Qurbonlikni ifodalovchi ramzlar – suratlardagi gullar nimalarni ifodalaydi?


Saqlash
18:04 / 01.08.2025 170 0

Tasviriy san’atda ko‘z ilg‘amas, biroq his etiladigan ramzlar mavjud. Shulardan biri – gullar. Avvaliga u fonni to‘ldiruvchi bezakdek ko‘rinadi: bir chetda g‘unchalab turgan yoki poyasidan uzilgan bir gul. Ammo diqqat bilan qarasangiz, u oddiy tasvir emas, balki mazmunga to‘la ramz, so‘zlayotgan obraz timsolida namoyon bo‘ladi.

 

Gullar – san’atdagi eng go‘zal, lekin eng kam gapiruvchi obrazlardan biri. Rassomlar ularning rangini, shaklini, holatini va atrofidagi tafsilotlarni sinchiklab tanlaydi. Ma’lum bir holatda so‘ligan atirgul, boshqa sahnada esa oq lilya (piyozgul yoki zambak) – bu tasodifiy chizmalar emas, balki har biri o‘ziga xos ikonografik tilga ega. San’at asarlarida tasvirlangan gullarni shunchaki “bezak” deb qarash: ularning asl nutqini eshitmaslikdir. Gul – sukunat hikoyasidir – hech nima demaydi, ammo hammasini bildirib turadi. Maqolamiz shu haqda.

 

Tasviriy san’atda atirgul obraziga sevgi, go‘zallik va shahvoniy istaklarni ifodalash uchun murojaat etiladi. Shuningdek, atirgul ranglariga qarab, ma’nosi ham o‘zgarib boradi. Yuqoridagi belgilar qizil atirgulga xos bo‘lsa, oq atirgul – sadoqatni, pushtisi – samimiylikni, sarig‘i esa rashkni ifodalaydi.

 

 

Nilufar guli tasavvurimizda ko‘zlarini yumib, chordona qurib o‘tirgan Buddani eslatadi. Bu bejizga emas, albatta. Chunki nilufar guli azal-azaldan tasviriy san’atda xotirjamlik, ruhiy uyg‘onish, ma’naviy barkamollik ramzini ifodalaydi.

 

 

Barcha zamonlar uchun o‘zida ilohiy sirlarni yashirgan liliya bokiralik, begunohlik, onalik ramzini ifodalashi bilan Bibi Maryam obraziga bog‘lanadi. Bokira Maryam aks etgan aksariyat tasvirlarga e’tibor bersangiz, suratning bir chetida, yo Jabroil farishta qo‘lida, yo Maryam qo‘lida Liliya gulini ko‘rishingiz mumkin. Bunday tasvirlarda liliya Maryamning bokiraligini, ona bo‘lish arafasida ekanini anglatib turadi.

 

 

Gulsafsar tasviriga odatda kam duch kelganmiz. Shekspirning mashhur tragediyalaridan biri bo‘lmish “Hamlet” qahramoni, “Ofeliyaning o‘limi” nomli barcha suratlarda go‘zal Ofeliya jasadi atrofida suzib yurgan gulsafsarlar yoshlik, muhabbat, umr yoki g‘am-g‘ussa o‘tkinchiligini aytmoqchi bo‘lgandek tasavvur uyg‘otadi go‘yo.

 

 

Hamisha quyoshdan ko‘zini uzmaydigan kungaboqar guli esa o‘zi ham quyoshga o‘xshashi bilan bizga umid va yorug‘likni eslatib turadi. Van Gogning eng sevimli guli bo‘lmish kungaboqar uning ijodida, balki, ijodkor umidini ham ifodalagandir.

 

 

Mening eng sevimli gulim – nargis yunon afsonasiga ko‘ra, go‘zal Narcissus o‘z aksini suvda ko‘rib unga oshiq bo‘ladi, natijada o‘ziga bo‘lgan haddan tashqari sevgisi tufayli vafot etadi va gulga aylanadi. Shunga asoslanib, bu gul ruhshunoslik fanida o‘zini sevish, tasavvuf adabiyotida ko‘z shaklini eslatgani uchun yaratganning ramziga aylangan. Tasviriy san’atda esa javobsiz sevgi yoki bir taraflama muhabbat timsolidir.

 

 

Moychechaklar hamisha insonga tabassum ulashgani kabi tasviriy san’atda ham yoshlik, mas’umlik ramzini ifodalab keladi. Rim mifologiyasiga ko‘ra, Belides ismli nimfa o‘ziga tikilgan yovvoyi extirosli ko‘zlardan qochib, tangrilardan uni yashirishini so‘ragan. So‘ng tangrilar uni moychechakka aylantirib qo‘ygan ekan.

 

 

Anemona guli (Anemone yunoncha “anémōnē” – “shamol qizi” degan ma’noni anglatadi, ya’ni shamolda titraydigan chiroyli gul) qadim zamonlardan buyon turli madaniyatlarda keng ramziy ma’nolarga ega bo‘lib kelgan.

 

Yunon afsonasiga ko‘ra, Adonis o‘limidan qayg‘uga botgan Afrodite yig‘laydi va uning ko‘z yoshlaridan anemona gullari unib chiqadi – shunga ko‘ra bu gul sevgi, yo‘qotish va qayg‘u ramzidir.

 

Bundan tashqari, gullarning turli holati: g‘uncha, so‘ligan, uzilgan, chirigan; gul bilan bog‘liq tanosub so‘zlar: barg, tikan, poya, band, kurtak, novda, gulchanbar kabi tasvirlar ham sujetning bir qismi bo‘lib, ularning ham o‘z so‘zi bor. Yaxshisi, ularni birma-bir tasniflab chiqaylik.

 

·                   G‘uncha – yashirin go‘zallik yoki yetilmagan tuyg‘ular ramzi.

·                   Ochilgan gul – barkamollik, yetuklik ramzi.

 

Bunga misol tariqasida “Xushxabar” motivi aks etgan rasmlarni yana bir bor eslaymiz. Jabroil farishta keltirgan g‘uncha va ochilgan liliya gulli novda Maryamga keltirilgan ilohiy vahiy so‘zlarini ifodalar edi.

 

·                   So‘ligan yoki to‘kilgan gul – o‘lim, fojea yoki o‘tkinchi tuyg‘ular ramzi.

·                   Uzilgan gul – qurbonlik yoki ayriliq ramzi.

·                   To‘kilgan gul yaproqlari – shahidlik ramzi.

 

(“Ofeliyaning o‘limi” motivini eslang.)

 

·                   Kurtaklar – yangi hayot boshlanishi ramzi.

·                   Poya, band yoki novda – ichki barqarorlik ramzi.

 

Buning eng yaqqol misoli “The Marriage of the Virgin” (o‘zbekchada: “Bokira Maryamning nikohi”) – ushbu motivga bag‘ishlangan san’at asarlari bir necha buyuk rassomlar tomonidan yaratilgan, lekin ularning ichida eng mashhuri Ikkinchi renessans davrining yetuk musavviri Rafael Santi ijodiga tegishlidir.

 

 

Surat markazida rohib (ko‘pincha avliyo yoki kohin) Maryam va Yusufning qo‘llarini birlashtirgan holda turibdi.

 

Yusuf qo‘lidagi novda kurtaklagan – bu yahudiy rivoyatlarida: “Kimning novdasi gullasa, o‘sha Maryamga uylanadi” degan ahd asosida chizilgan.

 

Maryam – oddiy libosda, muloyim nigoh bilan tasvirlangan: itoat, qadarga rozilik holati ramzi.

 

Yusuf bu asarda qahramon emas – u iroda ijrochisi. Shu sababli e’tibor markazidan olib qochishga urinish bor, ammo bu uning ahamiyatini kamaytirmaydi, balki chuqurlashtiradi. Injilda, ayniqsa, apokrif matnlarida Yusuf katta yoshli, dindor, halol, kamgap odam sifatida tasvirlanadi. U Maryamning bokiraligiga putur yetkazmagan, balki tangri irodasiga bo‘ysunib, unga uylangan – bu uning itoatkor va ishonchli erkak ekanidan dalolat. Rafael Yusufning xislatlarini sukut va tana tili orqali ifodalaydi: Yusufning nigohi yerga qadalgan, yuzida hissiy portlash yo‘q, harakati jimjit – bu ruhiy yetuklik timsoli. Yusuf va Maryamning taqdiriga roziligi tasviriga kontrast holda bu nikohdan norozi bo‘lgan boshqa erkaklar biri xomush, yana biri gullamagan novdasini sindirib tashlayapti: bu raqobat, taqdirdan norozilik va tanlanmaganlik ifodasidir.

 

·                   Gulchanbar – ilohiylikka aloqadorlik ramzi.

·                   Tikan – gunoh yoki uyat ramzi.

 

Iso Masihning hochga chormixlangan tasviriga e’tibor bering.

 

 

Bunda Isoning boshidagi tikanli gulchanbar qora rangda va Masihning peshonasini qonatmoqda. Nasroniy rivoyatlariga ko‘ra, Iso Masih Odam Atodan bashariyatga meros bo‘lib kelgan ilohiy gunohni yuvish uchun yuborilgan bo‘lib, uning boshidagi tikanli chambar ana o‘sha gunoh ramzidir, uning peshonasidan oqayotgan qon esa shu gunoh uchun badal, deb qaraladi.

 

Xulosa qilib aytganda, bu hayot sahnasida har kim yoki har narsaning o‘z mohiyati bo‘lgani tarzda ushbu hayot in’ikosi bo‘lmish san’at asarlaridagi har bir qahramon va detal obraz darajasiga ko‘tarilgandir. Bu maqola tasviriy san’at asarlarini tahlil qilishingizda qo‘llanma vazifasini bajarishiga umid qilamiz.

 

Ziyoda TURDIBOYEVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//