
Boshqirdlarning tili menga begona emas. “Alpamish va Barsinxilu” dostonini tarjima qilganimda ularning tarixi va tilini oʻrganishga toʻgʻri kelgan. Boshqird doʻstlarim ham koʻp. Ular bilan koʻp muloqot qilaman. Ammo qardoshlarim qalbini Tolstoy asarlari orqali kashf etdim. U boshqirdlarni juda yaxshi koʻrgan. Turmush tashvishlaridan horiganda boshqirdlarning Qoraliq qishlogʻiga qochgan. Boshqird boʻlishni orzu qilgan. Boshqirdlarda “yurakdan chiqqanigina yurakka yetar” degan otasoʻz bor. Tolstoy qardoshlarimiz haqida yurakdan yozgan. Shuning uchun boʻlsa kerak, uning boshqirdlar dunyoqarashi aks etgan “Ilyos” va “Insonga qancha yer kerak?” hikoyalarini oʻzbek tiliga sevib tarjima qildim. Ushbu maqolada qardosh va qondosh elning oʻzbeklarga qanchalik yaqin ekanini oʻquvchiga imkon qadar koʻrsatib berishga harakat qilaman.
* * *
Boshqirdlar – turkiy xalq. Dini – islom, hanafiya mazhabida. Tili –turkiy tilning qipchoq lahjasi. Ularning umumiy soni ikki milliondan ortiq. Boshqirdlar oʻzlarini boshqurt (boshqoʻrt) deb ataydi. Bu soʻzning kelib chiqishi qadimgi turkiylarning Ashina afsonasi bilan bogʻliq boʻlib, “boshqurt” – bosh boʻrining avlodi maʼnosini anglatadi. Qadimda boshqirdlar hozirgi Boshqirdiston Respublikasi, Oʻrinburgʻ va Chelyabinsk viloyatlari, Tataristonning va Saratov viloyatining sharqiy qismi, Udmurtiyaning janubi-sharqiy qismi, Perm oʻlkasining janubiy qismi, Sverdlov viloyatining janubi-gʻarbiy qismi, Qoʻrgʻon viloyatining gʻarbiy, Samara viloyatining shimoli-sharqiy qismida erkin yashagan[1]. Oʻrol togʻining janubiy qismini toʻliq egallagan bu ulkan hudud oʻz davrida “Boshqird eli” deb atalgan. Boshqird millati shu yerda shakllangan.
Boshqirdlar haqida maʼlumot miloddan avvalgi VI asrlardan saqlangan. Jumladan, Herodotning “Tarix”ida boshqirdlar argippeylar (yunoncha Ἀργιππαῖοι) nomi bilan tilga olingan. Zaki Validiyning yozishicha, boshqirdlar milodiy II asrda, Klavdiy Ptolemeyning asarlarida skiflarning pasirtay urugʻi sifatida tilga olingan[2].
Xitoy manbalarida boshqirdlar “bashquli” nomi bilan tele urugʻlarining tarkibida qayd etilgan[3]. Telelar qadimgi xunlar avlodi boʻlib, xitoy manbalarida ular bulgʻorlar va bashqulilar deya keltirilgan[4]. Boshqirdlar hozirgi nomi bilan IX asrdan boshlab arab sayohatchi olimi Sallam Tarjumanning qaydlarida paydo boʻlgan. Tarjuman 842-645-yillarda Bagʻdodning toʻqqizinchi xalifasi Abu Jaʼfar Horun ibn Muhammad al-Vosiq Billahning topshirigʻi bilan Yaʼjuj-Maʼjuj yashiringan Iskandar devorini topish uchun safarga chiqadi. U Hazar dengizidan oʻtib, Oʻrol togʻi orqali Oltoyga, undan Xitoy devoriga boradi va Xuroson orqali ortga qaytadi[5]. X asrda boshqirdlar hukmdorining taklifiga koʻra xalifa Muqtadir Billah tomonidan Bulgʻor yerlariga yuborilgan elchiga kotib boʻlib kelgan arab olimi Ahmad Fazlan birinchi boʻlib oʻsha davrda turklarning iznida boʻlgan boshqird, rus va slavyanlarning etnik tavsifini yozib qoldirgan.
XI asrda Mahmud Koshgʻariy boshqirdlar haqida yozib, qirgʻiz, qipchoq, oʻgʻuz, tuxsi, yagʻma, chigil, igʻraq, yaruq tillari turkcha ekani, ularning tiliga boshqird tili yaqinligini koʻrsatib oʻtgan[6]. XII asrdan boshlab boshqirdlar manbalarda koʻproq tilga olina boshlaydi. XIII asrning boshida Chingizxon qoʻshinlari Oʻrol togʻiga yetib keladi va boshqirdlarning kuchli qarshiligiga uchraydi. Chingiziylar to 1234-yilga qadar boshqirdlarni yenga olmaydi. Gʻalabadan umidini uzgan chingiziylar sulh tuzishga majbur boʻladi va boshqirdlar biylik boshqaruvida oʻz muxtoriyatini saqlab qoladi[7]. Chingiziylar, xususan Botuxon va uning lashkarboshisi Subutay botir ham boshqirdlar bilan ahdini buzmagan. XIII asrdan boshqirdlar Oltin Oʻrda tarkibiga kiradi. Oʻzbekxon hukmronligi davrida toʻliq islomni qabul qiladi. Oltin Oʻrda parchalanib ketgandan soʻng boshqirdlarning tarixiy yerlari Qozon, Sibir va Noʻgʻay xonliklariga boʻlinib ketadi.
XVI asrdan uch xonlikka boʻlinib ketgan Boshqirdiston yerlari Ivan Grozniy tomonidan bosib olina boshlaydi. U avval Qozon va Noʻgʻay xonliklarini bosib oladi. Ivan Grozniy lashkarlari boshqirdlarni murosaga keltirib boʻlmaydigan jangari xalq sifatida taʼriflaydi. Inchunin, rus qoʻshinlariga eng koʻp talofat yetkazgan xalq boshqirdlar boʻlgan. Natijada ruslar murosa qilishga majbur boʻlib, Ivan Grozniyning maxsus yorligʻi bilan yerlariga oʻzlari egalik qilish huquqida Rusiya tarkibiga qoʻshiladi. 1574-yili Ufa guberniyasi tashkil etilib, Ufa shahriga asos solinadi. Sibir xonligi boʻysundirilgach, Oʻrol ortidagi boshqirdlar ham Ufa guberniyasi tarkibiga kiradi[8].
Boshqirdlarning etnik shakllanishi
Boshqirdlarning asli turk. Ammo ularning etnik shakllanishida Idil va Yoyiq daryolarining vodiylari, Oʻrol togʻi bagʻrida yashagan bulgʻor (oʻgʻur), ogʻuz, fin-ugor, shuningdek, major (venger) xalqlarining ham taʼsiri katta boʻlgan.
Oʻzbek manbalarida “oʻn ikki bovli boshqird urugʻlari” tilga olinadi, Boshqirdlarning oʻzlari esa urugʻlarni yetti bovga birlashtirib tasniflashgan:
1. Qadimgi boshqird qatlami (burzyan, uran, usergan va boshqa urugʻlar);
2. Fin-ugor-samodiy qatlami (sizgʻi, tersak, uvanish va boshqa urugʻlar);
3. Bulgʻor-major qatlami (bulyar, tanip, yurmat va va boshqa urugʻlar);
4. Oʻgʻuz-qipchoq qatlami (ayle va boshqa urugʻlar);
5. Qipchoq qatlami (qangli, qushchi, qipchaq, ming va boshqa urugʻlar);
6. Noʻgʻay qatlami (noʻgʻay-burzyan, noʻgʻay-yurmatlar va boshqa urugʻlar);
7. Volga, Oʻrol hamda Oʻrta Osiyo xalqlari taʼsirida shakllangan qatlam (qozoq, mishar, tatar va boshqa etnoslar).
Ushbu qatlamlar tarkibidagi urugʻlar quyidagilardan iborat:
Ayli |
Yilan (jilan) |
Qirgʻiz |
Tamyan |
Badrak |
Yeldik |
Qumruq |
Tangʻaur |
Baylar |
Yeney |
Qipchaq |
Tanip |
Baliqchi |
Irekti |
Ming |
Tersak |
Bikatin (baqatin) |
Qalmaq |
Murzalar |
Uvanish |
Beshul |
Qangli |
Salyut (saljiut) |
Un |
Bilar |
Qarshin |
Sizgʻi |
Upay |
Burzyan (baryan) |
Qatay |
Singran |
Uran |
Gʻayna |
Qushchi |
Sirzi |
Usargan (Moʻytan) |
Girey |
Quvakan |
Tabin |
Yurmat (dyarmat) |
Duvana (devona) |
Kuday |
Taz |
Yurmi |
Ayli urugʻining kelib chiqishi pecheneg(oʻgʻuz)larga borib taqaladi. Gʻayna, sizgʻi, tersak, uvanish, un, upay, yurmi urugʻlari fin-ugor xalqlariga; bilar, tanip, yurmat(dyarmat) urugʻlarining ildizi esa bulgʻor-majorlarga bogʻlanadi. Qolgan urugʻlarning hammasi turkiy urugʻlar. Vengerlar, yaʼni majorlarning kelib chiqishi ham aynan Volgaboʻyi bulgʻorlari va Oʻrol togʻi bagʻrida yashagan boshqirdlar bilan bogʻliq. Boshqird urugʻlari orasida major urugʻi ham bor.
Quvakan urugʻining tarkibida oʻzbek etnosi; tobin urugʻi tarkibida koʻsa, tilav etnoslari; usergen urugʻi tarkibida nayman, argʻin, turkman, tojik etnoslari; kuday urugʻi tarkibida qozoyoq, tovli; tobin urugʻi tarkibida qirqlar; qushchi urugʻining tarkibida toʻgʻiz va sart etnoslari bor.
Boshqird urugʻlari orasida duvana (devona) urugʻi boʻlmagan. Koʻpchilik olimlar uning kelib chiqishini moʻgʻullarning durban urugʻi bilan bogʻlashga urinishadi. Ammo bu urugʻning shakllanishi Oʻzbekxon davrida Oʻrolga kelgan soʻfiy devonalar bilan bogʻliq ekani qayd etilmagan. Inchunin, boshqirdlar ham barcha qipchoqlar kabi devonani duvana shaklida talaffuz qilishadi. Ahmad Zaki Validiy ham shunga yaqin fikrlarni aytgan[9].
Boshqirdlar barcha turkiylar qatori oʻz urugʻini va yetti otasining nomini bilishga harakat qiladi va aksariyati oʻz urugʻini biladi. Ular shu bilan birga urugʻidan chiqqan botirlar, totem daraxtlar va hayvonlarning nomini, tamgʻasini ham biladi va avloddan avlodga oʻtkazib saqlab keladi. Boshqird sizga oʻzini taxminan quyidagicha tanishtiradi:
Irivum-qipsaq, Batыrim-Bapsaq, Agʻasibiҙ-qaragʻay Qosh tigәnem-qarsigʻa Tamgʻabыҙ bulir Dagʻa. |
Urugʻim – qipchoq, Botirim – Bopchoq, Ogʻochimiz – qaragʻay, Qush tamgʻam – qarchigʻay, Tamgʻamiz boʻlar taqa. |
Boshqirdlar va oʻzbeklar
Turkolog Shamil Isyangulov boshqirdlar va oʻzbeklar haqida bir maqola yozgan. Unda Ahmad Zakiy Validiyga tayangan holda boshqird oʻlkasidan juda koʻp kishi Shayboniyxonning chaqirigʻi bilan Movarounnahrga ketgani haqida yozadi. Validiyning yozishicha esa Abulxayrxon davridayoq Jigiz va Jal ismli botirlar oʻzbeklarga qoʻshilgan. XV asrda koʻplab turkiy urugʻlar, jumladan, Toʻraxon ismli bekka boʻysungan qoʻngʻirotlar toʻliq koʻchib keta boshlagan va bu davrda Boshqirdistonda bironta qoʻngʻirot qolmagan[10]. Qozoq olimi Tursun Sultonovning yozishicha, Ufa shahri oʻrnida avval Qoʻngʻirot deb nomlangan qalʼa boʻlgan. Qoʻngʻirotlar Movarounnahrga ketgandan soʻng qalʼa butkul boʻshab qolgan. Shuning uchun boʻlsa kerak, boshqirdlar tarkibida ming, baliqchi, saljiut, baqati, qangli, beshul, qarshin, moʻytan, qushchi, tabin, koʻsa, tilav, qipchaq, nayman, argʻin, qozoyoqli va hatto oʻzbek urugʻlari ham saqlanib qolgan boʻlsa-da, qoʻngʻirot urugʻi yoʻq.
Turkiy ellarning Oʻroldan Movarounnahrga koʻchishining asosiy sababi XV asrdan boshlangan turkiy xonliklarning kuchsizlanishi va Rus davlatining kuchayishi bilan bogʻliq. Bu davrda birin-ketin Oltin Oʻrda yerlarini egallab kelayotgan Rus davlati musulmonlarga nasroniylikni qabul qilish talabini qoʻya boshlagach janubga va sharqqa koʻchish koʻpaygan.
Boshqirdlarni oʻzbeklar bilan bogʻlaydigan yana bir fakt bor. Boshqird folklorchilarining aytishicha, xalq ogʻzaki ijodida Alpomishning boysunlik ekani va Oʻrol togʻiga kelgani haqida ham soʻzlar bor. Qolaversa, boshqirdlar orasida Baysinov, Bayburiyev, Baysariyev kabi familiyalar ham koʻp uchraydi. Oʻzbekxon davridan boshlab boshqird faqih va ulamolarining ham koʻpchiligi Buxoro madrasalarida tahsil olgan. Madrasa taʼlimi orqali tasavvuf adabiyoti kirib borgan. Bu esa keyinchalik oʻzbek chigʻatoychasi bilan umumiy leksikaning shakllanishiga sabab boʻlgan.
Boshqirdlar yuz qiyofasiga koʻra ham koʻproq oʻzbeklarga oʻxshaydi. Ular orasida xorazmliklarga va qipchoq oʻzbeklariga oʻxshaydiganlari koʻproq. Umuman olganda, ikki xalqni bugungi kunda umumiy tarix, etnologiya, til, adabiyot, folklor va din birlashtiradi.
Din
Boshqirdlar to IX asrga qadar genoteistik[11] xususiyatli tangrichilik dinida boʻlgan. Ular Tangri va qish, yoz, yogʻmur, dovul, daraxt, odam, ot, suv, tun, kun, oʻlim, yer va osmon kabi oʻn ikkita ilohaga sigʻingan, ammo oʻsha davrdagi boshqirdlarning xoni musulmon boʻlgan. Bu haqda Ibn Fazlan yozib qoldirgan va oʻsha xon al-Muqtadirga xalqini islomga kiritish istagini bildirib maktub yoʻllagan.
Oʻrol atrofidagi shaharlarga islom VIII asrlardan boshlab kirib kelgan va bu arxeologik manbalarda ham qayd etilgan. Ishimboy tumanidagi qabristonlardan birida oʻtkazilgan qazishmalarda milodiy 703, 712-yillarda dafn etilgan musulmon qabrlari topilgan. 922-yilda Volga bulgʻorlari xoni Almushxon islomni qabul qilgan. Boshqirdlarning keyingi islomlashuv bosqichi XIV asrda – Oltin oʻrdada Oʻzbekxonning islohotlari bilan yakun topadi.
Tangrichilik dinidagi yetti, qirq, yil marosimlari ham saqlangan. Ammo islom taʼsirida janoza kuni yigʻilganlarga taom ulashish taqiqlangan. XVI asrning ikkinchi yarmiga kelib, Boshqirdiston Rus tarkibiga kirgandan soʻng boshqirdlarni xristianlashtirishga urinishlar boʻlgan. Jumladan, Ufa guberniyasida soliqlar va yigʻimlardan ozod qilish, turli unvonlar berish, jumladan knyaz, boyar kabi rutbalar berish orqali nasroniylikni qabul qildirishga harakatlar boʻlgan. Ammo boshqirdlarni islomdan qaytarish oson kechmagan. 200-yillik urinishlardan soʻng turli avrashlar orqali atigi 300 nafar boshqird nasroniylikka oʻtkazilgan. Biroq bu boshqirdlarning bir necha marta qoʻzgʻolon koʻtarishiga sabab boʻlgan[12]. Natijada ular islom dinini saqlab qolishdi va hozirgi kungacha islom ulugʻ qadriyat sanaladi.
Turmush tarzi
Boshqirdlar haqiqiy chorvador xalq. Koʻchmanchilik turli tabiiy sharoitlarga moslashish zaruratini yuzaga keltirgan. Natijada toʻrt faslning boshqirdcha nomadik shakli paydo boʻlgan, ular yozlov (yaҙlau), yaylov (yәylәү), kuzlov(kөҙlәү) va qishlov (ҡыshlau) deb atalgan. Koʻchmanchi boshqirdlar urugʻ-urugʻ boʻlib yoki yaqin qarindoshlarning besh-oʻntasi birikib koʻchib yurgan. Bu guruhlar qoʻsh, ularning toʻxtash joyi qoʻshxona deyilgan. Boshqa koʻchmanchilar qatori boshqirdlar ham koʻproq oʻtovlarda yashagan. Ular oʻtovni terma (tirmә) uy deb atashadi. Termalar besh turga boʻlinadi:
1. Terma – anʼanaviy oʻtov.
2. Ash terma – oshxona va boshqa xoʻjalik ishlari uchun oʻtov.
3. Qunaq terma yoki aq terma – mehmon kutiladigan oʻtov.
4. Oʻn ike qanatli aq terma – oqsoqollar kengashi, beklar, xonlarning maʼmuriy maqsadga moʻljallangan oʻtovlari.
Shuningdek, chayla (kыuыsh) va alachiq(alasыq)lardan, oʻrmonda yogʻoch uylardan ham foydalanilgan. Boshqirdlar odatda uylarining eshigini sharqqa qaratib qurgan va bu chorvadorlar uchun vaqtni aniqlash imkonini bergan. Eshiklarning ustiga urugʻlarining tamgʻasi va taqa osilgan. Ovullarda oʻtovlar ham taqa shaklida joylashtirilgan va bu qoʻqqisdan keladigan bosqinchilarga qarshi himoyalanishda qoʻl kelgan.
Boshqirdlar qishni qishloqlarda oʻtkazgan va bahor kelishi bilan ekin ekish mavsumi boshlangan. Qishga zaxira xashak jamlash uchun maʼlum bir joylarda chorva oʻtlatilmagan va bunday joylar “oʻtar” deb nomlangan. Oʻtroqlashuv boshlangan davrlardan dehqonchilik, asalarichilik va baliqchilik rivojlangan. Ayollar oʻrmondan dorivor giyohlarni, qoʻziqorin, meva va rezavorlarni yigʻishgan.
Erkaklar temir, tosh va yogʻochdan mehnat va jang qurollari tayyorlashni yaxshi bilgan. Boshqirdlar yasagan egar, jabduq va qilichlarning qiymati baland boʻlgan. Ayollar gilam toʻqish, kigiz tayyorlash va boshqa tikuv ishlarini bajargan. Hanuzgacha boshqird ayollari toʻqigan mahsulotlar oʻzining uslubi, bezaklari va originalligi bilan ajralib turadi. Boshqirdlar oʻtov yasashda ham usta boʻlishgan. Asosiy ustalar Baymoq, Xaybullin va Abjalil tumanlaridan yetishib chiqqan va bu ustalar silsilasi hozirgacha davom etib keladi.
Ornamentlar
Boshqird ornamentlarining asosini turkiy bezaklar tashkil qiladi. Xususan, qipchoq xalqlariga xos boʻlgan astral, zoomorf va oʻsimlik gulli naqshlar ustunlik qiladi. Koʻchmanchi ellar “osmon ilmi”ni bilishi zarurat sanalgan. Ular yulduzlarga qarab sahrolarda yoʻl topishgan, havo rayini aniqlashgan, kezi kelganda inson taqdiri ham yulduzlarning harakatiga bogʻliqligiga ishongan. Astral bezaklar orasida kun va oy tasviri, zoomorf bezaklar orasida qoʻchqor muyiz, oʻsimlik gullari orasida hayot daraxti, geometrik bezaklardan omoch tasviri koʻp uchraydi. Romb yoki hayot daraxti tasvirlarida hosildorlik ilohasi Umayning majoziy obrazi aks etgan.
Boshqird bezaklari ham boshqa turkiylarnikiga oʻxshash, faqat ularning turmush tarzida oʻrmon muhim oʻrin tutgani uchun oʻsimlik tasvirlari ancha rivojlangan. Ayrim holatlarda esa daraxtlar, gullarning tanalari, butoqlari va yaproqlari yagona kompozitsiyaga birlashtirilgan.
Boshqird taomlari
Boshqirdlar oziq-ovqatni osh-suv (ash-һыu) deb ataydi va albatta ular orasida goʻshtli va sutli taomlar asosiy oʻrinni egallaydi. Goʻshtli taomlardan qaynatma shoʻrpa, beshbarmaq, qazi-qarta, toʻldirma (qazining turi), bishtek (qovurma), qullama (biqtirma), bosturma va qoqlangan et koʻp isteʼmol qilinadi.
Sutli mahsulotlardan esa ayron, boʻza, qimiz, qaymoq, qatiq, qurut, irimchak ommalashgan. Boshqirdlar yangi tuqqan onalarga talqon, atala, beshik toʻyiga qoʻrmoch tayyorlashadi.
Anvar BOʻRONOV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2-son
“Qalbi va tugʻi bir el” maqolasi
2-maqolani oʻqing
________________________________________
[1] Istoriya bashkirskogo naroda: v 7 t./ gl. red. M. M. Kulsharipov; In-t istorii, yazыka i literaturы UNS RAN. T. I.. – M.: Nauka, 2009. – 400 s.
[2] Zaki Validi Togʻan. Bashҡorttarҙың tarixы. – S. 4, 5.
[3] Vey Chjen. Xronika gosudarstva Suy. Pekin, Bona, 1958, Gl. 84, S 18b, 3.
[4] Kuzeyev R. G. Proisxojdeniye bashkirskogo naroda. M., Nauka, 1974, S. 428.
[5] Majitov N. A., Sultanova A. N. Istoriya Bashkortostana s drevneyshix vremen do XVI veka. – Ufa: Kitap, 1994. – 359 s.; Konovalova I. G. Vostochnaya Yevropa v sochinenii al-Idrisi. M., 1999.
[6] Koshgʻariy M. Devonu lugʻotit turk. I qism. – Toshkent: Fan, 1967. – 66-b.
[7] Majitov N. A., Sultanova A. N. Istoriya Bashkortostana s drevneyshix vremen do XVI v. Ufa, 1994. – 360 s.
[8] Istoriya bashkirskogo naroda: v 7 t. – Ufa: Gilem, 2011. – T. 3. – S. 44 –58. – 476 s.
[9] Axmetzaki Validi Togan. Istoriya bashkir. — Ufa : Kitap, 2010,S.51,
[10] Axmetzaki Validi Togan. Istoriya bashkir. – Ufa: Kitap, 2010. – 352 s.
[11] Genoteizm, enoteizm (yunoncha. ἑνός shakl εἱ̃ς “bir” + θεός “xudo”) – diniy tafakkur shakli. Unga koʻra bir nechta ilohga sigʻinilgan holatda, ushbu ilohlarni yaratgan yagona xudoning borligi eʼtiqod qilinadi.
[12] Sergeyev Yu. N. Xristianizatsiya narodov Yujnogo Urala v konse XVIII – seredine XIX vekov (na primere Orenburgskoy yeparxii) // Problemы vostokovedeniya. 2009. №3.
Mafkura
San’at
Vatandosh
Adabiyot
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q