“O‘lim labirinti” yechimini izlab: Hisor o‘rmonzorlarida kezayotgan Folkner


Saqlash
17:25 / 28.01.2025 129 0

Adabiy tanqidning kundan kunga ko‘milib borayotgan tor so‘qmog‘idan o‘tib olsam, u yog‘i kenglik. Shundaymikin?

 

O‘zimdan to‘rt-besh yosh katta, to‘rt-besh yosh kichik ijodkorlar-u havaskorlarning yozganlarini o‘qib, shunday hissiyot tuyaman. Hech ko‘nglim to‘lmaydi, nega ular umrida kitob o‘qimagandek yozishadi. Nega yozganlarida, jahon adabiyoti durdonalari-ku mayli, Oybek, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, hatto O‘tkir Hoshimovni o‘qigani sezilmaydi.

 

Adabiy tanqidchimi, shoirmi, nosirmi – o‘zini o‘z avlodi safida kuchliroq sezadi, o‘zini ko‘proq namoyon eta oladi, tarbiyalanadi, maslakdoshlari bilan adabiyotni yangilaydi. Oxirgi adabiy avlod sifatida tan olinadigan 70-yillar avlodi shunday edi, ular hozir ham shunday. Biz, ya’ni mendan to‘rt-besh yosh katta-yu, to‘rt-besh yosh kichik ijodkorlar avlod sifatida shakllanmadik, bunga yaqin ham bormadik va tabiiy tarzda to‘da-to‘da havaskorlar bo‘lib qolib ketdik. Roman yozishni esa yengil bir shamollashdek ko‘plar yuqtirib ham oldi. Shaxsan o‘zim ular ichidan fikrimga fikri bilan, g‘ayrat-shijoatimga g‘ayrat-shijoati bilan javob beradiganlarni izlayman. Axir katta aql egalari bo‘lsa-da, to‘qsonga yaqinlashayotgan Ibrohim G‘afurov bilan, yetmish beshni qoralayotgan Erkin A’zam, Xurshid Do‘stmuhammad yoki oltmishga kirayotgan Jabbor Eshonqul bilan tengdosh emasman. O‘z avlodim va avlodimning fikr olamida yashashni istayman. Buning uchun fikrda keeeeeeeeenglik kerak, juda-juda kerak.

 

Shu kunlarda Sherzod Komil Хalilning “O‘lim labirinti”ni o‘qib chiqdim (Hikoyalar. “Yangi asr avlodi” nashriyoti, 2024-yil. 2000 adad). Va o‘zim istayotgan kengliklarga umid uyg‘ondi. Hozir esa daryo va o‘rmon turkumidagi hikoyalar haqida yozmoqchiman.

 

Oldindan aytib qo‘ya qolay. Bu hikoyalarning hammasi bir manzil bilan bog‘liq, qahramonlar taqdiri bir makonda uyurmadek aylanadi. Muallif o‘zini xuddi o‘z Yoknapatopasini yaratgan Folkner yoki o‘z Makondosini yaratgan Markes kabi sezadi, ularga ochiqdan ochiq ergashadi. Hisor o‘rmonzorlari, Oqsuvdaryo bo‘ylari, Kitob-u Shahrisabzda kechgan taqdirlar bir-biri bilan pechak guldek tutashib ketadi.

 

Garchi taqlidan bo‘lsa-da, yaratilgan makon – fikr kengliklariga bog‘lanadi, vaqt oqimida sehrlanib qolgandek bo‘lasiz. Muallifning tang-u torlikni unutib, shakllangan go‘zal, bo‘liq ifoda tilida yozishi, sokin go‘shalarning sokin manzarasi va bu sokinlik ortida suron solib gurlayotgan hayot o‘quvchini maftun qilib qo‘yadi.

  

Bu manzil-makonlar go‘zal tabiati, sokin ko‘llari, o‘rmonzorlari bilan sizda sakinat uyg‘otsa, ba’zida ular shu qadar balo-yu ofatning tagida qoladiki, ulkan ilon mayitlarni yamlamay yutadi, dumli yulduz kasofati bilan butun qishloq quturish kasaliga yo‘liqadi. Yozuvchi modernizm, sehrli-realizm tasvir va ifoda vositalaridan foydalanadi. Qahramonlari – o‘rmonchi, ovchi, miltiq ko‘tarib yuradi. Va qattiq fe’l-atvori bilan o‘z tabiatini ko‘z-ko‘zlab turadi. Bu sahifalarda ajinalar, ajinadan yomon odamlar, folbinlar, qon sirqirab turgan taqdirlar kezib yuradi.

 

Endi ayrim mulohazali o‘rinlarni aytib o‘tmasam hech bo‘lmaydi. Yozuvchi hayratsirab, tegirmonxona, ko‘lga qarab ketadigan yo‘lak kabi ifodalarni qo‘llaydi. Bu yasalgan so‘zlar-u ifodalar g‘alizlik tug‘diradi. Yaxshi muallifga yaxshi bir muharrir zarur. Matnda takrorlar, uslubiy xatolar bor. Xatolar o‘quvchining oyog‘idan chalaversa, bu sahifalardan bosh olib chiqib ketishga majbur bo‘ladi. Misollar keltiraman. “Tuman ajinasi” nomli hikoyada bir sahifaning o‘zida ikki o‘rinda “bir nimalar demoqchi bo‘ldi-yu” jumlasi qo‘llangan. Yoki “U o‘qlarni miltiqqa bir paytlar bobosi o‘rgatganidek qilib o‘qlamoqchi ham bo‘ldi”, “Bola chiroq yorug‘ida cholni, haqiqatan ham, miltiqni o‘qlab, tokchaga qo‘yib qo‘yayotganiga e’tibor qaratdi” kabi. Yoxud boshqa hikoyalardagi “Axiyri, oqqushlarni tirik tutishga ko‘zim yetmasligiga aqlim yetgandi”, “Qamoqda shuncha yil o‘tirib chiqdim, lekin u yerdan tirik chiqdim”, “O‘rmon sariq rangga bo‘yab qo‘yilgandek daraxtlar sap-sariq” kabi. Bunday uslubiy xatolar ba’zi hikoyalarda 5-6 o‘rinda uchraydi va oshdan chiqqan toshdek bezor qilib yuboradi.

 

Ba’zi hikoyalarda muallif ifoda va tasvirda sehrli-realizmning ta’siriga, tashqi ifoda vositalariga berilib, insoniy asosiga hech narsa qo‘ymasdan o‘tib ketadi. Nazarimda, “Talvasa” o‘shanday hikoya bo‘lib qolgan. Umuman, yaratilayotgan uslubga xalaqit berayotgan bir necha jihatlar bor. Biri, yuqorida aytganimiz, alohida tasvir va alohida ifodaga berilib ketib, insoniy asosdan uzoqlashish. Ikkinchisi, uslublarni birlashtirishda ba’zi tajribalarning muvaffaqiyatsiz chiqishi. Masalan, “Qaytish” hikoyasida o‘nlab hikoyalarni, yuzlab taqdirlarni bir nuqtada jamlash tamoyili – hech bir hikoyasini bir-biriga bog‘lab bo‘lmaydigan, bunday maqsad ham qo‘yilmagan “Ming bir kecha” syujet yo‘sini bilan qorishib ketgan. Uchinchidan, roviyning nutqi ba’zida juda tarvaqaylab ketadi. “Nayrang” hikoyasida oshpaz “...pullarni sarflab bo‘lgach, Rembrandtning “Oqpadar o‘g‘ilning qaytishi” kartinasidagi yigitga o‘xshab, uyga shumshayib qaytdim”, deydi. “Men u kartinani maktabdagi tarix darsligida ko‘rganman”, deya tag‘in ishontirishga urinadi. Matn, qahramonning ruhiy, ma’naviy holati hamda nutq maromi bu jumlalarni ko‘tarmaydi, sun’iy va yarashiqsiz tuyiladi. Yoki “Na’matak” hikoyasida ovchi kirakashga birdan yoriladi va tinimsiz vaysaydi. Osongina yoriladigan dard bo‘lsa, dard ham emas ekan-da, deb o‘ylab qolasiz. Ovchiga ichidagi necha yillik toshdek botib yotgan og‘riqlarni ayttirishdan oldin, uni biroz “qizitib olish” kerakmidi.

 

Shunga qaramasdan, kitobni qiziqish va havas bilan o‘qib chiqdim. Muallif menga yozuvchilikning chinakam qora mehnati bilan o‘sayotgan, uslub yaratayotgandek tuyildi. Bular 10–12 yil oldingi qoralamalar ekanligini hisobga olsak, hozir muallif nasrda kamolotning qaysi nuqtasiga yetdi ekan, taqlidlar ijodkorlikka aylandimikan, tajribalar o‘zini oqladimikan, degan savollar tug‘ildi.

 

Shunday qilib, kitobdagi yakuniy “O‘lim labirinti” hikoyasini o‘qir ekansiz, barcha voqealar va ularning qahramonlari muallif yaratgan labirint ichida aylanayotganini to‘la tushunib yetasiz. “Ulkan ilon qishlog‘imizdan chiqqan yili folbin xotinning azal suviga qarab ochgan foliga qaraganda, u hammamizdan ham uzoq umr ko‘radigan kimsa emish; uning peshonasiga taqdirning o‘zi mangulik muhrini bosgan emish; ehtimol, u o‘lmasligi ham mumkin emish” jumlalarini o‘qiganda bu o‘zimizning Markes ekanligiga amin bo‘lasiz. Roviy bekorga “To‘g‘ri, ichimizdan Sherzod Komil Хalil degan yozuvchi ham chiqqan”, deya bekorga pisanda qilmaydi. Qadim yog‘och kulbaning mog‘or bosgan og‘ir eshigini kuch bilan ochib qahramonlar bilan birga ichkariga kirar ekansiz, o‘rgimchak to‘ri qoplagan, zax va ufunat to‘lgan kulbada sizni Folkner kutib oladi. Faqat endi dangasalik va kibr sehrini ishga solib, Sherzod Komil Хalil degan yozuvchini o‘rmondagi qadim yong‘oqqa bog‘lab, o‘rmon chumolilar ixtiyoriga qoldirib ketmasa bo‘ldi.

 

Shahnozaxon NAZAROVA,

filologiya fanlari doktori, dotsent

 

Muallifning “U shaharga choponining yengida qishlog‘ining cho‘log‘i-yu, beva xayollari bilan kelgan – Jontemirga maktub” maqolasini bu yerda o‘qing.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24244
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//