Yuz yillik  muammo – Elbek yozgan darslik sahifalarida nimalar bor edi?


Saqlash
16:46 / 04.08.2025 212 0

Elbek – Mashriq Yunusov (1898–1939) she’riyat, doston, hikoya va tarjima sohalarida jadid adabiyotining taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan. Ayniqsa, bolalar adabiyotini shakllantirish va rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari alohida e’tiborga loyiqdir. Uning pedagogik faoliyati va yozgan darsliklari nomoddiy madaniy meros doirasida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Elbek tomonidan boshlang‘ich maktab o‘quvchilari uchun tuzilgan “Yozuv yo‘llari”, “O‘rnak” (I, II, III sinflar uchun), “Boshlang‘ich maktab ona tili”, “Bilim” (I, II, III sinflar uchun), “Go‘zal yozg‘ichlar” darsliklari zamonaviy pedagogikaning ilg‘or tamoyillariga mos kelgan. Bu darsliklarda faqatgina grammatik qoidalar emas, balki bolalar ongiga ta’sir etuvchi badiiy asarlar, xalq og‘zaki ijodi namunalariga ham keng o‘rin berilgan. Ularda keltirilgan she’rlar, hikoyalar va masallar orqali bolalarga mehnatsevarlik, halollik, mehr-oqibat kabi insoniy fazilatlar singdirilgan.

 

Nomoddiy madaniy meros xalqning ma’naviy boyligi, qadimiy urf-odatlari, og‘zaki ijodi, axloqiy-me’yoriy tushunchalarini o‘z ichiga oladi. Elbekning pedagogik faoliyati va asarlarini ham ana shu boy merosning uzviy davomi sifatida baholash mumkin. Uning darsliklarida xalq ertaklari, maqol va matallar, xalq qo‘shiqlari hamda milliy qadriyatlar o‘z aksini topgan. Xususan, “Bilim” darsligidagi masallar va hikoyalar orqali bolalarga xalq og‘zaki ijodining eng yaxshi namunalarini yetkazish maqsad qilingan.

 

Elbekning boshlang‘ich maktablarning 1, 2 va 3-sinflari uchun tuzgan “O‘rnak” o‘qish kitoblari 1925-yilda chop etilgan bo‘lib, ular o‘z davrining ilg‘or pedagogik va metodik yondashuvlari asosida yozilgan. Ushbu darsliklar o‘zbek tilida, arab alifbosida yozilgan bo‘lib, har biri alohida didaktik va vizual konseptsiyada ishlab chiqilgan. Xususan, I “O‘rnak” kitobi muqovasida qizil (olov rang), II “O‘rnak”da sariq, III “O‘rnak”da esa yashil rang aks ettirilgan bo‘lib, bu ranglar bolaning idroki va e’tiborini jalb etish, o‘quv jarayonini ruhan va estetik jihatdan uyg‘unlashtirishga xizmat qilgan.

 

Elbek darslikning so‘z boshida quyidagilarni ta’kidlaydi: “O‘zbekiston ma’orif komissarligi qoshida tuzilgan “O‘zbekiston bilim kengashi”ning menga topshirishi bo‘yicha, boshlang‘ich maktablarimizning I, II, III bo‘limlari uchun ushbu qo‘lingizdagi “O‘rnak” otli asarni tuzdim. Buni tuzishda O‘zbekiston bilim kengashining “Ta’lim va tarbiya” komissiyasining ko‘rsatgan yo‘li bilan harakat etishga tirishdim”.

 

Ilmiy nuqtai nazardan, Elbekning pedagogik merosi XX asr boshidagi o‘zbek ta’lim tizimining rivojlanish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Uning bolalar psixologiyasini inobatga olib ishlagan didaktik tamoyillari bugun ham ta’lim jarayonini modernizatsiya qilishda ahamiyatli bo‘lishi mumkin. Shu sababli, Elbekning darsliklari va pedagogik qarashlarini o‘rganish, ularning zamonaviy ta’lim jarayoniga tatbiq etish masalasi nafaqat ilmiy, balki madaniy merosni asrash tomonidan ham dolzarb hisoblanadi.

 

Elbek tomonidan boshlang‘ich maktablarning I o‘quv yili uchun tuzilgan “O‘rnak” o‘qish kitobi 98 sahifadan (shundan 12 sahifasi bo‘sh) iborat bo‘lib, 1925-yili o‘zbekcha, arab alifbosida 25000 nusxada chop etilgan. Kitob mustahkam, qattiq muqovada nashr qilingan bo‘lib, muqovada tabiat qo‘ynida kitob mutolaasi bilan band bo‘lgan ikki nafar o‘quvchi tasviri va turli bezak elementlari joylashtirilgan. Ushbu badiiy bezaklar kitobning nafaqat didaktik, balki estetik va madaniy qiymatini ham oshirgan.

 

 

Mazkur darslik “Maktab”, “Uy”, “Uy ichi” (oila), “Jonivorlar”, “Qushlar”, “Kishi”, “Sog‘liqni saqlash yo‘llari”, “Qurt-qumursqalar”, “Fasllar”, “O‘simliklar”, “Ma’danlar”, “Kashshoflar” kabi 12 ta bobi orqali bolalarga hayotiy va ilmiy tushunchalarni shakllantirishga xizmat qilgan. Ushbu bo‘limlarda umumiy hisobda 85 ta matn, jumladan, ertaklar, hikoyalar, masallar va she’rlar jamlangan bo‘lib, ular o‘quvchilarning nafaqat savodxonligini oshirish, balki axloqiy va estetik tarbiyalashga yo‘naltirilgan.

 

Boshlang‘ich maktablarning 2-o‘quv yili uchun mo‘ljallangan “O‘rnak” o‘qish kitobi 1925-yilda 5000 nusxada chop etilgan, bu o‘z davri uchun salmoqli adabiy-pedagogik hodisa hisoblanadi. Darslik 98 sahifadan iborat bo‘lib, shundan 12 sahifasi bo‘sh qoldirilgan. Kitob mazmunan “Ilm va el tirikchiligi”, “Jonivorlar va ularning tirikchiliklari”, “Fasllar”, “Ma’danlar” hamda “Suv va havo” kabi besh bobga bo‘lingan, har bir bo‘limda tabiiy-mavjudotshunoslik, atrof-muhitni anglash va insoniy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan materiallar jamlangan. Ushbu manbada boblar I–VI tarzida rim raqamlari bilan belgilangan bo‘lsa-da, tartiblashda III bob raqami tushib qolgan. Bu holat ilmiy izlanish olib borish zarurligini ko‘rsatadi.

 

Darslik tarkibida 86 ta matn keltirilgan bo‘lib, ular she’rlar, hikoyalar, masallar va ertaklar asosida shakllantirilgan. Ushbu asarlar nafaqat bolalarning savodxonligini oshirish, balki ularni axloqiy va ma’naviy jihatdan tarbiyalashga xizmat qilgan. Xususan, Elbekning “Ola qarg‘a bilan qurbaqa”, “Ikki tulki”, “Qurbaqa ila sichqon” kabi masallari orqali bolalar ongida axloqiy tushunchalar shakllantirilgan, kishilar orasida uchraydigan turli salbiy odatlarga nisbatan tanqidiy munosabat uyg‘otilgan. Muallif ushbu masallar orqali yosh avlodni rostgo‘ylik, halollik, to‘g‘rilik va odob-axloq me’yorlariga rioya qilish kabi fazilatlarga da’vat etgan.

 

 

Elbek tomonidan boshlang‘ich maktablarning III o‘quv yili uchun tuzilgan “O‘rnak” o‘qish kitobi 1925-yilda 12 000 nusxada chop etilgan bo‘lib, o‘z davrida o‘quv jarayonini ilmiy-metodik asosda tashkil etishga xizmat qilgan muhim manbalardan biri hisoblanadi. Kitob 98 sahifadan iborat, shundan 5 beti bo‘sh qoldirilgan. Darslik o‘zbek tilida, arab alifbosida yozilgan, o‘sha davr ta’lim tizimi va savodxonlik rivojlanishining muhim ko‘rinishi sifatida baholanadi.

 

Mazkur darslik quyidagi 7 bobdan iborat: “Maktab va kishilik turmushi” – jamiyat, ta’lim va madaniyat masalalarini o‘quvchilar ongida shakllantirish; “Fasllar” – tabiatning mavsumiy o‘zgarishlari va ularning inson hayotiga ta’siri; “Jonivorlar” – hayvonot olami, ularning xususiyatlari va hayot tarzi; “O‘simliklar turmishidan” – o‘simliklarning rivojlanishi va tabiat ekotizimidagi o‘rni; “Paxta va undan yasalaturg‘on narsalar” – paxta sanoati, uning iqtisodiy hamda ijtimoiy ahamiyati; “Inqilobiy bayramlar” – o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy hodisalar va ularning ahamiyati; “Fanniy ma’lumotlar” – tabiiy va texnik fanlarga oid ilmiy tushunchalar.

 

 

Darslik tarkibida jami 66 ta matn keltirilgan bo‘lib, ular masallar, hikoyalar, ertaklar va she’rlar asosida shakllantirilgan. Ushbu asarlar orqali o‘quvchilarga nafaqat savod o‘rgatilgan, balki ularning mantiqiy tafakkurini shakllantirish, estetik didini rivojlantirish va axloqiy tarbiya berish maqsad qilingan.

 

Elbek o‘qish kitoblariga kiritilgan she’rlari orqali bolalarning istaklari, qiziqishlari, ularning hayoti, turmushida sodir bo‘layotgan voqealar, yangiliklar va his-hayajonlarini aks ettirib ularni milliy qadriyatlar, vatanparvarlik, tabiat va ilm-fanga bo‘lgan qiziqishni oshirish ruhida tarbiyalagan.

 

“O‘rnak” o‘qish kitoblari bolalar ruhiyati, ularning bilim saviyasi va qiziqishlari hisobga olingan holda yaratilgan bo‘lib, o‘zbek bolalar adabiyoti rivojida muhim o‘rin tutadi. Elbek ushbu kitoblarni tuzishda bolalarbop she’r, hikoya va xabarlarni jamlagan, shuningdek, xalq og‘zaki ijodi namunalaridan, boshqa xalqlarning adabiyotidan tarjimalar qilib kiritgan. Bu esa darslikning madaniyatlararo aloqalarni mustahkamlash, o‘quvchilarning badiiy tafakkurini rivojlantirish va estetik dunyoqarashini shakllantirishga xizmat qilgan.

 

Muallifning quyidagi fikrlari uning darslik yaratish jarayonidagi yondashuvlarini yaqqol aks ettiradi: “Mundarijasiga oling‘on materiallar tub ravishda uch turli yo‘l bilan to‘planmishdir. Birinchisiga, rus adabiyoti va o‘qish kitobidan tarjimalar; ikkinchiga, turkiy tillardagi turli o‘qish kitoblaridan o‘zgartmalar; uchinchisiga millatlar orasida o‘rtoqliq bo‘lib yuritilgan hikoya va masal kabi narsalar. Men bu kitobdagi hikoya va masallarni sharq adabiyotidan (arabcha, forscha) ko‘rganim kabi, rus adabiyotidan ham ko‘p uchratdim”. Bu yondashuv bolalar adabiyotida milliy va umumbashariy qadriyatlarning uyg‘unlashuvi jarayonini ko‘rsatib turibdi. Tarjimalar va xalq og‘zaki ijodining integratsiyasi bolalar uchun nafaqat ma’lumot beruvchi, balki ularning badiiy didi va madaniy ongini shakllantirishga xizmat qiluvchi manba yaratgan.

 

Shunisi diqqatga sazovorki, “O‘rnak” o‘qish kitoblarida bolalar uchun tanlangan matnlar fasllarga bo‘lingan holda tuzilgan. Bu yondashuv o‘quvchilarning atrof-muhitni anglashini osonlashtirish, tabiat va uning qonuniyatlarini chuqurroq tushunishlariga xizmat qiladi. Bahor, yoz, kuz va qish fasllari tabiatdagi o‘zgarishlarni aks ettirish bilan birga, bolalarning real hayotiy tajribasi bilan bog‘langan holda tushuntirilgan. Bu mavsumiy jarayonlarni kuzatish, taqqoslash va sabab-oqibat munosabatlarini anglash ko‘nikmasini rivojlantirgan.

 

Darsliklar hozir ham shu shaklda yozilayotgani Elbekning metodik yondashuvi zamonaviy ta’lim standartlari bilan uyg‘un ekanini ko‘rsatadi. Demak, muallif pedagogika va psixologiya fanlari talablarini yaxshi bilgan va darslikni ilmiy asosda yaratgan.

 

Bugungi kunda ham Elbekning darsliklari o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda. Ular ta’lim tizimining tarixiy asoslarini o‘rganishda va zamonaviy darsliklar yaratishda bebaho ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois, uning pedagogik merosini chuqur tahlil qilish, zamonaviy ta’lim tizimiga moslashtirish va nomoddiy madaniy meros sifatida ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etish muhim ilmiy vazifalardan biri hisoblanadi.

 

Mashhuraxon DARMONOVA,

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros

ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

 

Foydalanilgan manba va adabiyotlar:

1.                 O‘rnak II [Matn] / Elbek (Mashriq Yunusov); Tuzuvchi va mas’ul muharrirlar: M.Darmonova, B.Murodov. Тоshkent. 2025. – 164-b.

2.                 Elbek. I O‘rnak (Boshlang‘ich maktablarning birinchi yili uchun tuzilgan o‘qush kitobidir. O‘zbekiston bilim kengashi qaramog‘indan o‘tgan. Birinchi bosmasi). Toshkant: O‘zbekiston davlat nashriyoti. 1925.  98 sahifa.

3.                 Elbek. II O‘rnak (Boshlang‘ich maktablarning 2 nchi yili uchun tuzilgan o‘qush kitobidir. O‘zbekiston bilim kengashi qaramog‘indan o‘tgan. Birinchi bosmasi). Toshkant: O‘zbekiston davlat nashriyoti. 1925. 3-b.

4.                 Elbek. III O‘rnak (Boshlang‘ich maktablarning 3 nchi yili uchun tuzilgan o‘qush kitobidir. O‘zbekiston bilim kengashi qaramog‘indan o‘tgan. Birinchi bosmasi). Toshkant: O‘zbekiston davlat nashriyoti. 1925. 98 sahifa.

5.                 O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti. Saqlov raqami – 20961, 20962, 2551.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//