El oldida ichilgan ont insonni boshqa kishiga aylantiradi – Turkiylarning “Ont kosasi”


Saqlash
14:30 / 09.02.2026 35 0

Zamon og‘rig‘ini teran his qilgan ziyolilar borki, mudom millat tili atrofida jam bo‘lgan. Ular uchun so‘z – qurol, til – ruhiyat, ma’rifat – chin maslak edi. XX asr boshlaridagi o‘zbek ziyolilari orasida Behbudiy, Fitrat, Elbek va boshqa ko‘plab ziyolilar tilimizning ma’naviy qo‘rboshilari edi. 

 

Kamina uchun yangiday ko‘ringan ayrim so‘z va mulohazalarni bayon etsam. Behbudiy asarlarini varaqlab, ajib so‘zga duch keldim. Ma’rifatparvar adib ota-onasiga yozgan xatlarida yuksak hurmat va ehtiromini namoyon qilarkan, tilimizda go‘yo siyqasi chiqqan bir so‘zning yangicha ko‘rinishini keltirib o‘tadi. “Tashakkurnoma”, “Maqtov yorlig‘i” kabi bir enlik qog‘ozlar Behbudiy tilida “Ofarinnoma” ko‘rinishida yangraydi:

 

“Marhamatlik qiblagohim! Maktabg‘a kelgandan beri, alhamdulilloh, tinch va sihatdurman. Boshqa sheriklarim qatorinda saboq o‘qub turibman. Birinchi o‘quganlarimni imtihon berib “ofarinnoma” oldim. Maktabga aslo xafa bo‘lganim yo‘q”.

 

Jadidlarning nafaqat favqulodda ilmi, balki kelajak yuz yillarni his qila olishi meni doim hayratda qoldiradi. Masalan, Behbudiyning bir da’vati xuddi kunimizning yuragi bo‘lib turgan sun’iy intellekt, elektron texnologiyalar ilmini o‘rganishga hamohang keladi:

 

“Ey musulmonlar! Bolalaringizg‘a kelar zamon ilmini o‘rgatingiz! Zeroki, alarni xudo taolo xalq etdi, sizni zamonangizdan boshqa, ya’ni kelar zamon uchun”.

 

Professor Fitrat tilimiz islohiga bel bog‘lar ekan, turkiy tilimiz qaysi manbalardan oziqlanishi lozimligini uqtirib o‘tadi:

 

“Tilimizning sof shaklini daladag‘i el-aymoqlarimizda ko‘ra olamiz. Dalada yashag‘an el-aymoqlarimiz orasida unlarning jon ozig‘i bo‘lib turg‘an dostonlar, ashulalar, matallar, laparlar, qo‘shiqlar bor. Shunlarning hammasini buyuk bir diqqat bilan yozib olish kerak, el-ulus orasida yozuv doirasig‘a kirgan ...kabi aristo‘krat shoirlarimizning asarlari bor. “Qutadg‘u bilig”, “Hibatul-haqoyiq”, “Devoni lug‘atit turk”, “Muqaddimatul-adab” kabi eski vasiqalar bor. Shunlarning hamasini qilni qirq yorib tekshiraylik; bir-biriga solishtirib, kelishtirib, tekli, tubli natijalar olayiq...”.

 

Olim shu jumlayi olami bilan turkiy til islohiga boradigan jaridani chizib berganday. Adib har qanday “ilmiy axtarishlar bo‘lmag‘uncha bunlarning birtasi ham bo‘lajaq emas”ligini shu yo‘sinda ta’kidlaydi.

 

Yana bir ma’rifatparvar Elbekning tilimiz himoyasi yo‘lidagi jonbozligi ehtiromga loyiq. U “Turkiston” gazetasida “Lug‘at va atamalar bobi”ni ochishni taklif etib, jamoatchilikni faol bo‘lmoqqa chorlaydi.

 

Tilimizdagi o‘nlab xorijiy so‘zlarni matbuotda e’lon qilarkan, turkiycha muqobillarini ham taklif qiladi. Masalan, mamlakat – o‘lka, yetim – o‘ksuz, duxtir – emchi, dorixona – emloq, inqilob – to‘nkarish, musobaqa – o‘zishma, taqdir – yozmish...

 

“To‘nkarish”ning yana bir xalqona variantini o‘qib qoldim – oyoqlanma! Bu so‘z qo‘zg‘olon, isyon, xalqning oyoqqa turishi ma’nosida muomalada bo‘lgan. Ahad Andijonning “Turkiston uchun kurash” asarida shunday yoziladi:

 

“Turkistonda Rusiyaga qarshi biror isyon chiqishiga ishonmayman. Bundayin oyoqlanma sodir bo‘lsa, shafqatsiz bostiriladi”.

 

Istaymizki, bu topilmalar davomli-davomli bo‘lgay...

 

Mehmon va mezbon

 

Mehmonning turkiy xalqlardagi obro‘si yuksak bo‘lib, otadan ulug‘ligi cho‘pchak emas. Unga izzat-ikrom ko‘rsatish, taomlantirish, xushxulq bo‘lish mezbonning ma’naviy burchi. Bu an’ana avvalo oilada, so‘ngra davlat miqyosida ham qadriyat darajasida turgan.

 

Alp Er To‘nga jangnomasida mehmondorchilik haqidagi yuksak fazilatlarga urg‘u beriladi:

 

Kelsa uma tushurgil,

Tinsin aning aruqluq.

Arpa, saman yag‘utg‘il

Bulsin ati yaruqluq.

 

Ya’ni:

Senikiga mehmon kelsa, uni qo‘ndir, u hordiq chiqarib, dam olsin, otiga arpa, somon sol, oti yorug‘lik rohatidan bahra olsin.

 

Arab geografi va sayyohi Abu Is’hoq al-Forisiy al-Istaxriyning “Kitab masalik al-mamalik” nomli asarida Movarounnahr tasvirlari va ajdodlarimizning go‘zal fazilatlari haqidagi kechinmalar bor. Asarda Movarounnahrliklarga kelgan mehmon xoh tanish, xoh notanish bo‘lsin, o‘zini o‘z uyida deb his qilishi aytib o‘tiladi.

 

“...Movarounnahrda odamlar bir xonadon kishilari kabidir. Bir kishi boshqasinikiga o‘z uyiga kirganday to‘xtaydi. Mezbon yo‘lovchining bu ishida yomonlik ko‘rmaydi. Kelgan mehmonni tanimasa-da, undan sovg‘a umid qilmay og‘irini yengil qilishga bor kuchini sarflaydi”.

 

Jumlalarni davom ettiramiz: “Ularda har bir kishi borini o‘zi va uyiga kelgan mehmondan ayamaydi. Borsang, katta qasr va mehmon uchun xona qurayotgan joy egasini topasan. Uning vaqti kechasi kelgan yo‘lovchiga sharoit hozirlashga ketishini ko‘rasan...”.

 

Bu kun bir zamonlardagi turkiy bobolarimiz yer-mulk, boylik emas, mehmon talashishgan desak lofga o‘xshar. Ammo asarda shu xislat haqida ochiq-oydin faktlar aytiladi:

 

“...Bir yo‘lovchi to‘xtasa, uning uchun bahslashib, tortishadilar. Movarounnahrda hech kim na kechasi va na kunduzi odamlar bor joyda narsasini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqmaydi. Ular bu borada boshqalar davlat to‘plashda bahslashgani va boyligi bilan maqtanganlari kabi o‘zaro bellashadi”.

 

Yaqingacha qishloq darchalarimizga qulf tugul, cho‘pak ham osilmasdi. Ammo asrlar avval bundan-da ulug‘vor zamona bo‘lgan:

 

“...Men So‘g‘dda shunday hovlini ko‘rdimki, u yuz yildan ko‘proq vaqtdan beri qulflanmaydi, hamma vaqt mehmonlar uchun ochiq. To‘satdan bu xonadonga yuz-ikki yuzlab mehmon keladi, uy egasi hech qiynalmay mehmonlarni ot-ulovlari bilan joylashtiradi va ziyofat qila oladi”.

 

Zamonaviy restoranlarda oq qo‘lqop kiyib xizmat qiladigan ofitsiantlarni ko‘p ko‘ramiz. Bu manzara yevropacha madaniyatning bir qismiga aylanib bo‘lgan. Mening hayratim XV asr boshlarida Samarqandga, Amir Temur saroyiga kelgan Kastiliya elchisi Rui Gonsales de Klavixoning iqrorida bo‘ldi. U ziyofatlarda qo‘liga maxsus qo‘lqop kiygan xizmatkorlar mehmonlarga ovqat tarqatayotganini taajjub bilan tasvirlaydi. Chunki bu paytda Yevropada hali oddiy gigiena qoidalari ham bir maromda emasdi...

 

Sayyoh “Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403–1406-yillar)” asarida shunday yozadi:

 

“...Charm dasturxon ustiga shu qadar ko‘p go‘sht qo‘yilgan ediki, ko‘targanda naq yirtilib ketishi mumkin edi. Go‘sht keltirgan xizmatkorlar podshohdan yigirma qadamcha nari ketganlaridan so‘ng go‘sht maydalovchilar hozir bo‘ldilar, oldilariga peshband tutgan, qo‘llariga charm qo‘lqop kiyib olgan go‘sht maydalovchilar charm dasturxon yoniga tiz cho‘kib o‘tirdilar”.

 

Vaqtlar o‘tsa-da, mehmon va uning dasturxoniga hurmat yashab qolaverdi. Turkiy xalqlar shu aqidani doim yodda tutdi.

 

Chingizxon saltanatida ham bovurchi (dasturxonchi) lavozimi bo‘lib, u “ovqat va ichimlik mudiri”, keyinchalik xonning asosiy oshpazi (bakovul) bo‘lgan. Bularning bari mehmonning izzat-hurmati uchun edi.

 

Mezbon mehmonning ko‘nglini olishdan tashqari jonliqlariga ham mas’ul bo‘lgan. Ot-ulovning qorni to‘yg‘azilgan. Chorvador ko‘chmanchi turkiylar piyoda uzoq yo‘l bosib kelgan mehmonga qaytarda ot ham tuhfa qilgani dostonlarimizda, tarixiy manbalarda keltiriladi.

 

Bobur mirzo “Boburnoma”da darbadarlik chog‘larida ham mehmon sifatida ulug‘langani, hatto otlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilgani haqida yozadi:

 

“...Seshanba kuni vird (duo) o‘qib, Yonbuloq yo‘li bilan Kobulga qarab jo‘nadik. Asr namozi vaqti Algatu daryosidan kechib, namozshom payti Qorabug‘aga kelib, otlarga yem berildi. Tezda ozgina ovqat hozirladilar, otlar arpasini yeb tugatgach, yana yo‘lga tushdik”.

 

Mehmon va mezbon madaniyati burungi xonliklarimizda ham davom etdi. Saroyda nafaqat mahalliy, balki xorijlik elchilarni qabul qilishga mutasaddi bo‘lgan shig‘ovul, dasturxonchi, munshiy, ovqat suzuvchi va ichimlik quyuvchi – to‘qsoba kabi lavozimlar bo‘lgani barchamizga ayon.

 

Turkiylarning “Ont kosasi”

 

Ont ichish va unga amal qilish turkiylar uchun or, nomus, hayot-mamot masalasi edi. Hatto ichilgan ont uchun xalqqa belgi berish maqsadida osh va suv tarqatilgan. Shu orqali ahdga vafo yanada mustahkamlangan.

 

Faoliyatim yuzasidan askarlarning qasamyodiga ko‘p guvoh bo‘lganman. El oldida ichilgan ont chindan insonni boshqa kishiga aylantiradi.

 

Nega ont ichiladi? Buning tarixiy asosi borligiga shubham yo‘q edi. Manbalarda bu xususida ajib faktlarga duch keldim.

 

Qadimda skiflar nafaqat vatan himoyasini, balki do‘stlikni ham buzilmas qasam bilan mustahkamlar ekan. Ichilgan ont bir umr sodiqlik, vafodorlik ramzi bo‘lgan. Ko‘chmanchilar jamiyatida ham qasamyod marosimlari yuksak darajada o‘tkazilgan.

 

Ont atamasi qayerdan paydo bo‘ldi? Bir qancha dalillar bor. Ma’no-mazmuni bo‘yicha eng ishonarlisi nazarimda “Ont kosasi”dir. Miloddan avvalgi davrlarda xunlar va xitoy elchilari o‘rtasida “ont kosasi” bo‘lgani, bitimlar shu kosalarda ichimlik ichilgan holda tuzilgani haqida ma’lumotlar bor.

 

Yana bir manbada Chingizxon saltanatida taxtga o‘tirgan kishining ont ichishi uchun Tolu deb nomlangan kosa bo‘lgani haqida aytiladi. Ont kosasi mo‘g‘ullar uchun shu qadar muhim ediki, hatto Chingizxon o‘g‘illaridan birining ismi Toluy (Tulu) edi.

 

Keyinchalik kosa xalqlarni birlashtiradigan birdamlik ramziga aylangan. Qadimgi turkiylar ont kosasini qimizga to‘ldirar, qasamyod qilganlarning bari bilagini kesib, tomchi qonini oqizardi. So‘ngra jamoa o‘sha aralashmani navbati bilan ichar, qonlar birlashuvi ularga ruhiy yaqinlik, jipslik bag‘ishlardi.

 

Mahmud Koshg‘ariy “Devon”ida turkiylarning temirga e’tiqodi, uning nomi bilan ont ichilishini o‘ziga xos ramzda ifodalaydi. Ular qilichni oldilariga ko‘ndalang qo‘yib, “Bu kök kirsün, qızıl çıqsun” deydilar. Ma’nosi: “va’da buzilsa, bu ko‘k kirsin, qizil chiqsin, ya’ni qonga belanib chiqsin. Bu ahd buzilsa, temir seni o‘ldirsin, o‘ch olsin”.

 

Qasamyod qilish tariximizning barcha etnik va zamonaviy qatlamlarida bo‘lgan va bo‘layotir. Amir Temur qo‘shinidan tortib Bobur lashkarigacha muqaddas ontning mavqeyi baland saqlangan.

 

Bobur mirzo qo‘shin ichida yurib, ular bilan birga qasamyod qilardi. “Boburnoma”da shunday yoziladi:

 

“Tangri taolo bunday saodatni bizga nasib qilibdi va bunday davlatni bizga yaqin aylabdi. O‘lgan – shahid, o‘ldirgan – g‘oziy. Barchangiz Tangrining kalomi nomi bilan bu urushdan hech kim yuz o‘girishni xayoliga keltirmasligi va to tanasidan joni chiqmagunicha bu jang va urushdan chiqib ketmasligini aytib, ont ichmog‘ingiz kerak...”.

 

Shu asnoda barcha bek va navkarlar muqaddas Qur’onni qo‘liga olib, yuqorida aytilgan jumlalarni takrorlagancha qasam ichishgan. Bunday yig‘inlar odatda barchaning ko‘z o‘ngida o‘tkazilib, yaqin-yiroqdagi do‘st-u dushmanning yuragiga qo‘rquv solgan.

 

Tilimizdagi ayrim so‘zlarning ma’nosi tarixan ont ichishga tengligini yoddan chiqargandirmiz ehtimol. Masalan, indallo so‘zi. Gapning indallosi deymiz ba’zida. Xuddi po‘stkallasini, lo‘ndasini aytaman deganday. Bu so‘zning lug‘aviy ma’nosi “Allohning huzurida”, “Allohga yaqin”, “Allohning yonida” degani. Yaratganning huzurida yolg‘on gapirib bo‘larmidi? Demak, Alloh oldida aytilgan so‘z bajarilishi shart bo‘lgan ontga teng.

 

So‘z bilan ulfatlik...

 

Yondaftarimga tez-tez birnimalar yozib yuraman. Xalq og‘zaki ijodidan, Navoiydan, Bedildan, Anbar Otindan, Abdulla Qodiriydan...

 

Ularni na zamon, na davr bog‘lamasa-da, so‘z qudrati oldidagi jasorat va mahorat birlashtiradi. Kutilmaganda baxshi shunday deydi:

 

Seni minib doim to‘dada chopdim,

Yaxshi ulfatlarning ko‘nglini topdim.

 

Qarang, go‘yo chavandozning ot minib, gulgun davralarda chopgani ko‘z oldingizga keladi. Aslida ma’no o‘zani boshqacha. Bekmurod Jo‘raboy o‘g‘liga tegishli ushbu termada baxshi “Seni minib doim to‘dada chopdim” deya uchqur tulporga emas, do‘mbirasiga murojaat qilmoqda.

 

Baxshining mahorati, so‘z o‘yini ustasi ekani shunda emasmi?

 

Hazrat Navoiy “Munshaot”ida uzoqni ko‘ra oluvchi, aqli har narsaga yetadigan kishilarni nima deb ataganini o‘qib, miriqdim. Durbin degan. Bu so‘z forschada “uzoqni ko‘ra oluvchi ma’nosini anglatadi. Insonning zakovati, tafakkuriga nisbatan ishlatilgan so‘z keyinchalik uzoqni yaqinlashtirib ko‘rsatadigan asbobga nisbatan ishlatila boshlangan. Noyob topilma, shundaymi?

 

Mirzo Bedilda ham bebaho so‘z zargarligini ko‘raman. Shoir yozadi:

 

Naqshi ma’kusi nigin az sajda megardad durust,

Sarnavishti vojgunro rost mesozad namoz.

 

Muhr o‘yilgan uzukka ters xat naqsh etilgan. Barmoq bukib nigin qog‘ozga bosilsa, muhrning ters xati o‘ng bo‘ladi. Ey, inson, sening ham peshonangga taqdir xati chappa yozilgan. Uni o‘ng xatga aylantirish uchun peshonangni sajdaga qo‘y. Sening xaloskoring namozdir... Bir muhrga berilgan ta’rifning go‘zalligini qarang. Yana bir qiyosi shundaki, uzuk oq qog‘ozda bukilib sajda qilgani uchun u doim e’zozda. Bedilona chuqur falsafiy bayt!

 

Chindan ham xalqning har so‘zi hikmat. Abdulla Qodiriy uni ta’riflar ekan, shunday deydi: “Xalq hikmatlari turmush onasining dard chekib tuqqan o‘g‘li”.

 

Ajabo, baxshi do‘mbirani tulpor qilib chopar, so‘z mulkining sultoni uzoqni ko‘ra oluvchi donishmandni durbin atar, Bedil muhr orqali inson taqdirini o‘nglar, Qodiriy esa xalq og‘riqlarini hikmatga yo‘yar. Bularning barchasi til tubidagi ganja, so‘z qudrati qarshisidagi sajdadir.

 

Bobur ELMURODOV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025 yil 4-son.

“Til tubidagi ganja” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Vatandosh

17:02 / 05.02.2026 0 94
Xazinaga yo‘liqqan o‘n oltinchi farzand





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//