Adabiyot
25-dekabr – ko‘pchilik g‘arbliklar kurka yeydigan kun. Inglizlarda bu kun – kristmas, fransuzlarda – noel, ya’ni Iso payg‘ambarning tug‘ilgan kuni sifatida nishonlanadi. Kurka yeyish udumi din bilan bog‘liq emas, Amerika qit’asi ochilgach, yaqin o‘tmishda paydo bo‘lgan, ungacha ovro‘paliklar kurkani bilishmagan. Shu bois bu qush nomida chalkashliklar bor.
Fransuzlar uni – “daynd” (“dinde”) deyishadi, fransuz tili izohli lug‘ati (“Le petit Robert”)da yozilishicha, bu nomning dastlabki ko‘rinishi: “hind xo‘rozi” (“coq d’inde”), “hind tovug‘i” (“poule d’inde”) shaklida bo‘lgan, keyinchalik qisqarib, kurkaning urg‘ochisi – “dinde”, erkagi – “dindon” deb atala boshlangan. Lekin bu nom dastlab kurkaga nisbatan emas, mazkur lug‘atda yozilishicha, asosan Habashistonda tarqalgan kurkasimon boshqa bir qush – bek tovug‘iga (ruscha: sesarka) nisbatan ishlatilgan. Kurkaning asl vatani esa – Amerika, Meksika hisoblanadi. Kurka ilk bora Amerikadan Ovro‘paga ispanlar tomonidan keltirilgan va fransuz tilida unga nisbatan ham “dinde”, ya’ni “hind tovug‘i” nomi qo‘llanilgan (Ammo bu nomlanishda Kolumbning Amerika qit’asini hind orollari deb o‘ylashi yoki Amerika hindulari nomining aloqasi yo‘q, chunki fransuz tilida “dinde” so‘zi sal oldinroq paydo bo‘lgan.).
Turkcha ma’lumotlarga ko‘ra, Habashistonda tarqalgan mazkur kurkasimon qush o‘sha paytlarda usmonlilarga ham ma’lum bo‘lib, turklar uni “bek tovug‘i” deb bilishgan, ehtimol, o‘sha davrlarda hind va habashlarni kishilar u qadar farqlay bilmaganligidandir, bu qush shuningdek, “hindi qush”, “hind qushi” deb ham atalgan. Fransuz tiliga ham uning “hind tovug‘i” (“poule d’inde”) bo‘lib o‘tishida, ehtimol, turkcha “hind qushi” nomining ta’siri bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ingliz tilida bu qushning dastlab “turkiya qushi” (“turkey bird”), keyinchalik qisqacha “turkey” deb nomlanishi o‘sha davrlarda O‘rta Yer dengizida turklarning hukmronligi va dengiz yo‘lidan kelgan ko‘pgina mahsulotlarni inglizlar turklar vositasida kelgan deb o‘ylagani ta’sirida bo‘lgan.
Fransuzlar kurkani “hind tovug‘i” (“poule d’inde”) deb turgan bir paytda hindlarning o‘zlari bu qushni, Amerikadan keltirilgani sababli, dastlab “Peru tovug‘i” deb atashgan. Keyinchalik hind tiliga ham inglizcha “turkey” – “tarka” bo‘lib o‘zlashgan.
Kurka Ovro‘paga keltirilmasdan burun uning Amerikadagi ajdodlari yovvoyi holatda yashagan va bu qushning barcha xonakilashgan hozirgi nasllari Ovro‘pada chatishtirish yo‘llari bilan yaratilgan. Keyinchalik kurka Ovro‘pa bo‘ylab va undan xorijga tarqalar ekan, aksariyat tillarga ispan, fransuz va inglizcha nomlarning boshqa tillarga o‘girilgan shakllarida ko‘chgan. Jumladan, rus tiliga ham bu qush nomi dastlab “индейский петух”, “индейская птица/курица” bo‘lib o‘tgan, keyinchalik esa qisqacha “индейка” deb atalib ketgan.
Xo‘sh, o‘zbek tilida “kurka” nomi qanday va qachon paydo bo‘lgan? Ilgari kurkasimonlar oilasiga mansub biror qush shunday atalganmi? Afsuski, bu kabi savollarga aniq javob yo‘q. “Kurka” va unga yaqin so‘z qadimgi turkiy bitiklar, “Devonu lug‘otit-turk” yoki Navoiy asarlarida uchramaydi. Bobur ham “Boburnoma”da o‘nlab qushlar nomini keltirgan, ammo “kurka” nomi yoki shunga o‘xshash qush ta’rifi mavjud emas. Bizningcha, “kurka” so‘zi o‘zbek tiliga g‘arbiy slavyan tillaridan tatar tili orqali o‘tgan bo‘lishi mumkin. Xususan, ruscha “курица” (“tovuq”)ning ukrain tilidagi shakli: “kurka”, Sharqiy Ovro‘padagi ba’zi slavyan xalqlari tillarida bu qushning nomi “kurka”ga yaqin talaffuz etilarkan. “Kurka” inglizcha “turkey”ning bizgacha buzilib yetib kelgan shakli bo‘lishi ham mumkin.
Abduvohid HAYIT
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q