
Yaqinda Sherzod Komil Halilning “O‘lim labirinti” to‘plamini o‘qib chiqqan edim. Hozirgina Temirpo‘lat Tillayevning “O‘lim o‘pqoni” kitobini o‘qib tugatdim. Qashqadaryolik yozuvchilarning uslub, poetik makon yartishdagi ko‘p o‘xshash jihatlari bor. Agar Nazar Eshonqul nasrini qo‘shib qiyos qilsak, manzara yanada oydinlashadi va kengayadi.
“O‘lim o‘pqoni” to‘plami bir nechta qissalardan iborat bo‘lib, 1980–1987-yillar orlig‘ida qog‘ozga tushirilgan. Ularning ayrimlari avval ham nashr etilgan. Endilikda yangi davr o‘quvchilari uchun qaytadan, boyitilgan holda e’lon qilinibdi.
“Voris” hikoyasi hozir ham ayrim millatdoshlarimiz osilib yashayotgan aqidalar taftishiga qurilgan. Ota o‘g‘lini maktabga qo‘yishni, uning madaniy dunyoga yaqinlashishini istamaydi. Dunyoni tasarrufidagi uch-to‘rt bosh mol-qo‘yining oliq-solig‘idan iborat deb biladi. Go‘yoki bularning barini o‘g‘lining istiqboli uchun qiladi-yu, aslida bittagina farzandini shu mol-qo‘yga qorovullikka qo‘yilgan cho‘pon itdek ko‘radi. Bolaning dunyosini toptaydigan, tahqirlaydigan bir manzara. Otaning alami-yu abgorligini ko‘tararmidi uning bola joni. U ham “Oq kema”ga oshiqqan bola kabi adirlar ortida g‘oyib bo‘ldi. Vorislik shu taqlid o‘tadi va alamzada, johil, yuraksiz dunyo bolalar va bolalikni mahv etib boradi.
“O‘lim o‘pqoni” qissasi, men yuqorida eslatgan, qashqadaryo nasri tajribalarini o‘zida to‘la aks ettiradi. Yaratilgan mifo-poetik olam, makon hamda zamonning shu tarzda hal etilishi, yarim savdoyi odamlar, qahramonlarning qorong‘ilikka tushib borishi va syujetning shu asosga qurilishi, ifoda tarzi, jumlalarning burama shakllari, Kafka, Borxes, Dostoyevskiy asarlariga ochiq berilish – Nazar Eshonqul uslubini takrorlaydi. Takrorlaydi deyish noto‘g‘ridir. Chunki har ikki ijodkorning bu yo‘nalishda tajribalar olib borgani bir davrga to‘g‘ri keladi. Ularni bir muddat bitta laboratoriyada ishlagan deyish mumkin, ehtimol. Temirpo‘lat Tillayev bu asarida professional yozuvchi sifatida qalam suradi, bu, ayniqsa qahramonning tashqi qiyofasi va ichki kechinmalarini uyg‘un ifodalashda ko‘rinadi. Ammo bu ifodaga ortiqcha zo‘r berish sun’iylikni yuzaga keltirgan. Bu sun’iylik syujetga, ifodaga, bayonga bevosita ta’sir ko‘rsatgan. “Ko‘k tangri”, “Ko‘k bo‘ri”ga aloqador jumlalar, “Qur’on” oyatlari matnga begona bo‘lib qolgan, singmagan. Bu olaquroq maydonda – asar nima maqsadda yozilgan o‘zi, degan savol ko‘ndalang bo‘ladi.
“Basirat tuni” qissasi ham Chingiz Aytmatov asarlariga mavzu jihatdan uyg‘un. Bu qissadan ham bola yelkasiga tushayotgan kaltak saslari eshitilib turadi. Bolalik dunyosining kattalar dunyosi oldidagi ojiz va hayajonli ovozi, uning ichki o‘lchamlari mohirona tasvirlangan. Ammo ayrim dialoglardagi, syujet nuqtalaridagi sun’iylik asarning ta’sir kuchini qirqqan.
“Paymona” qissasi ham boshqa hikoyalar kabi qiziqish bilan o‘qiladi, ularning hech biri ma’nan eskirmagan. Bunda ham matn mohoratli yozuvchiga tegishliligi bilinib turadi. Ammo bu qissada ham ayrim tahrirtalab o‘rinlar bor. Jon berolmay alahlab yotgan chol juda rovan fikrlaydi, roviyga aylanib ketadi.
Hikoyalarda mantiqiylik buzilgan o‘rinlar bor: “Ko‘kda yulduzlar sovuqdan junjikkandek charaqlardi”, “...oynadek yaltirab yotgan Oynako‘l”, “Nima emish, menda e’tiqod yo‘q emish. E’tiqod-petiqodingdan o‘rgildim... Nima, anovi iymonsiz chollarga qo‘shilaymi?!” (“Turnalar ohi”); “biyron qo‘llar bilan jun titib” (“Basirat tuni”); “...tuhmat Xudoning arshidan ulug‘”, “Avvaliga o‘t-o‘lanlarni bosib-yanchib kelayotgan eshakning shiviri, so‘ng sinchiklab qarayvergach, qorong‘ilik ichida elas-elas qora ko‘rindi” (“Paymona”) kabi.
Kitobni nashrga tayyorlashga doir kamchilik ham kuzatiladi. Ayrim jumlalar bir o‘rinda aynan takrorlangan: “...xayoli ham tiniqlashib borardi”, “...uning tafakkuri tiniqlashib borardi”, “...idroki tiniqlasha boshladi”, “...tiniqlashayotgan shuuri” (139, 165-betlar; “Turnalar ohi”); “ingrab yubormaslik uchun lablarini qattiq tishladi” (218, 219-betlar; “Paymona”). Butun xat boshi takrorlangan o‘rinlar ham mavjud (219, 223-betlar; “Paymona”). Nashrda matnga aloqador bo‘lmagan “Qulbul rais bilan juda o‘xshash obraz, muallif mulohazalari ham o‘sha hikoyadagi kabi takrorlangan” jumlasi qolib ketgan (232-bet; “Paymona”). Matn kirill xatidan lotin xatiga o‘tkazilganda yuzaga kelgan xatolar tuzatilmagan. Bu kabi texnik xatolarga qaramasdan, kitobni yaxshi ko‘rib o‘qidim. “O‘lim o‘pqoni” yosh yozuvchilar, boshlovchilar, ellik yoshdan oshsa ham yo‘l topolmay yurganlar uchun o‘qilishi zarur bo‘lgan kitoblardan biri.
Shahnozaxon NAZAROVA,
filologiya fanlari doktori, dotsent
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Adabiyot
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q