Tishi butun odam
Xalqimiz ota-onasi hayot bo‘lgan odamni “Falonchining tishi butun” deydi. Bu gapni men ham bir necha marta ishlatganman. Shukur, tishimiz butun deb. Ammo nima uchun aynan tishning tugalligi, sog‘lom ekani ota-onaga nisbat berilishini bilmasdim.
Yaqinda jag‘ tishimning o‘rtasi teshildi. Yemak chaynadim deguncha to‘g‘ri o‘sha tishning teshigini topib boradi. O‘sha joyga zig‘irday narsa kirib qolsa ham odamni betoqat qiladi. Ovqatni bemalol chaynash haqida-ku gap ham bo‘lishi mumkin emas. Bu ham yetmaganday, istalgan narsani olib, mazza qilib chaynay olmay qoldim. Mo‘rt bo‘lib qolgan jag‘ tishim zirqiraydi. Shundan so‘ng kemtik tish qanchalik azob ekanini bildim.
Ne tongki, bu hodisa ayni otamni manguga kuzatishimdan bir muddat avval sodir bo‘ldi. Avval tishim, keyin otam ketdi. Xudo bergan yaxshi kunlardan birida ishga jo‘nadim. Yo‘l-yo‘lakay tishim kemtigiga kirib qolgan ushoqni olish bilan andormon edim. Beixtiyor tish butunligi haqidagi ibora yodimga tushdi. Otasiz o‘tayotgan kunlarim haqida o‘yladim. Tish va ota-ona orasidagi bog‘liqlikni topganday bo‘ldim. Tishi sog‘lom odam istalgan taomini hech o‘ylanmay og‘ziga soladi. Shu yo‘sin rizqini to‘liq hazm qiladi. Yemak – quvvat demak. Tish butunligi shu bois ham kuch-qudratni, shijoatni bildiradi. Qalmoq alplari Boychiborning tuyog‘iga gulmix qoqadi. Buni ko‘rgan Barchinoy gulmixni tishi bilan sug‘urib oladi. Shu orqali epos uning g‘animga nafrati qanchalik kuchli ekanini ham, Boychiborga mehrini ham, bu ikkisini izoh etishdagi kuch-qudratini ham ifodalaydi. El yana aytadi: “Falonchi shuncha dardni tishi bilan tishlab, yelkasi bilan sudrab yuribdi”.
Dard ulkan qopga mahkamlangan. Qopning og‘zini falonchiboy yelkasi osha tortib, tishi bilan berkitgan. Ana shu iztirob qopini yolg‘iz o‘zi sudrab yuribdi. Negaki, uning tishi mahkam, dardini tashga chiqarmagani bilan og‘rig‘ini so‘zsiz tushunadigan ota-onasi bor. Ularni asrash uchun ham odam o‘sha iztirob qopini ochib turishi kerak. Bo‘lmasa, muttasil bosim tishga zaxa yetkazadi. Uni suv olishi mumkin...
Ha, elda “tishi suv olgan” degan ibora ham bor. Agar falonchiboy pistonchiboyga yoqmasa, uni xafa qilsa, so‘ng pistonchiboy biron gapi, harakati bilan falonchiboyga qarshi borsa, uning bu qasd olishini izohlab, “tishining suvi bor” deydilar.
Tishi suv olgan odamlar og‘riq yomonligini aytadi. Bu dardning davosi etni teshib, suvni chiqarib yuborish ekan. Dildagi ranj, alam, hasad ham shunday. Faqat hasadni duxtir emas, vaqt, hayot davolaydi. Buni Boybo‘ri bilan Boysari misolida ham bilamiz.
Maslahatchilar Boysari ham o‘lpon to‘lasin dedi. Bu boyga og‘ir botdi. “Shuncha molim, elim bo‘lsa ham qadrim yo‘q ekan. Taxt baribir akamga berilgan, gapi suvni kesar ekan!” dedi.
O‘rtaga shayton oraladi. Boysarining tishi suv oldi. Arazlab yurtni tashlab ketdi. O‘sha zardob, alam qismatning sinoviga tashladi. Unga Qalmoq yurti egalari molboqarday munosabatda bo‘ldi. Bu darddan qutulish uchun suv to‘plagan etni yorish kerak edi. Shu bois Barchinoy Alpomishni chaqirdi. Hayot majbur qilgach, Boysari ham Alpomishga mushtoqligini bildi. Suv to‘plagan et yorildi. Gina ko‘tarildi. Odamning qo‘li baland keldi. Hasad o‘zini o‘zi yoqib, yo‘q qildi. Boysari “Tutoqlashsang ham tutashib o‘tir” degan naql bekorga aytilmaganini bildi.
Kenglikning teskari o‘lchami
“Tutoqlashsang ham tutashib o‘tir” degani jo‘n ibora. Lekin ildizi mustahkam. Tutoqlashish – yoqalashishdir. Bu bilan qarindoshlar urishsa ham tutashib, bir-biriga yaqin yashagani ma’qul deydi el. Boysari shuni bilmadi. Dunyo keng dedi. O‘zim davlat qilaman, qilolmasam akamga o‘lpon bergandan ko‘ra begonaga cho‘ri bo‘laman dedi. Boybo‘ri ham shu fikrga sherik bo‘ldi. Ukasini olib qolmadi. Dunyo keng, qayerda bo‘lsa ham boshi omon bo‘lsin dedi. Ular o‘sha paytda bunday kenglikning teskari o‘lchami borligini bilmasdi. Shuni o‘ylab bir voqea esimga tushdi.
Otamning ikki ukasi – Hakimxon va Avazxon akalarim bir qishloqda yashaydi. Ularga bir-birining uyi shundoq ko‘rinib turadi. Hakimxon akamning uyi ikki tepalikning o‘rtasi – soyning adog‘ida. Avazxon akam ikki chaqirim naridagi kichik tepalik ustiga uy tiklagan. O‘rtadagi ikki chaqirimlik masofa ochiq maydon. Hali telefon yo‘q paytlarda ikki tomon bir-birini chaqirish uchun oyna tutardi. Quyosh nurida yaltirayotgan oynani ko‘rgan odam unga javoban oyna ko‘rsatadi. Chaqiriq olgan tomon yo‘lga tushadi. Akamlar bolalariga aytadi: “Chopib akangning uyiga borib kel, oyna tutayapti, nima derkan?”. Yoki “Bobong chaqirayapti, bilib kel, tinchlikmikan?”.
O‘shanda biz bir qarich jujuqlarga bu ikki uyning orasi bir qadam edi. Hatto akamlarning o‘zi ham erinmasdan piyoda borib-kelaverardi. Bir kuni Avaz akamning uyidan nargi tomon – Hakimxon akamning hovlisiga ko‘z tikar ekanman, o‘yladim: “Dunyo shunchalar tor bo‘lganmikan?!”.
Ha, hozir dunyo keng! U shunchalar kengki, shaharning bu boshidan narigi uchiga arzon va mazzali yemak izlab borasan-u, ikki uy orasidagi masofa malol keladi – oyna tutib o‘tirguncha o‘zi kelsa bo‘lmaydimi?! O‘rtada ikki chaqirimlik masofa bo‘lsa ham tutoqlashib yashash mumkin, lekin tutashib bo‘lmaydi... Saraton kunlari bu qishloqni “olov” zabtiga oladi. Soy va huv o‘sha tepalik orasida shayton og‘zidan chiqqanday garmsel izg‘iydi. Shukur, garmsel o‘tkinchi... kuz kelib, kun tob tashlaydi. Xirmon ko‘targanlar to‘y boshlaydi. Ikki akam telefon oynasida bir-birini ko‘rib gaplashadi: “Falonchiboy to‘y boshlabdi”. “Chaqirgan bo‘lsa boramiz, tayyor turing, moshin bilan uyingizga o‘taman”.
Aka-ukalar to‘yga borib-qaytguncha xirmon, bozor gurungi avj oladi. “Yeryong‘oqni falon so‘mdan so‘rab yuribdi ekan, tortishmasdan berkishmas, savdoni pishitib, berib yubordim, ertaga hashar”.
Tortishish tanish so‘z. “Berkishish” esa mahkam bo‘lish, jipslashish degani. Savdoga nisbatan ishlatiladigan bu naql birinchi marta Boybo‘ri bilan Boysariga qarata aytilgan bo‘lsa ne tong! Axir Boybo‘ri o‘lpon to‘lamayman deb yurtdan ketgandi. Bu el-yurtga adolatsizlik ekanini keyin bilgan, qaytgach, o‘z ixtiyori bilan o‘lpon to‘laganiga shubha qilmayman. Illo, dunyo adolat ustiga qurilgan. Uni adolatsiz demoq xato, nafs izmiga yurishdir. Zero, nafsning qiyofasi ko‘p. U qanday ko‘rinishda bo‘lmasin – balo. Shu bois xalq “Nafsim mening balodur, yongan o‘tga soladur” deydi. Uning bir shakli manmanlik. Shayton adolat qarshisida adolatsizlik deya kibrga berildi va qiyomatgacha hasad o‘tida yonishga mahkum bo‘ldi.
Dunyo adolati
“Ming qo‘yli boyning eshakliga ishi tushibdi” deydi xalq. Alpomish ming qo‘yli boy edi. U butun boshli mamlakatning egasi bo‘lgan. Kamiga jismoniy qudratda ham, aql-zakovatda ham tengsiz edi. Ana shu Alpomishning ishi bitta eshagi bor Kayqubot degan cho‘ponga tushdi. Cho‘pon yo‘qolgan echkisini axtarib, choh boshiga kelib qoldi. Alp uni so‘roqqa tutdi: “Kimsan?”.
Cho‘pon o‘zini tanitdi. Murodini aytdi. Alp chohga tushib ketgan echkini hazm qilib bo‘lgan edi. Ana shu echkining suyagidan chanqovuz qilib, cho‘ponga berdi. Cho‘pon unga marhamat ko‘rsatdi. Chanqovuzni sotib, bozordan non olib keldi. Alp yana bir chanqovuz berib aytdi: “Bozorga borib chanqovuzni chalasan, kim yasaganini hech kimga aytmaysan”.
Bu chanqovuz Alpomishning tili edi. Uning nag‘masi musofirning nolasi bo‘ldi, yurakni sel qildi. Shu tariqa Tovkaoyim Alpomishni topib keldi. Ozodlik sari yo‘l topildi. Bunga bir echkining o‘limi, cho‘ponning mehribonligi va alpning hunari sabab bo‘ldi. Xullas, maqoldagi hikmat shu, mingta qo‘yim bor deb kerilma, kun kelib bitta eshagi bor odamning qo‘liga qarab qolishing mumkin.
Endi ana shu maqol, eposdagi holatga bog‘liq yana bir fikr.
Davlat qushi degan gap bor. Kuntug‘mish bor mulkidan – bolalari, xotinidan ayrilib, qalandar bo‘lib qoladi. Ana shunda uning boshiga davlat qushi qo‘nadi. Podshoning vafotidan so‘ng saroy ahli odatga ko‘ra qush uchiradi. U kimning boshiga qo‘nsa, o‘sha kishi podsho bo‘lishi kerak. Qush uch marta uchiriladi. Ammo u har safar “qalandar”ni tanlaydi. Shu tariqa Kuntug‘mish podsho bo‘ladi. Yigitning moli yo‘lda. Dunyo ham yo‘l. Qalandar qaytib Kuntug‘mish bo‘ladi. Yo‘l-yo‘lakay xotini va bolalari topiladi.
Xalqda Kuntug‘mish, Alpomish kabi qalandar ahvoliga tushib qolishning yaxshi izohi bor. Ya’ni “Falonchining davlati ko‘tarildi” deydi. Bunday gap odatda o‘lgan odamga nisbatan aytiladi. Kimdir hayotdan ko‘z yumgach, uning oilasi qanchalik boy bo‘lmasin, moddiyatdan qiynalib qoladi. Vaholanki, oilaning pul topadigan odami hamon tik oyoqda, ishlari ham yaxshi bo‘lishi mumkin. Shunday holatni xalq vafot etgan odamning ismini aytib, “Falonchining dunyosi ko‘tarildi” deya izohlaydi.
Alpomish chohda yotganida uning ham davlati ko‘tarilgan edi. Shu bois hali taxtda o‘tirgan Boybo‘ri birdan davlatidan, taxtidan ayrildi, tuyaboqar bo‘lib qoldi. Alpomishning onasi, singlisi, xotini va bolasi ham boshqalarning yugurdagiga aylandi. Nega? Chunki Alpomish nafsiga erk berdi, aqli ketdi; aqli ketgach, jismoniy quvvati ham kesildi. U chohga tushdi va o‘lgan odamdan farqi qolmadi – davlati ko‘tarildi. Oqibat, o‘g‘li ketayotganda taxt egasi bo‘lgan Boybo‘ri ko‘p o‘tmay tuyaboqar bo‘lib qoldi. Alp qaytdi, davlati ham o‘zi bilan birga keldi. Ultontoz dunyoga egalik qilaman deb o‘ylagandi, adashdi. Chunki u birovning haqqi boshqa birovda qolib ketmasligi haqidagi hikmatni bilmasdi. Yoki nazarga ilmasdi.
Odamning tabiati shunday. Ko‘p hikmatni nazarga ilavermaydi. Oqibat o‘zini baxtsiz hisoblaydi. O‘sha baxtsiz holida baxtiyor ekanini ham bilmaydi-da. Ultontoz mol boqib yurganida baxtli edi. Yonida onasi bor edi. Ko‘rgan, bilgan Alpomishning bo‘lasi der edi. Alpomishning bedarak ketishi Ultontoz uchun baxt sinovi bo‘ldi. U buni udda qila olmadi. Bunday sinovdan o‘tganlar alp bo‘lishini epos bot-bot takrorlaydi.
Sinovning dovi
Qorajon tishi kemtik qahramon. Uning onasi bor, otasi aytilmaydi, yo‘q hisobda. U yaxshi bilan yomonni farqlaydi. Qalmoqning sakson to‘qqiz alpida esa faqat jismoniy quvvat bor. Hayot – sinov maydoni. Unga kelgan borki, sinovdan o‘tadi. Unda boshni tik tutib o‘tish hammaga ham nasib qilavermaydi. Ultontozning sinovi Alpomishning bedarak ketishi edi. U Boybo‘riga o‘g‘liday xizmat qilganida izzat topardi. Ammo Ultontoz bu sinovga dosh bera olmadi. O‘tkinchi dunyoning moliga yopishdi. Oxiri xor bo‘ldi. Qalmoqning sakson to‘qqiz alpi ham Alpomish orqali sinaldi. Ular g‘irrom yo‘lni tanladi. Boychiborning oyog‘iga gulmix qoqdi. Alpomishni mast qilib, chohga tashladi. Hakimbekning sinovi esa o‘sha choh bo‘ldi. Muddao shuki, kim qaysi yo‘lni tanlamasin, bari o‘tdi-yu ketdi. Axir donishmand el bekorga dunyoni bozor demagan. U qancha qiziq bo‘lmasin, ikki gaz matoni yelkaga tashlab ketish bor. Gap o‘sha matogacha qanday yetib kelishda...
Onam go‘dakligida Haqning huzuriga ketgan opa va akamni eslaganida “Ularni tushimda ko‘rganday bo‘ldim” degan edi. Keyin ukam ham Haqning huzuriga ketdi. Bunga ham sal demasa yigirma yil bo‘ldi. Hozir o‘tgan umrimga boqib, uni ham tushimda ko‘rganday bo‘laman. Ha, dunyo uzoq ko‘rilgan tushga o‘xshaydi. Buni Mavlono Jaloliddin Rumiy ham aytgan: “Dunyo hayoti tushga o‘xshaydi. Dunyoda mol-dunyo egasi bo‘lish tushda xazina topganday gap. Dunyoning moli nasldan naslga o‘tib, dunyoda qolib ketadi”.
Ana shu tushni to‘g‘ri ta’bir qila olish – alplarga berilgan sinovdan mardona o‘tish demak. Qorajon ham tushini to‘g‘ri ta’bir qildi. Hakimbek Qalmoq yurtiga kelayotganda bir joyda dam oladi. Shu kecha Alpomish, Barchinoy va Qorajon bir vaqtda tush ko‘radi. Avvalgi ikkisining tushi yaxshilikdan so‘zlardi. Ular diydor yaqinligini ko‘radi. Ammo Qorajon o‘rnidan kalima aytib turadi. Buni ko‘rgan bir kam to‘qson alp “ot tort”, ya’ni “ot minib aylanib kel, ko‘ngil chigili yoziladi” deb maslahat beradi.
Ko‘rinadiki, Qalmoq yurtning kelajagi to‘qson alpning ichidan faqat Qorajonga ayon bo‘ladi. Sababi, Qorajon boshqa alplardan farqli o‘laroq, o‘zligini saqlab qolgan, haqiqiy alplik maqomiga yaqin edi.
Hali ko‘nglidagi g‘ashlik tarqamagan Qorajon Hakimbekka duch keladi. Qorajon Alpomishni taniydi va birdan unga do‘st ekanini biladi. Demak, Qorajonning tushiga Alpomish Qalmoq yurtiga egalik qilishi kirgan. Ayni dam unga haq yo‘lida bo‘lgan Hakimbek bilan do‘st tutinish aytilgan (buyurilgan) deb taxmin qilish mumkin. Ko‘rinadiki, taqdirning o‘zi Qorajonni yemirilib borayotgan jamiyat – qalmoqlardan uzoqlashib, o‘zligini saqlab qolish uchun qo‘ng‘irot eliga qo‘shilishga majbur ekanini ko‘rsatgan. Buni filologiya fanlari doktori Shomirza Turdimov “Etnos va epos” kitobida juda chiroyli tushuntirib bergan.
Doston so‘ngida Qorajon Hakimbek bilan ko‘rishadi. Dostonning men biladigan variantida u haqida boshqa ma’lumot berilmaydi. Xo‘sh, uning keyingi taqdiri nima bo‘ldi? Nazarimda, Qorajon bir muddat o‘tib Qalmoq yurtiga qaytgan. Shunga ishongim keladi. Qorajon ko‘rgan tush ham shunga ishora qilgan bo‘lsa ajab emas. Shunday o‘ylar bizni yana Qorajon haqida mulohaza qilishga undaydi. Agar baxshi “Qorajon” degan doston aytganida uni Alpomishning qaytishidan boshlardi. Qorajon tishiga zaxa yetgani, onasidan ham ayrilib, chin yetim bo‘lib qolganini ko‘nglining bir chekkasidan o‘tkazardi. Bunday o‘y har qanday alpning ham tishini suv oldiradi. Shunda Qorajon o‘ylaydi: “Bu do‘st bo‘lsa, elimga qayerdagi cho‘ponni bosh qilarmidi? Mendayin oshnasini, Qalmoqning eng yaxshi alpini taxtga tayin etmasmidi?”.
Shu tariqa Qorajonning tishini suv olardi... Lekin baxshilarda bunday doston yo‘q. Menga o‘xshagan biron xayolparast shunday dostonni to‘qib chiqargan bo‘lsa ham ommalashmagan. Nega? Chunki Qorajon do‘st edi. Uni el do‘st deb tanidi. Shunday qabul qildi. El aytadi: “Tug‘ishganmas, topishgan yaqin”.
Qorajon tug‘ishgan akalari qolib Alpomish bilan topishdi. Ularni yaxshilik, tushning to‘g‘ri ta’bir qilinishi topishtirdi. Endi biz o‘tgan-qaytganni qanchalik taftish qilmaylik, ularning tishini suv olmaydi.
Bobo RAVSHAN
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.
“Tish bilan tush orasi” maqolasi
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Til
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q