Nega “o‘pkangni bos”, “o‘pka-gina” deymiz? “O‘pka”ning asl lug‘aviy ma’nosi nima?
Yaqinda “Devonu lug‘otit-turk”dan bir she’rni atoqli olim Solih Mutallibov tabdili bilan sahifamda e’lon qilgan edim. Izohlarda tabdilga nisbatan bildirilgan fikrlar ushbu maqolaning yozilishiga turtki bo‘ldi. Chunki muayyan so‘zning ming yil oldingi ma’no tovlanishlari bizgacha to‘liq yetib kelmagan yoki o‘zgargan bo‘lishi mumkin. Shu bois ko‘hna bitiklar tabdil etiladi. Mana o‘sha she’r:
Öpkäm kӭlib og‘radїm,
Arslanlaju kökrädim,
Alplar bashїn tog‘radїm
Emdi mӭni kim tutar.
S.Mutallibov tabdili: “Achchig‘im kelib (dushmanga qarshi) xezlandim, arslon kabi bo‘kirdim, alplarning boshlarini kesdim, (qani) endi meni kim tuta oladi?”.
Birinchi misradagi “o‘pkam kelib” iborasi bugungi o‘quvchini chalg‘itadi, chunki hozirgi o‘zbek tilida “o‘pkam kelib” deyilmaydi, ammo bizga tanish “o‘pkam to‘lib” iborasi “hurligim kelib” ma’nosiga ega bo‘lib, bu esa she’rdagi ruhiyat, ma’noga ziddir. Hozirda “o‘pka qildi”, “o‘pkaladi” deganda: “gina qildi, xafa bo‘ldi, arazladi” ma’nolari tushuniladi. “O‘pkam to‘lib yig‘ladim”, deyish mumkin, ammo “o‘pkam to‘lib dushmanga tashlandim” deb bo‘lmaydi.
Koshg‘ariy bobomiz “Devonu lug‘otit-turk”da “öpkä” so‘ziga ikkita izoh keltiradi: birinchisi: “öpkä – o‘pka, oq jigar”; ikkinchisi: “öpkä – g‘azab; uning shunday aytilishiga sabab g‘azabning o‘pkada paydo bo‘lishidir. Bu so‘zning shu ma’noda qo‘llanishi so‘zning paydo bo‘lish o‘rniga ko‘ra kelib chiqqandir. Chunonchi, yomg‘irni “osmon” deyilgani kabi” (DLT. I tom. T.: 1960. 148-bet). Demak, “öpkä”ning ikkinchi ma’nosi o‘tmishda “g‘azab” bo‘lgan ekan.
“Öpkä” so‘zi Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida ham ko‘p uchraydi va u barcha o‘rinlarda: “g‘azab, qahr, darg‘azablik, zulm, adovat” kabi ma’nolarda qo‘llanilgan (“Uqushlug‘ kәḋ er ӨḂKӘ өzdin yirat” – “(Ey) zakovatli yaxshi kishi, G‘AZABni o‘zingdan yiroq tut” (QB.T.: 1971.108-bet); “Yana bir tili yel tushi ӨḂKӘLIG” – “Yana biri – tili yomonlik, DARG‘AZABLIK” (110-bet); “Tүshәr ersә ӨḂKӘ bulardin kөr-ә” – “ADOVAT sodir bo‘ladigan bo‘lsa, bulardan ko‘rgin” (436-bet)).
Shu o‘rinda qiziq bir holat – insonning turli his-tuyg‘ulari, emotsiyalarini yurak, jigar, o‘pka kabi ichki a’zolari bilan bog‘lab ifodalash holati turkiy tillarda nisbatan ko‘proq uchraydi. Aytaylik, yurak (qalb, ko‘ngil, dil) – ishq, mehr, muhabbat, nafrat kabi tuyg‘ularga, jigar – qarindoshlik, o‘pka – g‘azab, zulm, gina, xafa bo‘lish, arazlash kabi hislarga aloqador a’zo deb qaraladi. Boshqacharoq aytganda, ishq – yurakda tug‘iladi, g‘azab – o‘pkada. Qo‘rqmaslik, shijoat yurak bilan bog‘liq bo‘lsa, darg‘azablik, adovat o‘pkaga tegishli. Xo‘sh, nima sababdan bunday nisbatlar paydo bo‘lgan?
Shu o‘rinda “o‘pka” so‘zining kelib chiqishiga e’tibor qaratsak, qadimgi turkiyda “ichga tortmoq” ma’nosidagi “öp” o‘zagi mavjud bo‘lgan (bu haqda qarang: “Этимологический словарь тюркских языков”. I tom. 540-bet). Nafas olganda havo ham ichga tortiladi, shu bois nafas olish organi nomi bo‘lmish “o‘pka” ham mazkur “öp” o‘zagiga ot yasovchi “ka” qo‘shimchasini qo‘shish yo‘li bilan yasalgan. Bizningcha, “o‘pqon” so‘zi ham “öp” o‘zagidan, shuningdek, “Devonu lug‘otit-turk”da ikki o‘rinda “öpdi” fe’li keltiriladi, birinchisi: “öpdi – o‘pdi”; ikkinchisi: “öpdi – ichdi”, deb izohlangan (DLT. I. 176-bet). Bizningcha, bu ikkala “öpdi” fe’li ham “ichga tortmoq” ma’nosidagi mazkur “öp” o‘zagiga borib taqaladi. “O‘pmoq” so‘zi hozir ham tilimizda faol, “ichmoq” ma’nosidagi “öpdi” fe’lini esa hozirda “ho‘plamoq” (“o‘plamoq”) shaklida qo‘llaymiz. Inson g‘azablanganda ham nafas ichga tortiladi, shu bois ajdodlarimiz g‘azab, qahr, adovat kabi tuyg‘ular o‘pkada tug‘iladi, deb o‘ylaganlar. Hozir ham “o‘pka”ning bu qadimiy ma’nosi “o‘pkangni bos” (ya’ni, “g‘azabingni bos”) iborasida saqlanib qolgan.
Hozirda “o‘pka” deganda – “gina-kudurat”ni tushunamiz, “o‘pkalamoq” esa – “o‘pka-gina qilmoq, xafa bo‘lmoq, arazlamoq” kabi ma’nolarni bildiradi, ammo Koshg‘ariy bobomiz “Devonu lug‘otit-turk”da unga boshqacha izoh beradi: “öpkälädi – o‘pkasiga urdi” (DLT. I. 308-bet), demak, kimningdir o‘pkasiga urishga nisbatan o‘tmishda “o‘pkalamoq” so‘zi ishlatilgan. Hozirgi tilimizdagi “o‘pkalamoq” ma’nosida esa “Devon”da boshqa so‘z keltiriladi: “öpkilädi – o‘pkaladi, xafalandi, arazladi” (DLT. I. 308-bet). Bizningcha, bu fe’l ham “ichga tortmoq” ma’nosidagi “öp” o‘zagidan, ammo aynan “g‘azab” ma’nosidagi “öpkä”ga bog‘liq bo‘lmasligi mumkin. Alqissa, o‘tmishda “öpkä” so‘zi orqali ifodalangan qahr, g‘azab, achchiqlanish tuyg‘ulari kuchli, keskin hissiyotlardir, “öpkilädi” fe’li bilan bog‘liq “o‘pka-gina qilmoq”, "o‘pkachi", “xafa bo‘lmoq”, “arazlamoq”, “o‘pkasi to‘lmoq” kabi iboralar esa nisbatan kuchsiz ruhiy holatni ifodalaydi. Keling, so‘zimiz so‘nggida yana bir bor yuqorida “Devon”dan keltirilgan she’r va tabdilni o‘qib ko‘raylik (“G‘azab” arabcha so‘z, shu bois S.Mutallibov, bizningcha, tabdilda “öpkäm kӭlib” so‘zlarini sof o‘zbekcha: “achchig‘im kelib” shaklida o‘girgan):
“Öpkäm kӭlib og‘radїm,
Arslanlaju kökrädim,
Alplar bashїn tog‘radїm
Emdi mӭni kim tutar”.
– “Achchig‘im kelib (dushmanga qarshi) xezlandim, arslon kabi bo‘kirdim, alplarning boshlarini kesdim, (qani) endi meni kim tuta oladi?”
Abduvohid HAYIT
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q