
Chuvidim, uzrimni aytdim bolamga,
Men kirib chiquvchi qaysi olamdan...
Abduvali Qutbiddinning she’rlarini o‘qib, ilohiyot sari intilayotgan ruhning ovozini eshitganday bo‘ladi odam. Ichida inja bir hislar tuyadi, shoirning qalb tuyg‘ulari bilan esh bo‘lib ketadi. “She’r odam ruhining so‘zlash uslubidir”, degan edi shoirning o‘zi. Ayni shu uslubi o‘quvchini uning olamiga yetaklaydi. Go‘yoki u boshqa olamdan... Bizdan ancha olislardan...
“Men yerning odami emasman, boshqa olamdanman. Hayotimning har lahzasi kurashlardan iborat”, derdi otam, – eslaydi Sha’vona Abduvali qizi. “Otam yonimizda yurgan farishta edi”, deydi kenja qizi Nasima. Shoirning qizlari bilan suhbatlashib, Abduvali Qutbiddin haqiqatan o‘zga olamdan ekaniga amin bo‘lasiz.
– Bolaligimda yo‘ldan o‘tar chog‘ otam kuchli qo‘llari bilan qo‘limni mahkam qisib olar, narigi tarafga o‘tib olmagunimizcha aslo qo‘yib yubormasdi. Qo‘llarim shu qadar og‘rirdiki, yo‘lning tezroq tugashini istardim. Lekin u kishining qattiq xavotir olayotganini bilib turganman. Bugun otam yonimizda emas, men esa tez-tez yana o‘sha bolalikka qaytib, otamning yo‘ldan o‘tkazib qo‘yishini xohlayman, deya otasi haqidagi xotiralarini boshladi Sha’vona opa.
– Otam ko‘p aytardi “Moskvada o‘qishni davom ettirgim bor edi, bobongdan ruxsat tegmagan-da” deb.
O‘qishga ketolmagach uylangan, keyin men tug‘ilgan ekanman. Tug‘ilishim bilanoq otamni armiyaga chaqirishgan. “Uch oylik eding, uydan xat keldi, rasmingni ham qo‘shib jo‘natishibdi. Bir pasda Abduvalining qizi deya butun polkda surating qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Ancha mashhur eding”, deb armiyada mening suratimga qarab o‘tkazgan kunlarini hikoya qilib berardi. Men esa maroq bilan eshitardim. Oilada birinchi farzand, birinchi nabira bo‘lganim uchun hammaning e’tibori menga qaratilgan ekan. Buvimning opichlab, erkalab ko‘tarib yurganini haliyam eslayman. Yana otamning fotoapparati ham bo‘lgan. Aytishlaricha tog‘asi sovg‘a qilgan. Bolaligimni fotolarga muhrlab qo‘ygan. Emaklaganim, yurganim, zavqlanib kulayotganim... Hatto bir suratda otam men bilan birga emaklagani tushib qolgan. Kim olgan bilmayman, balki o‘zi tushiradigan tugmasini bosib tushirgandir. Xullas, menga bu suratlar juda qadrli. U kishi texnikaga juda qiziqardi. Nima yangilik bo‘lsa, magnitofon deysizmi, video qo‘yadigan deysizmi, hammasidan bizning uyimizda bo‘lardi. Pul yig‘ib bo‘lsa-da, albatta sotib olardi.
Poytaxtga ko‘chib kelganimizda uch yosh edim. Ungacha qishloqda turganmiz, otam oyda bir borardi. O‘nga kirgunimcha eskishaharning Olcha ko‘chasida, Qutbiddinxon bobomning uyida yashaganmiz. O‘yinqaroq emasmanmi, ba’zida uydagilarga aytmasdan, indamaygina dugonalarim bilan Hastimom taraflarga ketib qolardim. Onamdan rosa dakki eshitardim, lekin otam bilmagan.
Hovlimiz mevali daraxtlarga to‘la edi. Har bahor daraxtlar gullasa, otam uzoq tomosha qilib o‘tirardi. Biz esa mevasi pishishini kutardik, pishiqchilik boshlanishi bilan daraxtdan tushmasdik, gilos-u o‘riklarni terib yeb qo‘yardik.
Otam qancha mehribon bo‘lsa, shuncha qattiqqo‘l ham edi. Toshkentga endi ko‘chib kelgan paytlarimiz men va ukam bor edik, boshqa ukalarim hali tug‘ilmagan. Ikkalamiz ham yerga ursa osmonga sapchiydiganlardan emasmizmi, ko‘p tortishib, urishib qolamiz. Shu hol takrorlanavergach, bir kuni otam ikkalamizni daraxtga bog‘lab qo‘ydi. “Qani, urishib ko‘ringlar-chi” dedi. Arqon bo‘shroq bog‘langan bo‘lsa-da, yecholmadik. O‘zi ham uxlamasdan, tonggacha yonimizda o‘tirib chiqqan. Daraxtning bu chetida men, bir chetida ukam, na yig‘lay olamiz va na kulolamiz. Noodatiy jazolash edi. Xatomni tushunishim uchun yetarli bo‘lgan. Hatto katta bo‘lgach, ukamdan kechirim ham so‘raganman.
Otam qizlarini “Qizginam qirmizginam, eng yorug‘ yulduzginam” deb suyardi, chaqirardi. Keyinchalik kelinlariga ham shunday murojaat qilgan. U kishi haqida qancha gapirsam, shuncha kam. Orzu qilishdan to‘xtamaydigan, go‘zallikni sevuvchi, boladay beg‘ubor, mehribon, oqko‘ngil insonning farzandi ekanimdan har dam faxrlanaman, g‘urur tuyaman. Men u kishiday odamni boshqa uchratmadim desam ham bo‘ladi. O‘zi aytmoqchi yerlik emasdi.
Otam bilan o‘tgan oxirgi yoz... O‘shanda mazza qilib suhbatlashdik. Bolaligidan so‘yladi. Bobosi, buvisi haqida... Bobomiz katta olim, shayx bo‘lgan. Buvimiz esa Fuzuliyni, Navoiyni yoddan bilar, ertag-u rivoyatlar, masal-u matallar aytib berar ekan otamga. Men ham bolaligimni esladim. Bobomning o‘ta kamgap, kamsuqum odam, buvimning esa muloyim, mehribon ayol ekanini gapirdim. Qishloqqa borsak, hammamizni atrofiga o‘tirg‘izib, ertag-u masallar aytib berishini xotirladim. Otam menga bolaligini to‘lqinlanib gapirarkan, “Yozib olmagan ekanman o‘shanda, ko‘pi yodimdan ko‘tarilibdi” dedi afsuslanib. Men ham bir farzand sifatida otamning ko‘pdan-ko‘p orzularini amalga oshirolmaganimdan afsus chekdim. Bu otam bilan suhbatlarimizning oxirgisi edi.
Qish... Umrining oxirgi kunlari... Keldim, otamning yoniga cho‘kdim, qo‘limni huv o‘sha bolalikdagi kabi qattiq siqib qo‘ydi. Bildimki, otam uchun yangi bir yo‘l boshlanayapti...
* * *
– Otam yonimizda yashab, sekingina o‘tib ketgan farishtasifat bir odam edi, – deydi Nasima opa. – Bolaligimiz otam sababli sarguzashtlarga boy o‘tgan. Balki kichik bo‘lganim, balki ko‘p betoblanganim uchundir, otam ishdan keliboq meni opichlab olardi. Ko‘tarib yurib, ko‘nglimga qarardi. Opam bilan akamning qilmagan sho‘xligi yo‘q edi. Bir kuni ular daraxt uchiga chiqib, meva terib yedi. Men, tabiiyki, chiqolmasdim, ularga havaslanib, termulib o‘tirganimni ko‘rgan otam “yuqoriga chiqqing kelayaptimi?” dedi. Va meni dast ko‘tardi-da tomga olib chiqdi. Ko‘rpacha to‘shab, osmonga qarab xayol surib yotdik. Havoga nimalarnidir chizib ko‘rsatdi. Shundan keyin tez-tez otam bilan tomga chiqadigan bo‘ldik. “Osmonga, oyga, yulduzlarga qara, qanday go‘zal” derdi. Birga yulduz sanardik. Oy bilan suhbat qilardik. Otam osmonga qarab xayol og‘ushida qolsa, menam xuddi u kishiday osmonga termulib yotardim. Lekin hech narsani o‘ylamaganman, bolalikda o‘y qayoqda deysiz. O‘sha-o‘sha men osmonni, yulduzlarni, oyni yaxshi ko‘raman. Haliyam bo‘sh qoldim deguncha osmonga qarab xayol suraman.
Hovlimizda daraxtlar ko‘p bo‘lardi. Har birimizning daraxtimiz bor edi. Opamniki, akamniki... Otam bo‘lib bergan. Meniki anor edi. Anor hosilga kirib, pishsa, otam meni chaqirib, “qara, mevasi pishdi” derdi. Men o‘zimda yo‘q quvonar, keyin mazza qilib yerdik. Bahor kelishi bilan uyimizni makon tutgan qaldirg‘ochlarni zavq bilan tomosha qilardik. Tabiatning hech bir hodidasi otamni befarq qoldirmagan.
Otam har doim bekinmachoq, quvlashmachoq o‘ynashni yaxshi ko‘rardi. Biz bilan quvalashsa, u kishining ota ekanini unutardik, xuddi o‘rtoqday. Ayniqsa, bekinmachoq juda qiziq bo‘lardi. Mabodo men topolmasam, sekin ovoz berardi, topag‘onligimdan xursand bo‘lib, zavqlanardi. Agar meni izlasa bormi, hecham topolmasdi (kuladi). Oldimdan o‘tib ketsayam “Nasima qani, ko‘rmadilaringmi, topolmayapman” derdi. Aldab-suldab topib olardi. “Mana men” deb chiqib qo‘yganimni bilmay qolardim.
O‘yinchoq idish-tovog‘im ko‘p bo‘lgan. Bir kuni o‘ynab o‘tirsam, otam kelib qoldi. “Nasima, kel, ikkov o‘ynaymiz, men otasi, sen qizi bo‘lasan, isming Masha bo‘ladi, ovqat pishiraman, sen yeysan” dedi. Ovqatimni shunday o‘ynab-o‘ynab yedirganlari esimda.
Uyimizda gitaradan tortib mikrofongacha bo‘lardi. Baralla qo‘shiq kuylasam, zavqlanib, “qizim, ashulachi bo‘lasanmi?” derdi. Yana uydagi yumshoq o‘yinchoqlardan foydalanib, otam tez-tez teatr qo‘yib berar, bir gal Zumrad va Qimmatni ijro qilgan. Eh-he, mazza tomosha.
Hech narsaga ta’qiq qo‘ymas, hur fikr, erkin o‘sishimizni istagan otam kezi kelsa qattiqqo‘l ham edi. Ba’zida, gapiga kirmasak, arazlab qolardi. Otamni xafa qilmaslik uchun qo‘limdan kelgan hamma ishni qilardim. U kishi qalbimizni zug‘um bilan emas, muhabbat bilan egallab olgandi.
Ahyon-ahyonda Nasima deb chaqirmasa, doim “qizginam, qirmizginam, eng yorug‘ yulduzginam” deb chaqirardi.
Bir kuni betoblanib shifoxonaga tushdim. Ko‘rgani keldi. Shokoladxo‘rman, lekin yeyish mumkin emas. Aks holda kasallik zo‘rayadi. Cho‘ntagidan ikki dona snikers olib, onamga ko‘rsatmay, sekin yostig‘imning tagiga solib, ko‘zini qisib qo‘ydi. “Onangga ko‘rsatmay ye” dedi. Xursandligimni aytmaysizmi. Otam shunday najot farishtasi edi men uchun.
U kishi futbol muxlisi, men yonida qo‘shimcha tomoshabin. Gohida yarim kechagacha futbol ko‘radi. Tushunsam-tushunmasam men ham ekran qarshisida o‘tiraman. Orada stol ustida she’r yozilgan varaqlarni ko‘rib, nimaligini so‘rab hol-joniga qo‘ymasdim. Otam yarim kechasi hamma uxlab qolgandan keyin ijod qilardi. Biz farzandlar uning alohida o‘tirib she’r yozayotganini ko‘rmaganmiz. Qolaversa, u kishining ijodxonasi bo‘lmagan. Qayer to‘g‘ri kelsa, yozib ketaverar, injiq emasdi.
Otam bilan shu qadar yaqin edikki, hatto universitetga imtihon topshirgani ham birga borganmiz. Borsak, ko‘pchilik qizlar onasi yo opasi bilan boribdi. Meni ichkariga kuzatayotib, otam qo‘llarini duoga ochib, osmonga qarab iltijo qilib tursa, bir-ikki begona qiz meni turtib, “otangizga qarang, sizni duo qilayapti” degan. Juda ta’sirlanib ketganman. Ko‘pchilikning havasi kelgan. Shunday otam borligidan faxr tuyganman o‘shanda.
Oloy bozori atrofiga, ko‘p qavatli uyga ko‘chib chiqqach, otam ko‘p ishlaydigan bo‘ldi. Deyarli ko‘rmasdik, erta ketib, kech kelgan. Lekin doim onam orqali nazorat qilib turardi. Hammamizga kitob hadya qilardi, o‘qidingmi deb tergamasa-da, hamma kitoblarni hijjalab o‘qib chiqardik. Yana chet el safarlariga borsa, qo‘yni-qo‘nji to‘lib-toshib sovg‘alar bilan kelardi. Hammamizni yoniga o‘tirg‘izib, safar taassurotlaridan so‘ylab berardi.
U kishi ishdan qaytsa, eshik ochilishidanoq otam ekanini hammamiz bilardik. Chunki otam ochsa, eshikning ovozi boshqacha chiqardi. Indamasa-da, kelishidan oldin hamma yoygan narsalarimizni terib qo‘yardik. Va albatta otam yaxshi ko‘rgan taomni tayyorlardik. Palov va mantini xush ko‘rardi. Suyuq ovqatlarni deyarli yemasdi. Otam hamma narsadan go‘zallik izlardi. Taomni ham chiroyli qilib dasturxonga tortmasak, ko‘ngli to‘lmagan. Noroziligi sezilardi.
Yana u kishi xat yozishni yaxshi ko‘rgan. Onam bilan urishib qolsa ham bir enlik xat yozib, ko‘rpa qatiga solib ketardi. Keyin u xatni men olib, o‘qib, yana qayta joyiga qo‘yib qo‘yardim. Qondan o‘tgan bo‘lsa kerak-da, men ham xat yozishni yaxshi ko‘raman. Hamma farzandlarining yozishga uquvi bo‘lsa-da otam birortamizning jurnalist bo‘lishimizni istamadi negadir.
Otam hazilkash, duogo‘y, samimiy odam edi. Har kuni bir telefon qilib ovozini eshitmasam, ko‘nglim tinchimasdi. Go‘shakni ko‘tarar ekan, avval obdon erkalab, suyib, keyin uzundan-uzoq duo qilardi rahmatli.
O‘limidan sal oldin ekan, yoz edi, Chorchinorga borib, osmonlarga qarab to‘yib-to‘yib nafas oldi. Keyin tepaga, bobomning ziyoratiga chiqdik. O‘sha yerda ham qo‘llarimdan mahkam tutib meni yuqoriga olib chiqdi.
Oxirgi kuz... Uydan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Xo‘jayinim Toshkentga ketamiz dedi. Hayron bo‘ldim. Kelsak, otam jonlantirish bo‘limida ekan. Bizni tashlab ketadi deb o‘ylamagandim. Buvim oldiga kirsa, hammasi zo‘r deya qo‘li bilan ishora qilibdi (otam har doim biror yutuqqa erishsak yo nimadandir xavotirlansak, tinchlan, hammasi zo‘r deya qo‘li bilan ishora qilib ko‘rsatardi). Buvim xursand bo‘lib, “bolam yaxshi ekan, menga hammasi zo‘r dedi” deb chiqdi yonidan. Ichim yorishganday bo‘ldi. Lekin afsuski... Oradan bir oy o‘tib, qahraton qish ko‘ngillarimizni huvillatib ketdi. Otam Chorchinorni o‘ziga makon tutdi.
“Yerda bo‘lsam-da osmondaman” deb ko‘p takrorlardi, osmonlarni vatan qildi. Otamning duolarisiz qoldik. Ketishidan oldin hammamizning qo‘llarimizni bir-bir siqib, “men o‘lmayman, men sizlarda yashayman” dedi. Otam va’dasini bajardi, endi har kuni tushlarimda otam bilan birgaman. Sog‘insam, oxirgi yozgan she’ri “Osima”ni qayta-qayta o‘qiyman:
Ko‘zimdan o‘pib qo‘y, Osima!
Senga olma bergum mag‘z-mag‘zi oltin.
Tishlasang, tishlaring hammasi tilla,
Lablaring yolqin…
Guljahon NAMOZOVA tayyorladi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 2-son.
“O‘zga olam odami” maqolasi
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Ma’naviyat
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q