinsin! Kolonna, sherenga to‘g‘rilansin! Distansiya, interval olinsin! Qadam bos! ...Qoldirilsin! Yo, tavba! Bu qanaqa yurish bo‘ldi?! Xuddi aravaga bog‘langan otga o‘xshab qadam bosyapsizlar! Qasamyod kuni ham shunday yursalaring ota-onalaringga kulgi bo‘lmaysizlarmi?! Armiya ko‘rgan akalaring og‘zini ushlab kulmaydi?! Boshqatdan boshlanglar!”...

 

“Oshxona eshigidan bir kolonna bo‘lib kiramiz. Hech kim shoshilmaydi, joy talashmaydi. Viloyat-viloyat bo‘lib o‘tirib olmanglar! Eshik bo‘sag‘asida bosh kiyimlar yechiladi (havo sovuq bo‘lgani uchun)”...

 

Bo‘z yigitlar to‘rt kishilik askar stoli atrofida “o‘tirilsin!” buyrug‘ini kutishadi. Buyruq berilgach, tapir-tupir o‘tirishadi. “Qoldirilsin! Bu qanaqa o‘tirish bo‘ldi?! Shuncha odam birdaniga stulni yerga ishqalab tortsa, bilasizlarmi qanaqa ovoz chiqadi? Tashqaridan o‘tgan odam oshxona o‘pirildi, deb o‘ylaydi. Stul tortilmaydi, ko‘tarib, sekin qo‘yiladi... Sen nega bosh kiyimingni yechmading? Tushunarlimi?”. “Xuddi shunday!”. “Batalon, tashqariga saflan!”...

 

Bo‘z yigitlar bir necha kun o‘tib, armiyada askar uchun eng ko‘p ishlatiladigan savol “tushunarlimi?” ekanligini anglay boshlaydilar.

 

“Hamma “ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik xonasi”ga kirsin! Harbiy qasamyodning matnini, “Garnizon va qorovullik xizmatlari nizomi” moddalarini yod olamiz... “Hamma “kazarma”ga saflansin! To‘shaklarni tuzatishni, adyollar hoshiyasini to‘g‘rilashni o‘rganamiz!”... “To, “batalon, uyquga!” buyrug‘i berilmaguncha hech kim o‘rnini buzmaydi, to‘shak ustiga o‘tirmaydi! Ana, o‘tiraman, desang stulcha bor”... “Hech kim jo‘mrakdan sovuq suv ichmaydi, posbonlar samovarda issiq choy keltirishgan, shuni ichinglar! Choy tugasa, aytinglar, yana keltirishadi!”... “Hech kim safda gaplashmaydi, tupurmaydi, bir-birining oyog‘ini bosib olmaydi! Chunki, sa-a-f? Ha, yashanglar!”

 

Kechki tana ko‘riklarida, badantarbiya mashg‘ulotlarida, tanovul mahallarida, umumiy yuvinish xonalarida, plash chodirlarning ustida otish nazariyasi mashqlarida, majburiyatlarni yod olayotganda, shaxsiy vaqt chog‘larida, “kurilka”larda – bu bo‘z yigitlar maktabda o‘n bir yil birga o‘qigan jo‘ralaridan-da yaqin, bir-birini tushunadigan va yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor bo‘lib o‘sadilar, ulg‘ayadilar.

 

“O‘rtoq kapitan, oddiy askar Asqarov o‘q otishga tayyor!” “Jangga!”... o‘limday sovuq qo‘ndoq kift suyaklariga mahkam taqaladi. Saqlagichni tushirasan. Ko‘z olding bir zum tinib ketadi. Tepkini bossang, o‘q xuddi... yuragingdan otilib chiqadigandek chatnashini his etasan... qulog‘ing shang‘illab qoladi. Dimog‘ingga poroxning hidi uriladi. Bu hid go‘yo sening chin o‘g‘lon bo‘lib yetilganingga shahodat berayotgandek. Hammasi – shang‘illash lahzalarida kechadi...

 

Bo‘z yigitlar sanoqli kunlar ichida armiyaning alifbosini o‘rgana boshlaydi. O‘nlab yangi ma’lumotlarni qabul qilish uchun navqiron shuur, albatta zo‘riqish sezadi. Ammo shu taxlit ular askar degan nomga tobora munosib bo‘lib, xuddi naysondan so‘ng yerni yorib chiqqan adl giyohlarday tez bo‘y cho‘zadilar. Shu sababdanmi, ota-onalari, do‘st-yorlari tantanali harbiy qasamyod kuni jigarbandlarini ko‘rib, uning o‘zgarganini, shunday qisqa fursat ichida ulg‘ayib qolganini tuyqus payqaydilar. Otalar zimdan sevinadi, onalar sevinch yoshlarini bekitishga urinmaydilar.

 

– Oddiy askar Asqarov!

 

– Men!

 

– Harbiy qasamyod qabul qilish uchun oldimga!

 

– Xo‘p bo‘ladi! – Askar qurol dastasini tutib turgan qo‘li bilan birinchi sherengada turgan safdoshining yelkasidan tutadi. Safdosh safdan chiqib, unga yo‘l beradi. Xuddi serjantlar o‘rgatgan kabi tartibda shahdam qadamlar bilan saf o‘rtasiga yetib keladi va bu haqda komandirga bildiradi.

 

– Harbiy qasamyod qabul qilishga kirishilsin!

 

– Xo‘p bo‘ladi! Men, oddiy askar Asqarov...” Ana shu kundan boshlab, harbiy qismda chaqiriluvchi, deya qaraladigan bo‘z yigitga askar degan nom, mas’uliyat va sharaf beriladi.

 

Serjantlarning mehnati zoye ketmadi. Endi ular “qoldirilsin!” buyrug‘ini kamdan kam hollarda beradigan bo‘lishadi.

 

***

Askar oilasi haqida, ro‘zg‘oridagi baland-past, nuqsonli-nuqsonsiz gaplarni, qalbini o‘rtayotgan mushkulotlarni, shu kunga qadar hech kimga aytishga jur’at etmagan sirlarini safdoshiga aytadi. Sevgan qizining suratini unga ko‘rsatadi. Husnixatli quroldoshlaridan unga atab xatlar, she’rlar yozishini so‘raydi... tug‘ilgan kunida jondoshlaridan harbiycha tabrik eshitadi, sovg‘alar oladi...

 

Shu asnoda bir ajoyib tartibot vujudga kelganini barcha askarlar kutilmaganda sezib qolishadi. Bu yoshi bir-biridan farq qilmaydigan, bari birdek navqiron “askarlar oilasi”dir. Askar  askarlar oilasining jonkuyar a’zosiga aylanadi: sutkalik naryad o‘tayotgan do‘stining to‘shak choyshablarini almashtiradi; qisqa muddatli ta’tilga chiqqanida u tayinlagan narsani, albatta, olib qaytadi; do‘sti aytmaslikni iltimos qilsa ham, kechki tana ko‘rigi paytida do‘stining falon yeri og‘riyotgani haqida feldsherga bildiradi; posbonlik paytlari usti ochiq quroldoshining adyolini tortib qo‘yadi; do‘stining kitelini, panamasini o‘zining kirlariga qo‘shib yuvadi; do‘sti sanchiq bo‘lsa, uning kuraklarini uqalaydi; harbiy do‘kondan xarid qilgan shirinlikdanmi, sharbatdanmi do‘stiga ham ilinadi, usiz tomog‘idan o‘tmaydi... askar do‘stiga suyanch bo‘la olayotganidan, mustaqil hayotga to‘g‘ri yo‘ldan borayotganidan sevinadi.

 

Askar harbiy shaharchaning fuqarosiga aylanginini qalbdan kechirib his etgach, tug‘ilgan uyini go‘yo... unutadi. Va bu shaharchada xuddi o‘z uyida yurganday yashay boshlaydi. Ba’zan askarlikka chaqirilayotgan kunda bir nechta chin do‘stlarigina vokzalga kuzatishga chiqishganini eslaydi. Endi qarasaki, o‘nlab ana shunday do‘stlari bor! Qanday yaxshi. Biror safdoshining joni og‘risa, uyidan noxush xat-xabar kelgan bo‘lsa, unga qo‘shilib bab-baravar iztirob chekadi. Kechalari do‘stining qoshida mung‘ayadi. Qo‘l-u tilidan kelgancha uni yupatadi. Uning ruhini ko‘tarishga, chalg‘itishga tirishadi. Endi, qadrdon, bu ishlarni kim ham qiladi, deysiz? Yetti uxlab tushingga kirmagan, umringda biror marta ko‘rmagan, hatto bir o‘lkaning ikki burjida dunyoga kelgan g‘irt begona yigitlar bir-biriga ana shunday qadrdon bo‘lib ketishadi. Bu mehr chodirini kim, qanday qudratli qo‘l ularning boshi uzra tutmish? Hamma gap shunda!

 

Askar bo‘lish, besh-o‘n kunga tog‘ bag‘rida sayrga borib-kelish emas, albatta. Askar hamma zahmatni bo‘yinga olib, o‘z harbiy qismining yo‘nalishidan kelib chiqib, komandirning buyrug‘iga bo‘ysungan holda, deylik, “Jangga!” degan mudhish, ammo ro‘y berishi mumkin bo‘lgan xabarga-da tayyor turish degani. Askar ortidagi darvozadan to‘p o‘tib ketsa, keyingi safar xatomni to‘g‘irlayman, deb bosh egib turgan futbolchi emas. Uning xatosida “keyingi safar” bo‘lmaydi. Uning ortida VATAN degan manzil bor. Zil-zambil harbiy xalta – “meshok”ni yelkaga ortmoqlagancha yerga tushirmay, ilk bor tik tepalikka bir necha bor yugurib chiqish va tushish asnosida tug‘ilganlaringga ham pushaymon bo‘lasan. Ammo bu yelkangdagi qum to‘la qop emas, sening osuda yurtingning aziz tuprog‘i ekanini tuyganing, buni tushunganing sari qalbingdagi alam o‘rnini faxr va sharaf hissi egallay boradi. Askarni ana shu kabi ko‘plab sinovlar toblab boradi. Askar og‘ir yoki yengil o‘tayotgan “o‘tish davri”dayoq bir-birini taniydi. Qalban, ruhan, insoniy jihatlari bilan qo‘shib taniydi. Kimgadir mehri ortadi, kimgadir nafrati. Kimdir ko‘zi ochroq, suqatoyroq bo‘lsa, kimdir mag‘rur va halol... Askarning mehri ham shunga monand mustahkam, qahri ham yovga tikilgan burgutdek qat’iy, qurch.

 

Kim kim ekanligi bilinar sinovlardan jonday do‘stining alplarday o‘ktam o‘tib kelayotganidan behad shodlanadi. Safdoshining etigini cho‘tkalashga poyabzal kremi tugaganini, dastro‘moli, tarog‘i, oynachasi, puli, ruchka-daftari, shampuni, soati yo‘qligini sezsa, kishi bilmas uning cho‘ntagiga qo‘l soladi – kamini to‘ldiradi! Sochini olib qo‘yadi, uning xizmatini og‘rinmay qiladi. Do‘sti haqida kimdir xunuk gap aytsa, yomonotliqqa chiqarsa yoki mazax qilsa g‘azablanadi. Do‘stining kamsitilishiga chidab turolmaydi! Kerak bo‘lsa ko‘krak kerib o‘rtaga chiqadi...

 

***

Eh-e, taroshlanayotgan toshmi, ketmon dastami, xulq-atvormi, tartibsizlig-u kalondimog‘likmi – baribir! Taroshlanayotganga oson bo‘lmaydi. Askar bu manzilda shu haqiqatni teran idrok etadi. Chunki bu o‘z boshiga tushayotir. Uyida ertalablari g‘udranib, “yana biroz yotay” deya tag‘in ko‘rpaga o‘ranadigan erkaliklar bunda ketmaydi. Tag‘in ko‘p narsalarni bu yerdagi intizom inkor qiladi.

 

***

Armiyada qadam chap oyoqda tashlanadi. Odamlar tomonidan to‘g‘ri, deb hisoblangan hayot ko‘nikmalaridan farqli o‘laroq, bari mutlaqo teskari yo‘sinda kechadi. Armiyada to‘rtburchak tosh dumalaydi, dumaloq tosh ko‘tariladi! Buning ahmoqona formula ekanini isbotlashga harchand urinmang – abas! Armiya – faqat o‘z formulalarini tan oladi!

 

Armiya olamining o‘z qonun-qoidalari, hikmatlari bor. Yangi kelgan askarga: “Askar, armiyada uch toifa bo‘lma: o‘g‘ri, ochko‘z, chaqimchi!” – deyishadi ko‘pni ko‘rgan serjantlar. Yoki qo‘liga qurol olib, ilk bor postga chiqayotgan askarning qulog‘iga: “Askar, avtomatning saqlagichini o‘ynama! Shunday vaziyatlar bo‘ladi, saqlagichni qanday tushirganingni bilmay qolasan, yana shunday vaziyatlar bo‘ladiki, saqlagichni tushirolmay qolasan!”. “Askar, armiyada yog‘och ham bir yilda bir marta otadi!”, “Askar, unutma! Seni oila a’zolaring, sevgan yoring kutmoqda!”, “Qurolning vazifasi bitta – dushmanni gumdon qilish!..” shu kabi hikmatlar singdirib boriladi.

 

Yana bir jiddiy undalma borki, uni kulgiga olib ham, teskari aytib ham bo‘lmaydi: “Askar! Postda uxlab qolma!”

 

O‘zbekistonda jangovar quroldan vaziyatdan kelib chiqib, o‘z qaroriga ko‘ra o‘q uzish huquqi faqat soqchiga berilgan! Soqchi – mutlaqo daxlsiz! U davlati ishonib topshirgan postni qo‘riqlash va himoya qilish jarayonida jangovar vazifani bajaradi. Bu jiddiy mas’uliyatni ado etishiga soqchiga xalal berishga hech kimning haqqi yo‘q...

 

Hali tong otishiga biroz bor. Askar postda nayza pichoq o‘rnatilgan avtomatini istalgan paytda otishga chog‘lab, kiprik qoqmay, yutinmay xizmat o‘taydi. Issiq oylarda qora chigirtkalarning chirillashi, oyning tajalli shu’lalari ostida... sovuq oylarda g‘addor poyabzali saqich loydan bezor, izg‘irin shamol o‘pkasini “rentgen” qilib ketsa-da, qor uchqunlari tinmay aziz boshidan savalab yog‘sa-da, u qayerda va nima uchun turayotganini unutmaydi!

 

Hali tong otishiga biroz bor. El bomdodga qo‘zg‘almasdan avval, askar postda turib, elga tinchlik-sihatlik, yaqinlariga umr tilaydi. Askar uchqur zamon-u makon atalmish kelajak manzillarga oshiqayotgan ulovdan tushib qolgan yo‘lovchiga o‘xshaydi. Askar postda turib o‘zini-o‘zi tomosha qiladi! Chin sarhisob – doim beshafqat. Askar bexosdan vujudini ko‘rib qoladi. Ruhi – yo‘q! Ammo u hozirgina shu yerda edi-ku! Qani u?! Askar ruhini paypaslaydi... uning ko‘ngli baayni shoh satrini bitgan shoir ko‘nglidek tuyqus yuksaladi. Askar... onasini sog‘inadi. Sog‘inchlar, iztiroblar ko‘ngilni o‘stiradi... Askar shu kungacha onasi uchun hech narsa qilolmaganiga achinadi. Volidasining dilini og‘ritgan chog‘larini xotirlaydi. Ko‘z o‘ngida mehribon surat namoyon bo‘ladi. Ko‘ngli buziladi.

 

***

Eng to‘g‘ri yo‘l – qiynoq yo‘li! Tun. Kazarma. To‘g‘ri yo‘l izmida toblanayotgan bu badan va lahza sayin tozarayotgan ruh ayni damda sog‘inch taqozosi – ong ostida junbushga kelgan va axiyri ufq uzra chizgi bergan kamalakdek rangin tush og‘ushida. Laziz tush... Qadrdon anhor bo‘yi. Ana, yomg‘ir suv oqimiga o‘q kabi otilmoqda. Bahor. Ana, uning suyukligi – bug‘doyrang, bodomqovoqli qiz. Shu on askarning bedor hislari tugmaday yechiladi, lahzalik epkin ko‘nglini ko‘taradi. U yulduzday jimirlayotgan hayot ziynatini suyganining mushfiq ko‘zlarida ko‘radi. Bu tush – hushdan ortiq, hayotdan qimmat! Izhori yomg‘irpo‘sh ostiga chekinadi. Ajib salqinlik bronejiletning zo‘ridan sanchiq bo‘lgan kiftiga malhamdek bosiladi...

 

Nedir shovqin ila bari izga qaytadi. Tamom bo‘ladi! Go‘yo bor-budini rastaga qo‘yib, ko‘z-ko‘z qilayotgan tujjor misol ong osti o‘z qa’ridagi ganjinalarini allaqanday qichqiriqdan sarosimaga tushgan yanglig‘ darhol yig‘ishtirib oladi.

 

...O, qo‘shiq! Kechirgin, yurak qonmadi.

...Posbon qichqiradi: “Vzvod, Trevoga!!!”

Uyg‘onishdan boshqa choram qolmadi...

 

Posbon “Trevoga” bilan askarni uyg‘otadi. U daqiqa o‘tmay kiyinadi. Bu odatdagiday hayotchanlik bilan egniga libos tortish emas, balki elovrab, nima qilayotganini o‘zi ham bilmay, ko‘zlari qizarib, shartli refleksga aylangan bemaza yumushni bajarish... ammo ko‘nikish shart! Askar yuk xalta va qurollarini oladi. “Jangovar hisob” bo‘yicha o‘z pozitsiyasini egallaydi... uning jangovar shayligi shu tariqa sayqallanib boradi.

 

***

Kechki yo‘qlama – askar kun tartibining muhim qismi. Urush davrida tongotarda jangga kirgan askarlardan oqshom kim qaytdi, kim… qoldi – kechki yo‘qlamada ayon bo‘ladi. Ism-sharifi o‘qilganda “MEN” deb javob bermagan o‘g‘lon nomi sharaf bilan yod etiladi…

 

Yangi asr arafasida Sariosiyoda kechgan janglarda millat o‘nlab Qahramonlari, Elomonlari, Bobur yigitlari mustaqillik himoyasi yo‘lida jon taslim etgan…

 

Tinchlik davri. Baxmal tumanidagi harbiy qismning “Kechki yo‘qlama daftari”da ana shu o‘g‘lonlar nomi hanuz qayd etiladi. Kechki yo‘qlama boshlanadi:

 

“Katta leytenant Mahmudjon Jalilov!”

 

– Vatan himoyasi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan!

 

“Leytenant Boburjon G‘aniyev!”

 

– Vatan himoyasi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan!

 

“Leytenant Sayyor Sadinov!”

 

– Vatan himoyasi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan!

 

“Katta serjant Elomon Otajonov!”

 

– Vatan himoyasi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan!

 

“Serjant Qahramonjon Madalimov!”

 

– Vatan himoyasi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan!..

 

Ro‘yxat yana davom etadi. Yosh askarlar akasi o‘lgan boladay dong qotadi. Ular kimning, nima uchun halok bo‘lganini suyak-suyagidan o‘tkazib seza boshlaydi. Mushtlarini mahkam tugadi. Qirg‘iy qarog‘larida yosh aylanadi... Batalon bo‘yicha navbatchi ro‘yxatni davom ettiradi... o‘z nomini eshitgan askar “MEN!”, deydi... etlar bir junjikadi. Ro‘yxat davom etadi. Askarlar shahd va alam bilan birma-bir borligini tasdiqlaydi... “MEN! MEN! MEN!..”.

 

***

Askarning ko‘zi o‘tmaslashmaydi. Askarning bilagidan kuch ketmaydi. Askar charchamaydi. Askar – harbiy libos ichidagi sog‘inch! Askar – qurol tutib turgan Vatan! Uni mudom onalar duosi, dunyodan shahid ketgan harbiylar ruhi qo‘llab yuradi. Askar bir kuni uyiga qaytadi, qaytganda ham Alpomishday bo‘lib qaytadi. Askar mushtini tugsa, dushmanning, yovuzlikning jon tomiri uzilib ketadi. Askar yaralanib yiqilsa ham, uning o‘ktam siymosi aks etgan surat devorlardan, peshtoqlardan yoniq boqib turadi. Askar – o‘lmaydi!

 

Askar har doim nomini eshitgan on shahd bilan borligini tasdiqlaydi:

 

“MEN!”

 

Alibek ANVARIY

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19266
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16258
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi