“Muhokamatul-lug‘atayn” yozilishi tarixi


Saqlash
15:19 / 24.07.2025 107 0

So‘z dur bo‘lsa, daryosi – ko‘ngildir

 

Turkiy tilning jahon miqyosiga chiqishida Alisher Navoiyning beqiyos xizmati bor. Uning til, nutq, so‘z, lafz haqida shu qadar rang-barang fikr-u mulohazalari borki, ular ona tilini hurmat qiladigan biron kitobxonni befarq qoldirmaydi.

 

U “Muhokamatul-lug‘atayn” asarida turkiy tilning g‘amxo‘ri va himoyachisi o‘laroq bu tilning o‘ziga xos lisoniy xususiyatlarini, fors tilini kamsitmagan holda, undan afzal jihatlarini ko‘rsatib, ayni paytda turklarni o‘z ona tillarida ijod qilishga qattiq undadi. Mazkur asar 1499-yili, shoirning yoshi bir joyga borgan, hayotiy va ilmiy tajribalari, xulosalari pishib yetilgan paytda yozilgan.

 

Alisher Navoiy chog‘ishtirma (kontrastiv) lingvistikaning yorqin namunalaridan biri “Muhokamatul-lug‘atayn”ning ibtidosida insonni til va nutq bilan sharaflagan va barcha jonzotlardan mumtoz aylagan Allohga hamdu sano aytadi. “Men fasohatliroq, ya’ni chiroyliroq va aniqroq gapiraman” degan hazrat Payg‘ambarimizga salotu salom yo‘llaydi.

 

Ulug‘ shoir ta’biricha, so‘z dur bo‘lsa, uning daryosi ko‘ngildir. Ko‘ngil barcha katta-kichik ma’nolarni jamlovchi xazinadir. So‘z duri ko‘ngilda “sohibi ixtisos”, ya’ni so‘z san’atkori vositasida chiroyli nutq sharafiga erishadi, uning qiymati “fahm martabasi nisbatida” shuhrat tutadi. Ammo so‘z durining qadri gavhardan balandroq ham adoqsizroqdir. Chunki o‘lgan badanga yaxshi so‘zdan ruh kiradi, yomonidan esa tirik badanga zahar yoyiladi.

 

Dunyoda tillar ko‘p bo‘lsa-da, Navoiy arab tilini mo‘jizakor va ulug‘ til deb biladi. Boshqalar ham uning bu fikriga qo‘shilishiga ishonadi. Chunki Qur’on oyatlari va hadisi shariflar shu tilda yaratilgan. Navoiy yozadiki, Nuh alayhissalom to‘fonidan keyin uning Yofas, Som va Hom nomli uch o‘g‘lidan barcha asl tillarning manbai: turkiy, forsiy va hind tillari tarqalgan. Nuh to‘fonidan keyin dunyo yuzida bashar jinsidan asar va inson zotidan namuna qolmagani uchun hazrati Nuh Yofasni – uni tarixchilar Abutturk deb yozganlar – Xitoy mamlakatiga yubordi. Somni, ya’ni Abulfursni Eron va Turon mamlakatlarining o‘rtasiga hokim qildi. Hom – Abulhindni Hindiston mamlakatiga uzatdi.

 

Tilshunos olim Qosimjon Sodiqovning yozishicha, “Muhokamatul-lug‘atayn” Navoiyning ilmdagi ulug‘ kashfiyotidir. Asar tilshunoslikda yangidan-yangi sohalarga asos solgani, tilni o‘rganishning yangi yo‘l va usullarini ochib bergani bilan ham ahamiyatli. Navoiy ushbu asari bilan dunyo tilshunosligida birinchi bo‘lib tillarni tipologik o‘rganish sohasini, ularni chog‘ishtirib o‘rganish ishini boshlab berdi. Ya’ni, turkiy va forsiy tilni chog‘ishtirish natijasida fonetikada turkiy tilning boshqa tillarda, xususan, forschada uchramaydigan o‘ziga yarasha tovushlari, semantikada nozik ma’noli harakat-holatlarni bildiruvchi fe’llar va ularning mazmunga ta’siri, sinonimlarning poetikadagi o‘rni, stilistik xususiyatlari, so‘zlarning ko‘pma’noliligi, shuningdek turkiy atamalar tizimining o‘ta boyligi singari muhim jihatlarga e’tibor qaratdi.

 

Lug‘atshunos olim Ergash Umarovning ta’kidlashicha, Navoiy o‘z asarida turk va fors tillaridagi unli tovushlarni leksika va morfologiya doirasida qiyoslaydi. Fors tilida unlilar soni cheklangani, o‘zbek tilida esa unlilar ma’no farqlovchi variantlarga ega ekani va ular o‘zaro uzun-qisqaligi bilan farq qilishini dalillar orqali ko‘rsatib bergan.

 

Alisher Navoiy o‘zbek va fors tillari leksikasini qiyoslash uchun tabiat manzaralari, ro‘zg‘or buyumlari, ov jarayoni, hayvon va qushlarning turlari kabi juda ko‘p sohaga oid yuzlab so‘zlarni keltirib, ularning muqobili forschada yo‘qligini, forslar ko‘pincha o‘sha o‘zbekcha so‘zlarning o‘zini ishlatishlarini ta’kidlagan. Masalan, u “…xo‘blarning ko‘z va qoshlari orasinki, qabog‘ derlar, forsiyda bu uzvning oti yo‘qtur...” deb ko‘rsatadi.

 

Navoiy so‘zlarning ko‘p ma’noliligi, sinonimlar jihatidan ham o‘zbek tilining imkoniyati kengligini, ularning she’riyatda turli nozik ma’nolarni ifodalashdagi ahamiyatini (ot, it, tush, yon, yoq, bor, sog‘in, tuz, ko‘k kabi so‘zlar talqinida) ko‘rsatadi. Grammatik jihatdan ham o‘zbek tili fors tiliga nisbatan ba’zi imkoniyatlarga ega ekanligini tahlil etadi.

 

Ma’lumki, qaysi til ma’noni qisqa yo‘l bilan ifodalay olsa, rivojlangan til hisoblanadi. Masalan, o‘zbek tilida birgalik nisbat qisqagina -sh affiksi orqali yasaladi: “va masdarg‘a bir shin harfi ilhaq qilmoq bila ul maqsudni topibdurlar. Andoqki chopishmoq va topishmoq va quchushmoq va o‘pushmoq va bu shoe lafzdur”. Forslar bu ma’noni so‘z birikmasi orqali ifodalaydilar.

 

Navoiy shaxs oti yasovchi qo‘shimchaning xususiyatini o‘ttizga yaqin so‘z misolida isbotlab (qo‘rchi, suvchi, nayzachi, yurtchi, qushchi, barschi, qo‘ychi, turnachi, kiyikchi va h.), o‘zbek tilining so‘z yasash va fikr ifodalash jihatidan ham o‘ziga xos imkoniyati mavjudligini ko‘rsatgan.

 

U o‘zbek tilining boyligi va qudratini, ifodaviy imkoniyatini asosli tahlil etib, quyidagi xulosaga keladi: o‘zbek tilida bu xildagi nozik ma’noli so‘z va iboralar ko‘p, ammo “bu kunga degincha hech kishi haqiqatig‘a mulohaza qilmog‘on jihatidan bu yashurun qolibdur… hunarsiz turkning sitam zarif yigitlari osonliqqa bo‘la forsiy alfoz bila nazm ayturg‘a mashg‘ul bo‘lubturlar”. Shuning uchun Navoiy o‘zbek shoirlarini o‘z tilida ijod qilishga da’vat etadi (Ergash Umarov. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. M harfi. “Muhkomatul-lug‘atayn”).

 

Shoir faqat turk tiliga xos, turkiy she’riyatda nozik ma’no qirralariga ega bo‘lgan quvormoq, quruqshamoq, usharmak kabi 100 ta fe’lni misol qilib keltiradi. Navoiy turkiydagi bu so‘zlarning fors tilida muqobili yo‘qligini alohida ta’kidlab aytadiki: “Bu yuz lafzdurki, g‘arib maqosid adosida ta’yin qilibdurlarki, hech qaysi uchun sort tilida lafz yasamaydurlarki, barchasi muhtojun ilayh­durki, takallum chog‘ida kishi anga muhtoj bo‘lur”. Navoiy so‘zining isboti sifatida 100 ta fe’ldan bir nechtasining ma’nolarini sharhlab, “toki da’vogar qarshilik ko‘rsatganida uyalib qolsin va boshqalarini ham bunga solishtirsin” deb she’riy misollar bilan fikrlarini dalillaydi. Birgina misol keltirmoqchimiz:

 

“Shoirlarning kattalaridan ba’zilari “may” ta’rifida mubolag‘a qilibdurlar. Forsigo‘ylar “may xo‘rdan” va “may no‘shidan” iboralari bilan may ichishni nazarda tutadilar. Lekin turklarda sipqarmoq degan so‘z bor:

 

Soqiyo, tut bodakim, bir lahza o‘zumdin boray,

Shart bukim, har necha tutsang labo-lab sipqaray.

 

Bu sipqaray so‘zining mazmunig‘a yetganda, forsiy she’rda ne iloj qilg‘aylar? Va yana tomshimoq lafziki, g‘oyati zavqdan tez-tez ichmas lazzat topib-topib, oz-oz ichar. Bu g‘aroyib ma’no adosida turkchada shunday matla’ bor:

 

Soqiy chu ichib, manga tutar qo‘sh:

Tomshiy-tomshiy ani qilay no‘sh.

 

Va bo‘xsamoq lafzi adosida turk bu matla’ni aytibdurki:

 

Hajri anduhida bo‘xsabmen, bila olmon netay,

May ilojimdur qo‘pub, dayri fanog‘a azm etay.

 

Forsigo‘y turk beklar va mirzodalar bo‘xsamoqni forsiy til bilan ifodalashni istasalar (bunday so‘z yo‘qligi uchun) nima qiladilar?!

 

Shuningdek, tuz, ko‘k, it, ot, sog‘in, tush, yon, ko‘k, o‘t va hokazo so‘zlarning bir nechta ma’nolari borligini, forsiyda bitta so‘z bilan ifodalanadigan ba’zi hayvonlar va qushlarning turkchada erkagi alohida, urg‘ochisi alohida nomlanishi. Masalan, “...va kelduk qushqaki, anda muqarrar va mashhur ilbosun o‘rdakdur. Va sort ul ilbosunni xud bilmas. Dag‘i turk o‘rdakning erkagin so‘na va tishisin bo‘rchin der. Va sort munga ham ot qo‘ymaydur. Va nar va moda ikkalasin murg‘obi der. Va o‘rdakning anvoi bilur qushchilar qoshida, masalan, jo‘rka va erka, suqsur va olmabosh va choqirqanot va temirqanot va aldaldag‘a va alapuka va bog‘chol va bu yo‘sunluq derlarki, yetmish nav’ bo‘lurkim, sort borisin murg‘obi-o‘q der. Va agar bir-biridin mutamayyaz qilsa, turkcha ot bila-o‘q aytur.

 

Va jonivorlarning unidin bir ot kishnamaganiga shiyha ot qo‘yubdurlar, teva bo‘zlamog‘ig‘a va o‘y mungramagiga va eshak hangramag‘ig‘a va it tigishmag‘i va ulumag‘ig‘a lafz yo‘qtur.

 

Yana ot anvoidaki, tubuchoq va arg‘umoq va yaka va yobu va totu yo‘sunluq – borini turkcha-o‘q ayturlar.

 

Yurtimizda “Muhokamatul-lug‘atayn” alohida holda ham, Navoiyning to‘la asarlari tarkibida ham chop etilgan. Yaqinda Yusuf Tursunov tomonidan asarning ilmiy-tanqidiy matni ham nashr qilindi.

 

Ushbu fazilatli asar turli yillarda xorijda ham nashr bo‘lgan. Jumladan, fransuz olimi Katrmarning sa’y-harakati tufayli 1841-yili “Tarixi muluki ajam” asari bilan bir muqovada Parijda, mojor olimi A.Vamberi tomonidan asarning Budapesht qo‘lyozmasi mojorcha tarjimasi bilan 1862-yili bosilib chiqqan. 1897-yili Valad Chalabiy “Muhokamatul-lug‘atayn” matni hamda turkcha tarjimasini Istanbulda nashr etdi. Taniqli eronlik olim Turxon Ganjaviy esa uni Katrmar nashri asosida forschaga tarjima qilib, muqaddima yozadi, asardagi 100 fe’lni forscha tarjimasi bilan 1910-yilda Tehronda nashr ettiradi.

 

Shuningdek, afg‘onistonlik olim Halimjon Yorqinning xabar berishicha, “Muhokamatul-lug‘atayn”ning turkcha tarjimasi lotin yozuvida (Is’hoq Rif’at Ishitmon. 1941), turkman tilida (Abdulhakim Gulmuhammadov, Ashxobod, 1925), uyg‘urchasi (Hamid Temur, Urumchi, 1988), usmonli turkchada to‘rt nusxa asosida chuqur ishlangan tanqidiy matni hamda keng ilmiy tadqiqoti (Samo Borutchu O‘zandar, Anqara, 1996), ikki variantdagi ruscha tarjimasi (O.Usmonov, 1948, N.A.Melexova, 1968), nihoyat, Londonda inglizcha tarjimasi (Robert Devriks, 1966) ham bosilgan.

 

Halimjon Yorqinning yana guvohlik berishicha, Afg‘onistonda “Muhokamatul-lug‘atayn” uch marta nashr bo‘lgan. Bundan tashqari taniqli olim doktor Husayn Muhammadzoda Siddiqning muqaddima, tas’hih va tahshiyasi (hoshiyalari) bilan Tabriz shahrida ham chop etilgan.

 

Bu asar Turkiyada ham maxsus o‘rganilgan. Turk olimi Yusuf Chetindog‘ga ko‘ra, Navoiy turkiy tilning forschadan afzal jihatlarini ko‘rsatishda besh asosiy nuqtaga e’tibor qaratgan:

 

turkchada mavjud va (uning) ma’nodoshi forschada bo‘lmagan so‘zlar;

 

turkcha so‘zlarning ma’no boyligi;

 

turkchada unlilarning ko‘pligi;

 

har bir borliq, har bir yaratiq uchun alohida bir so‘zning mavjudligi;

 

turkchaning grammatik jihatdan boyligi.

 

“Oson tomon”ga mayl etma

 

Aytish kerakki, Navoiy mazkur asarni yozishdan bir qator maqsadlarni ko‘zlagan bo‘lsa-da, asosiy istaklaridan biri turkiy tilning lisoniy va badiiy imkoniyatlari nihoyatda keng ekanini ko‘rsatish va shu orqali turk millatiga mansub shoirlarni o‘z ona tilida yozishga targ‘ib qilish edi. “Muhokamatul-lug‘atayn”da turk va fors millatlariga xos bo‘lgan donolik, zakiylik va soddalik jihatlariga ham to‘xtalib o‘tadi. Jumladan “...turk sartdan ko‘ra tezfahmroq, tushunchasi yuqoriroq, yaratilish jihatdan sofroq va tozaroq yaratilgan. Sart turkka qaraganda fikrlashda va ilmda nozik nuqtalarga erishuvchan, fazl va yetuklikda chuqurroq tushunchali bo‘lib yetishgan. Biroq tillarida ortiqlik va kamchilik jihatidan katta farqlar borki, turklar so‘z tuzishda sartlardan ustun kelganlar...”.

 

Navoiy bu ikki millatning bir-biriga aralashib ketgani, o‘rtada bordi-keldilar, yaqin muomala va munosabatlar tashkil etilgani haqida so‘z yuritib, aytadiki, turkning kattadan-kichigigacha, xizmatkoridan begigacha sart tilidan bahramand, ehtiyojlari darajasida gaplashadi, ba’zilari adabiy tarzda go‘zal so‘zlashadi, hattoki turk shoirlari forsiy tilda rangorang she’rlar va shirin hikoyatlar yoza oladi. Ammo sart xalqining quyi tabaqasidan yuqori tabaqalarigacha, savodsizidan bilimdonigacha hech qaysisi turk tilida so‘zlasha olmaydi. Va bu tilda so‘zlaganning so‘zini ham tushuna olmaydi.

 

Navoiy turk tilining shuncha keng lisoniy va adabiy imkoniyatlari bo‘la turib, turk xalqining fors tilida ijod qilishlarini afsus bilan ta’kidlab, buning sabablarini ham ko‘rsatib beradi. Uningcha, turk tilining to‘liqligi shuncha dalillar bilan isbot qilingach, bu xalq orasidan yetishib chiqqan iste’dodli kishilar o‘z tillari turganda, boshqa tilda ijod qilmasalar yaxshi bo‘lardi.

 

Turklar “...agar har ikki tilda aytishga qobiliyatlari bo‘lsa, o‘z tillarida ko‘proq va yana bir tilda ozroq aytsalar bo‘lar edi. Agar orttirib yubormoqchi bo‘lsalar, har ikki tilda teng aytsalar edi”. Chunki “...turk tilining barcha o‘tkir zehnli (she’r bituvchi)lari sart tilida she’r aytib, turk tilida butunlay aytmay, ko‘plari aytsalar ham sartning turk tilida she’r aytganidek nozik fahm turklar qoshida o‘qiy va o‘tkarolmay o‘qisalar, har so‘zlarida yuz ayb topilib, har jumlalariga yuz xil e’tirozlar yuzaga keladi”.

 

Bas, ijod olamiga endigina kirib kelayotgan ijodkor uchun bu tilda ajoyib so‘zlar va ifodalar bo‘lishiga qaramasdan, fikrlarini go‘zal tarzda, jozibali qilib ko‘rsatish qiyin tuyuladi va natijada bu qiyinchilikdan malollanadi va zafarga erishish uchun ko‘ngli oson tomonga – fors tilida ijod qilishga mayl qiladi. Navoiy “oson tomon” deganda uzoq asrlardan beri tayyor an’analar va qoliplar asosida shakllanib kelgan fors tili va she’riyatini nazarda tutadi. Shunday ish bir necha marta takrorlangach, u narsa tabiatiga o‘rnashadi va odatiy holga aylanib qoladi.

 

Ulug‘ mutafakkirning o‘zi ham yoshligida ijodini fors tilida boshlaganini e’tirof etadi va “idrok yoshiga qadam qo‘yilganda, Tangri aslda ta’bimizda g‘aroyib narsalarga maylni va nozik hamda qiyin narsalarni anglashga kirishishni tabiiy qilgani uchun, turk so‘zlari ustida mulohaza yuritish lozim ko‘rildi” deydi.

 

Navoiy turk tilini turli tashbehlar va sifatlashlar bilan maqtab, bu tilda ijod qilgan asarlarini bir-bir sanab, tavsiflab o‘tadi. Shuningdek fors tilidagi asarlariga ham to‘xtaladi. U turk va fors tilida minglab baytlarni yoddan bilgani va o‘qimagan devoni qolmaganini ham qayd etadi.

 

Navoiy fors va turk tilini shu qadar mukammal bilganki, uning e’tiroficha o‘ttiz yildan ortiq, qirq yilga yaqin Xuroson mamlakatining barcha nazm ahli, shirin so‘zli shoirlari unga o‘zlarining yozgan asarlari va she’riy mashqlarini ko‘rsatib, maslahat olib turganlar. Ayrim bahsli o‘rinlarda Navoiy o‘zining fikrlarini dalillar orqali isbot qilgandan keyin “insof yuzasidan qabul qilganlar”.

 

Kunning raqamini chorshanba qilg‘il

 

Navoiy til va adabiyotning rivoji davr sultonlarining e’tiboriga bog‘liqligini alohida ta’kidlagan. U arab xalifaligida Hasson Sobit, Laqitdek so‘z podshohlari, Ibrohim Mahdiy, Ma’mun xalifadek she’r yozgan podshoh va podshohzodalarni zikr qilib o‘tadi.

 

Dunyoning ba’zi iqlimlarida fors sultonlari hokim bo‘lganlaridan keyin qasidada Xoqoniy, Anvariy, Kamol Ismoil, Zahir va Salmon, masnaviyda Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Xisrav Dehlaviylar, g‘azalda Xoja Hofiz, Sa’diy Sheroziy kabi mashhur shoirlarning yetishib chiqqanini ta’kidlaydi. Ammo mamlakat arab va fors sultonlaridan keyin turk xonlariga o‘tgach, Huloguxon zamonidan Amir Temur sohibqiron davrigacha shoirlardan yo sultonlardan biror ta’riflashga loyiq kishi chiqmadi. Ammo Amir Temur davridan to xushaxloq farzandi Shohrux Sulton zamonining oxirigacha Sakkokiy, Haydar Xorazmiy, Atoyi, Muqimiy, Yaqiniy, Amiriy va Gadoiy kabi turkigo‘y shoirlar yetishib chiqdi. Lekin ular ham yuqorida nomlari zikr etilgan forsigo‘y shoirlar darajasida emas edi. Faqat yolg‘iz mavlono Lutfiygina she’riy mahoratda fors shoirlariga teng kelar edi.

 

Navoiy mazkur asarida Husayn Boyqaro shaxsiga va ijodiga yuksak baho beradi. Uning ta’kidlashicha, Husayn Boyqaro turk tilining taqdiriga befarq bo‘lmay, uning rivoji uchun qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi. “Iltifot va g‘amxo‘rlik yuzasidan ba’zi sabablar topib, (turk tili bilan) she’r aytishga hukmlar ham joriy bo‘ldi, so‘z uslubini belgilashlar va aytilishi ustida ta’limlar izhor qilindi”. Lekin beklari bo‘lsin, shoirlari bo‘lsin “bilimdon podshohning” bunday targ‘ib qilish va undashlariga qaramay, ular adashish yo‘lini tanladi, ko‘pi, balki bari forsiyga moyil va u til bilan she’r aytuvchi bo‘ldilar. Sababi, turk tili ta’rifida yuqorida aytilgandek, agarchi so‘zlar ko‘p, ibora keng, ma’nolar ajoyib, aytilishda ravonlik bo‘lsa-da, ko‘ngilga yoquvchi (she’riy matnlar) qilib tuzishda qiyinchilik bor va diltortar qilib tartib berishda tab’ mehnat va azob chekadi.

 

Binobarin, arab va fors tillariga e’tibor berilib, turk tili kamsitilgan. Ana shunday sharoitda Husayn Boyqaro yozuvda turk tilini iste’molga kiritish borasida maxsus farmon bergan. Bu dadil qadam mamlakatning siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayotida katta voqea bo‘lgani shubhasiz.

 

Husayn Boyqaroning o‘zi asosan turkiy tilda “Husayniy” taxallusi bilan g‘azallar yozgan. Navoiy “Majolisun-nafois”ning sakkizinchi majlisida “...fasohat ilmining nukta birla sehrsozi va balog‘at jahonining diqqat bila mo‘jiza pardozi” bo‘lgan Husayniyning she’rlarini tahlil qilgan va yuqori baholagan. Bir o‘rinda “U ul hazratning xo‘b ash’ori va mapg‘yb abyoti bag‘oyat ko‘pdur va devon ham murattab bo‘lubtur” deb ta’riflaydi.

 

Navoiy Alloh taoloning “al-mutakallim” ismiga mazhar bo‘lib, boshqalarga nisbatan imtiyoz va e’tiborga ega bo‘lganini, xalq orasida shuhrat topganini Husayn Boyqaroning inoyat va himmatlaridan deb biladi: “Agarchi barcha narsani ul hazratni sharafli ismiga bog‘lagan va oliy laqablariga qo‘shgan bo‘lsam ham, bularni boshqa marhamatlari qarshisida qilib, “Al-mutakallim” ismig‘a mazhariyatim uzrig‘a turkiy va sort lug‘ati kayfiyati va haqiqati sharhida bu risolani jam’ qilib bitidim. Va anga “Muhokamatul-lug‘atayn” ot qo‘ydum”.

 

Ma’lumki, til – milliy tafakkur ramzi va taraqqiyot asosi. Navoiy uchun ham til, nutq, so‘z kabi tushunchalar muhim siyosiy-ijtimoiy ahamiyatga ega. U tilga e’tibor berishni elga e’tibor berish deb qaraydi. Chunki til millatning urf-odati, ruhiyati, axloqiy qarashlari, o‘tmishi va kelajagi bilan bog‘liq ijtimoiy hodisadir. O‘z tilini hurmat qilmagan, uning taraqqiyoti uchun jon kuydirmagan odam millatga nisbatan hurmatsiz va vijdonsiz kishi bo‘lib chiqadi.

 

“Muhokamatul-lug‘atayn” xotimasida Navoiy uning shuncha mehnat va mashaqqat bilan yuzaga chiqargan maxfiy ilmidan xabardor bo‘lganlar uni duoyi fotiha bilan yod etishlarini so‘rab qoladi. Asar quyidagi ruboiy bilan yakunlanadi:

 

Bu nomaki, yozdi qalamim tortib til,

Ta’rixin aning jumodiyul-avval bil,

Kunning raqamini chorshanba qilg‘il,

To‘qqiz yuz yildin o‘tub erdi besh yil.

 

(Mazkur ruboiyda asar hijriy 905-yil, jumodul-avval oyi, chorshanba kuni, melodiy 1499-yil 4-dekabr kuni poyoniga yetganiga ishora qilinmoqda.)

 

Maqola so‘ngida shuni aytmoqchimizki, Navoiy arab va fors tillarini yaxshi bilgan, qattiq hurmat qilgan. Lekin o‘z ona tilining sharafi va izzati uchun kurashishni, uni targ‘ib va tashviq qilishni vijdon amri deb bilgan va shu yo‘lda “Muhokamatul-lug‘atayn”dek benazir asarini yozgan. Zotan, barcha zamonlarda ham millat ziyolilari, shoir va yozuvchilar avvalo ona tilining fidoyisi, himoyachi va targ‘ibotchilari bo‘lishadi.

 

Sayfiddin RAFIDDINOV,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 2-son.

“Til va el” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

13:07 / 25.07.2025 0 49
Dunyo xunuk edi…

Tarix

16:07 / 24.07.2025 0 120
Ozarboyjonga ekspeditsiya: shaxslar va gʻoyalar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//