Siz boshqirdchani bilasiz – Boshqird va oʻzbek tilidagi oʻxshashlik va farqlar


Saqlash
15:18 / 22.07.2025 27 0

Ushbu maqolada qardosh va qondosh elning oʻzbeklarga qanchalik yaqin ekanini oʻquvchiga imkon qadar koʻrsatib berishga harakat qilaman. Maqolaning 1-qismini bu yerda oʻqing.

 

Boshqird tili

Boshqird tili boshqa qipchoq tillaridan ch, s, e kabi tovushlarning talaffuziga koʻra farq qiladi va bu tilni tushunishni qiyinlashtiradi.

Oʻzbekcha barcha ch tovushi oʻrniga s, s tovushi oʻrniga һ, e va ye tovushi oʻrniga i, i tovushi oʻrniga esa ye qoʻllanadi:

Choy ichasanmi – sәy esәbeҙ;

Sariq sandiq – һarы һandыҡ;

Elning erki erkaklar ishi – il irki irҙәr eshe.

Ishlaganga ish kerak, et(goʻsht) yeganga tish kerak – eshlәүse keshegә esh, it ashausыgʻa tesh kәrәk.

 

 

Oʻzlashma qatlam soʻzlarda esa ayni transformatsiya qoʻllanmaydi. Chelovek (rus), salom (arab) kabi soʻzlar oʻzgarmaydi.

Boshqird tilida boshqa turkiylarga begona boʻlgan ҙ tovushi bor va u yumshoq, z (auыҙ-ogʻiz), l (kermәyҙәr-kirmaslar), ayrim holatlarda esa d (әҙәm-odam) oʻrnida ham qoʻllanadi. L oʻrniga ҙ singarmonizm bilan bogʻliq boʻlib, bunday talaffuz oʻzbek tilining qipchoq lahjasida ham bor: borasizlar – borasizar.

Boshqird tilida arab tilidan oʻzlashgan ع (ayn) tovushi oʻrniga g+a tovushini qoʻllash qabul qilingan: Abbas – Gabbas, Abdulla – Gabdulla, Abdurahman – Gabduraxman, Aysha – Gaysha va h.

Boshqird tilining shakllanishi toʻrt davrni qamrab oladi:

1. Oltoy davri.

2. Qadimgi turk tilining shaklanish davri.

3. Qipchoq tilining shaklanish davri.

4. Boshqird tilining shaklanish davri[1].

 

Qadimgi turk tilining shakllanish davrida boshqird tiliga oʻgʻuz va bulgʻor tilining, X asrdan boshlab arab va fors tilining, XVI asrdan keyin esa rus tilining taʼsiri katta boʻlgan. Bu asosan yozma manbalarda koʻzga tashlanadi. Ammo folklorda sof qipchoq soʻzlari va stilistik xususiyatlar saqlanib qolgan.

 

XX asrga qadar boshqirdlar Oʻrol-volgaboʻyi turkiy tilidan[2] foydalangan. 1920-yillarda eski boshqird tili hamda folklor leksikasiga asosan yangi boshqird adabiy tili shakllantiriladi. Bunda asosan Quvaqan va Yurmati lahjalariga tayanilgan. Shimoli-gʻarbiy lahja tatar tiliga yaqin boʻlgani uchun, boshqird va tatar tillarini farqlash maqsadida undan foydalanilmagan.

 

Boshqird tilining leksikasi yuqorida qayd etilgan fonetik farqlarni hisobga olmaganda oʻzbek tiliga juda yaqin.

 

Oʻzbekcha

Boshqirdcha

Salom.

Sәlәm.

Ishlaringiz qalay?

Xәldәregeҙ(yeshegez) nisek?

Rahmat, yaxshi.

Rәxmәt, yaҡshы.

   

Ismingiz kim?

Isemegeҙ kem?

Mening ismim Ali.

Mineң isemem Ali.

Men Toshkentdanman.

Min Tashkenttan.

Men 25 yoshdaman.

Mineң yәshem 25.

Ha.

Eye.

Yoʻq.

Yuҡ.

Mumkinmi?

Mөmkinme?

Koʻrishguncha xayr.

Kүreshkәngә tiklem.

Sogʻ boʻling.

Һau bul.

Xayrli tong.

Xәyerle irtә.

Xayrli kun.

Xәyerle kөn.

Xayrli oqshom.

Xәyerle kis.

 

Folklor

Boshqirdlar “Alpomish”ni saqlab qolgan olti elning bittasi. Bundan tashqari bu el “Oʻrol botir”, “Oqboʻzot”, “Babchaq va Quchaq” kabi oʻnlab dostonlarni, shuningdek, turli aytimlar, maqollar, tez aytish va topishmoqlarni ham milliy genofondida saqlab qola olgan.

 

Boshqirdlar doʻmbirani oʻz nomi bilan saqlagan. Doʻmbira chalib doston aytadigan oqinlarni ular sesen, yaʼni chechan deb ataydi. Oʻzbeklarda “gapga chechan” degan ibora bor. Asli improvizator baxshilar chechan deb atalgan.

Boshqirdlarning quray deb ataladigan nayi bor. Uni sevib chalishadi va juda ardoqlashadi. Quray quruq qamishdan qilingani uchun shunday atalgan.

 

 

Bundan tashqari, qoʻbiz, temirqoʻbiz (chanqovuz), sibizgʻi, bizildaq, yapraq, xornay (surnay), salgʻi, qoʻngirav, shaqildaq kabi oʻnlab musiqa asboblari borki, ularning har biri folklor tarixida muhim oʻrin tutadi.

 

Boshqirdlar butun oltoy xalqlari uchun umumiy boʻlgan chertib (noxunsiz) chalinadigan musiqiy asboblardan biri – yetagʻanni ham saqlab qolishgan. Yetagʻan qozoqlarda jetigen, qalmoqlarda yatxa, moʻgʻullarda yatgʻa, xakaslarda chatxan, Xitoyda kunhou, yaponlarda kato, karislarda qayagʻim, oʻzbeklar yetagʻan shaklida nomlangan[3]. Yetagʻan yetti torli asbob boʻlgani uchun uni shunday nomlashgan.

 

Boshqird folklorining, umuman turkiy folklorning asosiy yutugʻi shundaki, unda qadimiy soʻzlar asl shaklida saqlanib qolgan va ularning tadqiqi leksikaning arxaik tabiatini anglash, shu bilan birga, tillar orasidagi umumiylik va farqlarni aniqlash uchun imkon yaratadi. Bu asosan dostonlarning matnlari va maqollarda koʻzga tashlanadi.

 

Maqollar

Boshqird maqollarining negizi turkiy, shuning uchun ularning koʻpchiligi oʻzbek maqollari bilan aynidir:

Ҡoro ҡashыҡ auыҙ yыrta

(Quruq qoshiq ogʻiz yirtar).

* * *

Ҡunaҡ aldыna ash ҡuy, ike ҡulыn bush ҡuy

(Mehmonning oldiga osh qoʻy, ikki qoʻlini boʻsh qoʻy).

* * *

Mal eyәһyenә oҡshamaһa, xaram ula

(Mol egasiga oʻxshamasa harom oʻladi).

 

* * *

Tama-tama kүl bula

(Toma-toma koʻl boʻlar).

* * *

Eyelgәn bashtы ҡыlыs sapmay

(Egilgan boshni qilich kesmas).

* * *

Әytkәn һүҙ – atҡan uҡ

(Aytilgan soʻz – otilgan oʻq).

* * *

Yatыp ҡalgʻansы, atыp ҡal

(Yotib qolguncha, otib qol).

 

 

Ayrim maqollar shaklida juzʼiy oʻzgarishlar kuzatiladi. Oʻzbekcha “Toʻyga borsang toʻyib bor, yomonliging qoʻyib bor” maqoli boshqirdlarcha “Tuygʻa barһaң tuyыp bar, yebәk әyber keyep bar” (Toʻyga borsang toʻyib bor, ipak kiyim kiyib bor» shaklida uchraydi. “It hurar, karvon oʻtar” maqoli esa “Et өrөr, bure yөrөr” (It hurar, boʻri yurar), “Kengashli toʻy tarqamas” maqoli “Kәңәshle il tarҡalmaҫ” (Kengashli el tarqamas) shaklida keladi.

Boshqird maqollarida shu elning turmush tarzi toʻliq aks etgan. Avvalo maqollarda koʻchmanchi ellarga xos boʻlgan nomadik elementlar – ot, sigir, qoʻy, tovuq, boʻri, quyon obrazlari koʻp uchraydi.

 

Һыyыrы barҙың һыyы bar

(Sigiri borning siy(lov)i bor).

* * *

Ayһыҙ attы, yыlһыҙ ҡatыndы maҡtama

(Oy oʻtmay yilqini, yil oʻtmay xotinni maqtama).

* * *

At – teshenәn, yeget eshenәn bildәle

(Ot tishidan, yigit ishidan bilinar).

* * *

Ҡara tauыҡ ta aҡ kүkәy һala

(Qora tovuq ham oq tuxum tugʻadi).

* * *

Et yamanы buranda ҡotora

(Itning yomoni boʻronda quturadi).

* * *

Kөtөү aҙashmay, kөtөүse aҙashtыra

(Poda adashmaydi, podachi adashtiradi).

* * *

Yүgәn kemdә, at shunda

(Yugan kimda boʻlsa ot shunda).

 

Oʻrta Osiyoning koʻchmanchi ellaridan farqli boshqirdlarning maqollarida oʻrmon, daraxt bilan bogʻliq mavzular koʻp uchraydi:

Urman – keyekһyeҙ, әҙәm kөyөkһөҙ bulmaҫ

(Oʻrmon kiyiksiz, odam kuyuk(dard)siz boʻlmas).

* * *

Keshe kүңyele – ҡara urman

(Begonaning koʻngli – qorongʻi oʻrmon).

* * *

Ҙur urmanda ҡargʻa bulgʻansы, ber ҡыuaҡta bыlbыl bul

(Katta oʻrmonda qargʻa boʻlguncha, bir gulzorda bulbul boʻl).

* * *

Agʻasыna ҡarata baltaһы

(Daraxtiga qarab boltasi).

 

 

Maqollarda vatan, ona yurtga va xalqiga muhabbat tuygʻulari, birlik, tilga eʼtibor kabi mavzular boʻy koʻrsatadi. Masalan, “Tuygʻan yerҙәn tыugʻan yer yaҡshы” – “Toʻygan yerdan tugʻilgan yer yaxshi” yoki “Sit ildә soltan bulgʻansы, үҙ ileңdә oltan bul” – “Chet elda sulton boʻlguncha, oʻz elingda ulton boʻl” yoki “Ildeң itәge kiң” – “Elning etagi keng”, “Altыn-kөmөsh yaugʻan yerҙәn, tыugʻan-үҫkәn il yaҡshы” – “Oltin-kumush yoqqan yerdan, tugʻilib oʻsgan el yaxshi”

maqollarida vatanga sadoqatning turkona ruhi seziladi.

 

Boshqird maqollarida ham pand-nasihat janri muhim oʻrin tutadi. Va aynan shu janr koʻchmanchilar tarixida nomadik etnopedagogikaning asosi boʻlib kelgan:

Taugʻa ҡarap tash atma

(Toqqa qaratib tosh otma).

* * *

Eseң tulы ut bulһa la, keshe aldыnda uf timә

(Iching toʻla oʻt boʻlsa ham birovning oldida uf dema).

Maqollarda mehnat, joʻmardlik ulugʻlanadi, yalqovlik, tilanchilik qoralanadi:

Yomart (saxiy) ҡulgʻa mal kerer

(Joʻmard qoʻlga mol kelar).

* * *

Kөlgә aunaһaң da, үҙ kөnөңdө үҙyeң kүr

(Kulga agʻnasang ham oʻz kuningni oʻzing koʻr).

* * *

Eshlәһәң – tir sыgʻa, tir menәn sir sыgʻa

(Ishlasang ter chiqar, ter bilan dard chiqar).

* * *

Igen yer һыuыna үҫmәy, tir һыuыna үҫә

(Ekin yer suvidan emas, ter suviga oʻsadi).

* * *

Xaram mal xarap itәr

(Harom mol xarob etar).

* * *

Үlemdәn oyat kөslө

(Oʻlimdan uyat kuchli).

 

Shubhasiz, turkiy olamning maqollari rang-barang. Ular bir-biriga hamohang. Bir-biriga oʻxshash. Ammo har elning oʻziga xos xususiyatlari borki, ular shu bilan millat oʻlaroq farqlanadi. Shu oʻrinda boshqalarda uchramaydigan maqollarga eʼtibor qaratamiz:

Artыҡ aҡыl bash tishәr

(Aqlning ortigʻi bosh teshar).

* * *

Asыҡ ishekte shaҡыp kermәyҙәr

(Ochiq eshikni taqillatib kirmaslar).

* * *

Agʻыu menәn darыu ber zattan

(Ogʻu bilan dori bir zotdan).

* * *

Aҡtы ҡaraytыuы yeңyel

(Oqni qoraytirish yengilroq).

* * *

Ber ҡatыn aldыnda ikenseһyen maҡtama

(Bir xotinning oldida ikkinchisini maqtama).

* * *

Itekseneң itege tishek, timerseneң baltaһы kitek

(Etikchining etigi teshik, temirchining boltasi kemtik).

* * *

Keyәү xolҡo – kөҙgө kөn

(Kuyovning xulqi – kuzgi kun).

* * *

Killer ҡunaҡtың ҡarыnы kiң

(Kelar qoʻnoqning qorni keng).

* * *

Tintәkteң tayagʻы ҡыrҡ, bereһye teymәһә, bereһye teyer

(Tentakning tayogʻi qirq: biri tegmasa biri tegar).

* * *

Urlagʻan ber gʻәyeple, urlatҡan meңәyeple

(Oʻgʻrining bir aybi, oʻgʻirlatganning oʻn aybi bor).

* * *

Үgeҙ үlһә – it, arba vatыlһa – utыn

(Hoʻkiz oʻlsa – et, arava sinsa – oʻtin).

* * *

Xәter – tishek ilәk

(Xotira – teshik elak).

* * *

Xalыҡ tele – xaҡlыҡ tele

(Xalqning tili – haqning tili).

 

Anvar BOʻRONOV,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2-son

“Qalbi va tugʻi bir el” maqolasi


[1] Dыbo A. V. Xronologiya tyurkskix yazыkov i lingvisticheskiye kontaktы rannix tyurkov. //Sravnitelno-istoricheskaya grammatika tyurkskix yazыkov: Pratyurkskiy yazыk-osnova: Kartina mira pratyurkskogo etnosa po dannыm yazыka. – M.: Nauka, 2006. – S. 816.

[2] Tatarlar va boshqirdlar foydalangan eski boshqird (tatar) tili.

[3] Traditsionnaya kultura narodov Povoljya. Materialы Vserossiyskoy nauchno-prakticheskoy konferensii. Izd. KGU 2014 g. S.242 – 243.

Maslov A. L. Illyustrirovannoye opisaniye muzыkalnыx instrumentov, xranyaщixsya v Dashkovskom etnograficheskom muzeye v Moskve. M., 1909, S.11.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

09:07 / 23.07.2025 0 18
O‘zga olam odami





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//